Erkaklar jinsiy gormonlari (androgenlar) Androgenlarga testosteron, androsteron va degidroepiandrosteron kiradi; bulardan eng faoli testosterondir. Androgenlarning biosintezi asosan urug‘donlarda va qisman tuxumdon hamda buyrak usti bezlarida sodir bo‘lib, gipofizning gonadotrop gormonlari (LG va FSG) tomonidan idora etiladi (91-rasm). O‘z navbatida androgenlar gonodotropinlar sintezini manfiy teskari bog‘lanish mexanizmi bo‘yicha pasaytiradi. Bu gormonlarning xususan, testosteronning asosiy manbai va o‘tmishdoshi atsetil-KoA va xolesterindir.
Androgenlarning biologik roli erkaklar organizmida reproduktiv tizimning takomillashishi va faoliyat ko‘rsatishi bilan bog‘liqdir: ikkilamchi erkaklar jinsiy belgilarining rivojlanishi, urug‘donlarda spermatogenez, yuz va tanada sochlarning o‘sishi va hokazo. Shuni ham ta’kidlash kerakki, androgenlar kuchli anabolik ta’sirga egadir: barcha to‘qimalarda, ayniqsa, muskullarda oqsil biosintezini stimullaydi, natijada tana vazni oshadi. Androgenlarning bu ta’siridan, ayniqsa, sportchilar, ularning analoglaridan (anabolik steroidlar) foydalanishi rasm bo‘lib qolgan. Ammo hozir ularni ishlatish sog‘liq uchun zararli ekanligi aniqlangan. Ayollar jinsiy gormonlari (estrogenlar va progestinlar) Ayollar jinsiy gormonlarining asosiy sintezlanadigan joyi tuxumdonlar va sariq tanachadir. Hozirgi vaqtda kimyoviy tuzilishi va biologik funksiyasi bilan farq qiladigan ikki guruh ayollar jinsiy gormonlari topilgan: esterogenlar (asosiy vakili — estradiol) va progestinlar (asosiy vakili-progesteron). Estron (follikulin) va estriol estradiolning unumlaridir. Estrogenlar — progesteronning ishlab chiqarilishi siklik xarakterga ega bo‘lib; siklning birinchi fazasida estrogenlar, ikkinchi fazasida esa progesteron sintezlanadi. Bu gormonlarning ham o‘tmishdoshi xolesterindir. Shuni ham ta’kidlash kerakki, homiladorlik paytida ayol organizmida estrogenlar va progesteron ishlab chiqaruvchi yana bir a’zo — platsenta (yo‘ldosh) bo‘lib, bu a’zo homila bilan birgalikda, ya’ni fetoplatsentar kompleks (lotincha foetus, homila demakdir) shaklida faoliyat ko‘rsatadi. Estrogen va progesteronning asosiy biologik omili ayol organizmining reproduktiv funksiyasini ta’minlashdir (92-rasm). Progesteron ta’siri ostida endometriy desidual to‘qimaga aylanadi. Rivojlanib kelayotgan tuxum hujayra (blastotsid) shu to‘qimaga implantatsiya qilinadi va embrion rivojlanishi boshlanadi; progesteron ovulyatsiyani sekinlashtiradi va sut bezlari to‘qimasini rivojlantiradi. Estrogenlar oqsil sintezini stimullab organizmda anabolik ta’sir ko‘rsatadi.
78.Mahalliy tasir etuvchi gormonlar: kininlar, prostaglandinlar.
Do'stlaringiz bilan baham: |