KADRLAR TAYYORLASHNING MILLIY MODELI VA UNING O‘ZIGA XOS XUSUSIYATLARI. KADRLAR TAYYORLASH MILLIY MODELINING ASOSIY TARKIBIY QISMLARI
“O‘zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida” kitobida qayd etilishicha, “Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi”ning mazmun-mohiyati, asosiy maqsad va vazifalari, ustuvor yo‘nalishlari haqida Birinchi Prezidentimiz I.Karimov 1990-yilda respublikamizda ilm-fan va ta’lim sohasining moddiy-texnik bazasi, kadrlar tarkibi achinarli ahvolga tushib qolganligi, bu sohalar “qoldiq” prinsipi asosida moliyalashtirilayotganligi, jumladan, 1700 ta maktab binosi avariya holatida bo‘lgan bir vaziyatda, uzoq va davomli maqsadlarni ko‘zlab katta ishonch bilan fikr bildiradi.
“... Bizga kadrlar tayyorlashning maxsus milliy dasturi kerak. Bu dastur:
umumiy o‘rta ta’lim maktablarida dars berish sifatini oshirish (o‘qituvchilarni, metodistlarni qo‘shimcha ravishda moddiy rag‘batlantirish, maxsus sinfxonalar barpo etish, oliy o‘quv yurtlarining maktablarni otaliqqa olishini yo‘lga qo‘yish va shu kabilar)ni;
eng iste’dodli bolalar uchun maktablar ochishni;
korxonalar bilan maktablar o‘rtasidagi sifat jihatidan yangi munosabatlarni yo‘lga qo‘yishni;
hunar-texnika bilim yurtlarida xo‘jalik hisobini joriy etishni va shu asosda ommaviy kasb kadrlarini tayyorlash sifatini keskin oshirishni;
oliy o‘quv yurtlarida mutaxassislar tayyorlash sistemasini qayta qurishni, bu sohaga kadrlar tayyorlashning buyurtma berish usulini joriy etishni;
respublikamizning yuqori malakali milliy mutaxassislarini tayyorlash uchun sobiq Ittifoqdagi va chet ellardagi eng yaxshi markazlarga yoshlarni yuborish sistemasini o‘z ichiga olishi kerak.
O‘zbekiston Respublikasi siyosiy mustaqillikni qo‘lga kiritgach, ijtimoiy hayotimizning barcha sohalarida tub islohotlar amalga oshirila boshlandi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining IX sessiyasida O‘zbekiston Respublikasining «Ta’lim to‘g‘risida»gi Qonuni va ««Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi» to‘g‘risida» qabul qilindi.
Ta’lim tizimining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish, huquqiy maqomini oshirish, zamonaviy didaktik ta’minotni ishlab chiqish, yangi tipdagi ta’lim muassasalarini tashkil etish va ularni eng ilg‘or texnika va texnologiya bilan jihozlash, xalqning boy intellektual merosi va umumbashariy qadriyatlar asosida zamonaviy madaniyat, iqtisodiyot, fan, taxnika va texnologiyalarning yutuqlari asosida kadrlar tayyorlashning mukammal tizimini shakllantirish, ta’lim-tarbiya mazmuni, shakl, metod va vositalarini jahon miqyosidagi yutuqlar asosida davr talabiga mos takomillashtirish, yoshlarga zamonaviy, raqobatbardosh kasb-hunar sirlarini o‘rgatish va ularning bandligini ta’minlash kabi qator masalalar yuzasidan Vazirlar Mahkamasining o‘ttizga yaqin Qarorlari, Farmoyishlari va dasturlari qabul qilindi. Ular amaliyotda ta’lim tizimi faoliyati samaradorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Har qanday mamlakatning kuchi uning, fuqarolarining ma’naviy yetukligi, intellektual salohiyatga egaligi bilan belgilanadi.
Fuqarolarning ma’naviy yetukligi, intellektual salohiyati esa ta’lim tizimining mazmuni, shaxsning har tomonlama shakllanishi uchun xizmat qiluvchi moddiy va ma’naviy shart-sharoitlarning mavjudligi, jamiyatda qaror topgan ijtimoiy sog‘lom muhit darajasi, ijtimoiy munosabatlar mazmuni, shuningdek, axolining etnopsixologik xususiyatlari, axloqiy qarashlari va hayotiy e’tiqodlari asosida shakllantiriladi.
«Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi»ning yaratilishida mazkur jihatlar to‘la o‘rganildi. “Milliy dastur” asosini O‘zbekistonning taraqqiyotini ta’minlay oladigan, uni jahonning ilg‘or mamlakatlari darajasiga ko‘tarilishiga hissa qo‘shuvchi dadil, mustaqil fikrlovchi, bilimli, malakali mutaxassis, shuningdek, ijobiy sifatlarga ega bo‘lgan kadrlarni tayyorlab voyaga yetkazish jarayoni tashkil etadi.
O
Xo’sh, “Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi” qanday hujjat?
‘zbekistonda mustaqillik yillarida Birinchi Prezident I.A.Karimov g‘oyalari asosida kadrlar tayyorlashning milliy modeli yaratildi. Ushbu milliy modelning maqsadi – ta’lim sohasini tubdan isloh qilish, uni o‘tmishdan qolgan mafkuraviy qarashlar va sarqitlardan to‘la xalos etish, rivojlangan davlatlar darajasida, yuksak ma’naviy va axloqiy talablarga javob beruvchi yuqori malakali kadrlar tayyorlash Milliy tizimini yaratishdan iboratdir.
Respublikada kadrlar tayyorlash tizimi rivojini ta’minlashning qator asosiy yo‘nalishlariga e’tibor qaratilgan bo‘lib, ular quyidagilardan iboratdir: ta’limning uzluksizligini ta’minlash; pedagog va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish; ta’lim jarayonini mazmunan o‘zgartirish; ma’naviy-axloqiy tarbiya va ma’rifiy ishlar; iqtidorli bolalar va iste’dodli yoshlar; ta’lim tizimini boshqarish; kasb-hunar ta’limi sifatini nazorat qilish tizimini shakllantirish; ta’lim tizimini moliyalash; moddiy-texnika ta’minoti; ta’lim tizimining yaxlit axborot makonini vujudga keltirish; ta’lim xizmati ko‘rsatish bozorini rivojlantirish; ta’lim sohasida ijtimoiy kafolatlarni ta’minlash hamda bu sohani davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash; fan va ta’lim jarayonlari aloqalarini rivojlantirish; ishlab chiqarish va ta’lim tizimi integratsiyalashuvini rivojlantirish; ta’lim va kadrlar tayyorlash sohasidagi xalqaro hamkorlik.
O‘zbekistonda kadrlar tayyorlash milliy modeli mazmuni samaradorligi qator ustuvor pedagogik yo‘nalishlarga e’tibor berishni taqozo etadi. Jumladan, barkamol avlod tarbiyasida ta’lim-tarbiya samaradorligini oshirishga ta’sir etishning ustuvor yo‘nalishlari mavjud bo‘lib, ularning yechimini ta’minlash, takomillashtirish va rivojlantirish ma’naviy va jismoniy sog‘lom avlodni tarbiyalashning muhim omili hisoblanadi. Mazkur ustuvor yo‘nalishlarni quyidagicha tasnif etish mumkin:
ta’lim mazmunining samaradorligini ta’minlashda uzviylik va vorislikni ta’minlash;
ta’lim muassasalarini yuqori malakali mutaxassislar bilan ta’minlash, pedagogik faoliyatning nufuzi va ijtimoiy maqomini ko‘tarish, ta’lim-tarbiya sohasida jahon ilg‘or tajribasini hisobga olish, o‘rganish va mamlakatimiz milliy mintalitetiga xos g‘oyalarni amaliyotga keng tatbiq etish;
ta’lim-tarbiya tizimi faoliyat mazmuni samaradorligini oshirish bo‘yicha uning huquqiy negizini takomillashtirish;
katta tajribaga ega, iste’dodli, o‘z kasbiga sodiq o‘qituvchi murabbiylarni moddiy va ma’naviy rag‘batlantirishning samarali mexanizmini vujudga keltirish va amaliyotga tatbiq etish;
ta’lim tizimida qo‘llanilayotgan o‘quv standartlari va o‘quv dasturlarini zamon talabi nuqtayi nazaridan takomillashtirish;
ta’lim mazmuni (reja, dastur, darslik, o‘quv metodik qo‘llanmalar)ni mazmunan davr talabiga mos holda takomillashtirishga erishish;
ta’lim va tarbiya jarayonini yangi o‘quv–uslubiy majmualar, ilg‘or pedagogik texnologiyalar asosida tashkil etish;
ta’lim-tarbiya jarayonida modem aloqasi, elektron aloqa, masofadan turib o‘qitish tizimidan foydalanish;
ta’lim-tarbiya jarayoni samaradorligini ta’minlashda xalqning boy ma’naviy merosi, intellektual salohiyati va umumbashariy qadriyatlardan keng foydalanish;
ta’lim-tarbiya jarayonini axborotlashtirish, axborot texnologiyalaridan foydalanish, uzluksiz ta’lim tizimini jahon axborot tarmog‘iga ulanadigan kompyuter axborot tarmog‘i bilan qamrab olish, o‘quv-tarbiya jarayonini didaktik jihatdan ta’minlash;
o‘quvchilarni kitob bilan ishlashga odatlantirish, buning uchun esa maktab kutubxonalar fondlarini mamlakat va chet el o‘quv, metodik, badiiy adabiyotlari bilan to‘ldirish, axborot resurs tizimini eng chekka hudud ta’lim tizimida ham rivojlantirish;
umumta’lim maktablarida pedagog kadrlar tarkibi sifatini oshirish, o‘qituvchilar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishning samarali tizimini yaratish, pedagoglarning ilmiy-tadqiqot ishlari bilan shug‘ullanishlari uchun sharoit yaratib berish, ushbu ta’lim muassasalariga ilmiy darajaga ega pedagog-kadrlarni ko‘proq jalb etish;
ta’lim mazmunining samaradorligini doimiy oshirib borish, amalga oshirilayotgan ishlar natijasiga baho berish maqsadida muntazam monitoring olib borish mexanizmini nazariy, ilmiy va metodik jihatdan yaratish;
o‘quvchilarning qobiliyatlari va imkoniyatlariga muvofiq ravishda ta’limga tabaqalashtirilgan yondashuvni joriy qilish;
ta’lim jarayoniga fan va texnologiyaning ilg‘or yutuqlarini olib kirish;
o‘quvchi-yoshlarning jismoniy salomatligi ma’naviy salomatligi garovidir, shuningdek, ta’lim samaradorligini oshirishning ham muhim omilidir. Shu bois o‘quvchi-yoshlarning jismoniy tarbiyasiga, sport bilan mashg‘ul bo‘lishiga, reproduktiv salomatligiga, sog‘lom turmush tarziga alohida e’tibor berish;
pedagogning mahorati, o‘z ustida izchil doimo ishlashi, ijodkorligi va tashabbuskorligiga erishish chora-tadbirlarini belgilash (pedagogning nutqiy madaniyati, adabiy til me’yorlarining yetik, funksional, kommunikativ aspektlari, pedagogik kasbiy muloqoti, nutqiy ta’sir – o‘qituvchining ohangi, notiqlik san’ati va boshqalar);
pedagogika fanining ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha fundamental ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, ularda olg‘a surilgan g‘oyalarni amaliyotga keng tatbiq etish;
ta’lim-tarbiya jarayonini innovatsion tashkil etish va boshqarish mexanizmini ilmiy-metodik jihatdan yaratish;
barkamol avlodni tarbiyalashda ta’lim muassasalari bilan jamiyatning barcha ijtimoiy institutlari hamkorligining yagona konsepsiyasini ishlab chiqish;
mamlakatimizdam mavjud maktabdan tashqari muassasalar, penitensiar va maxsus o‘quv-tarbiyaviy muassasalarda olib boriladigan ta’lim-tarbiya mazmunini davr talabi nuqtayi nazaridan takomillashtirish va boshqalardan iboratdir.
«Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi» O‘zbekiston Respublikasining «Ta’lim to‘g‘risida»gi Qonunining qoidalariga muvofiq, milliy tajribaning tahlili va ta’lim tizimidagi, jahon miqyosidagi yutuqlar asosida tayyorlangan hamda yuksak umumiy va kasb-hunar madaniyatiga, ijodiy va ijtimoiy faollikka, ijtimoiy-siyosiy hayotda mustaqil ravishda mo‘ljalni to‘g‘ri ola bilish mahoratiga ega bo‘lgan, istiqbol vazifalarini ilgari surish va hal etishga qodir kadrlarning yangi avlodini shakllantirishga yo‘naltirilgandir1.
«Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi»da ilgari surilgan maqsadni to‘laqonli ro‘yobga chiqarish bir qator vazifalarning ijobiy hal qilinishiini nazarda tutadi. Dasturda bu boradagi vazifalarning quyidagilardan iboratligi ko‘rsatiladi:
– «Ta’lim to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq ta’lim tizimini isloh qilish, davlat va nodavlat ta’lim muassasalari hamda ta’lim va kadrlar tayyorlash sohasida, raqobat muhitini shakllantirish negizida ta’lim tizimini yagona o‘quv, ilmiy – ishlab chiqarish majmui sifatida izchil rivojlantirishni ta’minlash
– ta’lim va kadrlar tayyorlash tizimini jamiyatda amalga oshirayotgan demokratik huquqiy davlat qurilishi jarayonlariga moslashtirish;
– kadrlar tayyorlash tizimi muassasalarini yuqori malakali mutaxassislar bilan ta’minlash, pedagogik faoliyatining nufuzi va ijtimoiy maqomini ko‘tarish;
– kadrlar tayyorlash tizimi va mazmunini mamlakatning ijtimoiy va iqtisodiy taraqqiyoti istiqbollaridan, jamiyat ehtiyojlaridan, fan, madaniyat, texnika va texnologiyaning zamonaviy yutuqlaridan kelib chiqqan holda qayta qurish;
– ta’lim oluvchilarni ma’naviy axloqiy tarbiyalashning va ma’rifiy ishlarning samarali shakllari hamda uslublarini ishlab chiqish va joriy etish;
– ta’lim va kadrlar tayyorlash, ta’lim muassasalarini attestatsiyadan o‘tkazish va akkreditatsiya qilish sifatiga baho berishning xolis tizimini joriy qilish;
– yangi ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlarda ta’limning talab qilinadigan darajasi va sifatini, kadrlar tayyorlash tizimining amalda faoliyat ko‘rsatishi va barqaror rivojlanishining kafolatlarini, ustuvorligini ta’minlovchi normativ, moddiy-texnika va axborot bazasini yaratish;
– ta’lim, fan, ishlab chiqarish samarali integratsiyalashuvini ta’minlash, tayyorlanayotgan kadrlarning miqdori va sifatiga nisbatan davlatning talablarini, shuningdek, nodavlat tuzilmalari, korxonalar va tashkilotlarning buyurtmalarini shakllantirishning mexanizmlarini ishlab chiqish;
– uzluksiz ta’lim va kadrlar tayyorlash tizimiga byudjetdan tashqari mablag‘lar, shu jumladan, chet el investitsiyalari jalb etishning real mexanizmlarini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish;
– kadrlar tayyorlash sohasida o‘zaro manfaatli xalqaro hamkorlikni rivojlantirish. «Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi»ni amalgaoshirish 3 bosqichdan iborat:
– «Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi»ning birinchi bosqichida (1997 – 2001 yillar) mavjud kadrlar tayyorlash tizimining ijobiy salohiyatini saqlab qolish asosida ushbu tizimni isloh qilish va rivojlantirish uchun, ilmiy – uslibiy, moliyaviy shart-sharoitlarni yaratish.
– «Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi»ning ikkinchi bosqichida (2001 – 2005 yillar) – Milliy dasdturni to‘liq ro‘yobga chiqarish, mehnat bozorining rivojlanishi va real ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlarni hisobga olgan holda unga aniqliklar kiritish.
– «Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi»ning uchinchi bosqichida;
– ta’lim muassasalarining resurs, kadrlar va axborot bazalarini yanada mustahkamlash;
– o‘quv-tarbiya jarayoni yangi o‘quv-uslubiy majmualar, ilg‘or pedagogik texnologiyalar bilan to‘liq ta’minlanishi;
– milliy (elita) oliy ta’lim muassasalarini qaror toptirish va rivojlantirish;
– ta’lim jarayonini axborotlashtirish, uzluksiz ta’lim tizimi jahon axborot tarmog‘iga ulanadigan kompyuter axborot tarmog‘i bilan to‘liq qamrab olinishiga erishish kabi vazifalarning ham ijobiy yechimi ta’minlanishi ko‘zda tutiladi.
O‘zbekiston Respublikasi «Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi» tarkibiy tuzilmasi quyidagicha aks etadi:
Do'stlaringiz bilan baham: |