288-modda. Ma’muriy yo‘l bilan ushlab turish muddatlari
Ma’muriy yo‘l bilan ushlab turish uch soatdan ortiq davom etishi mumkin emas. Ayrim hollarda alohida zarurat munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida ma’muriy yo‘l bilan ushlab turishning boshqacha muddatlari belgilanishi mumkin.
Chegara tartibini yoki O‘zbekiston Respublikasi davlat chegarasi orqali o‘tish punktlaridagi tartibni buzgan shaxslar bayonnoma tuzish uchun uch soatgacha muddatga ushlab turilishi mumkin, huquqbuzarning shaxsini va huquqbuzarlik holatlarini aniqlash uchun zarur bo‘lgan hollarda esa — ushlash paytidan boshlab yigirma to‘rt soat ichida prokurorga yozma tarzda ma’lum qilib, uch sutkagacha yoki huquqbuzarda o‘zining shaxsini tasdiqlovchi hujjat bo‘lmasa, prokurorning sanksiyasi bilan o‘n sutkagacha muddatga ushlab turilishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Ushbu Kodeksning 54, 56, 57, 58, 61, 90-moddalarida, 164-moddasining to‘rtinchi qismida, 170, 183, 1842, 1843, 191, 194, 195, 201, 204, 205, 206, 210-moddalarida, 225-moddasining birinchi — uchinchi qismlarida nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan yoxud o‘zining shaxsi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yashirgan shaxslar huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishi ma’muriy sud yoki ichki ishlar organi boshlig‘i (boshliq o‘rinbosari) tomonidan ko‘rib chiqilgunga qadar, lekin 24 soatdan ko‘p bo‘lmagan muddatga ushlab turilishi mumkin.
(288-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 26-martdagi O‘RQ-613-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 26.03.2020-y., 03/20/613/0362-son)
Ma’muriy yo‘l bilan ushlab turish muddati huquqbuzarni bayonnoma tuzish uchun olib kelish paytidan boshlanadi, mast holdagi shaxslar uchun esa — ular hushyor tortgan vaqtdan boshlanadi.
289-modda. Shaxsni ko‘rikdan o‘tkazish va ashyolarni ko‘zdan kechirish
Oldingi tahrirga qarang.
Shaxsni ko‘rikdan o‘tkazish ichki ishlar organlarining, harbiy soqchilik, havo transportining, bojxona organlari, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi organlari va chegara qo‘shinlarining vakolatli shaxslari, O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida bevosita nazarda tutilgan hollarda esa, shunga vakolati bo‘lgan boshqa organlar tomonidan amalga oshirilishi mumkin.
(289-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 29-oktabrdagi O‘RQ-575-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 30.10.2019-y., 03/19/575/3972-son)
Shaxsni ko‘rikdan o‘tkazish ko‘rikdan o‘tkazilayotgan shaxs bilan bir jinsda bo‘lgan shaxslar tomonidan va shu jinsdagi ikkita xolis guvoh ishtirok etgan holda amalga oshirilishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Ashyolarni ko‘zdan kechirib chiqish ichki ishlar organlarining, harbiy soqchilik, havo transportining, bojxona organlarining, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi organlarining, chegara qo‘shinlarining, soliq organlarining, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va uning joylardagi bo‘linmalarining, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi organlarining, O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida bevosita nazarda tutilgan hollarda esa, shuningdek tegishli vakolati bo‘lgan organlarning boshqa vakolatli shaxslari tomonidan amalga oshiriladi.
(289-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 29-oktabrdagi O‘RQ-575-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 30.10.2019-y., 03/19/575/3972-son)
Ashyolarni, ov qilish va baliq tutish qurollarini, qo‘lga kiritilgan mahsulotlar va boshqa buyumlarni ko‘zdan kechirish, odatda, shu ashyo va buyumlar kimning mulki yoki egaligida bo‘lsa, o‘sha shaxs ishtirokida amalga oshiriladi. Kechiktirib bo‘lmaydigan hollarda, mazkur ashyolar, buyumlarni mulkdorsiz (egasisiz) ikkita xolis guvoh ishtirokida ham ko‘zdan kechirib chiqilishi mumkin.
Shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazish va ashyolarni ko‘zdan kechirish to‘g‘risida bayonnoma tuziladi yoki ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnomaga yoxud ma’muriy yo‘l bilan ushlab turish to‘g‘risidagi bayonnomaga tegishincha yozib qo‘yiladi.
Bojxona muassasalarida shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazish va ashyolarni ko‘zdan kechirish bojxonaga doir qonun hujjatlari bilan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |