Bill Geyts 1973 yilda yuqori maktabni bitiradi. Kollejni jami 1600 balldan 1590 ball to‘plab, hammani hayratda qoldirib, tamomlaydi. Bu natija bir necha yil uni boshqalarga tanishtirishda ilk kirish so‘zi bo‘ldi.
Bill Geyts Harvardning Huquq fakultetiga o‘qishga kirgan bo‘lsa ham, keyinchalik o‘qishini matematika va informatika kurslarida davom ettiradi.
U shu yerda yana bir yaqin hamkori, keyinchalik Microsoft'ning "tog‘"laridan biri hamda qadrdon do‘stiga aylangan Stiv Ballmerni uchratadi.
Buyuklar doimo telba bo‘ladi deyishadi. Ularning o‘zlariga bo‘lgan ishonchi boshqa hamma narsadan, jumladan universitet diplomidan ustun turadi. Garchi u Harvard bo‘lsa ham! Bill 2 yildan so‘ng Microsoft kompaniyasiga asos solish maqsadida o‘qishni tashlab ketadi.
Harvard Bill uchun torlik qilar edi. Ko‘p o‘tmasdan u Honeywell kompaniyasida ishlayotgan Polning oldiga yo‘l oldi. Pol ham bu vaqtda Vashington universitetin tashlab, shu kompaniyada ishlash uchun Bostonga ko‘chgan edi.
Ammo Harvard universiteti Bill Geytsdan voz kechmadi. U hamon shu universitetning faxri. 2007 yilda hatto bakalavr diplomiga ham ega bo‘lmagan Bill Geytsga Harvardning faxriy doktori degan unvon berildi.
Bill Gets maktab davridayoq jahonning ilk kompyuteri – MITS Altair uchun dastur ishlab chiqaradi. U do‘sti Allen bilan dastur yaratishga ixtisoslashgan kompaniyaga asos solish umidi bilan MITS kompaniyasi joylashgan Nyu-Meksikoga yo‘l oladi. 1975 yilda Microsoft kompaniyasi faoliyatini boshlagan.
Kompaniya qisqa fursat ichida nom qozonadi.
Microsoft 25 nafar iste’dodli xodimlar va fidoyi rahbar boshchiligida 1978 yilda 2.5 million AQSh dollari mablag‘ ishlab topdi. Bill o‘shanda bor-yo‘g‘i 23 yoshda bo‘lgan.
1979 yilda ikki do‘st kompaniya bosh ofisini ona shaharlari Sietlga ko‘chirishadi.
1980 yillarda Pol Allen hamda Bill Geyts tomonidan "kompyuter inqilobi" nomi bilan eslanadigan bir qancha yangi ixtiro va dasturlar yaratildi.
1978 hamda 1981 yillar oralig‘ida Microsoft'ning xodimlari soni 25 tadan 128 taga yetadi. Kompaniya daromadi $16 million AQSh dollariga yetdi.
1983 yilda Microsoft Buyuk Britaniya hamda Yaponiyada bo‘linmasini ochdi. Shu vaqtda jahondagi 30 foiz kompyuterlar Microsoft dasturlarida ishlar edi.
1985 yilda ilk marotaba Windows operatsion tizimi e’lon qilindi. 1986 yildan boshlab sotilgan dastur 1987 yilda o‘z yaratuvchisi Billni milliarderga aylantirdi. 31 yoshli Bill Geyts uyqusiz tunlar, qattiq mehnat evaziga eng yosh milliarderlar qatoridan joy oldi. U 5 yil mobaynida har kuni 16 soatdan mehnat qildi.
Uning rahbar sifatida g‘alati odalari ham bo‘lgan. Keyinchalik uning tan olishicha, u qo‘l ostida ishlayotgan barcha xodimlarning mashina raqamlarini yoddan bilgan. Bill Geyts o‘tirgan xonadan ko‘rinib turgan mashinalar yo‘lagidan kim ishdan qaysi mahalda ketayotgani, kompaniya uchun kim ko‘proq jon kuydirayotgani ko‘rinib turgan. Ishchilar soni ko‘payib, kompaniya nufuzga ega bo‘lganidan so‘ng Bill bu odatidan voz kechgan, albatta.
Ammo hayot har doim ham silliq kechgani yo‘q. 1998 yilda uning kompaniyasini dasturiy mahsulotlar bozorida yakka hokimlikni o‘rnatishda ayblab, sudga berishadi. Ammo jamoatchilik orasida yuksak sharaf va hurmat qozongan janob Geyts sudda g‘olib bo‘lgan.
Bill Geyts va 1976 yilda Apple kompaniyasiga asos solgan Stiv Jobs o‘rtasidagi muammolar ham texnologiya olamining muhim voqealariga aylangan. Aslida ular yaqin hamkorlar bo‘lishgan. Billning kompaniyasi Stivning Macintosh'lari uchun dasturlar yaratib berar edi. Ko‘p o‘tmasdan Stiv Jobs Microsoft kompaniyasini Mac kompyuterlariga doir g‘oyalarni o‘g‘irlashda va IBM kompyuterlarini mana shu g‘oya asosida ishlab chiqarayotganlikda aybladi. Do‘stlik va hamkorlik aloqalari boshqa hech qachon tiklanmadi.
Geyts 2000 yilda kompaniya ishlarini do‘sti Stiv Ballmerga topshiradi. 2006 yilda o‘z vaqtini ko‘proq xayr-saxovat ishlariga bag‘ishlash maqsadida, kompaniyaning oddiy xodimlaridan biriga aylanadi va 2008 yilning 27 iyuyni uning kompaniyadagi so‘nggi to‘liq ish kuni bo‘ldi.
Bill Geyts Microsoft kompaniyasida nafaqat davlat, shu bilan birga o‘zining muhabbati – Melinda Frenchni ham topdi. Ular 1989 yilda kompaniyaning matbuot anjumanlaridan birida tanishdilar. 1994 yilda uzoq kutilgan to‘y tantanalari bo‘lib o‘tdi. Ikkala yoshga ma’naviy ko‘mak, jumladan kelin uchun uzuk tanlashda Billining do‘sti, dunyoning yana bir badavlat kishisi Uoren Baffet yordam bergan.
Bill Geyts san’at va adabiyotni qadrlaydi. Jumladan, Leonardo da Vinchining "Lester kodi" asarining 15 asrga tegishli qo‘lyozmasini u 1994 yilda $30.8 million dollarga sotib olgan. Shu yili u Uinslov Homerning "Grand sohilidagi yo‘qotish" tasvirini $30.8 million dollariga sotib olib, bu ijod namunasini Amerika san’at tarixidagi eng qimmat asarga aylantirgan.
Qancha ko‘p bersang, shuncha ko‘p olasan. Bill Geyts mana shu tamoyil-qoidaga amal qiladi. "Bill va Melinda Geyts jamg‘armasi" orqali qashshoqlarga va muhtojlarga yordam berish, qoloq jamiyatlarni rivojlantirish, bilim olishlariga yordam berish uning sevimli ishi. U sayyoramizning eng qo‘li ochiq boylaridan.
Bill Geytsning sevimli sport mashg‘uloti katta tennis va basketbol. Time jurnali Bill Geytsni 20-asrning dunyo hayotini o‘zgartira olgan kishilari ro‘yxatiga kiritgan.
2014 yilning fevral oyida Bill Geyts Microsoft'ning texnologiya maslahatchisiga aylandi. Hindistonlik axborot texnologiyalari mutaxassisi, 46 yoshdagi Satya Nadella esa ko‘p yillar kompaniyaning bosh direktori bo‘lib kelgan Stiv Ballmerning o‘rniga tayinlanadi.
Bill Geyts hayotini o‘rganib, undan shunday xulosa chiqarish mumkin: bilim, harakat va mehnat, insonparvarlik munosib hayotning tagzaminidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |