O’quvchi (2-guruh)
– begona o’t sifatida keng tarqalgan yovvoyi sabzi.
1-savol.
Shu oilaga kiruvchi qanday madaniy o’simliklarni bilasiz?
– Bularga sabzi, kashnich, petrushka, shivit va boshqalar kiradi.
2-savol.
O’zbekistonda zira turkumiga mansub necha tur o’sadi, asosan qayerlarda tarqalgan?
– 9 tur o’sadi, asosan adir va tog’larda tarqalgan.
c) yangi mavzu bayoni:
O’qituvchi:
– Bu oila gulli o’simliklar ichida eng kattasi hisoblanadi. U deyarli hamma qit’alarda va turli-tuman ekologik sharoitlarda o’sadigan 920 turkumga mansub 19000 turni o’z ichiga oladi.
O’zbekistonda bu oilaga mansub 137 turkumga oid 597 tur o’simlik o’sadi.
Qoqio’tdoshlarning ko’p turlari bir yillik va ko’p yillik o’tlar bo’lib, ularning juda kam qismini yarim butalar tashkil etadi. Faqat tropik mintaqalarda unga oid buta, liana va daraxtlar o’sadi.
Bu oila vakillarining barglari oddiy, ildiz bo’g’zida to’planib yoki poyada asosan ketma-ket, ba’zan qarama-qarshi va halqa bo’lib joylashgan. Barg yaprog’i butun, ba’zan patsimon bo’lingan, shakli har xil.
Qoqio’tdoshlarning ko’pchiligida savatchalar, o’z navbatida, shingil, ro’vak, qalqon va boshcha to’pgullarga o’rnashib, murakkab to’pgul hosil qiladi.
Gulkosachabargi, tojbarg va changchilari 5 tadan. Gulkosachasi har xil tuzilgan, juda qisqarib ketgan. Ba’zi vakillarida kosachasi pardasimon, 5 tishli o’simta shaklida. Gultoji tutash gultojbargli, to’g’ri yoki qiyshiq.
Qoqio’tdoshlar oilasi asosan gul tuzilishiga qarab 2 ta oilachaga bo’linadi.
Birinchi (suttikandoshchalar) oilachaga to’pguli asosan tilsimon gultojbarglardan tashkil topgan turlar kiradi. Unga O’zbekistonda keng tarqalgan qoqio’t, karrak, sachratqi, maxsar, kakra kabi turkumlarning turlari kiradi.
Dorivor qoqio’t ko’p yillik o’t. Uni vohalardagi o’simlik o’sa oladigan har qanday yerda uchratish mumkin. Poyasi juda kalta. To’pguli savatcha. Gullari gulbandlarning uchida o’rnashgan savatchalarda joylashgan. Qoqio’tlarning mevasi doncha. Uning uchida o’rnashgan popukchasi bor.
Ikkinchi (moychechakdoshlar) oilacha to’pgulining aksariyat qismini naychasimon gullar tashkil etadi. Faqat ayrim turlarda savatchaning atrofida soxta tilchasimon yoki voronkasimon gullar bo’ladi. Bu oilachaga O’zbekistonda keng tarqalgan shuvoq, tirnoqgul, kungaboqar, andiz, bo’yimodaron kabi turkumlarning turlari kiradi. Turlarga boyligi jihatidan shuvoq turkumi oilachada alohida o’rinda turadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |