Biosferada hayotning chegaralari. Tirik organizmlar Yer yuzining barcha muhitlarini egallab olgan bo`lib, bundan faqatgina bepoyon muzliklar va harakatdagi vulqon kraterlari mustasno. V.I. Vernadskiy o`z vaqtida hayot biosferaning barcha yerida mavjud ekanligini ko`rsatib o`tgan edi. Uning fikricha tirik organizmlar turli muhitga moslashaoladigan bo`lganlari uchun ham ular tobora yangi muhitlarni o`zlashtiraboradilar. Darhaqiqat, hayot dastlab suvda paydo bo`lib, keyinchalik u quruqlik va havo muhitiga ham tarqaldi. Lekin u bu bilan to`xtab qolmadi. Hozirgacha fanga tirik organizmlar 180 0S gacha issiqlik muhitida yashayolishlari ma'lum edi. Yangi ma'lumotlarga ko`ra ular 1001 0S issiqlikkacha chidayolishlari bashorat qilinmoqda.
Tirik organizmlarning bosimga chidayolish diapazoni ham keng. Ular vakuum sharoitidagi butunlay bosimsiz muhitda ham, bosimi minglab atmosferaga teng bo`lgan muhitda ham o`z hayot faoliyatini saqlay oladilar. Ba'zi bakteriyalar hatto 12 ming atmosfera bosimiga ham chidayolishlari aniqlangan.
Tirik organizmlar shuningdek muhitning ximizmiga ham chidamlidirlar. Biosferaning dastlabki organizmlari butunlay kislorodsiz muhitda yashaganlar. Ba'zi organizmlar (masalan, nematodlar) hozir ham anaerob sharoitida yashaydilar. Ba'zi mikroorganizmlar turli tuzlar va kislotalarning eritmasida ham yashayoladilar (masalan, oltingugurt va azot bakteriyalari). Ayrim organizmlar radioaktiv nurlanishga chidamlidirlar. Masalan, ko`pchilik infuzoriyalar radiatsiyaning fani Yer yuzidagi o`rtacha fondan 3 mln. baravar yuqori bo`lgan sharoitda ham yashayoladilar. Ba'zi bakteriyalarning hatto yadro reaktorlari ichida ham topilishi biosferada hayot chegaralarining nihoyatda keng ekanligini yana bir bor tasdiqlaydi.
Biosferaning hayot chegarali shartli ravishda quyidagicha qabul qilingan: pastki chegara – harorati 100 0S gacha issiq suvga ega bo`lgan yer osti qatlamidir. Bu qatlam ba'zi joylarda 10-15 ming metr chuqurlikkacha bo`lib, unda ayrim bakteriyalar yashayolishi aniqlangan; yuqori chegara – yerdan 25-35 km. balandlikda joylashagan ozon pardasi hisoblanadi. Undan yuqorida quyoshning ultrabinafsha nurlari ta'siridan organizmlar yashayolmaydi (kosmonavt va astronavtlar bundan mustasno).
Tirik organizmlar biosferada keng tarqalgan bo`lsalarda, ularning zichligi barcha joyda bir xil emas. Ular Yer sirtining yaqinida ya'ni tuproqning yuza qatlami, hamda atmosferaning pastki qatlamida nisbatan zich joylashganlar. Lekin Yer sirtining barcha joyida ham bir xil zichlikda joylashmaganlar. Organizmlarning zichligi yer ustining yashash sharoiti qulay bo`lgan joylarida, dengiz va okeanlar suvining o`rta va ustki qatlamlarida, shuningdek suvlik, quruqlik va havo muhiti to`qnash kelgan joylar hisoblanmish dengiz va okeanlarning litoral zonalarida (qirg`oqqa yaqin yerlar), kurfazlarda hamda estuariyalarda (daryolarning quyilish joyi) yuqori bo`ladi. Sahrolarda, tundrada, okean tubida va baland tog`larda esa ularning zichligi nisbatan past bo`ladi.