Grafik dizaynning zamonaviy sohalari
Hozirgi kunda grafik dizayn reklama, nashr va kitob chop qilish, kino, televidenie, kompyuter va elektron texnika kabi ommaviy axborot sohalarida juda keng qo‘llaniladi. Grafik dizayn vositalari yordamida har xil yo‘nalish va murakkablikdagi vizual ma’lumotlar yaratiladi.
Grafik dizaynni bajaradigan ishlariga qarab quyidagi sohalarini ajratish
mumkin:
- tipografiya, kalligrafiya, shriftlar va shrift grafikasi, gazeta, jurnal va
kitoblarning poligrafik dizayni;
- firma stili (korporativ stil), firma belgilari, logotiplar, brendbuklar, firma ramzlarining elementlari;
- vizual tarmoq tizimlari;
- navigatsion va axborot muhit qurilmalari (elektron va bosma);
- reklama mahsulotlarining barcha turlari;
- tayyorlanadigan mahsulotlar uchun o‘ram va idishlarning vizual echimlari;
- televizion ko‘rsatuvlar va boshqa ommaviy axborot vositalarining visual stillari.
Grafik dizaynning asosiy mahsulotlari
XX asrda reklama texnologiyalarining keng tarqalishi natijasida grafik ijod mahsullari jamiyat hayotining barcha sohalariga keng kirib bordi. Kitob, gazeta, jurnal va plakatlarni bezash, o‘ram, etiketka, firma belgi va stillari, shrift tayyorlash kabi an’anaviy sohalarga so‘ngi 10 yillar ichida kompyuter dizayni va uning alohida yo‘nalishi Web-dizayn, ya’ni Internet tarmoqlari uchun Web-saytlar yaratish ham qo‘shildi. Bugungi kunda grafik dizayn mahsulotlari sifatida quyidagilarni ko‘rsatish mumkin:
- kompaniyaning korporativ stili va uning elementlari;
- bukletlar, broshyuralar, kalendarlar va boshqa poligrafiya mahsulotlari;
- o‘ram, etiketka va muqovalar;
- suvenir (sovg‘a) mahsulotlari;
- internet-saytlar;
- kitob maketlari va bezaklari.
Korporativ stil (firma stili) - bitta g‘oya atrofida birlashgan grafik shakl va yasashlarning to‘plami. Asosiy vazifasi istemolchi ko‘z o‘ngida o‘xshash kompaniyalar orasida mazkur kompaniyani ajratib turuvchi obrazi (siymosi) ni yaratishdan iborat. “Korporativ” yoki “firma stili” firma yoki savdo markasidan iste’molchiga etkazib beriladigan mahsulot haqida ma’lumot beradigan so‘zlar va vizual tasvirlarning o‘zgarmas jamlanmasi shaklida tushuniladi. Firma stili tushunchasi 20-asrning boshlarida AQSHda bir xil sohada faoliyat ko‘rsatib, bir xil mahsulot tayyorlaydigan kompaniyalarning keskin ko‘payib ketishi natijasida ularni iste’molchiga tanitish zaruriyati tug‘ilishi bilan dunyoga kelgan.
Firma stili – vizual-axborot tizimi bo‘lib,logotip, shrift, rang, tasvir va boshqa elementlarni o‘z ichiga oladi hamda ular yordamida o‘zining takrorlanmasligini ko‘rsatishga xizmat qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |