Bibliografik faoliyatning natijasi—hujjatlar haqidagi ma’lumotlar yig‘indisi — bibliografik axborot deyiladi. Bibliografiyaning asosiy obyekti hujjatdir.
Hujjatlardagi asosiy xususiyat unda berilayotgan axborotning ijtimoiy ahamiyatga ega ekanligida, bu uning yaratilayotgan tarixiy davr, shart-sharoit bilan uzviy bog‘liqligida ko‘rinadi.
1964- yil „hujjat“ so‘zi axborotning moddiy tashuvchisi sifatida belgilab berildi. Hozirgi paytda „hujjat“ deganda axborot bilan bog‘liq, kishilar tomonidan ularni to‘plash, foydalanish, uzatish, saqlash va hisobga olish bilan bog‘liq moddiy obyekt tushuniladi. „Hujjat“ so‘zi ahamiyatiga ko‘ra keng tushuncha. Hujjatlarda real hayot voqeliklari, faktlari va barcha ma’lumotlar o‘z aksini topadi, hujjatda u yaratilayotgan davrning ma’lum bir qirrasi haqidagi axborot to‘planadi.
„Hujjat“ termini qog‘oz, kinolenta, turli xil ko‘rinishdagi tasmalar, elektron disklar ko‘rinishidagi axborot tashuvchi materialni anglatadi. Davr o‘tishi bilan, taraqqiyot natijasida yangi-yangi axborot eltuvchilar qo‘shilib boraveradi. Har bir axborot eltuvchi yoki axborot resurslari o‘ziga xos xarakterga va xususiyatga ega va u axborotni tayyorlashda hisobga olinadi. Shunga ko‘ra belgilari, ahamiyati, mazmuni va shakliga ko‘ra turlanadi.
Axborot iste’molchisi — inson. Uning maqsadi mustaqil bilim olish, o‘quv malakasini oshirish, ilmiy bilim olish va ilmiy salohiyatini oshirish, ishlab chiqarish malakasini oshirish va boshqalar. Yuqori darajada axborot-kutubxona va bibliografik xizmat ko‘rsatish uchun kitobxonlar ilmiy asoslangan holda klassifikatsiya qilinishi lozim. Klassifikatsiya asosiga insonning professional ishlab chiqarish faoliyati, egallab turgan lavozimi, ma’lumot darajasi, yoshi, jinsi, oilaviy ahvoli, o‘qish madaniyati darajasi, bibliografik qo‘llanmalardan foydalana olish qobiliyati, ruhiy va boshqa xususiyatlari olinadi. Chunki inson— kitobxon ham bibliografiyaning obyektidir. Hujjat va axborot iste’molchisi mazmun mohiyatiga ko‘ra matbuot asari (kitob, nashr) va kitobxon (bibliografik axborot iste’molchisi) tushunchalaridan farqlanadi. Ilmiy axborot faoliyati faqatgina matbuot asari bilan emas, balki barcha ko‘rinishdagi axborot resurslari (elektron resurslar) bilan bog‘liq. Bibliografiya esa, matbuot asari (kitob, gazeta, jurnal) bilan ishlaydi. Kitob, gazeta va jurnallar tarixan insoniyat bilimining manbayi, uning bilimlarini aks ettiruvchi, to‘plovchi va saqlovchi vosita hamda inson bilimini oshirish va ruhiy ta’sir vositasi bo‘lib kelgan. Kitobning o‘rnini hech narsa bosa olmaydi. Ammo keyingi paytda boshqa axborot tashuvchi resurslar ham bibliografik faoliyat doirasiga singib bormoqda. Demak, kitob-kitobxon tizimi ham bibliografiyaning obyektidir. Bu keyingi paytda hujjat-axborot iste’molchisi tizimi bilan boyidi.
Do'stlaringiz bilan baham: |