Benedikt Spinoza



Download 354 Kb.
bet1/7
Sana28.07.2021
Hajmi354 Kb.
#131440
  1   2   3   4   5   6   7
Bog'liq
HAR SOHADN BIR SHINGIL

Biron-bir narsani bajarolmayman deb ko`ngilga keltirdingizmi, shu paytdan boshlab uni amalga oshirish g`oyat mushkul bo`lib qoladi.

Benedikt Spinoza

Taniqli kishilar hayotidan


Mayakovskiyning miyasini magnitofonga o‘xshatishadi. U katta-katta she'rlarni ham bir o‘qishda yod olarkan. Uchrashuvlarda o‘zi yozgan dostonlarni yoddan o‘qir ekan.
***
Atoqli o‘zbek shoiri Maqsud Shayxzoda oliy maktabda ma'ruza o‘qirdi. U kishi ashaddiy kashanda edi. Shuning uchun institut rektorining maxsus buyrug‘i bilan Shayxzodaga dars paytida chekishga ruxsat berilgan edi.

***
Sadriddin Ayniy zabardast yozuvchi, olim va dong taratgan pazanda edi. U kishi pishirgan nisholda bilan holvani manaman degan oshpazlar havas qilardi.


***
Buyuk olim Mendeleev ilmiy ishlaridan bo‘sh vaqtlarida chemodan yasab sotar, shu yo‘l bilan ro‘zg‘or tebratar edi.
***
Mashhur o‘zbek shoiri G‘afur G‘ulom yaxshigina rassom edi. U dutor chalganda yuraklarni sel qilar, tojik, tatar, qozoq, ozar tillarida bemalol gaplashardi.
***
Frantsuz yozuvchisi Emil Zolya asosan kechasi ishlardi. U uyqusini qochirish uchun har kuni uch-to‘rt litrgacha kofe ichar ekan.
***
Ernest Heminguey nihoyatda mergan bo‘lgan deyishadi. U bahs o‘ynab bir odamning og‘zida tutab turgan sigaretni otib tushirgan ekan.
***
Amerika prezidenti Ruzvelt o‘ta ko‘ngilchan va madaniyatli kishi edi. U yangi yilga bag‘ishlangan ziyofatda bir yo‘la 1800 mehmonning qo‘lini siqib tabriklabdi.
***
Rus olimi Pavlov o‘lim to‘shagida yotar ekan, o‘zi saboq beradigan talabalarni chiqartiribdi. U o‘limi qay tariqa kechayotganini birma-bir aytib turibdi: "Ana, oyoqlarim muzlay boshladi, ana, qo‘llarim uvishdi, nafas yetmayapti..."
Talabalar yozib ulgurmay buyuk olim jon beribdi.
Sankt-Peterburg: Non muzeyidan Konsullar qishlog’igacha

Ajoyib eksponat va original ko‘rgazmalar shaydolari diqqatiga: Rossiyaning Sankt-Peterburg shahriga tashrif buyurishni ko‘nglingizga tukkan bo‘lsangiz, quyida keltirilgan manzillarni, albatta, bir aylanib chiqing. Mazkur sayohat sizga estetik ruh ulashib, esda qolarli madaniy hordiq chiqarishingizga yordam beradi. O‘ziga xos va bir-biriga o‘xshamaydigan tomoshagohlar sirasiga, shubhasiz, Piterdagi bir qator muzeylarni kiritish mumkin.


Oliy ne’mat maskani

Shaharning Ligovskiy prospektidagi 73-binoda joylashgan, yakshanba, dushanba va oyning oxirgi seshanbasidan tashqari boshqa kunlar soat 10 dan 16 gacha faoliyat ko‘rsatadigan muzeyda bizda ham ulug‘ ne’mat sifatida qadrlanadigan nonning 14000 dan ortiq turini ko‘rish mumkin. Bunday katta hajmdagi kollektsiyaga ega bo‘lgan joy nafaqat mahalliy xalq, balki mehmonlarning ham sevimli manzilgohiga aylangan. Non muzeyida insoniyat tomonidan yaratilgan eng buyuk kashfiyot, tengsiz ozuqa manbai, ajdodlardan avlodlarga meros qolib kelayotgan oliy qadriyat mahsullaridan birining tarixi, non pishirish jarayonini o‘zida aks ettirgan ma’lumotnomalar, shunga tegishli ro‘zg‘or anjomlari, samovarlar to‘plami, mazkur ne’matni ishlab chiqaruvchi turli korxonalar haqidagi lavhalar, rasm va amaliy san’at namunalari, kulinar kitoblar kutubxonasi o‘rin olgan. U yerda rus pechkasidan endigina olingan qaynoqqina non sotib olish ham mumkin. Mazkur muzey Rossiyada yagonaligidan tashqari, jahonda o‘ziga yarasha obro‘ga ega.


Tabiiy dorixona

Professor Popov ko‘chasidagi 2-uy orqali, jumadan tashqari har kuni soat 11 dan 16 gacha ishlaydigan botanika bog‘iga kiriladi. Uning qurilishi 1714 yilda boshlangan. O‘ziga xos nomdagi “apteka tomorqasi”da o‘sha vaqtda shoh buyrug‘iga binoan, dastlab shifobaxsh o‘simliklar, kamyob hamda dengiz ortidan keltirilgan begona nabotot vakillari ham yetishtirila boshlandi. O‘simliklarning ko‘pchiligi o‘zga o‘lkalardan buyurtma asosida olib kelinar, ba’zilarini ekspeditsiyaga chiqqan tadqiqotchilar taqdim etishar edi.

1823 yildan boshlab Pyotr I ning tabiiy dorixonasi “Imperatorning Botanika bog‘i”ga aylantirildi. Shu paytdan e’tiboran u yer shahar aptekalarini shifobaxsh o‘tlarning eng yangi va sof xomashyosi bilan ta’minlashni to‘xtatdi, ammo kollektsiya ishlarini rivojlantirish uchun imperator katta miqdorda mablag‘ ajratdi. Oradan qariyb yigirma besh yil o‘tib, mazkur bog‘ to‘plagan tabiiy xazinasi jihatdan dunyoda birinchi o‘ringa ko‘tarildi. Bunday ko‘rsatkichga erishishga, hatto, 1824 yilgi suv toshqini va u keltirgan zarar ham halaqit bera olmadi. Ammo bu fojea oxirgisi emasdi. Ikkinchi jahon urushi paytida flora olamining go‘zal makonlaridan biri ishchilarning sa’y-harakatlariga qaramasdan minglab o‘simliklarni yo‘qotdi. Deyarli barchasini qaytadan boshlashga to‘g‘ri keldi. Oradan bir necha yil o‘tgach, u asl qiyofasini deyarli tikladi. Aptekar orolidagi flora durdonasi yilning har bir faslida o‘zgacha va dilbar manzarasi bilan ko‘zni quvontiradi.

Oranjereya bilan o‘ralgan park, ayniqsa yozda yanada go‘zallashib ketadi. Peterburgning bir burchagiga butun dunyodan keltirilgan minglab gullarning xushbo‘y iforidan odamlar ma’lum vaqtgacha sarmast bo‘ladilar. Atirgulning sertikan, aslida beozor va dilga yaqin butalari hamda bir-birini opichlab olgan gulbarglari, mayin nasimda raqsga tushayotgan nilufar, unga havas qilib sollanayotgan gulsafsar, ulardagi tabiiylik shahar ahlini vaqtinchalik do‘konlardagi sun’iy rang-baranglikdan uzoq-uzoqlarga, tabiat bag‘riga olib ketadi. Adolat yuzasidan yana shuni aytish lozimki, bunday sof va tasavvurning nozik torlarini chertadigan manzaralarni bahor va kuzda ham kuzatsa bo‘ladi.


Ajoyib suv olami

“Mazkur majmua birinchi marta shahar va suvning naqadar bir-biriga bog‘liq ekanini ko‘rsatib berdi“, degandi u haqda shaharni suv bilan ta’minlashga mas’ul tashkilotning rahbarlaridan biri.

“Sankt-Peterburgning suv olami” axboriy-ma’rifiy majmuasi tarixiy va zamonaviy ekspozitsiyalarni o‘zida uyg‘unlashtirgan, an’anaviy hamda interfaol g‘oya va yangiliklarni jo qilgan muzey maqomi darajasiga ko‘tarildi. Bu kabi markazlar Yevropa mamlakatlarida ancha keng tarqalgan bo‘lsa-da, Rossiyaga nisbatan bunday deyish unchalik to‘g‘ri emas.

U yerdagi ko‘rgazmalar suv bilan ta’minlash madaniyati shakllanayotgan davrlar — Qadimgi Misr, o‘tmishdagi Yunoniston, ko‘hna Rim tarixini o‘z ichiga olgan. “Suv olami”da saqlanayotgan ko‘plab arxiv hujjatlari shaharda birinchi marta markazlashgan tarzda suv bilan ta’minlash bilan shug‘ullangan tashkilot va ayni paytda aktsiyadorlar jamiyati sifatida faoliyat yuritadigan korxonaning tashkil topishi bilan chambarchas bog‘liq. Majmuaning binolaridan biriga ”Yer osti Peterburgi” nomli multimedia ko‘rgazmasi, shahardagi gidrogeologik va ekologik vaziyatni ko‘rsatishga xizmat qiluvchi zamonaviy uskunalar bilan birga Neva daryosining katta masshtabdagi xaritasi o‘rnatilgan. Muzeydagi Buyuk Britaniya ilmiy kengashi tomonidan yaratilgan “Fan mo‘’jizalari” turkumidagi bir qator o‘yinchoqlar modellarni yaratishga qiziquvchi havaskorlarning e’tiborini tortishi tabiiy. Shpaler ko‘chasi 56-uyda qad rostlab, dushanba, seshanbadan boshqa kunlari 10 dan 18 gacha mijozlarga xizmat ko‘rsatuvchi muzey oldida “Peterburglik meshkoplar” haykaltaroshlik guruhi faoliyat yuritadi.


Zigmund Freydning tushlari

Katta prospekt, 18a. Ish vaqti: seshanba va yakshanba, soat 12:00 dan 17:00 gacha. Bu yana bir ajoyib dargohning manzili. U “Zigmund Freydning tushlari muzeyi“ deb atalib, mashhur psixolog qalamiga mansub “Tushlarning sharhlari” kitobi yaratilganiga yuz yil to‘lishi munosabati bilan ochilgan. Tush muhitini yaratish uchun mutasaddilar ancha ter to‘kkani ko‘rinib turibdi. U yerdagi ko‘plab oynalar va qorong‘ulik tush olamiga sayohat yoki tasavvurni shunga moslashtirish uchun xizmat qiladi.


Shokoladlar makoni

Uning eshigi oldida qora tanli xizmatkor oppoq kiyimda, Yangi yil arafasida esa Qorbobo odamlarni ichkariga taklif qilish bilan bandligini ko‘p kuzatish mumkin. Jukovskiy ko‘chasining 18-binosi dam olish kunlarisiz soat 11 dan 21 gacha mijozlarni o‘ziga chorlaydi. Uning peshtaxtasiga “Shokolad muzeyi” deb yozib qo‘yilgan. Bolajonlarning sevimli tomoshagohida nafaqat oddiy shirinliklar, balki turli shakllardagi, haykal ko‘rinishiga keltirilgan shokoladlarni iste’mol qilish ham mumkin. Shuning uchun “Shokolad muzeyi“ga asosan suvenir qidiruvchilar, qora, oq va boshqa ranglardagi shirinliklarning shinavandalari tashrif buyuradilar.


Stradivarining skripkasi saqlanadigan joy

1900 yil baron K.K.Shtakelberg Sheremetovo qasrining Galereya binosi ichida “Cholg‘u asboblari“ muzeyini tashkil etdi. Mazkur inshoot 18-asr oxiri 19-asr boshlarida o‘z davrining mashhur me’morlari tomonidan barokko uslubida qurilgan. Sheremetovlar shajarasi o‘z qasrini Oktyabr inqilobigacha idora etgan bo‘lsa, ularning bu boradagi so‘nggi davomchisi S.D.Sheremetov shundan keyin ajdodlaridan qolgan merosni davlat ixtiyoriga topshirgan. O‘shandan beri u yerda bir necha institut va tashkilotlar faoliyat yuritadi. 20-asrning oxirlarida inshootning bir nechta zali evaziga “Cholg‘u asboblari“ muzeyi yanada kengaytirildi. Ko‘rgazma hududi 350 kv.metrni o‘z ichiga olib, uning fondidan uch mingga yaqin eksponat o‘rin egallagan. Ko‘rgazmalarning ko‘pligi va ahamiyati jihatidan u Yevropada to‘rtinchi o‘rinda turadi. Muzeyda barcha turdagi, jumladan, zarbli, puflab chalinadigan, klavishli, kamonchali (masalan, skripka), nohinli(chertib chalinadigan) musiqa vositalari alohida diqqat talab qiladi. Har bir guruh asrlar qa’riga borib taqaladigan eng sodda va bugungi kundagi zamonaviy vakillariga qarab alohida tartiblangan. Masalan, eramizgacha bo‘lgan ikkinchi ming yillikka tegishli suyakdan uzunasiga ishlangan fleyta eng qadimiysi bo‘lsa, 20-asrning so‘ngida ishlangan namunalarni zamonaviylari sirasiga kiritish mumkin. Muzey geografik jihatdan ham bag‘oyat boydir. Professional va havaskor musiqaviy asboblar Yevropa, Osiyo va Afrika mamlakatlaridan olib kelingan. Bunday turfa orkestr orasidan simfoniya, milliy rus va hatto, Indoneziya folklor musiqalari manbalarini ham topish qiyin emas. Bundan tashqari, Aleksandr Iga tegishli fleyta, Aleksandr III tomonidan yig‘ilgan puflab chalinadigan misli va fors milliy cholg‘u asboblari, mashhur kompozitorlarning musiqa vositalari, ayniqsa A.Stradivarining skripkasi mehmonlarni hayratlantirishi, shubhasiz.

17—19-asrlarda yaratilgan viola (katta skripkaga o‘xshash qadimgi musiqa asbobi) va naylar ham qimmatli ahamiyat kasb etadi.

Fontanki ko‘chasida seshanba(oyning so‘nggi ikkinchi kuni bundan mustasno), chorshanba, payshanba, juma va dam olish kunlari xizmat ko‘rsatadigan muzeyning mutaxassislari eski, antik turdagi asboblarni yaratishdan tashqari, mavjudlarini qayta ishlash bilan ham shug‘ullanadilar.


“Raketa”ning parvozi

1721 yil Petrodvoretsda Pyotr I ning buyrug‘iga ko‘ra, Rossiyada ilk marta toshlarga ishlov berish ijodiy markazi ishga tushdi. U yerda mohir ustalar “Raketa” rusumidagi turli kattalikdagi qo‘l, cho‘ntak soatlari va budilniklarni ishlab chiqara boshladi. Petrodvoretsdagi soat zavodi tarixi rus madaniyatining ajralmas bo‘lagi sanalib, korxonada yaratilgan va ayni paytda Ermitaj, Isaakievskiy sobori, Petropavlovsk qal’asi, Xitoy saroyi hamda boshqa muzeylardagi soatli, ajoyib bezak berilgan tosh kesiklari butun dunyoda mashhur. Qo‘li gul ustalarning bunday yuqori darajadagi ish namunalari London, Parij, Vena, Kopengagen, Chikago va Milanda berilgan xalqaro mukofotlar bilan o‘zining munosib bahosini topgan. Sankt-Peterburg prospekti, 60-binoga buyurtmaga qarab istalgan vaqtda tashrif buyurish mumkin.


5000 dan ortiq qo‘g‘irchoq

Piterdagi yana bir o‘ziga xos muzeyda ko‘plab qo‘g‘irchoqlar qo‘nim topgan. Katta yoshlilarni bolalikning totli onlari, ertaklarning ajoyib olamiga yetaklovchi, kichik yoshlilarni yanada quvontiradigan mazkur majmuada 5000 dan ziyod eksponat bilan tanishish imkoni bor. An’anaviy, suvenirbop va zamona ijodkorlari tomonidan yaratilgan eng yaxshi qo‘g‘irchoqlar juda ajoyib. Sayohat davomida mehmonlar “Rojdestvo ertaklari“, “Qo‘g‘irchoqning dunyoga kelishi”, “Rassom va qo‘g‘irchoq”, “Turli xalqlarning milliy kiyimidagi qo‘g‘irchoqlari”, “Qo‘g‘irchoqlarda aks etgan dunyo ertaklari” bo‘limlarida bo‘ladilar.

Barcha uchun esdalik damlarni taqdim etguvchi muzey maktab ta’tillari paytida tom ma’noda “Bolajonlar shahri”ga aylanib, bu yerda turli qo‘g‘irchoq spektakllari, tanlov va ko‘ngilochar o‘yinlar tashkil etiladi. Mazkur eksponatlar markazi Rossiyadagi birinchi nodavlat muzeylaridan bo‘lib, 1998 yili tashkil etilgan. Oradan bir yil o‘tib, dastlabki mehmonlarni qabul qilishga kirishgan. Dam olish kunlarisiz soat 9 dan 18 gacha ishlaydigan Qo‘g‘irchoqlar makoni Kamskaya ko‘chasi 8-uyda joylashgan.

Orasida Salvador Daliga atalgani ham bor

Karpovkadagi o‘yinchoqlar muzeyi dushanbadan tashqari boshqa kunlar soat 11 dan 18 gacha ishlaydi. Madaniyat markazida saqlanayotgan namunalar nafaqat materialistik, balki tarixiy-maishiy jihatdan va milliy an’analar hamda zamonaviy ijodkorlik tamoyillarini o‘zida aks ettirgan san’atning bir turi sifatida ham ahamiyatga ega. Bugungi kunda muzey grafik ustalari, haykaltaroshlar, rassomlar, dizaynerlar, me’morlar tomonidan yaratilgan mualliflik mahsulotlari — o‘yinchoqlar va o‘yin vositalarini qabul qilishda davom etayapti. Majmua vaqti-vaqti bilan turli xalqlarning milliy va sanoat o‘yinchoqlariga to‘ldirilib boruvchi kollektsiyasi bilan maqtansa arziydi. Qolaversa, muzeyda turli ko‘rgazmalar ham tashkil etib turiladi. Yosh sayohatchilar to‘rt zaldan iborat inshootdagi ikkita doimiy hamda ikkita muvaqqat ekspozitsiyalarni tomosha qiladilar.

Sanoat o‘yinchoqlari zalida XIX—XX asrda Rossiya, Germaniya, Yaponiya, Frantsiya, Angliya, Italiya, Ispaniya va AQSh kabi 30ga yaqin davlatda ishlab chiqarilgan namunalar bilan tanishish mumkin. Ular orasida nemis o‘yinchoqbozlari mahsullari mavjud bo‘lgan qismi alohida e’tirofga loyiq. O‘yin vositalari yordamida ko‘plab millatlarning mentalitet va xarakter qirralari, ular tomonidan ezgulik hamda go‘zallikning qabul qilinishi o‘rtasidagi farqlarni solishtirish imkoni bor. Karpatortidan keltirilgan pishloqdan tayyorlangan o‘yinchoqlar, italyan ko‘cha teatrlarida ishlatilgan bosh qismi katta qo‘g‘irchoqlar, metall va yog‘och detallardan yasalgan nemischa figuralar, Dog‘istonning hayvon shaklida ishlov berilgan hushtakchalari kamyob ko‘rgazmalar sirasiga kiradi. Ularning orasidagi guruchdan olingan qog‘oz ustidagi karp balig‘i samuraylar xarakteri ramzini anglatadi. Rus xalqining sevimli o‘yinchoqlariga aylanib ketgan Dimkovskiy, Filimonovskiy va Bogordskiy turkumlari muzey faxri hisoblanadi. Shuningdek, zamonaviy mualliflarga taalluqli me’morchilik va rassomchilik, haykaltaroshlik va dizayn, musiqa va teatrni o‘zida uyg‘unlashtirgan ijod mahsullari tasvirga boyligi va yorqin ifodalari bilan e’tiborga sazovordir.

Muzeyda odat tusiga kirgan “Salvador Dali uchun o‘yinchoqlar”, “Qog‘oz o‘yinchoqlar”, “Uchinchi mingyillikning “homo ludens”i”, “Archadan mandarin hidi kelgan paytda”, “Intererdagi yumshoq o‘yinchoq” kabi ko‘rgazmalar o‘tkaziladi. 1997 yil may oyida asos solingan mazkur muzeyga o‘yinchoqlar kollektsionerlar tomonidan, auktsionlar, antikvar do‘konlar va qishloqlardan keltirilgan.
Imperatorning chinni zavodi

Sankt-Peterburgdagi dunyoga mashhur Imperatorning chinni zavodi (“Lomonosov nomidagi chinni zavodi” muzeyi) tarixi turli sir va afsonalar bilan qorishib ketgan. Majmuada nafaqat zavodda ishlab chiqarilgan hamda ijodkorlik va san’atkorlik bilan yo‘g‘rilib ketgan chinni buyumlarning qimmatli to‘plami, balki Rossiyada ayni paytda shu sohada faoliyat yuritayotgan korxonalar mahsulotlari ko‘rgazmaga qo‘yilgan. Obuxovsk mudofaasi prospektidagi 151-uy buyurtmaga binoan xizmat ko‘rsatadi.

Tramvayda retro-sayohat

Ommaviy transport vositalari muzeyida 20 dan ortiq eski tramvay va trolleybus saqlanadi. U yerda avtobuslarni ham uchratish mumkin. Muzey xazinasi boyishda davom etmoqda. Dastlab tramvaylar harakatsiz turgan bo‘lsa, hozir ularning shu paytgacha yaratilgan rusumlarida maxsus tashkil etilgan retro-marshrut orqali sayohat etish imkoni yaratildi. Mumtoz tramvaylarni ijaraga olish uchun muzeyning maxsus bo‘limiga murojaat etish lozim. Yana harakatlanmaydigan ekspozitsiyalar, qolaversa, arxiv hujjatlari, fotosuratlar, xaritalar, turli maketlar, tramvay ishchilarining ish kiyimlari hamda kassa apparatlari va boshqa eksponatlarni ko‘rish mumkin. O‘rta prospektning 77-uyi mijozlarga ular bilan maxsus shartnoma imzolangachgina xizmat ko‘rsatadi.


Ular 20 ta shahar nomida

Konsullar qishlog‘i nomli kottejlar shaharchasi Finn qo‘ltig‘idagi Strelne mavzesining go‘zal qirg‘og‘ida savlat to‘kib turadi. Davlat boshlig‘i, hukumat a’zolari va oliy darajadagi uchrashuvlar uchun tashrif buyurgan chet ellik mehmonlar vaqtincha istiqomat qilishlari uchun mazkur hududda 20 ta VIP turkumidagi uy barpo etilgan. Sayyohlar maxsus firmalar ko‘magida “Konsullar qishlog‘i”ga tashrif buyurib, kottejlarning mehmonxona, oshxona, yotoqxona, ishlash uchun ajratilgan maxsus xonalar, rus rassom va dizaynerlarining ijod mahsullarini tomosha qiladi. Har bir binoga Rossiyadagi shahar nomlari (Moskva, Sankt-Peterburg, Vladimir, Velikiy Novgorod, Kostroma, Pskov, Yaroslavl, Tula, Smolensk, Arxangelsk, Vologda, Astraxan, Murmansk, Samara, Rostov, Irkutsk, Krasnoyarsk, Kazan, Yekaterinburg, Vladivostok) berilgan va ularning o‘ziga xosligidan kelib chiqib bezatilgan. Ramziy jihatdan u davlat xaritasini eslatadi. U yerda Vologda o‘ymakorligi, Kaslinsk metall quyish san’ati, naqqoshlik, po‘lat ustidagi gravyuralar, tatarcha va saamcha bezaklarni ko‘rish mumkin.

2003 yil “Rossiya—Yevropa Ittifoqi” sammiti va 2006 yilgi “Katta sakkizlik” davlatlari Sankt-Peterburgda uchrashganda, aynan shu qishloqda Jorj Bush, Angela Merkel, Jak Shirak, Toni Bler, Romano Prodi, Dzyun’itiro Koidzumi ma’lum vaqt yashagan. Boris Yeltsin va mashhur qo‘shiqchi Pol Makkartni turli vaqtlarda shu yerda dam olgan. Sayohat shanba-yakshanbadan boshqa kunlari 10 dan 18 gacha faqat kattalar uchun tashkil etiladi.

Endi bemalol sayohatga otlanishingiz mumkin.


O’zbek dasturxoniga marhamat!

NAHORGA OSH

... Deylik, ko‘z o‘ngimizda bezatilgan dasturxon. Aqlu zakovat mahsuli — non, shirinlik, meva-chevayu ichimliklar, quyuq-suyuq taomlarning kishi tanasini quvvatlantirish, sog‘lomlantirish, turli xiltlardan poklash va tozalash xususiyati borligi ayni haqiqatdir. Noz-ne’matlarning nimadan, qanday qilib tayyorlanishi haqida fikrlash lozim bo‘lsa, bu manzaraning davomini pazandalik san’atiga ulash o‘rinlidir. San’atning bu turiga ehtiyoj kishilar turmush tarzidan kelib chiqib shakllangan. Har qaysi millatning, har qaysi elatning yegulik, ichkiligini o‘zida mujassam etgan pazandalik san’ati bor. Buning vujudga kelishini esa ko‘p hollarda o‘tmish bilan, ajdodlar turmush tarzi bilan ham bog‘laydilar. O‘zbek xalqi oshxonasi o‘zining boy va qadimiy an’analariga egaligi bois, o‘zga millat vakillarini qiziqtirayotgani ham bugungi kun voqeligi bo‘lib qoldi.


... 2001 yilning bahor kunlaridan birida Toshkentga xizmat safari bilan kelgan xorijlik mehmonlarning nasibasi o‘zbek xonadonlaridan biridagi to‘yga qo‘shilgan edi. Nahorga ikki-uch kishilik qilib suzilgan lagandagi oshni ko‘rib, yevropaliklar ajablanishdi. Taomga turli ziravorlardan tashqari, qazi-qarta, bir parcha dumba yog‘, go‘sht solingan. Likopchalarda achchiq-chuchuk ham uzatildi. Och qoringa kaloriyasi bu qadar boy taomni tanovvul qilish mehmonlarga erish tuyuldi. Boz ustiga, ovqatning hammaga tekin tarqatilayotgani ularni yanada hayratga soldi. Mehmonlarni to‘yxonaga boshlab kelgan mezbon saxiylik va tavozedan taajjublanayotgan xorijliklarga bu o‘zbek xalqining qadimiy taomili ekanligini, yog‘lik osh tarkibidagi kaloriyasi yuqori elementlarni parchalashga yordam beruvchi ziravorlar borligini, achchiq-chuchuk bilan iste’mol qilinganda esa taom yanada yaxshi hazm bo‘lishini aytgach, bu ularga ma’qul tushdi. Oshning ketidan esa uni hazm qilishga yordam beruvchi choynak-choynak ko‘k choy uzatildi.
40 YILLIK URINISH

Milliy pazandalik san’atining qadimiy an’analarini, sir-asrorlarini har qaysi hudud misolida o‘rgangan, retseptlarni to‘plagan va uni kitob holiga keltirgan marhum tadqiqotchi Karim Mahmudovning xizmatlarini shu o‘rinda e’tirof etib o‘tmoqchimiz. O‘zbekiston hududida yashagan va hozirda istiqomat qilib kelayotgan aholi pazandalikda o‘ziga xos maktab yaratganini ko‘ra bilgan Karim Mahmudov bugungi avlodga ma’lum bo‘lmagan taom turlarini ham o‘rgandi va retsepti bilan «O‘zbek milliy taomlari», «Mehmonnoma», «Mehmon kutish san’ati» kitoblariga joyladi. Muxlislar javonidan o‘rin olgan bu kitoblarda muallif 40 yildan ortiq vaqt mobaynida O‘zbekistonning uzoq-yaqin tuman va qishloqlariga shaxsiy ekspeditsiya uyushtirganini, ko‘pchilikka ma’lum bo‘lmagan qadimiy taom turlarini keksalardan so‘rab-surishtirganini bayon etar ekan, ularni retsepti bilan havola etadi.


HAR BIR UY BEKASI PAZANDA BO‘LSIN

Mazali taomning ta’mi og‘izda qoladi. U xoh suyuq, xoh quyuq bo‘lsin, ichidagi masalliqlar — yog‘, go‘sht, sabzavot, dukkakli o‘simliklardan loviya, no‘xat, mosh, perlovka yoki guruch pishirilgan holatda iste’mol qilinganda, kishi tanasining turli mikroelementlar — yog‘, oqsil, uglerod va vitaminlarga bo‘lgan ehtiyojini qoplaydi. Mutaxassislarning ta’kidlashiga qaraganda, inson miya faoliyati uchun nihoyatda zarur bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari ro‘yxatidan olma, o‘rik, gilos, uzum, sabzi, piyoz, gulkaram, seldir, petrushka, bodring, quruq mevalar, uzum, baliq, mol go‘shti, tuxum,buyrak, jigar, sut, kungaboqar yog‘i, bug‘doy, kartoshka o‘rin olishi lozim ekan. Bu yeguliklar ayni paytda tanamizning boshqa a’zolari faoliyatini ham yaxshilaydi. Xoh xom holida, xoh pishirilgan holatda bo‘lsin, me’yorida iste’mol qilingan ne’mat organizmda o‘z vazifasini bekamu ko‘st ado etadi. Uy bekasining turli mahsulotlardan taom tayyorlashida uning pazandalik mahorati namoyon bo‘lishi kerak. Ularga nisbatan «qo‘li shirin» iborasini qo‘llaganimizda, xuddi shu xislati nazarda tutiladi. Taomga yoshi kattalardan avval qo‘l uzatish, fotiha qilinmasdan oldin turib ketish hurmatsizlik ekanligi farzandlarimizga eng kichik yoshidan boshlab uqdiriladi. Har bir uy bekasi egallagan kasbidan qat’i nazar, shirin taom tayyorlashda nima muhim, degan savolga o‘z javobini bera bilishi, bu bo‘yicha malakaga, bilimga, ijodkorlikka, tejamkorlikka ega bo‘lishi lozim. O‘z oila a’zolariga, xonadoniga tashrif buyurgan mehmonga quyuq yoki suyuq taomni mazali qilib tortiq etishda har qaysi uy bekasining did-farosati, mahorati, nazokati, mehmondo‘stligiyu ochiqko‘ngilligi ko‘zga tashlanadi. Tabiiyki, u o‘zi tayyorlagan taom hammaga yoqishini istaydi, maqtov kutadi. Xushxo‘r taom tayyorlashning sirini xotin-qizlar turlicha belgilaydilar. Lekin hamma uy bekalari uchun umumiy bo‘lgan, ya’ni taomga maza kiritadigan omillar borligini unutib bo‘lmaydi. Uy bekalaridan biri, Toshkent shahridagi iqtisodga ixtisoslashtirilgan respublika maktabi kimyo fani o‘qituvchisi Sanoat Rahmatullaeva o‘z hayotiy tajribasidan kelib chiqib xuddi shu jihatga to‘xtaldi:


— Dasturxonda yoki stol ustida turgan taom ishtahani ochib, tanaga kuch-quvvat, darmon baxsh etishi kerak. Bu nimaga bog‘liq? Avvalo, bu oshxonadagi saranjom-sarishtalik, idish-tovoq va asbob-uskunalarning ozodaligiga borib taqaladi. Pala-partish, xom-xatala, naridan beri tayyorlangan taomga masalliq hayf. Hozir bozor va do‘konlarda yarim tayyor kolbasa, sosiska, dudlangan baliq, qaynoq suv quysa tayyor bo‘ladigan vermishellar mo‘l-ko‘l. Vaqti tig‘iz uy bekalari o‘z farzandlariga bunday mahsulotlarni tezkorlik bilan tayyorlab beradilar. Lekin o‘zimizning o‘zbekcha taomlardan qo‘ymasin! Ertaga qilishim lozim bo‘lgan taomni bugundan rejalashtiraman. Masalliqni kesish, to‘g‘rashdan avval “Bismillohir rohmanir rahim” deb qo‘yish odatim bor. Albatta, boshimga ro‘mol o‘rayman. Soch tolalarimiz taomga bexosdan ilakishib tushib ketsa, ovqatning ichidan chuvalanib chiqadi va ishtaha bo‘g‘iladi. Belimizga fartuk tutib olsak, ixchamlashamiz, chaqqon-chaqqon harakat qilamiz, ko‘ylak-xalatimiz toza turadi. Bular — pazandalikning oddiy shartlari. Muhimdan ham muhim bo‘lgan yana bir jihat — taomga mehr berishdir, ayrim xonadon sohibalari ovqatning tagini qovurish jarayonida hovli supuraman, pol artaman yoki dazmol bosaman, deb oshxonadan uzoqlashadi. Oqibati esa ma’lum, go‘sht, piyoz kuyib ketadi. Qattiq qaynayotgan taomning olovi pastlatilmasa, ichidagi masalliqlarning mazasiga putur yetadi.
Taom pishirish eng sevimli mashg‘ulotim, oilada 4 jonmiz. Uch qizimni turmushga uzatganman, ularning tashrifi biz uchun bayram, tansiq ovqatlar — manti, lag‘mon, osh, somsa, xonim tayyorlashga harakat qilamiz. Onamning otalari, rahmatli buvamiz Orif ota Chuvalachi mahallasida yashaganlar va elga osh damlab yurganlar. U kishidan ma’raka oshini o‘rganuvchilar ham ko‘p bo‘lgan. Pazandalik san’ati haqida kitoblar yaratgan Karim Mahmudov ham buvamizdan osh tayyorlash san’ati bo‘yicha retsept olganlar.
NOMI BIR, RETSEPTI HAR XIL

Sanoat opa ta’kidlaganidek, oshpazlikning orqasidan ro‘zg‘or tebratgan, bola-chaqasini boqqan — Orif ota kabi kishilar doshqozonda osh, dimlama, halim, go‘ja kabi qadimiy taom turlarini yeng shimarib tayyorlashning hadisini olishgan. Ular 500—1000 yoki bundan ham ko‘proq kishiga osh damlash uchun qancha litr yog‘, qancha guruch, qancha go‘sht, sabzi va ziravorlar lozim bo‘lishini mo‘ljallab ayta olganlar. Tavakkalchilik bilan emas, balki chamalab ish tutish tufayli damlangan osh ortib yoki yetmay qolmagan. Demak, pazandalikda mo‘ljal to‘g‘ri olingan.


O‘zbek xonadonlarida, viloyati yoki tumanidan qat’i nazar, haftaning bir kunida albatta osh damlanadi. Xalqimizning eng sevimli taomini tayyorlash Xorazmda boshqacha, ya’ni hech qanday ziravor solinmasdan damlanadi, guruch oppoq holida turadi. Suzishdan avval barcha masalliqlar aralashtiriladi. Samarqandda esa osh tayyor bo‘lgach, avval guruch, so‘ngra sabzi, oxirida go‘sht suziladi, ya’ni masalliqlar aralashtirilmaydi. Buxoroniki ham Samarqandnikiga deyarli o‘xshash. Farg‘ona, Andijon, Namanganning oshi xuddi Toshkentniki kabi qizil ko‘rinish kasb etadi. Piyoz qizartirib qovurilgach, zira, zirk va rang beruvchi bo‘yoq solingach, guruch ham o‘z-o‘zidan qizg‘ish tus oladi. Suvda yetishtiriladigan to‘yimli ozuqa — guruch faqat odamning oshqozoniga tushgachgina, bir piyola suv yoki choy tufayli “to‘yar” ekan. Uy bekalari guruchni “suv ko‘taradigan” va ”suv ko‘tarmaydigan” xillarga ajratishadi. Ammo mazali palov tayyorlashda guruch hech qanday rol o‘ynamaydi, bu pazandalik mahoratiga bog‘liq, degan fikr ham yo‘q emas.
RATSIONINGIZ QANDAY?

Germaniyada xizmat safarida bo‘lgan bir tanishim qaytib kelgach, taassurotlari bilan o‘rtoqlashar ekan, hamma qatori men ham bu davlatning udumlari, tartib-qoidalari haqida surishtirdim.


— Ko‘chalaru xiyobonlarning tozaligidan hayratga tushdim. Nemislar ovqatlanish mahali umuman gaplashishmas ekan. To‘g‘risini aytsam, bir oy mobaynida nima yeb, nima ichganimni bilmayman. Qahvaxonalarida bifshteks, gamburger, kotlet kabi taomlar bilan qorin to‘yg‘azishga majbur bo‘ldik. Oshning, qaynatma sho‘rvaning, dimlamayu kabobning xumori tutdi. Uyga qaytishim bilan o‘z iqlimimizga moslashay, yevropacha taomlarga o‘rganib qolgan oshqozonimni o‘zbekcha ovqatlarga ko‘niktiray deb yarim litr qatiqni simirib yubordim. Ko‘z tegmasin, tezda o‘zimga keldim.
Bu — ma’lum ma’noda o‘zini oqlaydigan fikr. Mutaxassislar iqlimga, shart-sharoitga qarab, to‘g‘ri ovqatlanish ratsionini belgilash muhimligini ta’kidlaydilar. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining ovqatlanish gigienasi bo‘yicha bosh mutaxassisi, tibbiyot fanlari doktori, professor Anatoliy Xudoyberganovning fikrlari bu jihatdan juda asoslidir:
— Albatta, iqlim, yashash muhiti, fe’l-atvor, milliy kolorit kabi tushunchalar pazandalik bilan uzviy bog‘lanib ketadi. Har bir mamlakatda iqlimga mos ovqatlanish tashkil qilinadi. Ammo statistik ma’lumotlar o‘tgan asrning ikkinchi yarmidan boshlab dunyo miqyosida yuqmaydigan yurak-ishemik, qandli diabet, qon bosimi, jigar tsirrozi, bo‘qoq kabi surunkali kasalliklar tufayli sodir bo‘layotgan o‘lim 67 foiz ekanligini ko‘rsatmoqda. Buning birdan-bir sababi, ovqatlanish madaniyati buzilishidadir. O‘zbekiston misolida fikrlaydigan bo‘lsak, keskin kontinental iqlimda salomatlikka katta zarar keltiradigan hayvon yog‘lari — qo‘y dumbasi, charvi, ot va molning ichagidan chiquvchi yog‘larni ko‘p iste’mol qilishadi. Bundan tashqari, qovurilgan taomlarga zo‘r beramiz. Non iste’mol qilishdagi raqam ham salmoqli. Bir yilda bir kishiga o‘rtacha 135 kilo non to‘g‘ri keladi. Bu raqam Rossiyada 95 kiloni, Boltiqbo‘yi respublikalarida 60 kiloni tashkil qiladi. Ratsionni noto‘g‘ri belgilash oqibatida sog‘ligimizdagi muammolar ham ko‘payadi. Jismoniy harakat ko‘p talab qilinadigan qishloq joylarda yog‘li, kaloriyasi yuqori taomlarni yoshiga, quvvatiga qarab me’yorida iste’mol qilish mumkin. Kam harakat qilinadigan shahar zonasida esa taomlar albatta, o‘simlik yog‘ida tayyorlanishi maqsadga muvofiqdir. Xoh xom, xoh pishirilgan holatda bo‘lsin, kundalik ozuqalar tarkibidan 200 gr. sabzavot, 200 gr. meva o‘rin olishi, mumkin qadar tuzni kam iste’mol qilish lozim. Ibn Sino aytgan ekanlarki, sen agar umr bo‘yi tuz iste’mol qilmasang, qarib, ko‘zlaring xiralashsa ham osmonu falakda uchib yurgan jajjigina qushni ko‘rasan. Kam harakatdagi, ya’ni ko‘proq xonada o‘tirib ishlaydigan kasb egalariga tuzni iste’mol qilmaslik ularning oyoq, qo‘l, bel, yelka qismida bo‘g‘in kasalliklari kelib chiqmasligiga zamin yaratishini unutmaylik.
***
... Frantsiya poytaxti—Parij shahridagi O‘zbekiston restoraniga tamaddi uchun kirgan xo‘randalar bu yerda afsonaviy shahar Samarqandning Registon maydoni aks ettirilganini ko‘rib, hayratga tushadilar. Mehmonlar uchun joy o‘zbekcha yasatilgan. Choynagu piyolalar ham paxta gulli. Eng muhimi, tilga tushgan bu Yevropa davlati markazidagi restoranda taomlar ham o‘zbekona, lutfu mulozamat ham o‘zbekona. Amerika poytaxti Nyu-York, Rossiyaning “yuragi” — Moskva, Koreyaning markaziy shaharlarida ham xo‘randalarga o‘zbegimning oshi tortiladi. Buni o‘ziga bek bo‘lgan millatning yana bir tantanasi, deya ta’riflasak bo‘ladi.

Tarixi go’yo bir ertak

Kimdir qahratonda muzlagan muzqaymoq yeydi, kimdir saratonda qaynoq choy ichadi.

(Qiziqchining bisotidan)

Odatdagidek yana Xitoy

Muzlatilgan shirinlikning tarixi choy kabi ko‘pchilikni qiziqtirishi tabiiy. U aslida qaerdan kelib chiqqan, nima uchun u odamlarning mehrini qozongan, uning ohanrabosi nimalardan iborat degan savollarga javob topish jarayonining o‘zi qiziq. Quyida shu haqda gap boradi.

Muzqaymoqning paydo bo‘lish tarixi go‘yo bir ertak. Hech kim uning qachon va qaerda paydo bo‘lganini aniq aytib berolmaydi.
Anchadan beri uni Iskandar Zulqarnayn kashf qilgan deb kelishardi. Mashhur sarkarda o‘z g‘alabalarini tog‘ cho‘qqilaridan keltirilgan qor va muzlar bilan nishonlagan ekan. Tabiatda uchraydigan suvning holatiga xizmatkorlar mevali sharbatlar va boshqa shirinliklar bilan qayta ishlov berib, undan maxsus massa - jele tayyorlab, so‘ngra shoh va uning aziz mehmonlari uchun dasturxonga tortisharkan. So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, Aleksandr bu odatni Eronni bosib olgan paytda o‘rgangan ekan. Fors o‘lkasiga esa bunday mehmonnavozlik an'anasi Xitoydan kirib kelgani haqidagi bitiklar ham mavjud. Eronda qadimgi Afinada bo‘lgani singari muzli shirinliklar ko‘chalarda sotilgan. Yunonistonda esa muzqaymoq tayyorlash uchun kerakli sovuq «xom ashyo» qullar yordamida olib kelingan.

Marko Poloning xizmati



Ko‘hna Rimda ham mevali muz xalqning uzoq vaqtgacha sevimli taomi edi, ammo qattiqqo‘l imperator Neron muzqaymoqni imperator saroyidan tashqari joylarda sotishni taqiqlab qo‘ydi. Saroy ichida qazilgan katta-katta chuqurliklarda Alp tog‘laridan keltirilgan muz saqlanardi. Rimning qulashi bilan muzqaymoqning tayyorlanish sirlari ham uzoq vaqtgacha yo‘qolib ketdi. Faqatgina XIII asrga kelibgina muzli shirinlik Yevropaga mashhur italyan sayohatchisi Marko Polo tomonidan qaytarildi. U retseptni Xitoydan olib keldi. Apenninda muzqaymoqni tayyorlash texnologiyasi juda tez o‘zlashtirildi. Endi muzni qullar yordamida tog‘lardan tashish shart bo‘lmay qoldi. Sotuvchilar muzqaymoqning asosini tashkil etuvchi limon sharbatini issiq kunlarda ham muzdek saqlash imkonini beruvchi uzun chuqurlikdagi xandaqlardan foydalanishni o‘rganib oldilar. Mahsulotning ta'mi buzilmasligi uchun sharbatga asal, xushbo‘y vanil hamda toza sharobni aralashtirish o‘ylab topildi. Frantsiya qirolining florentsiyalik kelini Yekaterina Medichi o‘z oshpazi Buontalenti bilan Parijga tashrif buyurmaguncha, bunday mahsulot tayyorlash tartibi faqatgina italiyalik ayrim shaxslarga ma'lum edi. Ulardan biri bo‘lmish Buontalenti frantsuzlarga "limonad" (bu nom bilan nafaqat ichimliklar, balki muzlatilgan limon soki ham ataladi) tayyorlashni o‘rgatdi. Bu boradagi haqiqiy inqilob Tortoni sutdan olingan shirin krem bilan vanil va shakarni o‘zaro uyg‘un­lashtirgandan so‘ng ro‘y berdi. Yangi mahsulotni "Neopolitan muzi", keyinchalik oddiy qilib "muz" yoki hozir ham frantsuzlar tilidan tushmaydigan "glace" deya nomladilar. Yangilik juda tez mashhurlik shohsupasiga chiqdi. Ayniqsa, sitsiliyalik Prokopio ijodiga mansub Prokop nomli desert Parijdagi kafelarda sotuvga qo‘yilgandan so‘ng, uni ishlab chiqaruvchilarning oshig‘i olchi bo‘ldi. 1676 yilda Frantsiya poytaxtidagi 250 ta kafeda shunday muzqaymoqlarni xarid qilish mumkin edi. Erkaklar o‘z xonimlarini kumush qoshiq solingan mitti idishdagi shirinlik bilan mehmon qilish uchun uzundan uzoq navbat qatoriga qo‘shilishda davom etardilar.
Muzqaymoqning ilk takomillashgan ko‘rinishi ana shunday tarzda edi. Har bir mamlakat muzqaymoqqa o‘zidan kelib chiqib yangilik kiritishga harakat qilardi. Kofeni jondan ortiq ko‘ruvchi avstriyaliklar muzqaymoq tarkibiga qahva qo‘shib, "kofe glyase"ni yaratishdi. Italyanlar esa bu boradagi tajribalarini yanada boyitib, rang-barang mevali qo‘shimchalar sonini ko‘paytirdilar. Ularning muzqaymog‘i ko‘proq jelega o‘xshab ketgani uchun hozir ham "gelato" deyish urfdan tushmagan. Frantsuzlar muzqaymoq issiq havoda uzoq vaqtgacha o‘z shaklini saqlab qolishi yoki tezda erib ketmasligiga erishish yo‘lida bosh qotirib, ma'lum natijalarni qo‘lga kiritdilar. Ular, shu jumladan, muzqaymoq masalliqlari tarkibiga tuxum sarig‘i bilan aralashtirilgan sutli qaymoqni, keyinchalik qaymoqli yog‘ni qo‘shdilar. Bunday retseptni shaharda mineral suv sotish bilan shug‘ullanadigan Plomber-le-Ben o‘ylab topdi. Shuning uchun mazkur mahsulot uning sharafiga haligacha plombir, deb nomlanadi.

Bosh og‘rig‘i davosi yoki...

Rossiya imperatori saroyida muzqaymoqlar Yekaterina II paytida iste'molga kirdi. 1791 yil Moskvada "Yangi va to‘liq oshpazlik kitobi" nashrdan chiqarildi. Adabiyot o‘z ichiga qaymoqli, shokoladli, limonli, qorag‘atli, apelsinli, uzumli, tuxum sarig‘idan tayyorlangan muzqaymoq retseptlarini olgandi. 1794 yil Sankt-Peterburgda chop etilgan "Tajribali rus uy bekasi, ro‘zg‘orchisi va oshpaz xotini" kitobining original nusxasida zemlyanika (mevasi qulupnayga o‘xshagan o‘simlik)dan qilingan muzqaymoqning tayyorlanishi haqidagi ma'lumotlar joy olgan. XVIII asrda Rossiyada yozda qishni eslatadigan shirinlik ichkilikdan keyingi boshog‘riq va karaxtlikni yengishga yordam berishi xususidagi gap-so‘zlar keng tarqaldi. Shundan so‘ng ancha qiziqarli voqealar ro‘y berdi. Ulardan biri shunday: 1814 yil Parijga kirib kelgan rus harbiylari kafelarda surunkasiga katta miqdorda muzqaymoq iste'mol qilgani uchun qattiq shamollab qolib, safdan chiqishgan ekan. Ularning raqibi Napoleon yoshligidayoq "Prokop" muzqaymog‘iga mukkasidan ketgandi. Frantsuz qo‘mondonini Avliyo Yelena oroliga surgun qilishganda ham, uni sevib qolgan ingliz ayollaridan biri sobiq imperatorga muzqaymoq tayyorlash imkonini beruvchi uskunani jo‘natadi. Shunday qilib, Bonapart umrining oxirigacha o‘zi suygan shirinlikdan ajralmaydi.

Traktorchi qizining kashfiyoti

Okean ortiga muzqaymoq 1813 yili kirib bordi. O‘shanda Jeyms Medison AQSh prezidentligiga saylanishi munosabati bilan tashkil etilgan rasmiy tantanali marosim uchun uning turmush o‘rtog‘i 15 chelak muzqaymoq tayyorlattiradi.
1843 yili nyu-jersilik traktorchining qizi Nensi Jonson muzqaymoqni qo‘lda oson tayyorlash imkonini beruvchi maxsus dastgoh - frizer (muzlatgich)ni yaratdi. Qaymoq, sut, shakar muz solingan idishda tez aralashtirilishi natijasida ushbu qulaylik yaratildi. Mitti muzlatgichda bir soat ichida 5 litr shunday ozuqani muhayyo qilish mumkin edi.
Mazkur g‘oyani rivojlantirish uchun pul beradigan mard homiy topilmagach, Nensi o‘z kashfiyotini tijoratchi Jekob Fusselga sotib yubordi. Xaridor esa frizerning hajmini yanada kattalashtirib, uning qo‘l yordamida harakatga keltiriladigan qulog‘ini mexanik tugmaga aylantirdi. Angliyalik Tomas Mastersning kashfiyotini unumli qo‘llagan Fussel muzga tezroq ega bo‘lish uchun tuz, selitra, ammoniy nitrat yoki kaltsiy xloriddan foydalandi. U 1851 yil Baltimor shahrida mana shunday muzdek shirinlik ishlab chiqaruvchi fabrikani ishga tushirdi.

Mevali, gulli muzqaymoqlar

Yevropa esa kulinar izlanishlar borasida ham Amerikani ortda qoldirishga kirishdi. U yerda muzqaymoq tarkibiga yong‘oqlar, mevalar, shokolad, pechene bo‘laklari va hatto gullar kiritildi. Nastarinli muzqaymoq tayyorlagan Igor Severyanin bu paytga kelib Provans o‘lkasida atirguldan tayyorlangan, Shveytsariyada esa chinnigul qo‘shilgan nafis shirinlik sotilayotganidan xabari yo‘q edi.
"Muzqaymoq imperatori" degan nomga, shubhasiz, Napoleon III sazovor bo‘lgan deyish mumkin. U hukmronlik qilgan paytda muzlatilgan likyor (spirtli ichimlik), muzqaymoq, quritilgan rezavorlar, shokolad ushoqlaridan tayyorlangan tort bo‘laklarini iste'mol qilish urfga kirdi. Shunga qaramasdan Amerika muzqaymoq ishlab chiqarishda hamon oldinda edi. 1904 yil Sent-Luisda birinchi marta soatiga 200 ta vaflidan qilingan stakanga solingan muzqaymoq tayyorlay oladigan uskuna ommaga namoyish etildi. Biroz vaqt o‘tib, 35 yoshli do‘kondor Kris Nelson maktab o‘quvchilari so‘nggi chaqasini soqqa shaklidagi muzqaymoq yoki shokoladdan qay biriga sarflashni bilmayotganini ko‘p kuzatgach, ana shu ikki shirinlikni o‘zaro birlashtirishga qaror qildi. Natijada uyg‘un mahsulot hosil qilinib, unga "Eskimo pie", ya'ni "eskimos somsasi" deya nom berdi. 1919 yil ushbu mahsulotini patentlagan Nelson Amerika bo‘ylab sayohatida yana ikkita kashfiyot qildi. "Eskimos somsasi"ni changdan himoya qilish uchun uning ustiga qog‘oz qoplagich yopdi va muzqaymoq orasiga yeyishni qulaylashtirishga xizmat qiladigan tayoqcha suqdi.

Jek Londonning ilk kasbi

XX asrning boshlarida muzqaymoq nafaqat kafelarda sotilardi, balki ommaviy ko‘ngil ochish vositasiga aylandi. Parklar, yarmarkalar, plyajlardagi sotish nuqtalarida shirin tovar xaridorlarini tez topa boshladi. Ko‘cha-ko‘yda sotib yuruvchilar muz to‘la aravalari bilan daydib yurishardi. Ularning biri keyinchalik mashhur bo‘lib ketgan yozuvchi Jek London edi. Yangilik ekanidan bo‘lsa kerak, XIX asrda paydo bo‘lgan muzqaymoqfurushning aravasi uzoq vaqtgacha baxt ramzi bo‘lib keldi. Moskva shahrida 1930 yillargacha ham shunday to‘rt g‘ildirakli vositalar bilan savdo qilgan tadbirkorlar elita guruhiga kiruvchi ziyoli sotuvchilar deb hisoblangan. Bu paytda Rossiyada vafli-stakandagi muzqaymoqlar bo‘lmagani uchun muzdek shirinlikning portsiyasi qalaydan qilingan idishga solinar va kumush suvi yuritilgan qoshiq bilan xaridorga berilardi. O‘g‘irlab ketmasliklari uchun ular keyinchalik yog‘ochligiga almashtirilgan.

Miqdor ko‘p, tur kam edi

Rossiyaning chekka shaharlarida poytaxtda ancha mashhur bo‘lgan plombir, krembryule nomi noma'lum edi. Faqatgina 1932 yili Moskvadagi sut kombinatida ko‘p miqdorda muz­qaymoq chiqarishga ixtisoslashtirilgan tsex ochilishi nafaqat poytaxtliklar, balki chekka hududlarda istiqomat qiluvchi aholini ham xursand qildi. Shundan so‘ng, 1932 yil sobiq ittifoqda 300 tonna muzqaymoq tayyorlangan bo‘lsa, 1940 yilda uning miqdori 82000 tonnaga yetdi. Ko‘p yillar davomida sobiq ittifoqda muzqaymoq ishlab chiqarish miqdori ko‘p bo‘lsa-da, uning assortimenti rejali xo‘jalik tufayli unchalik keng emasdi.

"Temir xonim" - kimyogar

XX asrning o‘rtalarida dunyoda muzqaymoq sanoati katta tezlikda rivojlanayotgandi. 1950 yillari oralarida bo‘lajak "temir xonim" - Margaret Tetcher bo‘lgan ingliz kimyogarlari "yumshoq muzqaymoq"ni yaratdilar. Ular mahsulot tarkibidagi havo miqdorini ikki baravarga oshirib, og‘izda mayin erib ketadigan muz taomni iste'molchilarga taqdim etdilar. U barcha konditerlik shartlariga javob berardi. 60-yillarga kelib, deyarli krem holiga keltirilguncha muzlatilgan mevali sharbat - sorbet mashhurlik ayvoniga ko‘tarildi.
Bugungi kunda uning "avlodi" deb eng yumshoq desert, maxsus texnologiyalar yordamida olingan yogurtni keltirish mumkin. Aynan shu mahsulot mevalarning haqiqiy ta'mi va foydali jihatlarini uzoq vaqtgacha saqlashga qodirligi mutaxassislar tomonidan ta'kidlanadi.

Plombir hamon shoh

Bundan tashqari, bir qator mamlakatlar muzqaymoqqa milliy qadriyatlardan kelib chiqib ishlov berishgan. Masalan, Yaponiyada sakkizoyoq va mayda qisqichbaqa ta'mini eslatuvchi, Malayziyada durian hidli, Frantsiyada hatto sarimsoq-piyoz, qisqichbaqa yoki rokfor pishlog‘i ta'mini beruvchi muzqaymoqlarni savdo muzlatgichlaridan topish qiyin emas.
Biroq faqatgina plombirning tayyorlanish jarayoni va tarkibi mumtozligicha qolmoqda. Shuning uchun ham u eng qimmat narxdagi muzqaymoq navidir. Mazkur oliy navli mahsulot qat'iy texnologiya asosida qaymoq va shakarlangan uzumdan tayyorlangan sharob qo‘shilgan ingliz bodom kremidan hosil qilinadi. Umuman, 15-20 xil tarkibiy qismdan iborat mazkur desertning tayyorlanishi sir saqlanadi, ammo shu narsa aniqki, uning asosini boshqalari kabi shakar hamda sut tashkil etadi.

Fillar haqida gaplashamiz



Sayyoramiz ajoyib va g‘aroyib hayvonot olamiga boy. Iqlim sharoiti va boshqa sabablarga ko‘ra ularning ko‘pchiligi mamlakatimiz hududida uchramaydi. Odamlarni hayvonot dunyosi bilan yaqindan tanishtirish, qolaversa, yoshlarga bu jonivorlar xususida tasavvurni shakllantirish maqsadida hayvonot bog‘lari tashkil etiladi. Ana shunday maskanlardan biri poytaxtimizning Yunusobod tumanida joylashgan.
U yerda bundan uch yil muqaddam Malayziyaning Malika shahridan keltirilgan bir juft fil yashaydi.
Bu o‘rinda jahonda uchraydigan fillar, ularning turlari, o‘zaro farq qiladigan jihatlari haqida to‘xtalib o‘tishni lozim, deb bilamiz. Tabiatda asosan ikki - Afrika va Osiyo fillari uchraydi. Ikki qit'a vakillari tashqi tuzilishi, vazni va bo‘yi tomondan bir-biriga o‘xshamaydi. Qora qit'ada yashaydigan fillarning bo‘yi 4-4,5 metr, vazni 7-7,5 tonna kelsa, Osiyodagilarnikining esa bo‘yi biroz pastroq (3-3,5 m.), og‘irligi yengilroq (3,5 tonnagacha) bo‘ladi. Qiziq tomoni shundaki, har ikki olamga mansub fillarni kishi bir ko‘rganda tashqi a'zolarining o‘xshamasliklariga qarab ham ularning qaysi turga kirishini aytib bera oladi. Masalan, Afrika fillarining bosh tomoni balandroq, quloqlari kattaroq bo‘lsa, osiyoliklarnikining quloqlari kichkina bo‘ladi. Bu farqlarning paydo bo‘lishiga tabiiy sharoit o‘z ta'sirini o‘tkazgan. Chunki, Afrika a'zolari savanna va o‘tloqlarda kun ko‘radi. Shu bois u yerlik fillarga uzun bo‘y va katta-katta quloqlarning zarari tegmaydi. Ammo Janubi-sharqiy osiyoda fillar qalin daraxtzor hamda o‘rmonlarda kun kechiradi. Daraxtlarning shoxlari oralab yurishda ularga past bo‘y va kichik quloqlar ko‘plab muammolarni keltirib chiqarmaydi. Fillarning uzun quloqlari tanadagi namlikni saqlab qolishda katta foyda beradi. Shuningdek, savannada (ochroq) va o‘rmonda (to‘qroq) yashaydigan fillarning rangida ham farq bo‘ladi.
Yana ba'zi narsalarni aytib o‘tishni xohlardikki, fillar 50-60 yilgacha umr ko‘radi. Ular 13-14 yoshda bo‘lganida juft-juft bo‘lib yashay boshlaydi. Va ular o‘z jufti halollari bilan umrining oxirigacha birga bo‘ladi. Urg‘ochi fillarda homiladorlik vaqti 24 oygacha cho‘ziladi. Tug‘ilgan yosh fil ikki yil onasining suti bilan oziqlanib, to‘rt yoshgacha ota-onasi hamrohligida yuradi. Fillar o‘n ikkitagacha oila bo‘lib, jamuljamlikda hayot kechiradi. Ko‘pchilik fillar xartumi orqali oziqlanadi deb o‘ylashadi, aslida xartum lablarining yuqori qismining o‘sib ketishi natijasida paydo bo‘lgan, lekin ular ovqatlanish uchun fillar bundan foydalanmaydi. Xartumlarini baland shoxlardagi mevalarni uzib olishda, suv purkashda ishlatadi. Ajablanarlisi, fillar oilasi urg‘ochilari tomonidan boshqariladi. Ularda hid sezish qobiliyati juda yaxshi rivojlangan. Hatto, odamlarni ham(hayvonot bog‘idagilar) hidlaridan ajratadi.
Fillar tabiatdagi deyarli barcha oziq-ovqatlarni "noz" qilmasdan iste'mol qilaveradi.
Hayvonot bog‘ida bo‘lganimizda «mehmon» fillarning ahvoli bilan qizikdik. Hozirda ular maxsus hozirlangan issiqxonada (+10 gradius) yashamoqda. Bog‘ xodimlari tomonidan ikkoviga malay tilida ism qo‘yilgan. Erkak filning nomi Putra (shahzoda) bo‘lsa, urg‘ochisi Putri (qirolicha) deb chaqiriladi. Ayni kunlarda havo harorati sovuq bo‘lsa-da ularning ahvoli yaxshi. Ularga bir kunda ikki marta (1000 da va 1600 da) yegulik berib turilar ekan. Shuningdek, o‘zlarini ona tabiat qo‘ynidagidek his qilishlari uchun ular ixtiyoriga basseyn berilgan. Chunki, bu jonivorlar suvni yoqtiradi. Bog‘ning ratsion oziqlantirish ilmiy xodimlari tomonidan har xil mevalar - limon, mandarin, olma, apelsin va hakozolar tartib bilan berib borilmoqda. Umuman olganda, fillarda yegulik tanlamaslik odati shakllangan. Shuning uchun ular hamma narsani paqqos tushiraveradi. Yana bir gap, ularga banan daraxtining tanasi berilsa ham bemalol yeyaveradi.
Ushbu fillar Malayziyadan keltirilganligi uchun ular bilan malay tilida gaplashish lozim. Bu borada ushbu tilni bilgan kishilar jonivorlar bilan yaxshi tillasha oladi. Bugungi kunda fillar malay tilida berilayotgan o‘ndan ortiq «yur», «to‘xta», «ovqatlan» va shu kabi buyruqlarni bajarayotgani kishini hayratga soladi.
Hayvonot bog‘iga keluvchi kishilar fillarni ko‘rishlari uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan. Eslatib o‘tamiz boqqa kirish yoshlar uchun 1000 so‘m, kattalar uchun esa 2000 so‘m qilib belgilangan. Hayvonot bog‘i xodimi Aziz Irismetovning aytishicha, joriy yilda hayvonot bog‘iga 600 dan ortiq hayvonlar xorij davlatlaridan keltiriladi.
Azim Ro‘ziyev

“Hurriyat” gazetasidan olindi.


Haykallar maqbarasi

Xitoy qadimiy tsivilizatsiya o‘choqlaridan biri hisoblanadi. Mamlakatning turli joylarida qadimiy, tarixiy yodgorliklarni uchratish mumkin. Ulardan biri Sin Shixuan yodgorligidir. Bu tarixiy obidani hatto dunyoning sakkizinchi mo'jizasi, deb ham atashadi.


1974 yilda bir guruh arxeologlarning Sin imperatori qabrini axtarish maqsadida olib borilgan qidiruv ishlari natijasida kutilmaganda ulkan haykallar qabri topildi. Olimlar ushbu qabrda 8 mingdan ziyod loydan yasalgan harbiy askar va otlarning saf tortib turgan haykallarini ko‘rib, hayratda qoldilar. Mazkur me'moriy yodgorlik miloddan avvalgi 221 yilda birinchi Butunxitoy imperatori Sin Shixuan davriga taalluqlidir.
Ayrim taxminlarga qaraganda, imperator 40 yoshlarga yetganda ruhiy xastalikka duchor bo‘ladi. Hukmdorning nazarida, yovuz ruhlar uni ta'qib qilayotganday tuyulaveradi. Shu sababdan, imperator o‘zini himoyalab turuvchi haykal harbiy qo‘shinlari bo‘lishini istaydi. Ushbu haykallarni yasab, o‘lganidan so‘ng o‘zi bilan birga ko‘milishini vasiyat qiladi. Imperator 50 yoshlarida vafot etadi va katta maydonda o‘zini va go‘yo uni himoyalab turuvchi haykallarni dafn etadilar. Shu bois, ushbu me'moriy yodgorlik ham imperatorning nomi bilan ataladi. Eng qizig‘i shundaki, oradan shuncha asr o‘tsa ham, haykallar asl holida saqlanib qolgan. Ular shunday mohirona yasalganki, yuz tuzilishlari xuddi tirik insonga o‘xshab, turli ishoralar bilan tasvirlangan, sira bir-birini takrorlamaydi. Ular o‘z lavozimlariga ko‘ra safga tizilgan. Ayrimlarini otga mingan, ba'zilarini kamon, nayza va boshqa turli qurol-aslahalar bilan jang maydonida dushmanga qarshi kurashga otlanayotgan holda ko‘rish mumkin. Askarlarning bo‘yi 1,8-2 m.gacha, otlarniki esa 1,5 m., uzunligi 2 m.ga teng. Ayrim haykallarga hatto turli xil bo‘yoqlar berilgan va hozirgi kungacha ularning rangi yo‘qolmagan.
Ammo arxeologlar hamon imperatorning qabrini topa olganlari yo‘q. Taxminlarga qaraganda, imperator qabri ushbu haykallar topilgan qabrdan 1 km. atrofida ulkan piramida ko‘rinishdagi maqbarada bo‘lib, uning atrofi simob suyuqligi bilan o‘ralgan. Shuning uchun qabrni ochish xavfli. Yana shunga o‘xshash bir qancha haykalli qabrlar mavjudligi bashorat qilinayapti. Olimlarning tadqiqot va qidiruv ishlari keng ko‘lamda olib borilmoqda.
Topilgan haykallar joyi hozirgi kunda katta muzeyga aylantirilgan. Dunyoning turli chekkalaridan Xitoyga kelgan sayyohlar ushbu noyob inshootni ko‘rishga oshiqadilar.

Ming tabassum o’lkasi



Tailand qirolligini bejizga "kulguxona" deb atashmaydi. Yerlik aholi o‘z yurtiga tashrif buyurgan har qanday mehmonga yuzida tabassum bilan doimo yordamga tayyor ekanini bildiradi. U yerda bir kun ana shunday jilmayishlarni "ovlagan" sayyohning o‘zi ham ko‘p o‘tmay bunday odatni qo‘llayotganini sezmay qoladi. Mamlakatda g‘am-anduhga o‘rin yo‘q, muammolar o‘tkinchi, faqatgina quvonch va saodat barhayot yashab qoladi, deb hisoblaydilar.
Mana shunday chiroyli qadriyatlar makoni bo‘lgan yurt dunyoga mashhur shaharlari, kurortlari, diqqatga sazovor joylari bilan ham faxrlanishga haqli. Demak, ayni jazirama paytida ko‘plab odamlarning Janubiy-Sharqiy Osiyodagi ushbu davlatga dam olish va sayr etish uchun kelishlarining sabablari bir qancha va arzigulik.
Bangkok
Tailand - sohillarini moviy dengiz suvlari yuvib turadigan plyaj-kurortlari bilan tanilgan bo‘lsa-da, u yerga tashrif buyurgan har bir sayyoh, albatta, poytaxtni tomosha qilish uchun vaqt ajratadi. Bundan tashqari, deyarli barcha sayyohlik firmalari taklifnomalari ro‘yxatidan Bangkok shahri ham joy olgan. U yerda Siamning moziydagi ajoyib madaniyatidan guvohlik beruvchi obidalar, zamonaviy texnologiyalarning namunalari, boylik va qashshoqlik uyg‘unlashib ketgan keng va tor ko‘chalar, sayyohlik markazlari, asrlar davomida o‘z qiyofasini yo‘qotmay kelayotgan mahalliy aholini ko‘rish, ular bilan tanishish mumkin.
Bangkokdagi 400 dan ortiq va har biri o‘z qiymatiga ega bo‘lgan ibodatxonalarni bir kunda aylanib chiqishning iloji yo‘q, shuning uchun ularning ichidan eng saralarini tanlagan ma'qul. Xususan, ko‘pincha yashm (nefrit) toshidan yasalgan haykal saqlanadigan ibodatxona, uning yonida joylashgan qirollikning betakror saroyi tavsiya qilinadi.
Yana bir qiziqarli sayohat - eski Bangkokni qayiqda aylanib chiqish. U yerni "tay Venetsiyasi" deyishadi va uylar shundoqqina daryo ustiga qurilgan bo‘lib, motorli uzun qayiqlar eng asosiy transport vositasidir.
Ushbu yurtga boradigan odam dam olish usulini oldindan aniqlashtirib olsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi, chunki variantlar yetarlicha va ular bir-biridan farqlanadi. Shovqin-suron, qiy-chuvni yoqtiradiganlar uchun alohida, yolg‘izlik, tinchlik-osudalik tarafdorlari uchun ham maxsus joylar taklif qilinadi.
Pattayya kurorti, Samuy va Pxuket orollarida ko‘plab restoranlar va yana boshqa bir qator ko‘ngil ochish nuqtalari bilan birga madaniy yodgorliklar ham kishi diqqatini o‘ziga tortadi.
Pattayya
Kxao Chi Chan tog‘idagi haykal shulardan biridir. Qoyaning oldi tomoniga balandligi 130 metrlik Buddaning o‘tirgan holatdagi tasviri naqshlangan. Uning qarama-qarshi tomonida ibodat qilish uchun maxsus joy (mahalliy xalq e'tiroficha, haqiqat maskani) qurilgan va uning atrofini go‘zal bog‘lar hamda yuzini nilufar gullar qoplagan bir nechta hovuz o‘rab turadi. O'g‘ochdan qurilgan va nafis qoplama bilan usti yopilgan bino taylar uchun diniy va falsafiy ma'no makonidir. Ularning fikricha, tog‘dagi muqaddas tasvir insoniyat tamad­duni durdonalaridan biri sanaladi.
Pattayyaning markazidagi taycha boks maktabi - Muang Tayda har kuni mashg‘ulotlar hamda haqiqiy janglarga shohid bo‘lish mumkin.
Samuy oroli
Bu yerda tomoshabop joylar juda ko‘p. Na Mung sharsharasi, Katta Budda ibodatxonasi, maymunlar teatri shular jumlasidandir. Kanoeda g‘orlarni va Ang-Txong-Marin qo‘riqxonasi hududidagi marjon (dengiz hayvonot olami vakili) bog‘ini aylanish, kapalaklar fermasiga tashrif buyurish ham kishiga o‘zgacha zavq berishi, shubhasiz.
Pxuket oroli
Orol tabiati go‘zalligi Kxao Pxra Txa milliy bog‘idagi qalin changalzordan boshlanadi. Undan keyingi diqqatga sazovor joylar sirasiga odatda dengizni o‘rganuvchi biologik markaz, cheksiz ummonning bir qatrasini o‘ziga jo qilgan rang-barang akvarium, "Talant" milliy muzeyi, Naga nomli marvaridlar fermasi kiritiladi. Vat Pxra Tong esa Pxuketdagi eng mashhur ibodatxonadir.
Maymunlar maktabiga sayohat uyushtirish yanada qiziqarli o‘tishi tabiiy. Tailandning janubida primatlarning maxsus o‘rgatilgan mazkur vakillari kokos plantatsiyalarida hosil yig‘ish uchun odamlarga yordam beradi. Maymunlar 1,5-2 yoshidan bu yerga keltirilib, mevani yig‘ib, aytilgan joyga olib kelishga o‘rgatiladi.
Osudalik manzillari
Yolg‘izlik va tinchlik istar ko‘ngillar Samuy oroliga yaqin Ko Tao, Pxuketdan unchalik uzoq bo‘lmagan Pi-Pi oroli va Krabi provintsiyalarini ixtiyor etishlari mumkin.
Pi-pi juda kichkina orollar to‘plami bo‘lsa-da, o‘zining qiyosi yo‘q tabiati bilan Yer sharidagi eng go‘zal joylardan biri sanaladi. U yerga sayohatga chiqish unutilmas damlarni hadya etadi. Lojuvard suv, qordek oppoq qum, tik qoyalar - bunday manzaralarni esdan chiqarish mushkul. Umuman, hordiq chiqarish uchun Ko Tao yo Krabi plyaji yoki Pi-pi Dona - bir-biridan qolishmaydi.
Bular ham zarur
Tailand haqida yana quyidagilarni bilib qo‘yish foydadan xoli emas. O‘zbekiston milliy entsiklopediyasiga asoslanib, bu haqda shunday deyish mumkin.
Tailand Qirolligi (Ratcha Anachak Thai, tailand tilida Prater Tai) - Janubiy-Sharqiy Osiyoda, Hindixitoy yarim orolining markaziy qismi va Malakka yarim orolining shimoliy qismida joylashgan davlat. Maydoni 514 ming kv. km. Aholisi 62,4 mln. kishi (2002). Poytaxti - Bangkok shahri. Ma'muriy jihatdan 73 viloyat (changwad)ga bo‘linadi.
Davlat tuzumi - konstitutitsion monarxiya.
U yerda 7 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun majburiy bepul ta'lim joriy qilingan. 1977 yildan umumiy ta'lim maktabining yangi tizimi qabul qilingan: boshlang‘ich ta'lim 6 yil, o‘rta ta'lim ham 6 yildan iborat. Darslar tay tilida olib boriladi. Xususiy maktablar ham faoliyat yuritadi.
Tailandda 13 ta universitet mavjud. Jumladan, talabalar Bangkokdagi Chulalongkorn (1917 y.), Tammasart (1933 y.), Kasetsart (1943 y.), Chingmay shahridagi universitetlar, bir qancha institut va kollejlarda tahsil oladi.
Ilmiy muassasalari - Bangkokda "Siyom" ilmiy jamiyati, universitetlar huzuridagi ilmiy-tadqiqotlar markazlari, ekologiya va boshqa ilmiy-tadqiqot institutlari mavjud. Ayrim ilmiy ishlar xorijiy va xalqaro jamg‘armalar tomonidan pul bilan ta'minlanadi. Bangkokdagi Milliy kutubxona (1905 y.), Tammasart va Chulalongkorn universitetlarining kutubxonalari aholining ilmiy-badiiy adabiyotlarga bo‘lgan ehtiyojini qondirishga harakat qiladi. Milliy muzey ham tarixiy va qimmatbaho eksponatlarga boy.
So‘ngso‘z
Tailandning "Osiyo yo‘lbarslari"dan biri sifatida tilga olinishi bejiz emas. U yerda nafaqat turizm, balki sanoat, qishloq xo‘jaligi mamlakat iqtisodining asosiy tirgaklari hisoblanadi. Yaqinda taylar yurti qit'a miqyosidagi yirik musobaqalardan biri - futbol bo‘yicha Osiyo kubogi o‘yinlari mezbonlaridan biri bo‘ldi va bu mamlakatda sportga ham yetarlicha e'tibor berilishidan dalolat. Katta-katta tadbirlarga mezbonlik qilish esa nafaqat mamlakatning obro‘sini ko‘taradi, balki iqtisodiy jihatdan ham ancha samara keltiradi.

Qoyilmaqom qonunlar

Qonun deganda jamiyat osoyishtaligi va taraqqiyotiga xizmat qiladigan jiddiy hujjatlarni tasavvur qilishga odatlanganmiz. Lekin dunyoning ayrim mamlakatlarida shunday qonunlar ham qabul qilinganki, ularga jiddiylik mezonidan turib baho berish juda qiyin. Eng qizig‘i, bu kabi antiqa qonunlar haligacha amalda...

* Buyuk Britaniya parlamenti binosida vafot etish man etiladi.

* Frantsiyada cho‘chqa bolasiga Napoleon ismini berish taqiqlanadi.

* Alabamada mashinani ko‘zi bog‘langan holda boshqarish mumkin emas.

* Mayamida politsiya binosida skeytbordda uchgan shaxs javobgarlikka tortiladi.

* Londonda faxriy fuqaro maqomiga ega bo‘lgan shaxs shahar markazidagi ko‘prikdan qo‘ylar otarini boj to‘lamasdan haydab o‘tish huquqiga ega.

* Salvadorda mashinani mast holda boshqargan haydovchi otuvga hukm qilinishi mumkin.

* Floridada yakshanba kuni parashyutdan sakragan boshi ochiq ayollar qamoqqa hukm qilinadi.

* Londonda vabo kasaliga chalingan odam taksi to‘xtatishi man etiladi.

* Yorkning eski shahar qismida shotlandlarni o‘ldirish mumkin emas. Shotlandiyalik o‘qotar qurol yoki... piyozga ega bo‘lgan hol bundan mustasno.

* Kolorado shtatida qushlarni o‘ldirish qat’iyan man etiladi. Shuningdek, shtat aholisi uy hayvonlari boqishi ham mumkin emas.

* Buyuk Britaniya sohillarida o‘lik holda topilgan kitning boshi mamlakat qiroliga tegishli. Ulkan jonivorning dumi esa qirolicha ixtiyorida — kitning suyagi qimmatbaho taqinchoqlar tayyorlashda kerak bo‘lib qolishi mumkin.

Oliy ta’lim berilmaydigan mamlakat

Har bir mamlakat o‘z mezonlari asosida ta'lim tizimi tamoyillarini belgilaydi. Ana shu jihatdan turli davlatlarda ta'lim olish imkoniyatlari turlicha bo‘ladi. Tizimga asos solinayotgan paytda mamlakatning tarixiy an'analari, bugungi kun talablari, mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyoj darajasi, iqtisodiy, ijtimoiy imkoniyat va qonuniyatlari inobatga olinadi.


Jahon mamlakatlari ta'lim tizimiga nazar tashlar ekansiz, ba'zida ibratli, gohida hayratlanarli holatlarga duch kelasiz. Shunday ta'lim tizimiga ega davlatlardan biri Lyuksemburgdir.
Bilasizmi, bu yerda oliy ta'lim muassasalari umuman mavjud emas. To‘g‘ri, mamlakatda 4 ta institut faoliyat ko‘rsatadi. Ularning barchasi davlatga tegishli. Biroq ular haqiqiy ma'nodagi oliy akademik ta'lim beruvchi muassasalar hisoblanmaydi, balki ko‘proq kasbiy ta'lim yo‘nalishidagi institutlar vazifasini bajaradi.
Ta'lim tizimi haqida gapirsak...
Lyuksemburg ta'lim tizimi 1912 yildan buyon (shu yili tizimga asos solingan) o‘zgarmagan. 16 yoshgacha bo‘lgan barcha bolalar ta'lim olish uchun ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lishi lozim. O‘qish jami 11 yil davom etadi. Bu muddat ichiga 2 yillik tayyorlov kurslari ham kiritilgan.
Xalq ta'limi tizimi 4-6 yoshli bolalar uchun mo‘ljallangan maktabgacha muassasalardan boshlanadi. Keyingi bosqich esa boshlang‘ich majburiy maktablardir. Ularda o‘qish muddati 6 yil (6 -12 yosh). Mazkur bosqichda bepul ta'lim beriladi. Maktablar davlatga qarashli yoki xususiy muassasa bo‘lishi mumkin.
Bola 12 yoshida o‘rta maktabga boradi va unda 3 yil tahsil oladi. Mamlakatda o‘rta ta'lim umumiy va ikkinchi darajali texnik ta'limga bo‘linadi. Shuningdek, o‘rta maktab ta'limi klassik va zamonaviy litseylarda ham amalga oshiriladi. O‘qish klassik litseylarda 7 yil, zamonaviy litseylarda 6 yil davom etadi. Bunday maktablar pulli asosda ta'lim berib, u yerda o‘qish majburiy hisoblanmaydi.
O‘quv yili oktyabrda boshlanib, iyul oyida yakunlanadi.
Kamida uchta chet tilini bilishadi
Majburiy maktabda ta'lim nemis tilida olib boriladi. O‘rta maktabda esa darslar frantsuz tilida o‘tiladi. Frantsuz tili xuddi shu tartibda majburiy maktablarda ham o‘rgatiladi.
Aytish lozimki, xorijiy tillarni o‘rganishda bolalar ham, kattalar ham davlat tomonidan birdek qo‘llab-quvvatlanadi. Buning uchun Lyuksemburg tillar markazi doimiy xizmatda. Ushbu markazning oddiy til markazlari qatorida emasligini ta'kidlash lozim. U shunchalar mashhurki, muassasa barcha murojaat etuvchilarga ham "labbay" deyishga imkon topolmay qoladi. Markaz til o‘rganish uchun zarur bo‘lgan barcha qulayliklar, jumladan, bepul kompyuter ta'limini berish imkoniyatiga ega.
Davlat tomonidan ko‘rsatilgan yordam hamda fuqarolarning intiluvchanligi samarasi o‘laroq, mamlakat fuqarolarining deyarli har biri kamida 3 tadan xorijiy tilni o‘zlashtirgan.
1798 yildan buyon ishlayotgan kutubxona
Yuqorida aytilganidek, Lyuksemburgda oliy o‘quv yurtlari yo‘q. 1969 yilda xorijiy universitetlarga o‘qishga tayyorlovchi universitet markazi ochilgan. Mazkur markazda o‘qishni yakunlagach yoshlar chet davlatlari oliy o‘quv yurtlarining 2-kursiga kirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
To‘g‘ri, bu yerda 1973 yilda asos solingan Mehnat universiteti kabi bir necha universitet yoki institutlar bor, ammo ularda to‘la maxsus ma'lumot berilmaydi.
Mamlakatda bir necha kollej va konservatoriya bor. Shu bilan birgalikda shaharda 1798 yildan buyon ishlab kelayotgan Milliy kutubxona mavjud bo‘lib, uning jamg‘armasi g‘oyat katta. Milliy muzey ham xuddi shu yerda joylashgan. Bundan tashqari, Tabiatshunoslar jamiyati va Buyuk gertsog instituti ham faoliyat ko‘rsatadi. Ushbu institutda tarix, tibbiyot, tabiiy fanlar, adabiyot va san'at sektsiyalari mavjud.
Qaerda mutaxassis bo‘lishadi?
Lyuksemburgda mavjud muhandis-texniklar yoki boshlang‘ich maktab o‘qituvchilari kurslari yoki 2 yillik amaliy kurslar bitiruvchilarining nufuzi nihoyatda baland. Ular uchun ishga joylashish yoki dunyoning biror boshqa mamlakatida o‘qishni

davom ettirish uchun hech qanday qiyinchiliklar bo‘lmaydi. Ammo ular oliy ma'lumotli mutaxassislar hisoblanmaydi.


Agar to‘liq oliy ta'lim olish xohishi bo‘lsa, u holda fuqarolar universitet ta'limining 1-kursini Lyuksemburgda o‘qiydilar, keyin esa Frantsiya yoki Belgiyaning biror universitetiga o‘tishlari mumkin. Ana shu tarzda Lyuksemburg fuqarolari akademik ta'limni xorijda oladilar. O‘rta hisobda chegara ortida ta'lim oluvchilar soni 3,2 ming nafardan (2002) ortadi. Lyuksemburgliklar uchun oliy ta'lim olishda eng ma'qul ko‘rilgan mamlakatlar - Belgiya, Frantsiya, Germaniya, Avstriya va Buyuk Britaniya.
Xo‘sh, mamlakat fuqarolari nima asosda oliy ta'limni xorijda olish yoki u yerdagi o‘qishni bir yo‘la ikkinchi kursdan boshlash huquqiga ega bo‘ladi?
O‘z rivojining asosiy kaliti va tayanch nuqtasi sifatida ta'lim sohasini ko‘rgan Yevropa mamlakatlari Yevropa oliy ta'lim hududini yaratish uchun salmoqli ishlarni amalga oshirgan. 1998 yil 25 mayda qabul qilingan Sorbon deklaratsiyasi universitetlarning Yevropa madaniy qadriyatlarini rivojlantirishdagi ahamiyatini ta'kidlab ko‘rsatdi. Bu hujjat Yevropa oliy ta'lim Hududini yaratish imkonini berdi. Undan ko‘zlangan maqsad qit'aning umumiy rivoji uchun malakali mutaxassislarni yetkazib berish bo‘ldi.
Shuningdek, yagona ta'lim kengligini yaratish va oliy ta'lim tizimini uyg‘unlashtirish yo‘lida 1999 yil qabul qilingan Bolone deklaratsiyasi ham katta ahamiyat kasb etdi. Rasman Bolone jarayonida 35 ta a'zo mamlakatlar ishtirok etadi. Oliy ta'limning ikki bosqichli modelida akademik darajalarni qiyoslash, akkumulyatsiya (jamlash) va kreditlar transferti (ESTC - Kreditlar trancferti bo‘yicha Yevropa tizimi), ta'lim sifati kafolatlari sohasida hamkorlikni rivojlantirish, jumladan, akkreditatsiya va sertifikatlashtirish mexanizmlarining o‘zaro tan olinishi deklaratsiyada nazarda tutilgan jarayonlar turkumidandir.
ESTC - aynan mana shu Yevropa o‘tkazish tizimi lyuksemburgliklarga yuqorida sanalgan imkoniyatlarni taqdim etadi. Buning uchun talabalar tizim mezonlari bo‘yicha o‘zlari ko‘chirilayotgan oliy o‘quv yurti talablariga javob berishi kerak.
Yevropa miqyosida qo‘llab-quvvatlanayotgan xorijda oliy ta'lim bosqichida tahsil olish Lyuksemburg hukumati tomonidan ham maxsus moliyalashtirish dasturlari bilan qo‘llab-quvvatlanadi va kafolatlanadi. Davlat tomonidan ta'limga ajratiladigan xarajatlar byudjetning 11,3 foizini tashkil etadi. Bu borada ta'lim xarajatlari faqat ijtimoiy xarajatlardan keyingi ikkinchi o‘rinni egallaydi.
Lyuksemburg G‘arbiy Yevropadagi maydoni bor-yo‘g‘i 2586 km. kv. bo‘lgan kichik bir davlat. Uning aholisi ham o‘ziga yarasha - 443 ming (2001) kishidan iborat. Ammo mamlakat fuqarolari shu darajada ilmga chanqoqki, hatto yetuk mutaxassis bo‘lish uchun o‘zga davlat universitetlari eshigini taqillatishga va jahon xaritasida yuksak darajada rivojlangan industrial davlat sifatida qayd etilgan vatanlari rivojiga hissa qo‘shishga doimo tayyor.

Birovni o`rgatishingga o`zing o`ganishing uchun lozim bo`lgandan ko`ra ham ko`proq aql kerak.

Mishel de Monten

Kosmik sarob...




Download 354 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2   3   4   5   6   7




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling

kiriting | ro'yxatdan o'tish
    Bosh sahifa
юртда тантана
Боғда битган
Бугун юртда
Эшитганлар жилманглар
Эшитмадим деманглар
битган бодомлар
Yangiariq tumani
qitish marakazi
Raqamli texnologiyalar
ilishida muhokamadan
tasdiqqa tavsiya
tavsiya etilgan
iqtisodiyot kafedrasi
steiermarkischen landesregierung
asarlaringizni yuboring
o'zingizning asarlaringizni
Iltimos faqat
faqat o'zingizning
steierm rkischen
landesregierung fachabteilung
rkischen landesregierung
hamshira loyihasi
loyihasi mavsum
faolyatining oqibatlari
asosiy adabiyotlar
fakulteti ahborot
ahborot havfsizligi
havfsizligi kafedrasi
fanidan bo’yicha
fakulteti iqtisodiyot
boshqaruv fakulteti
chiqarishda boshqaruv
ishlab chiqarishda
iqtisodiyot fakultet
multiservis tarmoqlari
fanidan asosiy
Uzbek fanidan
mavzulari potok
asosidagi multiservis
'aliyyil a'ziym
billahil 'aliyyil
illaa billahil
quvvata illaa
falah' deganida
Kompyuter savodxonligi
bo’yicha mustaqil
'alal falah'
Hayya 'alal
'alas soloh
Hayya 'alas
mavsum boyicha


yuklab olish