Bitiruv malakaviy amaliyoti
HISOBOTI
REJA:
Kirish
Asosiy qism:
1.1 Amaliyotning ilk bosqichi – yangi tizimga kirib borish
1.2 Nazariy bilimlarning amalik aksi
1.3 Delo tikishdan – ajrim tayyorlashgacha
1.4 Hayotimdagi ilk haqiqiy sud majlisi
1.5 Amaliyotga bo’lgan subyektiv yondashuv
Xulosa
“*********” mavzusidagi bitiruv malakaviy ishimni tanlaganimdan so’ng, ushbu
mavzuga mos tushadigan qaysi bitiruv malakaviy amaliyot maskanida amaliyot o’tasam ekan,
degan savol o’z-o’zidan paydo bo’ldi. To’g’ridan to’g’ri huquq tizmida ingliz huquqi amal
qiladigan mamlakatda amaliyot o’tash imkoniyati mavjud bo’lmaganli uchun, mamlakatimizda
mavjud bo’lgan tuzilish shakliga ko’ra turli xildagi kompaniyalar bilan mufassal tanishish, ularni
ingliz huquqidagi kompaniyalar bilan solishtirish, shu orqali ingliz huquqidagi ommaviy-xususiy
kompaniyalarning qiyosiy-huquqiy tahlilini yuritish uchun men “Iqtisodiy sud” tanlovida
to’xtadim.
Sud hokimiyati – hokimiyatning mustaqil tarmogʼi boʼlib, uning asosiy vazifasi
jamiyatda qonun ustuvorligini taʼminlash, odil sudlovni amalga oshirish hisoblanadi. Sudlar
ishlarni oshkora koʼrishi orqali har bir fuqaroning buzilgan huquqlarini himoya qilishiga kafolat
yaratadi.
Oʼzbekiston Respublikasida iqtisodiy sudlar iqtisodiyot sohasida vujudga keladigan,
qonunlar bilan oʼzining vakolatiga kiritilgan nizolar hamda boshqa ishlarni hal qilish yoʼli bilan
odil sudlovni amalga oshiradi. Tumanlararo, tuman (shahar) iqtisodiy sudi xoʼjalik yurituvchi
subyektlar oʼrtasidagi fuqaroviy-huquqiy munosabatlarda yuzaga keladigan nizolarni va
korporativ nizolarni, shuningdek qonun bilan uning vakolatlari doirasiga berilgan maʼmuriy
huquqbuzarliklar toʼgʼrisidagi ishlarni koʼrib chiqadi.
Bitiruv malakaviy amaliyotning ilk kunida Farg’ona shahrida joylashgan Yuridik
texnikumda universitet xodimlari tomonidan tashkillashtirilgan yig’ilishda amaliyotga oid
yakuniy konsultatsiyalar va amaliyotni tashkil etish tartibi to’g’risidagi ma’lumotlarni oldim va
o’sha kunning o’zidayoq amaliyot joyimga kelib, “Talabalarning amaliyot o’tash tartibi
to’g’risida”gi 2548-sonli Nizom majburiyatlarini zimmamga olgan holda amaliyotni boshladim.
Mening Qo’qon tumanlararo iqtisodiy sudda amaliyotni o’tashim to’g’risidagi buyrug’im
elektron tarzda yuqoridagi sudning elektron manziliga yetib kelgach, ushbu sudda men
biriktirilgan shaxs, sudya yordamchisi chiqib, meni suddagi kirdi-chiqdini nazorat qilib turgan
xavfsizlik xodimlariga tanishtirdi va meni Iqtisodiy sud bo’limiga olib kirib ketdi. (Fuqarolik
ishlari bo’yicha Qo’qon tumanlararo sudi, tumanlararo iqtisodiy sud va jinoyat ishlari bo’yicha
Qo’qon shahar sudi bir binoda joylashgan). Amaliyotni boshlashdan avval, Iqtisodiy sudning
raisi menga sud instituti, uning boshqa davlat organlaridan farqi, o’ziga xos xususiyatlari, ushbu
muassasadagi ichki tartib qoidalar haqida batafsil tushintirdi va ushbu tartib-qoidalarni buzish
men uchun bir qator huquqiy oqibatlar keltirib chiqarishi to’g’risida ogohlantirdi.
Amaliyot rahbarim bilan birgalikda iqtisodiy sud xodimlari hamda ularning asosiy
vazifalari bilan tanishdim. Amaliyot rahbarim va bo‘lim xodimlaridan mazkur iqtisodiy sudning
yaqin yillardagi faoliyati, erishgan yutuqlari hamda bo‘lim xodimining kasbiy etikasiga doir
ko‘pgina ma’lumotlarga ega bo‘ldim.
Tumanlararo (tuman, shahar) iqtisodiy sudlar faoliyati to‘g‘risida umumiy nazariy
ma’lumotlarga ega bo‘lish uchun O‘zbekiston Respublikasining iqtisodiy protsessual kodeksi
hamda O’zbekiston Respublikasining “Sudlar to’g’risida”gi qonuni bilan batafsil tanishib
chiqdim.
Sud apparati xodimlari tomonidan xizmat doirasida foydalanish uchun kelgan hujjatlardagi
ma’lumotlarni oshkor etish man etiladi. Bunday hujjatlar bilan bevosita tegishli yoki xizmat
topshirig’ini bajarishga aloqador bo’lgan shaxslargina tanishib chiqishlari mumkin. Xizmat
doirasida foydalanish uchun kelgan hujjatlar bilan boshqa shaxslarni tanishtirish, ularga
ma’lumotnoma yoki xizmatga oid ma’lumotlarni berish, matbuotda chop etish, radio va
teleko’rsatuvlarda oshkor qilish, ma’ruza, nutq va boshqa amaliy chiqishlarda foydalanish,
shuningdek, fleshka, disk va shunga o’xshash nusxa olish texnika vositalari orqali ma’lumot
olish va tarqatish faqat tumanlararo (tuman, shahar) sudining raisi (rais yo’qligida rais vazifasini
bajaruvchi) ruxsati bilan amalgam oshirilishi mumkinligi to’g’risida amaliyot rahbarim orqali
tanishib chiqdim.
Iqtisodiy ishlarda ish yuritish, ya’ni sudga kelib tushgan va suddan jo’natilayotgan barcha
iqtisodiy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan iqtisodiy nizolarni, shuningdek, bankrotlik
to’g’risidagi ishlar, hujjatlar, xat-xabar, ariza va shikoyatlarning kirim-chiqimini rasmiylashtirish
elektron dastur asosida, local tarmoq yordamida kompyuter texnikasi vositalari orqali amalgam
oshirishni devonxona bo’limi mudiri qo’l ostida o’rgandim. Iqtisodiy sudlarda yuritiladigan
barcha qayd etish kitoblari devonxona mudiri tomonidan raqamlanishi, tikilishi, imzolanishi va
muhrlanishini bilib oldim.
Iqtisodiy sudning raisi “Sudlar to’g’risida”gi O’zbekiston Respublikasining qonuniga
muvofiq sud ishini tashkil qilishini, sud apparati faoliyati ustidan umumiy rahbarlikni amalga
oshirishini bilib oldim.
Sud xodimlaridan sudda ish yuritishning barcha qoidalari, tartib va usullari, shuningdek,
sud tuzilishi, protsessual va moddiy qonunlarni yaxshi bilishi talab etiladi. Shu maqsadda
tumanlararo iqtisodiy sudning raisi devonxona mudiri, sudya yordamchisi va boshqa xodimlar
bilan doimiy ravishda huquqiy mavzular asosida ish yuritishni tashkil etish yuzasidan mashg’ulot
o’tkazib turishi va bu haqda alohida qayd kitobiga belgilab borish kerakligini o’rgandim.
Amaliyotimning ilk haftasida asosan tashkiliy ishlar va bajarilgan amallarni tegishli
kitoblarga qayd qilish bilan shug’ullandim. Delodagi hujjatlarni mantiqiy tartibda raqamlash
(avval da’vogar taqdim etgan hujjatlar – da’vo ariza, davlat boji to’langanligi to’g’risidagi
kvitansiya, turli xil dalolatnomalar, ma’lumotnoma, aloqa xatlari va boshqa ilovalar, so’ngra
ushbu ishni ish yuritishga qabul qilish va sud muhokamasiga tayyorlash to’g’risidagi ajrim,
pochta ma’lumoti, so’ng sud majlisi bayonnomasi, so’ng hal qiluv qarorining hal qiluv qismi,
keyin kengaytirilgan hal qiluv qarori, so’ng ushbu hal qiluv qarorini ommaga e’lon qilish yoki
qilmaslik to’g’risidagi ishdagi taraflarning tilxati, oxirida ijro varaqasi), ularni ro’yhat tarzida
shakllantirish va deloning ilk sahifasiga qo’yish, barcha hujjatlarni o’z ichiga olgan deloni
shnurlash hamda tikish, deloning oxirgi sahifasiga devonxona muhrini tushirish va yuqoridagi
amallarni bajarib bo’lgach, ushbu deloni imzolash uchun sud raisiga taqdim etish va undan so’ng
ularni arxiv bo’limiga topshirish, shular jumlasidandir.
Amaliyotimning keyingi haftasida amaliyot rahbarim nazorati ostida bevosita protsessual
harakatlarni amalga oshirishda ishtirok eta boshladim. Da’vo arizasini ish yuritishga qabul qilish
va sud muhokamasiga tayyorlash to’g’risidagi ajrim tayyorladim. U bilan bog’liq protsessual
muddatlar to’g’risida ma’lumotga ega bo’ldim. Elektron baza orqali taraflarni ish bilan bog’liq
sud hujjatlari haqida xabardor qilish tartibini o’rgandim. Sud raisi va uning yordamchisidan Sud
tomonidan da’vo arizalarini ish yuritishga qabul qilish, qabul qilishni rad etish, qaytarish, ish
ko’rishni keyinga qoldirish hamda to’xtatib turishning protsessual asoslari haqida atroflicha
ma’lumot oldim.
Sud muhokamasini keyinga qoldirish to’g’risidagi ajrim hamda sudning hal qiluv qarori
asosida chiqariladigan Ijro varaqasi mazmunlari bilan tanishdim va tayyorladim.
Amaliyotimning keyingi haftalari davomida Qo’qon tumanlararo iqtisodiy sudiga kelib
tushadigan da’vo arizalarni ko’rib chiqish uchun sud devonxonasi tomonidan nazarda tutilgan
normalarga asosan avtomatlashtirilgan axborot tizimidan foydalangan holda shakllantirish va
sudyalar o’rtasida taqsimlanishi, shuningdek, ishlar sudda ko’rib chiqilib hal etilgach, ish bilan
bog’liq hujjatlar arxivda saqlash uchun topshirilishi tartibi bilan atroflicha tanishdim.
Iqtisodiy sud tomonidan 2 subyekt o’rtasida tuzilgan shartnomadan kelib chiqqan nizoli
holat (shartnoma muddatining tugaganligi munosabati bilan da’vogarning ko’chmas mulkidan
javobgarni boshqa joy topib bermaslik sharti bilan majburiy ko’chirish)ni hal etish bo’yicha sud
muhokamasi jarayonida ishtirok etdim. Sud muhokamasi jarayonida da’vogar va javobgar
tomonidan vakillarning ishonchnoma asosida, tegishli muassasa rahbarining esa ishonchnomasiz
ham ishtiroki, da’vo talabi, talabni asoslovchi dalillar, ish bilan bog’liq boshqa hujjatlar,
uchinchi shaxslarning ishtirokining amaliy aksiga ilk marta guvoh bo’ldim hamda mazkur
jarayonda raislik etuvchi sudyaning tutgan roli haqida o’z shaxsiy munosabatimga ega bo’ldim.
Amaliyotim davomida iqtisodiy protsessual kodeksning 166-moddasida keltirib o’tilgan
videokonferensiya aloqa rejimidagi sud majlisida ham ishtirok etdim va atroflicha ma’lumotga
ega bo’ldim.
Internet tarmog’i orqali e’lon qilinishi kerak bo’lgan sudda ko’rib hal etilgan ishlar va sud
qarorlari bilan tanishdim va ularni e’lon qilish tartibini o’rgandim. Bunda birinchi navbatda ishda
ishtirok etgan tarafning yozma tilxati bor yoki yo’qligiga e’tibor qaratdim, ushbu tilxat mavjud
bo’lmagan taqdirda tegishli tarafni mavhumlashtirgan holda Oliy sudning elektron bazasiga
joylashtirish to’g’risidagi ko’nikmalarga ega bo’ldim.
Amaliyotim davomida sudga kelib tushgan da’vo arizalari yuzasidan O’zbekiston
Respublikasining “Davlat boji to’g’risida”gi qonunga asosan davlat bojini undirish va uni
hisoblash tartibini, shuningdek, davlat bojidan ozod bo’lgan subyektlar to’g’risidagi
ma’lumotlarga ega bo’dim. Sudya tomonidan tashkil etilgan iqtisodiy ishlar bo’yicha sayyor sud
majlisida qatnashdim va o’zimni qiziqtirgan bir qancha savollarga javob topdim. Iqtisodiy sudlar
tomonidan Iqtisodiy protsessual kodeksning tegishli moddalariga asosan buyruq tartibida ish
yuritish to’g’risida atroflicha tushunchaga ega bo’ldim.
O’z ishiga bo’lgan ishtiyoq, o’ziga belgilangan vazifalarni sidqidildan bajarish va eng
asosiysi, o’z ishini sevish ko’p tomonlama hamkasblarga ham bog’liq. Men amaliyot o’tagan
muassasadagi kollektiv nisbatan yosh (sud raisi 43 yosh, arxiv bo’limi mudiri – 25 yosh), lekin
shunga qaramay tajribali, o’z ishiga professional. Bu yerdagi ichki muhitda xushchaqchaqlik,
o’zaro yordam hukmronlik qiladi. Garchi yetarlicha tanbehlar olgan bo’lsamda, amaliyotim
davomida bosim ostida bo’lmadim, hamkasblar orasiga singib keta oldim (menimcha).
Amaliyotimning so’nggi kuni – 15-aprelda ishdan so’ng hamkasblar bilan iftorlik dasturxonida
yig’ildik va do’stona suhbat qurdik.
Shu tariqa mening amaliyot davrim ham rasman, ham mantiqan o’z nihoyasiga yetdi.
Qo’qon tumanlararo iqtisodiy sudida o‘tagan bitiruv malakaviy amaliyotim davomida
mazkur muassasada deyarli yirik kamchilik va nuqsonlarga duch kelmadim. Kamchiliklarning
barchasi deyarli ikkilamchi omillar tufayli. Ushbu sud reja-grafikka asoslangan tizimli ish hajmi
juda ko‘p, bunga nomutanosib ravishda esa rahbariy shtab birliklari qisqa, bori ham vakant joy
bo‘lib, amalda Qo’qon tumanlararo iqtisodiy sudi yetarlicha sudyaga ega emas. Natijada, bo‘lim
xodimlari kunlik ustama bilan ishlayapti.
Fuqarolik ishlaridan farqli ravishda iqtisodiy sudda subyektiv omil deyarli rol o’ynamaydi,
barchasi obyektiv, hujjatlar asosida ko’rib, hal qilinadi. Fuqarolik ishlaridan farqli ravishda
Iqtisodiy sudda ko’rilayotgan ishlarning da’vo miqdori nihoyatda katta bo’lib, milliard so’mdan
oshiq da’volarga ham ko’p bora guvoh bo’ldim. Bu esa davlat bojini to’lashda ishda mag’lub
bo’lgan tarafga juda katta qiyinchiliklar tug’dirishi tabiiy. Yuqoridagi nuqtayi nazardan kelib
chiqib, mediatsiya, arbitraj va shunga o’xshash boshqa institutlarning tobora rivojlanib, kengayib
borishi hamda nizolarni tez va arzon hal etuvchi, sud organiga ekvivalent muassasa sifatida
ommalashishini zamonning o’zi ustuvor maqsadga aylantirib qo’yishini tahmin qila olaman.
Iqtisodiy sudda o‘tagan amaliyotim davomida deyarli barcha iqtisodiy masalalarda sud
taraflarning nizolarini hal etishda rahbariy rolni o‘ynashiga guvoh bo‘ldim. Mazkur davr oralig‘i
universitetda o‘rgangan nazariy bilim va ko‘nikmalarimning mustahkamlanish hamda amaliy
jihatdan boyish davri bo‘ldi. Ushbu davr mobaynida men normativ-hujjatlar bilan ishlash hamda
kasbiy malaka asoslarini o‘rgandim. Ish taqozosi bilan yondosh sohalar ko‘nikmalarini
o‘zlashtirdim. Iqtisodiy sudlar haqida keng tushunchaga ega bo‘lish hamda ma’lum vaqt ushbu
tizimda amaliyot o‘tash dunyoqarashim hamda umumiy nazariy bilimlarimga sezilarli ta’sir
qildi. Shu bilan birgalikda ushbu organda bir qancha byurokratik unsurlar borligiga guvoh ham
bo’ldim.
Agar vakantlar xodimlar bilan to‘ldirilsa va shtab hajmi birmuncha oshirilsa, ish hajmi
normallashadi, bu esa sud organi xizmatlarining sifatini yanada oshiradi.
Odil sudlovni amalga oshirish bo‘yicha barcha vakolat va ustuvor yo‘nalishlarning mazkur
tizimda bo‘lishi jamiyatdagi turli korrupsion elementlar hamda byurokratik to‘siqlarni olib
tashlashda asosiy omil bo‘lib xizmat qiladi, ushbu organda professional xodimlarning ishlashi
esa har qanday manfaatlar to‘qnashuvini oldini oladi. Iqtisodi rivojlangan, huquqiy jihatdan
barqaror jamiyat barpo etishda mazkur omilning ahamiyatini e’tirof etmaslik mumkin emas.
Do'stlaringiz bilan baham: |