2. Bankning moliyaviy holat to‘g‘risidagi (balans) hisobotini tuzishning o‘ziga xos xususiyatlari
Moliyaviy holat to‘g‘risidagi hisobot uzoq yillar davomida “buxgalteriya balansi” yoki “balans hisoboti” nomlari bilan mashhur bo‘lib kelgan. Mazkur hisobot foydalanuvchilar uchun bankning moliyaviy holati va likvidliligi to‘g‘risidagi muhim axborotlarni o‘zida mujassamlashtiradi. Balansning ahamiyati bankning yoki boshqa biror - bir xo‘jalik sub’ektining moliyaviy ahvolini baholovchi eng yaxshi moliyaviy ma’lumotlar tizimi ekanligidadir. Uning foydaliligi shundan iboratki, balans ko‘pchilik moliyaviy koeffitsientlarni (likvidlik, moliyaviy barqarorlik, rentabellik va boshq.) hisoblash va uning aktivlarini baholash uchun asos yaratadi. Banklar uchun esa balans, ularning bo‘lg‘usi pul oqimlarini va bank xatarlarini baholashda juda qo‘l keladi.
Buxgalteriya balansi yaratilgandan beri uning oldiga tushadigan boshqa biror hisobot shakli vujudga kelgan emas.
Buxgalteriya hisobini tartibga soluvchi xalqaro tashkilotlar tomonidan esa moliyaviy holat to‘g‘risidagi hisobotni yanada mukammallashtirish va ayni paytda uni soddalashtirish ustida muntazam ravishda ish olib boriladi.
Ma’lumki, balans so‘zining lug‘aviy ma’nosi frantsuzcha balanse – tarozi, lotincha bilanx – tarozining ikki pallasi61 ma’nosini anglatadi.
Tabiiyki tarozining ikki pallasi bir - biriga teng yoki barobar bo‘lishi lozim. Ma’lumki, buxgalteriya hisobi Luko Pacholli tomonidan matematika fani sifatida yaratilgan. Buyuk olim buxgalteriya hisobiga ham matematik uslubda yondoshgan. Zero, matematika masala echimining to‘g‘riligini tenglik chiqarish orqali isbotlaydi. Buxgalteriya hisobi operatsiyalarining to‘g‘riligi esa balans chiqarish orqali tasdiqlanadi.
Buxgalteriya hisobida balansga chiqish, o‘z vaqtida “inson ongining mo‘‘jizasi” sifatida baholangan ikki yoqlama yozuv uslubini qo‘llash hisobiga erishiladi. Ikkiyoqlama yozuv qoidasiga muvofiq bir operatsiya ikki marta qayd etiladi. Natijada ularning aylanma summalari ham va ulardan hosil bo‘lgan qoldiq summalari ham bir - biriga teng bo‘lishi ta’minlanadi. Buxgalter tili bilan gapirganda debet aylanma kredit aylanmaga, aktiv hisobvaraqlar qoldig‘i esa passiv hisobvaraqlar qoldig‘iga teng bo‘lishi lozim. Qoldiq summalar tengligi buxgalteriya balansi nomini olgan va uni quyidagi matematik tenglik bilan ifodalash mumkin.
Aktiv = Majburiyat + Kapital
Ushbu tenglik bank resurslari (aktivlar) bilan bank kapitali (passivlar) summalarini o‘zaro mosligini ifodalaydi va mulk egasiga o‘z mulkining butligini nazorat qilish imkonini beradi. Binobarin, o‘sha vaqtda buxgalteriya hisobining nazorat vazifasi uning asosiy maqsadi sifatida maydonga chiqdi.
Lekin, balansdagi tenglik mezoni buxgalteriya hisobi predmetiga qanchalik singdirilgan bo‘lmasin, u oddiy hisobchilik tamoyili edi xolos. Keyinchalik iqtisodiy munosabatlarning rivojlanishi va murakkablashuvi buxgalteriya hisobi predmetiga maqsadli va mazmunan yondoshish kuchayib bordi. Mulkni nazorat qilish mulk egasining manfaatiga xizmat qiladi. Mol etkazib beruvchilar, qarz beruvchi bank va boshqa moliyaviy tashkilotlar, mazkur korxona bilan iqtisodiy hamkorlik qilish uchun uning moliyaviy holatini bilishga qiziqishadi. Ayniqsa, korporativ mulk egaligining mahsuli hisoblangan investorlarning (aktsiyadorlar) manfaatlari pul tikayotgan sub’ektning moliyaviy holati bilan chambarchas bog‘liqdir.
Ma’lumki, har qanday bankning moliyaviy holati avvallo uning xususiy kapitalining hajmiga bog‘liqdir. Agar passivlar yoki jami kapital korxonaning o‘z kapitali (xususiy kapital) va jalb qilingan kapitaldan (majburiyat) iborat ekanligi inobatga olsak yuqoridagi tenglik o‘rinli hisoblanadi. Foydalanuvchi mazkur axborotlarga asoslangan holda bankning moliyaviy holatiga baho beradi. Yuqorida ta’kidlangandek, bank moliyaviy holatini ifoda qiluvchi axborot, bu uning xususiy kapitalidir. Shu nuqtai nazardan, tenglamani matematika qoidalariga asosan quyidagicha o‘zgartiramiz. Kapital = Aktiv - Majburiyat
Bugungi kunda, investor, kreditor, mol etkazib beruvchi, Hukumat organlari va boshqa foydalanuvchilar tomonidan buxgalteriya balansiga faqat uslubiy jihatdan tenglikni ta’minlovchi vosita sifatida emas, balki unga buxgalteriya hisobining maqsadidan kelib chiqqan holda mazmunan yondoshilmoqda. Binobarin, bu hisobot bankning moliyaviy holatini ifodalovchi axborotlar tizimi ekanligiga asosiy e’tibor qaratilgan.
SHu sababli bo‘lsa kerak, Moliyaviy hisobotlarning xalqaro standartlari Kengashi tomonidan o‘tkazilgan islohotlar natijasida 2006 yilda buxgalteriya balansi nomi moliyaviy hisobot maqsadidan kelib chiqqan holda moliyaviy holat to‘g‘risidagi hisobotga o‘zgartirildi, lekin mazkur hisobotni boshqacha nomlashga ham ruxsat etildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |