Baxt qushini uchirmang!
Qiz bola dunyoga kelibdiki,oppoq libos kiyib kelinchak bo’lishni,chimildiqqa kirib, o’z shahzodasi bilan baxtli yashashni orzu qiladi.Mana shu chiroyli baxtga erishgandan so’ng ,bu baxtni asrash,oila degan muhtasham qasrni bunyod qilish har bir qizning o’z qo’lida.
Aziz singiljonim!Mana shu baxt qasriga kirib kelgan kuningdan boshlab bir narsani qattiq uqib ol.
O’zga xonadonga borganingdan so’ng faqatgina mehnating,shirin muomalang,farosating bilan ushbu qasrni yanada charog’on va mustahkam qila olishing mumkin.
Quyidagi uch qoidaga doimo amal qil: Baxtli bo’laman desang,hech ham mehnat qilishdan qochma,izzat topaman desang,shirinso’z bo’l,sevimli bo’laman desang,har bir qiladigan ishingni aql va farosat bilan qil.Shunda sen eng baxtli ayol,oilang esa eng mustahkam qo’rg’on bo’lgay insholloh!
To’rtlik
Hayotda ko’p narsa ayolga bog’liq,
Baxt qasrin aslida ayol quradi.
Erkaklar bosh bo’lsa ro’zg’or but bo’lar,
Boshni to’g’ri yo’lga bo’yin buradi.
Muzaffarova Oqila. 39-maktab onatili va adabiyot fani o’qituvchisi.
Mehr qolur,muhabbat qolur.
Bu gulshan ichra yo’qtur baqo guliga sabot,
Ajab saodat erur chiqsa yaxshilik bila ot.
“Bu dunyo-o’tkinchi”,”Umr-omonat”degan so’zlarni ko’p eshitamiz.Darhaqiqat,bu ko’hna dunyo ne-ne buyuk zotlarni mehmon qilmadi quchog’ida.Shu bir lahzalik dunyoda yaxshi nom bilan qolmoq oliy baxtdir.
O’zbek adabiyotining so’nmas yulduzi,hassos shoir Muhammad Yusuf shunday oily baxtga erishgan inson desak mubolag’a bo’lmaydi.Holbuki,qalami ostida so’zlarni marjon kabi tiza olgan shoirning qalbi ham unga ilhom bergan tonggi shudring misol pok va beg’ubor edi.Uning har bir she’rida o’zgacha dard ,o’zgacha ma’no bor.U chin ma’nodagi vatanparvar,tabiat va hayot shaydosi,betakror shoir edi.
Muhammad Yusuf boshqa shoirlar singari tabiatdan,gullardan,maysa-yu kapalaklardan ilhom olgan,ammo uning she’rlari o’ziga xos sodda,jaydari,oddiy,xalq yuragiga yaqin,shu bilan birga har biri bir alohidalikka ega bo’lgan san’at asaridir.Muhammad Yusuf she’riyati qanchalik oddiy va samimiy bo’lsa,shu darajada buyuk va ardoqli.Har bir she’r mutolaasiga kirishgan inson qalbi beixtiyor to’lqinlanib unsiz yig’laydi,sukunat ichra junbushga keladi.
Muhammadga ishongan ey,mo’minlar,
O’lsam,so’zim eslab,o’yga cho’minglar.
Kapalakning qanotiga ko’minglar,
Kapalaklar odamlardan mehribon.
Sevimli shoirimiz qisqa umri davomida insonlarga o’zining betakror satrlari bilan she’rlaridagi kapalak misol go’zallik va beg’uborlik ulasha oldi.
Bu olamda hech narsa abadiy emas,faqat chin insoniy tuyg’ular—sofdillik,mehr-oqibat abadiy.Xalq dardini,shoidligini,orzu-armonini xalqona tarzda kuylay olgan shoir nomi uning ash’orlari singari abadiy yashaydi.
Oqila Muzaffarova. 39- maktab o’qituvchisi.
Do'stlaringiz bilan baham: |