Belgi tushunchasi va uning talqinlari
I. Hojaliyev. Filologiya fanlari nomzodi, dotsent
Z. Soliyeva FDU 1-bosqich magistranti
Annotatsiya. Ushbu maqolada belgi so‘zining ma’nosi, uning turlari va qaysi sohalarda keng o‘rganilishi to‘g‘risida ma’lumotlar keltiriladi. Belgilar tizimini o‘ranuvchi maxsus fan hamda bu atamani kimlar tomonidan qo‘llanganligi kabi savollarga, keltirilgan misollar orqali javob topish mumkin.
Annotation. This article provides information on the meaning of the word sign, its types and areas in which it is widely studied. Answers to questions such as the apeciel science of character systems and who used the term.
Аннотация. В данной статье представлена информация о значении слова знак его видах и областях в которых он широко изучается. Ответы на такие вопосы как специальная наука о системах символов и кто использовал етот термин.
Kalit so‘zlar. Belgi, semiotika, til, g‘ayritil, belgi turlari, sifat.
Keywords. Character, semiotics, intransitive, character types, qualty
Ключевые слова. Персонаж, семиотика, язик, непереходность, типы символов, качество.
Tilshunosligimizda so‘z turkumlarini leksiksemantik, morfologik, uslubiy, formal-funksional jihatdan o‘rganish bo‘yicha ko‘pgina ishlar amalga oshirilgan. Jumladan, o‘zbek tilidagi ot, sifat, son, sifat, fe’l, ravish kabi so‘z turkumlarining leksik- morfologik xususiyatlari ko‘pgina tadqiqot ob’yekti bo‘lgan. Hozirgi o‘zbek tilida predmet belgisini ifoda qiluvchi leksemalarning spetsifikasini o‘rganishga belgilangan bir necha tadqiqodlar mavjud. Ekspressivlik darajasi, ma’no ko‘chish imkoniyati boshqa so‘zlarga qaraganda kuchli bo‘lgan sifat, sifat leksemalarining ayrim semantik tiplari tadqiqiga oid ishlar amalga oshirilgan. Chunki belgi bildiruvchi so‘zlar tilda anchagina. Ularning qo‘llanish darajasi va nutqiy ma’nolari, ma’no tovlanishlarini tahlil qilish tilimiz ifoda imkoniyatlari, boyligini to‘laroq tasavvur qilish imkonini beradi.
Belgi deganda, odatda, biror bir shaxs yoki predmetning turli xil ko‘rinishi, xususiyati, shakl-shamoyili va hokazolar ko‘z oldimizga keladi. Besh tomlik o‘zbek tilining izohli lug‘atida esa, belgining turli xil ma’nolari sanab o‘tilgan.
Belgi 1. Tanib olish, ko‘rsatish yoki farqlashga xizmat qiluvchi narsa; nishon, alomat; tamg‘a. Yo‘qolgan bolaning belgilari. Fabrika belgisi. Insonlikning eng dastlabki belgisi mehnatsevarlikdir. (Gazetadan)
2.Biror ma’no, mazmun yoki miqdor ifodalaydigan grafik alomat, ishora. So‘roq belgisi (tlsh.). Tenglik belgisi (mat.) Olisda oq qobirg‘ali ulkan kemalar ko‘rinadi. Undan beriroqda cheklovchi belgilar – qizil bayroqchalar lippillab turibdi. (S.Siyoyev, Otliq ayol).
3. Narsa, voqea-hodisalarning o‘ziga xos xususiyati, sifati. Buyumlarning sifat va xususiyatlari logikada belgilar deb ataladi. (“Logika”). Gapda otning biror belgisini bildirib, “qanday?”, “qanaqa?”, “kimning?”, “nimaning?”, “nechanchi?” kabi so‘roqlarga javob bo‘lib kelgan ikkinchi darajali bo‘lak aniqlovchi deb ataladi. (“O‘zbek tili darsligi”).
4. Ichki kechinma, holatdan, kasallikdan dalolat beruvchi tashqi alomat; ramz. Sukut – rozilik belgisi. (maqol). Sodda muomala yaqinlik va mehribonlik belgisidir! (A. Qodiriy, Mehrobdan chayon)1.
Belgi – moddiy, hissiy ravishda idrok etadigan predmet, voqea yoki harakat. Bu harakat bilishda ko‘rsatmalar, ishoralar sifatida yoki boshqa predmet, xususiyat, munosabatlarda namoyon bo‘ladi. Belgi tushunchasi falsafa, mantiq, tilshunoslik, psixologiya, sotsiologiyada tahlil qilinadi, ya’ni inson faoliyatini tadqiq qilish bilan bog‘liq bo‘lgan hamma fanlarda muhim o‘rin tutadi. Antik faylasuflar (Platon, Aristotel), 17-18-asrlarning mutaffakkirlari (Lokk, Leybnis, Kondilyak) bilishda belgilarning roliga katta e’tibor berar edilar. Belgi haqida maxsus fan – semiotika vujudga keldi. Belgilar til va g‘ayritil belgilarga bo‘linadi. G‘ayritil belgi ham o‘z navbatida belginusxalar, belgialomatlar, belgisignallar kabi guruhlarga bo‘linadi. Belgining axborot uzatish jarayoni bilan aloqasi muhimdir. Biron moddiy obyektdan iborat bo‘lgan belgi boshqa biron narsani belgilash uchun xizmat qiladi. Belgining predmet ma’nosini, ekspressiv ma’nosini aniqlamasdan turib belgini tushunish mumkin emas2
Bundan tashqari biz belgi ifodalovchi so‘zlarga ko‘pincha sifat va ravish so‘z turkumini olamiz. Aslida esa bulardan boshqa turkumlar ham belgi ma’nosini bildirishi mumkin. Masalan, asfalt yo‘l birikmasida asfalt so‘zi ot turkumiga mansub bo‘lsa-da, “qanday yo‘l?” so‘rogiga javob bo‘lib yo‘lning belgisini bildirib kelyapti. Bunday so‘zlar tilimizda talaygina: tosh yo‘l, taxta ko‘prik, atlas ko‘ylak, oltin soat, kumush qoshiq va hokazolar. Shuningdek, chol, kampir, qiz, o‘g‘il, kasal so‘zlari tarixan sifat turkumiga mansub bo‘lsa ham, hozirda ot so‘z turkumiga ko‘chgan.
Belgi ikki xil ma’noda qo‘llaniladi: keng va tor. Tor ma’nodagi belgiga sifat va ravish turkumlaridagi so‘zlarning o‘z ma’nolarini olsak, keng ma’noda esa, yaxshilik belgisi, yomonlik belgisi, kenglik va torlik belgisi, keksalik va yoshlik belgisi va boshqalarni kiritishimiz mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |