Jurnal yutuq va kamchiliklarining turizm sohasiga ta’siri
2.3.
Turizm jurnalistikasining ommaviy axborot vositalaridagi o’rni va ahamiyati
XULOSA
Foydalanilgan adabiyotlar ro’yxati
ILOVALAR
Kirish
Mavzuning dolzarbligi.
Yuksak salohiyati, madaniyati, ilm-fani va me'moriy obidalari bilan doimo e'tibor markazida bo'lib kelgan diyorimiz qadimdan sayyohlik markaziga aylanib ulgurgan. Mamlakatimiz hududida turli davr va tsivilizasiyaga daxldor to'rt mingdan ortiq qadimiy me'morlik va san'at yodgorliklari mavjud. Ulardan 140 tasi YUNESKO tomonidan muhofazaga olingan tarixiy ob'ektlar ro'yxatiga kiritilganligi so'zimizning yana bir isboti bo'la oladi . Buyuk ipak yo'lining muhim tarmoqlari kesishgan erda joylashgan yurtimiz istiqlol sharofati bilan sport, ilm-fan sohalariga e'tibor beribgina qolmay, zamonaviy iqtisodiyotning eng muhim tarmoqlaridan biri hisoblangan turizm rivojiga ham o'z e'tiborini qaratdi. Turizm allaqachon dunyo xo'jaligidagi eng daromadli va jadal rivojlanayotgan sohalardan biriga aylangan. Dunyodagi yalpi milliy daromadning 10 % turizm sohasiga taalluqliligi shundan dalolat beradi. Butun dunyo turizm tashkilotiningma'lumotlariga qaraganda oxirgi 10 yillikda turizmdan tushgan daromad yiliga 7,9% gacha o'sgan. Ayrim rivojlanayotgan mamlakatlarda turizmdan keladigan daromad 100% gacha tashkil etishi mumkin (Portugaliyada) . Turizm iqtisod, aloqa, savdo sotiq kabi sohalarni rivojlanishiga ta'sir ko'rsatdi, ko'pgina ishchi o'rinlarining paydo bo'lishiga, soliqqa tortiladigan bazaning kengayishiga, soliqlardan davlat g'aznasiga mablag'lar tushishiga sabab bo'ladi. Jahon sayyohlik tashkiloti ma'lumotlariga ko'ra, dunyo yalpi ichki mahsuloti hajmining o'ndan bir qismi, xalqaro investisiyalarning 11 foizdan ortig'i turizm hissasiga to'g'ri keladi. Jahonda tovar va xizmatlar eksporti bo'yicha avtomobil, kimyo, oziq-ovqat, elektron sanoati etakchi o'rinlarni egallab keladi, 2000 - yildan buyon turizm sanoati yuqoridagi sohalarni ortda qoldirib, birinchi o'rinni egallab kelmoqda.
Dunyoning barcha etakchi davlatlarida 2008 yilda boshlangan iqtisodiy inqiroz tufayli siyosatga aloqasi bo'lmagan sohalar (masalan iqtisodiyot, madaniyat va b.) siyosiy jihatdan ahamiyatli bo'lib qolmoqda. Xalqaro turizm ham ana shunday sohalardan biri hisoblanadi. U o'zining ta'sir ko'rsatish salohiyatiga ko'ra nafaqat iqtisodiyot, ijtimoiy taraqqiyot, madaniyat, xalqlar o'rtasidagi o'zaro hamjihatlik, hamkorlik, balki alohida davlatlarning xalqaro nufuzi, obro'siga, ularning tashqi siyosiy imijiga ham ta'sir ko'rsatayotir. Aynan turizm siyosiy vaziyatlardagi o'zgarishlarga birinchi bo'lib javob qaytaradi. Misol tariqasida yaqindagina Rossiya turistlar oqimining xalqaro terrorchilarning havfli xatti-harakatlari tufayli Misr va Tunisdan Turkiya va O'rta er dengizi atrofidagi boshqa davlatlar (masalan Bolgariya, Ispaniya, Xorvatiya)ga og'ib ketganliklarini keltirish mumkin.
Ayni paytda dunyoda 195 milliondan ziyod kishi yoki ish bilan band aholining 8 foizi ushbu sohada mehnat qilayotir. Jahon iqtisodiyotida xalqaro turizmdan tushayotgan daromad 1 trillion AQSh dollaridan oshadi. Jahon sayyohlik tashkilotining ma'lumotlariga ko'ra, butun dunyoda sayyohlar oqimi yiliga 4-5 foizga ko'paymoqda. 2012 yilda er yuzida ularning soni ilk bor 1 milliarddan oshdi. Hozirda sayyohlar oqimi 1,5 mlrd.ni tashkil etmoqda . O'zbekistonda ham ushbu soha jadal rivojlanmoqda.
Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 10 oktyabrda qabul qilingan "O'zbekiston Respublikasida turizm sohasini yanada qo'llab-quvvatlash va rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining "2018-2019 yillarda turizm sohasini rivojlantirish bo'yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to'g'risida"gi qarorlari ga muvofiq, turizm va turistik infratuzilmani rivojlantirishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Milliy turistik xizmatlar xalqaro sayyohlik bozorlariga faol kirib borayotir.
Xalqaro aeroportlar, temir yo'llar, zamonaviy mehmonxonalar va mangulikka muhrlangan qadimiy noyob obidalarimizni ko'rib zavqlanishimiz mumkin. Bunda bizga OAV vositalarida yoritilayotgan materiallar yordam beradi. Bugungi kunda turizm siyosatining OAV orqali yoritilishi, unga qo'yilgan vazifalar dolzarb bo'lib qolmoqda. Zero, har qanday mamlakat imidjini shakllantirishda turizm sohasi va uning yoritilish masalalari juda ahamiyatlidir.
Bitiruv malakaviy ishining maqsad va vazifalari. O'zbekistonda turizm siyosatining yoritilish masalari, yutuq va kamchiliklarini o'rganish va xorijiy va milliy tajriba asosida qiyosiy tahlil etib berish ishning asosiy maqsadidir. U quyidagi vazifalar orqali amalga oshadi:
-Turizm sohasining nima uchun siyosat darajasiga ko'tarilayotganini ochiqlab berish;
-Soha rivoji uchun yaratilgan mavzu va ijod mahsullarini ko'rib chiqish;
-Turizm jurnalistikasining matbuot tizimidagi o'ziga xos xususiyatlarini ochib berish, takomillashtirish va rivojlantirishga doir vazifalarni o'rganish;
-O'zbekiston imidjini shakllantirishda matbuot nashrlarining o'rni, muammo va istiqbollarini belgilash;
Ilmiy ishning o'rganilganlik darajasi. Turizm siyosati mutaxassislar tomonidan keng o'rganish va yoritib borish uchun "Visit Uzbekistan" jurnali sahifalarida e'lon qilingan materiallarga, turizmni rivojlantirish bo'yicha I.S.To'xlievning "turizm asosolari" kitobiga, O'zbekiston Respublikasi, Toshkent viloyati turizmni rivojlantirish departamenti tomonidan sohaga oid qaror va farmonlarni o'zida mujassam etgan "O'zbekiston Respublikasida turizmni rivojlantirish bo'yicha Qonunchilik asoslari" nomli kitoblarga murojaat qilingan.
Bitiruv malakaviy ishining ob'ekti va predmeti.
Ilmiy ishning ob'ekti sifatida "Visit Uzbekistan" jurnali olindi. Tadqiqotning predmetini esa jurnal misolida turizm siyosatining kamchilik va yutuqlarini tahlil qilish masalalari, turizm sohasinining yoritilishi, taraqqiyoti tendentsiyalari, ahamiyatini o'rganish tashkil etdi.
Ishning ilmiy yangiligi. Mamlakatimizda turizm sohasining istiqbollari matbuotta yoritilishi jihatidan o'rganildi. Uning bosma nashrlardagi mavzu doirasi, uslubiy o'ziga xosliklarda turizm yangiliklarini yoritilish jihati, umumun, turizm sohasida qilinayotgan ishlarni keng ko'lamliligi va bu jurnalistika sohasida turizm jurnalistikasi yo'nalishining ochilishiga debocha bo'la olganligi, muammo va yutuqlari "Visit Uzbekistan" jurnali misolida aniqlandi va takliflar kiritildi.
Tadqiqot uslubiyati va uslublari. Ilmiy tadqiqot doirasida ko'tarilgan masalalarni atroflicha va qiyosiy tahlil qilishda hamda xulosa va tavsiyalar ishlab chiqishda tarixiy va siyosiy, funktsional-tarkibiy, kontseptual, solishtirma-qiyosiy, tahlil uslublaridan foydalanildi.
Ishning nazariy va metodologik asoslari. O'zbekiston Respblikasi Prezidenti Sh.Mirziyoev, Birinchi Prezident I.Karimovning o'tgan yillar davomida ommaviy axborot vositalari orqali turizmni rivojlantirish va u orqali mamlakatimiz imidjini yuksaltirish borasida turli ma'ruzalarida va asarlarida aytgan fikrlari ham mavzuni yoritishga yordam berdi. Biz mavzuni tahlil qilish jarayonida nazariy manba sifatida asosan Rossiyada va mamlakatimizda chop etilgan adabiyotlardan hamda yurtimiz imijini shakllantirishga yordam berayotgan "Visit Uzbekistan" jurnali va O'zbekiston Respublikasi turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasining rasmiy sayti bo'lmish uzbektourism.uz sahifalarida bosilgan materiallardan foydalandik.
Bitiruv malakaviy ishining tuzilishi. Bitiruv malakaviy ishi kirish, asosiy mazmunni ifoda etuvchi 2 bob, beshta paragraf, xulosa, foydalanilgan adabiyotlar ro'yxati hamda ilovadan iborat.
Kirish qismida mavzuning dolzarbligi, ilmiy yangiligi, maqsad-vazifalari, ob'ekti, predmeti, nazariy-metodologik asoslari, nazariy-amaliy ahamiyati, tuzilishi asoslab berilgan.
Birinchi bobda, turizmning jahonda tutgan o'rni, uning siyosat va iqtisodga bo'lgan ta'siri, fasllarda esa, turizmning iqtisodga ta'siri, O'zbekistonning turizm sohasidagi bosqichma bosqich amalga oshirgan ishlari va OAVdagi ahamiyati haqida so'z boradi.
Ikkinchi bobda esa, turizmga oid jurnal misolida bu sohaning o'rni, yoritilish darajasi va o'ziga xosliklari to'g'risida so'z boradi. Xulosa qismida tadqiqotning asosiy natijalari bayon etiladi. Sohadagi asosiy muammolar aniqlanadi. Ularni bartaraf etish bo'yicha ilmiy asoslangan tavsiyalar beriladi.
Nashr etgan ishlari. O'zbekiston davlat jahon tillari universitetida xalqaro jurnalistika fakulteti xalqaro jurnalistika nazariyasi va amaliyoti kafedrasi tomonidan 2020 yil 20 aprel kuni o'tkazilgan "yangi davr jurnalistikasi: ilm va ijod uyg'unligi" mavzuidagi an'anaviy talabalar ilmiy-amaliy anjuman materiallari to'plamida ikkita tezis bilan ishtirok etildi.
1. OAV turizmni rivojlantirish vositalarining biri sifatida (73-b).
2. "Visit uzbekistan" jurnalining mamlakat turizmini ommalashtirishdagi roli (82-b).