- Shundaylikka, shunday-kuya, lekin bunday ishingiz men valdirab qo'ygan gapni Marja amma
unutib yuborishiga omil bo'lmaydi-da.
Yuzi bir tekis qizil-jigar rang tus olgan Vernon amaki mushtini ko'tarib turgancha, to'xtab
qoldi.
- Agar siz ruxsatnomaga imzo chekib bersangiz, - fikrini tez davom etdi Garri, - Qaerda
o'qiyotganimni yodda tutish va o'zimni mag... xushxulq odamga o'xshab tutishga va'da
beraman.
Vernon amakining tishi yalang'ochlanib, chakkasidagi qon tomiri qattiq ura boshlagan bo'lsa
ham,
Garrining taklifini obdan mulohaza qilayotgani ko'rinib turibdi.
- Yaxshi, - dedi u nihoyat, - Biroq Marjori shu yerda turar ekan, xulq-atvoringni
diqqat bilan
kuzatib turaman. Agar so'nggi daqiqalarga qadar qo'yilgan talabga amal qilsang, aynan men
aytgan muassasa nomini aytib borsang, o'sha ahmoqona ruxsatnomangga imzo chekib
beraman.
U tovonida aylangancha, tashqariga chiqayotib eshikni chunonam qattiq yopdi-ki, deraza
romining
bitta ko'zidagi oyna polga tushib, chilparchin bo'lib ketdi.
Garri oshxonaga qaytmay, xonasiga kirdi. Modomiki, o'zini maglchasiga tutishi kerak ekan,
buni
hozirdan boshlagani yaxshi. U o'z sovg'alari va tabrik otkritkalarini shoshilmay, ma'yus yig'di-
da,
taxta tagiga, inshosi bilan birgalikda saqlanishi uchun yostiqjildga joylab qo'ydi. Ancha o'ziga
kelib qolgan Errol Xedvig bilan yonma-yon, boshini qanotiga suqib olgancha, uxlayapti. Garri
bir xo'rsinib oldi-da, ikkala qushning ko'kragiga barmoq niqtab uyg'otdi.
- Xedvig, - dedi u, - Sen bir haftaga daf bo'lishingga to'g'ri keladi. Errol bilan birga uchib
ketasan. Men bor gapni Ronga yozib, tushuntirib beraman. U senga qarab turadi.
Xedvig o'zining kahrabo rang ko'zlarini Garriga qaratib, o'qraydi.
- Menga unday qarama, - dedi Garri, - Ayb menda emas. Shunday qilinsagina Ron va
Germiona
bilan birgalikda Xogsmyod qishlog'iga borib turishim mumkin.
O'n daqiqadan so'ng, Ronga yozilgan xat panjasiga bog'lab qo'yilgan Errol bilan Xedvig
derazadan uchib chiqib, ko'zdan g'oyib bo'ldi. O'zini baxti qora kishiday his etgan Garri
qafasni
javon ichiga joyladi.
Biroq baxtsiz qismat haqida fikr yuritishga bolaning vaqti bo'lmadi. Xayol o'tmay pastda
Petun`ya xolaning Garri pastga tushib, mehmonni kutib olishga hozirlik ko'rishi talab etilgan
na'rasi yangradi.
- Sochingni tartibga keltirib olsang-chi! - akilladi u, dahlizga tushgan Garriga.
Nima sababdan sochini tarashi kerakligini Garri tushunmadi. Axir Marja amma Garrini tanqid
qilishni xush ko'radi-ku. Demak, u ko'zga qancha yomon ko'rinsa, shuncha yaxshi emasmi?!
Tez orada hovlidan shag'alning
shaldiragan tovushi eshitilib, Vernon amakining mashinasi
kirib
kelganidan dalolat berdi. Sal o'tib, mashina eshiklarining gumburlagani va bog' yo'lagidan
qadam tovushlari eshitildi.
- Eshikni och! - vishilladi Petun`ya xola.
Qalbini zulmat qamragan Garri eshikni ochdi.
Ostonada Marja amma ko'rindi. U Vernon amakining ayol jinsidagi ikkinchi nusxasi:
mo'ylovli,
tanasi yirik, bo'yni deyarli ko'rinmaydigan, go'shtdor. Marja ammaning mo'ylovi Vernon
amakining
mo'yloviga o'xshab quyuq o'smagani opa-uka o'rtasidagi yagona tafovutdir. Amma bir qo'liga
katta
chamadon, ikkinchisiga esa qo'ltiqlab olingan tentak tabiatli qari itini ushlab olgan.
- Dudlicha qani? - do'rilladi u, - Qani mening jiyancham?
Dahlizda oq sariq sochi yog'li boshiga yopishib qolgan, oyog'i bilan eshkak suzgan kabi
kelgan
Dudli ko'rindi. Uning ko'p sonli baqbaqalari orasida qolib ketgan kapalaknusxa bo'yinbog'i
deyarli ko'rinmadi. Kutilmaganda qo'lidagi chamadon bilan Garrining qorniga solib, bolaning
nafasini chiqarib yuborgan Marja amma bir qo'li bilan Dudlini mahkam siqib olib, jiyaning
yog'
bosgan lunjidan o'pib, yalashga kirishdi.
Dudli Marja ammasining bunday silab-siypashlariga, ammadan ko'p pul olishi uchungina
bardosh
berishini Garri yaxshi biladi. Chindan ham ammasining iskanjasidan xalos bo'lgan Dudlining
qo'lida yigirma funtli banknota ko'rindi.
Marja amma Garrini, xuddi shlyapa uchun ilgak yonidan o'tganday bolaga qiyo boqmay
chetlab o'tdi.
- Petun`ya! - o'kirdi u.
Marja amma bilan Petun`ya xola go'yo o'pishib olishdi. Agar aniqroq aytiladigan bo'lsa, Marja
amma o'zining yirik, baquvvat bosh suyagi bilan Petun`ya xolaning qoq suyakdan iborat
lunjiga
borib urildi.
Ichkariga quvonchli tabassum-la, Vernon amaki kirib keldi.
- Choy ketadimi, Marjori? - so'radi u, - Rvaklerga nima bergan ma'qul?
- U mening likopchamdan choy ichadi.
Uchalasi, qo'lida chamadon ushlagan bolani yolg'iz qoldirib, oshxonaga ravona bo'ldi. Garri
xafa
bo'lmadi. Nima bo'lsa bo'lsin-u, amma bilan kamroq yuzma-yuz kelsin. U chamadonni, imkon
qadar
ko'proq ivirsib, mehmonlar uchun ajratilgan xonaga ko'tarib ketdi.
Oshxonaga qaytgan fursatda Marja amma choy va mevali pirog bilan boqilayotgan ekan.
Burchakda
esa Rvakler chapillagancha likop yalayapti. Uning tumshug'idan oynaday toza polga choy va
so'lak
tomayotganini ko'rgan Petun`ya xolaning basharasi bilinar-bilinmas bujmayib ketmoqda.
To'g'risini aytganda Petun`ya xola har qanday turga mansub hayvonni o'lguday yomon ko'radi.
- Qolgan itlaringga kim qarab turibdi, Marjori? - qiziqib so'radi Vernon amaki.
- O, ularni polkovnik Brustverga topshirib keldim, - do'rilladi Marja amma, - Qariya
iste'foga chiqdi. Biron-bir ish bilan shug'ullanish polkovnik uchun foydadan xoli emas. Biroq
Rvaklerni o'zim bilan olib yurishimga to'g'ri keladi. Bechora it meni bir oz ko'rmay qolsa bas,
ozib-to'zib ketadi.
Garrining dasturxon atrofidagi odamlarga kelib qo'shilganini ko'rgan Rvakler uvillab qo'ydi.
Bu holat Marja ammaning bolaga ilk bor e'tibor qaratishga majbur qildi.
- Xo'sh! - akilladi amma, - Hamon shu yerdamisan?
- Ha, - javob qaytardi Garri.
- Ko'rnamak ohangda «ha» dema menga, - akillashini davom ettirdi amma, - Bir vaqtlar seni
uyda qoldirib, Vernon bilan Petun`ya ikkalasi nihoyatda katta olijanob ish qilishgan. Agar
o'shanda sen nonko'rni mening ostonamga tashlab ketishganda bormi, uyimga mutlaqo
kiritmagan,
o'ylab-netib o'tirmay, to'g'ri yetimxonaga topshirgan bo'lar edim.
Dursllar xonadonida yashagandan ko'ra yetimxonani afzal bilishi haqida Garri bir nima
demoqchi
bo'ldi-yu, Xogsmyodga borib turishga doir ruxsatnomani o'ylab, tilini tiydi.
- Nima tirjayapsan?! - tutaqib ketdi Marja amma, - Sen tuzalmasni so'nggi bor ko'rganimda
qanday bo'lgan bo'lsang, zig'irday o'zgarmay shundayligingcha qolgan ko'rinasan, a?
Maktabda oz
bo'lsa ham aql kiritib qo'yishadi, deb umid qilgan edim.
U chashkadagi choydan kattagina xo'plab oldi-da, mo'ylovini artib, ukasidan so'radi:
- Sizlar mana bu yetimni o'qishga yuborgan joyning nomi nima edi, a, Vernon?
- Tuzalmas-jinoyatchi nusxalar uchun qat'iy rejim joriy etilgan muqaddas Grubus muassasasi,
-
shosha-pisha javob qaytardi Vernon amaki, - Tarbiyasi og'ir, tuzalishiga umid bo'lmagan
shaxslar
uchun juda zo'r joy.
- Tushunarli, - dedi Marja amma.
Shundan so'ng u, stolning narigi tomonida o'tirgan Garriga murojaat qilib, akillashini davom
etdi.
- Hoy bola, qani menga ayt-chi, o'sha muqaddas Grubus muassasasida jismoniy jazo
qo'llaniladimi?
- M-m-m...
Opasining orqa tomonida turgan Vernon amaki Garriga bosh irg'ib qo'ydi.
- Ha, - javob qaytardi Garri va ilhom kelayotganini his etib, - Muntazam qo'llaniladi.
- Juda soz, - xitob qildi Garrining javobidan quvonib
ketgan Marja amma, - Kaltaklashga
loyiq ish qilgan bo'lsa ham, bolaga qo'l ko'tarish mumkin emas, degan har xil bema'ni gaplarga
qo'shilmayman. Yaxshigina qamchi yuzta holatdan to'qson to'qqiztasida eng zo'r tarbiya
vositasi
sanaladi. Xo'sh, shaxsan senga nisbatan-chi, bunday jazo chorasi tez-tez qo'llanilib turiladimi?
- O, uzluksiz qo'llaniladi, - tasdiqladi Garri, - Kutilgandan ham tezroq, ko'proq kaltaklab
borishadi.
Marja amma ko'zlarini darg'azab qisib oldi.
- Bari-bir javobing ohangi menga yoqmayapti, - dedi u, - Modomiki sen, uzluksiz
kaltaklashayotganini bamaylixotir gapirar ekansan, demak joning og'rimas ekan. Petun`ya,
seni
o'rningda bo'lganimda, o'sha muassasa rahbariyatiga xat yo'llagan bo'lar edim. Unga nisbatan
eng
so'nggi choralar ko'rilishiga doir hech qanday e'tirozing yo'q ekanligini yozib yubor.
Vernon amaki ertalabki bitim shartlari Garrining esidan chiqib qolishi mumkinligidan
cho'chigan
ko'rinadi. Har qalay u, suhbat mavzusini keskin almashtirdi.
- Bugungi yangiliklarni eshitding-mi, Marjori? Anavi qochoq jinoyatchi haqida nima deysan,
a?
Marja amma yangi joyga tez moslashib oldi. Garri esa aksincha, Odamovilar xiyobonidagi 4-
uyda
Marja ammasiz o'tadigan zerikarli hayotni qo'msab qoldi. Vernon amaki bilan Petun`ya xola
jiyanning oyoq ostida ilashmay, nari yurishini ma'qullashar, Marja amma esa, bil'aks, «bola
tarbiyasi»ga doir turli o'tkir takliflar kiritib yurishi uchun Garri uning ko'z oldida muntazam
yurishini istar edi. Garri bilan Dudlini o'zaro taqqoslash ammani qanoatlantiradigan eng
yaxshi
mavzulardan biri. Marja amma Dudliga katta, qimmatbaho sovg'alarni atayin xarid qilib, shu
kuni Garridan nima uchun u sovg'asiz qolayotgani haqida savol kutgancha, bolaga tikilar edi.
Shundan so'ng, bunday savollarni xayoliga ham keltirmagan Garrining badhazm shaxs sifatida
shakllanishiga qanday omillar sabab bo'lishiga doir turli shamali gaplar tashlab yurdi.
- Yetimning bunday bema'ni ulg'aygani uchun ko'p kuyinib, o'zingni koyima, Vernon, - dedi
Marja
amma uchinchi kuni o'tayotgan tushlik vaqtida, - Kishining qoni nopok, buzuq bo'lsa, iloj
qancha,
hech kim hech narsa qila olmaydi.
Garchi Garri imkon qadar fikr-xayolini ovqatga jamlashga harakat qilsa ham, nafratdan qo'li
titrab, yuzi yonayotgan kabi qiziy boshladi. «Ruxsatnomani yodingdan chiqarma. Xogsmyod
haqida
o'yla. Darg'azab bo'lma...», der edi u, o'ziga o'zi.
- Naslchilik ishlarining o'ziga xos tamoyillari mavjud, - ma'lum qildi qo'liga bokal olgan
amma, - It yetishtirish sohasida men o'xshash muammolarga tez-tez duch kelib turaman. Agar
urg'ochi
it buzuq bo'lsa, uning itvachchalari ham...
Ayni shu fursatda ammaning qo'lidagi bokal portlab, parchalari har tomon sachrab ketdi. Gapi
bo'g'ziga tiqilib qolgan Marja ammaning ko'zlari pirpirab qoldi. Shalabbo bo'lgan arg'uvon
turqidan esa ichimlik qatralari toma boshladi.
- Marjori! - chiyillab yubordi Petun`ya xola, - Marjori! Yaralanmading-mi?
- Hech qisi yo'q, - do'rilladi amma, basharasini sochiq bilan artar ekan, - Bokalni qattiq
siqib yubordim shekilli. Yaqinda polkovnik Brustverning uyida ham shunday holat yuz bergan
edi.
Kuyinma, Petun`ya... Qo'lim ja baquvvatda.
Petun`ya xola bilan Vernon amaki Garriga shubha bilan tikilib qolishdi. Shu bois Garri
desertni yemay, yaxshilikcha dasturxondan turib ketishni ma'qul topdi.
U dahlizdan chiqib, hansiragancha zinapoyaga suyandi. Biron narsa portlab ketadigan
darajada
o'zini idora qilmay qo'yganiga ancha bo'lgan. Bunday holatni endi faqat Xogsmyodga borib
turish
uchun ruxsatnoma emas, boshqa sabablar tufayli ham o'ziga ortiq ep ko'ra olmaydi. Agar u o'z
xulqini tuzatmas ekan, sehrgarlik vazirligi bilan bog'liq ko'ngilsizliklar yuz berishi
muqarrar.
Garri hali balog'atga yetmagan sehrgar sanalar ekan sehrgarlar dunyosida joriy etilgan
qonunlar maktab dargohidan tashqari joyda sehr-jodu bilan shug'ullanishni unga man etadi.
Garri esa ayrim gunohlardan xoli emas. Masalan, o'tgan yili u sehrgarlik vazirligining
sehrgarlik va afsungarlik faoliyati ustidan nazorat bo'limi
tomonidan rasman
ogohlantirilgan. Xususan, o'sha hujjatda: «... Siz tomondan kelgusida takrorlanadigan
biron-bir o'xshash faoliyat, yuqorida zikr etilgan ta'lim muassasasida tahsil ko'rayotgan
o'quvchilar ro'yxatidan chetlashtirilishingiz bilan yakun topishi mumkin (1875 yili qabul
qilingan
«Balog'atga yetmaganlar orasida sehrgarlik faoliyatini oqilona cheklash to'g'risidagi
dekret»ning
«S» bandi)», deyilgan edi. Shunday ekan, Odamovilar xiyobonidagi 4- uyda qo'llanilgan har
qanday sehr-jodu Garrining «Xogvarts» o'quvchilari ro'yxatidan chetlashtirilishi bilan yakun
topishi turgan gap.
Dursllar dasturxondan turayotganini eshitgan bola yuqoriga, o'z xonasiga shoshildi.
Navbatdagi uch kun davomida Marja amma tarbiyaviy ishlar bilan shug'ullanishga uringan har
bir
holatda Garri «Supurgiga mustaqil ravishda texnik xizmat ko'rsatishga oid, kissada olib
yuriladigan ma'lumotnoma mazmunidagi qo'llanma»dan yod olingan qoidalarni ichida
takrorlashga
o'zini o'zi majbur qilib yurdi. Ushbu chora qaysidir ma'noda yordam berdi-yu, biroq bunday
fursatda Garrining ko'zlari muzlatkich muzxonasidan endigina olingan baliq ko'ziga o'xshab
qolayotgani bois, Marja amma yetimning aqlan zaifligiga doir taxmin bildira boshladi.
Nihoyat, uzoq kutilgan xayrlashuv oqshomi ham yetib keldi. Petun`ya xola kechki ovqat
uchun
g'aroyib taom tayyorladi. Vernon amaki esa yuqori sifatli vinoning bir nechta shishasini ochdi.
Sho'rva bilan go'shti qizil baliq Garrining tabiatidagi nuqsonlar yodga olinmagan tarzda yeb
tugatildi. Limonli yengil tort bir yoqli qilinayotganida Vernon amaki o'zining parma ishlab
chiqarishga ixtisoslashgan «Grunnings» firmasi haqida kishi zeriktirib ketadigan darajada
uzoq
gapirdi. Amakining jag'i tingach, Petun`ya xola kofe damladi. Vernon amaki esa brendi
shishasini ochdi.
- Tatib ko'rasanmi, Marjori?
Marja amma haddan ortiq vino ichib olgan bo'lib, nihoyatda yirik basharasi qip-qizarib ketgan.
- Quysang, qittay quy, mayli, - hiringladi u, - Tuzukroq quysang-chi, ja unchalik emas-da
endi. Qizg'anma... yana bir oz... ana shunday, ana shunday... bo'ldi, juda soz!
Dudli tortning to'rtinchi bo'lagini kappa-kappa kavshab tugatyapti. Petun`ya xola jimjilog'ini
ko'tarib olib, oz-ozdan kofe xo'plab o'tiribdi. Garri astagina turib, xonasiga kirib ketmoqchi
bo'ldi-yu, Vernon amakining darg'azab nigohini ko'rib, qilt etmay o'tirish lozimligini
tushunib
yetdi.
Hayotdan mamnun Marja amma «A-ax» degancha, bir ko'tarib bo'shatgan bokalni stolga
qo'ydi-da,
enli tili bilan labini yaladi.
- Ajoyib ziyofat bo'ldi-da, Petun`ya. Men, odatda, kechqurun shosha-pisha ovqatlanaman.
O'zing
tushunasan, bir gala it boqishning o'zi bo'ladimi, - u qattiq kekirib oldi-da, katta qorniga
urib qo'ydi, - Ma'zur sanaysiz. Aytib o'tishim joizki, semiz bolalarni ko'rsam ko'zim quvonadi,
- dedi u Dudliga ko'z qisib qo'yib, - Sen xuddi otang kabi haqiqiy, salobatli erkak bo'lib
o'sasan, Dudlicha. Brendingdan yana bir oz quy, Vernon... Mana bunga kelsak...
Marja amma boshini Garri tomon siltadi. Garrining qornidagi jamiki mushaklari shu zahoti
taranglashib ketdi. «Qo'llanmani takrorla», dedi u o'ziga o'zi.
- Siz bu badjahl pakanaga e'tibor qarating! Itlarda ham shunday bo'ladi. O'tgan yili
polkovnik Brustverdan mana shu yetimga o'xshagan bir itvachchani suvga cho'ktirib
yuborishni iltimos
qilgan edim. It emas, kalamush bolasining o'zginasi! Xuddi mana bunga o'xshagan zaif,
onasini
to'yib emmay chalaqursoq qolib ketgan edi.
Garri qo'llanmaning o'n ikkinchi sahifasi: «Istar-istamas burilishga qarshi afsun» sarlavhasini
esladi.
- Yaqinda men «Kishining qoni nopok, buzuq bo'lsa, hech kim hech narsa qila olmaydi»,
degan
edim. Buzuq qon kunlardan bir kun o'z xususiyatini to'la-to'kis namoyon etadi. Petun`ya,
oilang
haqida biron-bir yomon fikr bildirmoqchi emasman-u, - dedi u, kurakday keladigan kafti bilan
Petun`ya xolaning g'oyat ozg'in qo'liga urib, - Biroq singling qo'tir qirchang'i bo'lgan ekan.
Xafa
bo'lma, bunday kaslar hatto eng yaxshi oilalardan ham chiqib turadi. Buning ustiga u
allaqanday jinoyatchining boshini aylantirib, qochib qolgan, shundaymi? Oqibati mana,
qarshingizda o'tiribdi.
Garri likopdan ko'zini uzmay, harakatsiz qoldi. Qulog'i g'alati jaranglab ketdi. «Supurgining
dum qismidan mahkam ushlab...» takrorlardi u ichida, lekin qoidaning davomini eslay olmadi.
Marja ammaning ovozi Vernon amaki boshqarayotgan firma ishlab chiqarayotgan parmaday
miyasiga
sanchilib kiryapti.
- O'sha Potter, - baqira boshladi Marja amma shishani changallab, brendini dasturxon aralash
bokalga quyar ekan, - Nima bilan shug'ullangan edi? Menga hech aytmagansizlar.
Vernon amaki bilan Petun`ya xola o'tirgan joyida zo'riqib ketishdi. Hatto Dudli ham ko'zini
tortdan uzib, ota-onasiga qarab qoldi.
- U... u hech qaerda ishlamagan, - javob qaytardi Vernon amaki, Garriga bazo'r qarab qo'yib, -
Ishsizlardan biri bo'lgan.
- O'zim ham shunday deb o'ylagan edim!
Zafar qozonganday qichqirgan Marja amma bokalni shartta ko'tarib, bir simirishda brendini
tinchitdi-da, yengi bilan jag'ini artdi.
- Qo'lidan ish kelmaydigan, befoyda, bekorchi, gadoyvachcha bo'lgan...
- Bekor gap, - baqirib yubordi Garri, g'ayriixtiyoriy ravishda.
Oraga sukunat cho'mdi. Garri o'tirgan joyida boshdan-oyoq titrab ketdi. Uning jahli hali bu
qadar chiqmagan.
- YANA BRENDI KETADIMI! - qichqirib yubordi yuzi bo'zday oqarib ketgan Vernon amaki,
- Sen
bola, xonangga borib yot, tez bo'l...
Marja ammaning qip-qizarib ketgan darg'azab mitti ko'zlari Garrida to'xtab qoldi.
- Yo'q, Vernon, sen shoshmay tur, - dedi u hiqichoqlab, - Qani bolakay, davom et. O'z ota-
onang
bilan faxrlanasanmi, a? Ular mast holatda mashinada pachaq bo'lib ketishsa-yu...
- Ular avtohalokatda vafot etishmagan!
Garri oyoqqa turib ketganini o'zi payqamay qolibdi.
- Ular aynan avtohalokatda o'lib ketishgan, yaramas yolg'onchi! Sen esa odamshavanda,
mehnatsevar
qarindoshlaring bo'yniga kelib tushgansan! - o'kira boshladi g'azabdan shisha boshlagan Marja
amma,
- Sen bezbet, nonko'r...
Birdan Marja amma gapirishdan to'xtab qoldi. Dastlab u, achchig'i chiqqanidan so'z topishga
qiynalib, g'azabdan shishib ketganday ko'ringan bo'lsa-da, shishish jarayoni to'xtamadi. Marja
ammaning yirik arg'uvon basharasi ishib, mitti ko'zlari chaqchayib ketdi. Og'zi ikki tomonga
nihoyatda keng cho'zilib, so'z ayta olmay qoldi. Jun gazlamadan tikilgan kiyimidagi bor
tugmalar devorga otildi. Xullas barmoqlari dudlangan kolbasadek yiriklashib ketgan Marja
amma kattakon havo sharidek shishib, qorni kiyimdan xalos bo'ldi...
Marja ammaning
dumbasi kreslodan uzilib, tanasi shiftga ko'tarila boshlaganini ko'rgan
Vernon
amaki bilan Petun`ya xola:
- MARJORI! - deb, baralla qichqirib yubordi.
Marja ammaning tanasi havo shariga aylanib, qo'l-oyoqlari har tomon beso'naqay uzatilgan,
cho'chqaning ko'zi tasvirlangan jonli baken (Baken – suv yo'llarida xavfli joylarni va kemalar
yo'lini ko'rsatuvchi suzg'ich) bo'ldi-qoldi. Yorilayotgan tovush chiqara boshlagan sakta
holatdagi
amma havoda ucha ketdi. Xonaga dumalab kirgan Rvakler aqldan ozganday akilladi.
- YO'O'O'O'O'Q!
Vernon amaki opasining oyog'idan ushlab, yerga tortmoqchi bo'ldi-yu, o'zi ham qo'shilib
uchib
ketishiga sal qoldi. Fursat o'tgach, sohibini himoya qilayotgan Rvakler Vernon amakining
oyog'iga
tashlanib, tishlarini qattiq suqib oldi.
Garri birov to'xtatib qolmasdan oldin turgan joyidan qo'zg'alib, zinapoya ostidagi bufet tomon
yugurdi. Endigina qo'l uzatilgan bufet eshiklari sehrli tarzda lang ochildi. Bir necha soniya
ichida u o'z sandig'ini chiqish eshigi tomon sudrab chiqdi. So'ng ikkinchi qavatga o'qday uchib
chiqib, o'zini karavot ostiga tashladi. Taxtani ko'tarib, uning ostidagi kitob va sovg'alar
solingan yostiqjildni chiqardi. Ilonbaliq singari to'lg'angancha, karavot ostidan chiqib,
boyqushining bo'sh qafasini qo'liga oldi-da, pastga, sandig'i yoniga yugurdi. Ayni shu fursatda
oshxonadan shimining bir poychasi o'rniga qonga belangan laxtak ko'ringan Vernon amaki
yugurib
chiqdi.
- QAYT! - o'kirdi u, - QAYT DEDIM SENGA! UNI O'Z HOLATIGA QAYTAR!
Biroq hozir bolaning vujudini idora qilib bo'lmaydigan vajohat qamrab olgan. U sandiqni bir
tepib qopqog'ini ochdi-da, sehrli tayoqchasini qo'liga olib Vernon amakiga o'qtadi.
- U o'z qilmishiga yarasha jazo o'tamoqda, - dedi Garri hansirab, - O'z qilmishiga yarasha jazo
o'tamoqda. Meni tinch qo'yib, nari turing.
U qo'lini orqaga olib o'tib, eshik lo'kidonini paypaslab topdi.
- Men ketyapman, - e'lon qildi Garri, - Yetar, bas.
Keyingi fursatda u, qafas qo'ltiqlab, sandiq sudragancha, kimsasiz tungi xiyobonda
sandiroqlab, uydan nari ketdi.
Do'stlaringiz bilan baham: