Ekologik tarbiya – jamiyat ekologik madaniyatining muhim tarkibiy qismi, tabiat va jamiyatning o‘zaro munosabatlarini tartibga keltirish yo‘nalishlaridan biri.
Yosh avlodni ekologik tarbiyalash oila va maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalarni sayrga olib chiqish, tevarak–atrof bilan tanishtirishdan boshlanadi. Bolalarning jonli burchakda o‘simlik va hayvonlarni parvarish qilishlari, tabiat to‘g‘risidagi kitoblarni o‘qishi, film va radioeshittirishlar ekologik tarbiyalashni rivojlantirishga yordam beradi.
Ekologik madaniyat tabiatga mehr bilan munosabatda bo‘lish, unga nisbatan ma’suliyatni his etish, tabiiy resurslarga nisbatan jonkuyarlik hissini qaror toptirish, iqtisodiy – xo‘jalik vazifalarini atrof-muhitga ziyon yetkazmaydigan qilib hal etish malakasini shakllantirish kabilarni o‘z ichiga oladi32.
Estetik tarbiya. Bolaning ijodiy qobiliyatini rivojlantirishda, hayotdagi va san’atdagi go‘zallikni tushunish va qadrlashni bilishida, ma’naviy dunyosini boyitishida katta rol o‘ynaydi. Ota-onalar bolalarga tabiat, ijtimoiy hayot, san’atdagi go‘zallikni his qilish va shu kabilarni o‘rgatadi.
Estetik didni tarbiyalashda dastlabki o‘yinchoqlar katta o‘rin tutadi. Ular hayotni bilishni o‘rgatadi va birinchi estetik taassurotlar manbai hisoblanadi. Ota-ona bolalarni xonalarni yig‘ishtirish, saranjom – sarishta qilishga jalb qilib, ularda estetik didni tarbiyalaydi.
Bolaning tashqi ko‘rinishiga bo‘lgan talablar estetik tarbiyada katta ahamiyatga egadir. Sodda va ozoda kiyina bilish, kishilar orasida o‘zini yaxshi tutish, xulq-atvorning yaxshi bo‘lishi ham go‘zallikdir33.
Huquqiy tarbiya – jamiyat a’zolari, jumladan, yoshlar ongiga huquqiy bilimlarni turli ta’sir vositalari orqali uzluksiz singdirib borish jarayoni. Huquqiy tarbiya vositalariga huquqiy targ‘ibot, huquqiy ta’lim va amaliyot, o‘zini-o‘z tarbiyalash kiradi. Huquqiy tarbiya jamiyat a’zolarining ongi va huquqiy madaniyatini shakllantirish, shaxs ongiga uning huquq va burchlarini singdirish jarayonini anglatadi.
Huquqiy tarbiya maktab, maktabdan tashqi muassasalar tomonidan ham amalga oshiriladi. Ommaviy axborot vositalari, radio, televideniya, ma’ruza yordamida olib boriladigan huquqiy targ‘ibot yaxshi samara beradi34.
Yuqorida qayd etganimizdek, o‘ta murakkab bo‘lgan tarbiya jarayonini ilmiy nuqtayi nazardan chuqurroq tahlil qilish maqsadida shartli ravishda turlarga bo‘linadi. Amalda esa tarbiya bir vaqtning o‘zida kompleksli ravishda tashkil etiladi. Masalan, mehnat tarbiyasini jismoniy yoki iqtisodiy tarbiyadan ajralgan holda tasavvur qilib bo‘lmaydi. Chunki mehnat bolani jismonan baquvvat bo‘lishiga, irodasi chiniqishiga va, albatta, mehnat orqaligina oilaning iqtisodiy barqarorligini ta’minlash mumkin ekanligini anglashiga xizmat qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |