Optimizm. Skeptisizm. Agnostisizm. Bilish jarayoni rivojlanish qonuniyatlarining shakllari, haqiqatning tagiga yetish imkoniyatlari nuqtai nazaridan o’rganiladi. Uning har xil modellari, yondashuvlari mavjud. Materialistik modellar zamirida dunyoning inson ongida aks etish prinsipi: Demokritda – obrazlar (eydoslar), Yangi davr faylasuflarida – sensor signallari, Berklida – subyektning sezgilari yotadi. Leybnis bilishni ilohiylashtirilgan g’oyaning inson tug’ma tushunchalariga ta’siri deb hisoblagan. Gegel taklif qilgan modelning zamirida mutlaq g’oyani anglash yotadi. Max, Avenarius va boshqa subyektiv idealistlarda (XIX asr oxiri – XX asr boshlari) bilish jarayoni – bu sezgilarning bo’sh va tejamli aloqasini amalga oshirish.
Inson aqli bilish pillapoyasidan yuqoriga ko’tarilar ekan, har bir yangi pog’onada qayta-qayta quyidagi savolga javob topishga harakat qiladi: qanday qilib bilish mumkin, umuman dunyoni bilish mumkinmi? Bilishning chegaralari bormi? Bu savolga javob berishga urinishda uch asosiy yo’nalishni optimizm, skeptisizm va agnostisizmni farqlash mumkin: (Kant va boshqalar). Optimistlar dunyoni bilish mumkinligini ta’kidlaydilar, agnostiklar, aksincha, buni rad etadilar (I.Kant – «narsa o’zida»). Skeptiklar esa, dunyoni bilish mumkinligini inkor etmaydilar (XVIII asrda D.Yum), biroq bilimning haqiqiyligiga shubha bildiradilar. Odatda, skeptisizm paradigmalar, qadriyatlar, ijtimoiy tizimlar va hokazolar o’zgarayotgan davrda (yoki uning arafasida), ilgari haqiqiy deb hisoblangan xulosalar fan va amaliyot olgan yangi ma’lumotlar nuqtai nazaridan soxta, asossiz bo’lib chiqqan holda ravnaq topadi. Skeptisizm psixologiyasiga xos xususiyat shundan iboratki, u darhol nafaqat eskirgan, balki yangi, shakllanayotgan fikrlar, g’oyalarni ham toptay boshlaydi. Bu psixologiya zamirida tadqiqotchining
yangilikka tashnaligi va inson tafakkurining kuchiga bo’lgan ishonch emas, balki qachondir qabul qilingan «qulay» prinsiplarga tayanish yotadi.
Skeptisizm ta’limot sifatida, zararlidir, chunki u insonning bilish borasidagi deyarli barcha imkoniyatlarini kamsitadi. Bilimga chanqoq bo’lgan, bilishga harakat qilayotgan odam: «Men buning nimaligini bilmayman, biroq bilishga umid qilaman», deydi. Agnostik esa, «Men buning nimaligini bilmayman va hyech qachon bila olmayman», deb ta’kidlaydi. Yuzaki skeptisizm, ko’r-ko’rona fanatizm kabi, dunyoqarashi tor odamlarda ko’p uchraydi. F.Laroshfuko ta’biri bilan aytganda, kaltabin odamlar odatda o’z dunyoqarashi doirasidan chetga chiqadigan hamma narsani qoralaydi. Biroq oqilona darajadagi skeptisizm foydali va hatto zarur. Bilish usuli sifatida skeptisizm shubha shaklida amal qiladi, bu esa haqiqatning tagiga yetish sari tashlangan qadamdir. Shubha eskirgan, qotib qolgan aqidalarning tagiga suv quyadi, ularga putur yetkazadi. U – rivojlanayotgan fanning muhim unsuri. Bilimsizlik qayd etadi va inkor qiladi, bilim – shubhalanadi.
Agnostiklar dunyoni bilish mumkinligini inkor etadilar, ammo bu ko’r-ko’rona, hech narsaga asoslanmagan inkor etish emas. Ular ko’rsatayotgan ko’pgina savollarga chindan ham hali javob topilmagan. Agnostisizmga olib keluvchi asosiy muammo shundan iboratki, narsa yoki hodisani bilish jarayonida bu narsa yoki hodisa albatta bizning sezgi va fikrlash a’zolarimizda aks etadi. Bu narsa yoki hodisa bizning sezgi va fikrlash a’zolarimizda aks etish natijasida qanday ko’rinish kasb etgan bo’lsa, biz ular haqida shunday ma’lumotga ega bo’lamiz. Narsalar va hodisalar aslida qanday ekanligini biz bilmaymiz va bilishimiz mumkin ham emas. Qarshimizda bosh-adog’i yo’q dunyo yastanib yotadi, biz esa unga o’z formulalarimiz, sxemalarimiz, modellarimiz va tushunchalarimiz bilan yaqinlashib, cheksizlikni o’z tasavvurlarimiz bilan ilg’ab olishga harakat qilamiz. Tushunchalar, kategoriyalar va nazariyalar «tugunlari»ni qay darajada qattiq qilib turmaylik, dunyoni tushunib yetishga shu yo’sinda da’vogar bo’lishimiz to’g’rimi? Bundan chiqdi, biz o’z bilish usullarimiz bilan chegaralangan dunyoda yashaymiz va olam haqida haqqoniy bir gap aytishga qodir emasmiz.
Biroq bilish fanining rivojlanishi agnostisizmning bu amaliy xulosasini har qadamda rad etadi. Masalan, pozitivizm asoschisi O.Kont insoniyat Quyoshning kimyoviy tarkibini aniqlashga qodir emas, deb ta’kidlagan edi. Biroq keyinchalik spektral analiz yordamida Quyosh tarkibi aniqlandi. XIX asr fanining ba’zi bir namoyandalari atomlar amalda mavjud emas, ular faqat tafakkur mahsuli, deb hisoblar edi. Biroq E.Rezerford atomlar amalda mavjud ekanligini isbotlab berdi, oradan yarim asr o’tgach, genlarning keng kimyoviy tarkibi aniqlandi.
Shunga qaramay, bugungi kunda ham agnostik xulosalarni neopozitivizm, fenomenologiya, ekzistensializm, pragmatizm va hokazolarda kuzatish mumkin.
Ularning agnostisizmi nafaqat gnoseologik xususiyatga ega bo’lgan sabablar, ichki mantiq bilan, balki ma’lum darajada D.Yum va O.Kont falsafasi boshlab bergan an’ana bilan ham belgilanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |