Qimmatli qog`ozlarning xususiyatlari
Qimmatli qog‘ozlarning asosiy (fundamental) xususiyatlariga aylanuvchanlik, likvidlilik va xatar kiradi.
Aylanuvchanlik – bu qimmatli qog‘ozning bozorda harid qilinishga va sotilishga, shuningdek, ko‘pchilik hollarda boshqa tovarlar muomalasini osonlashtiruvchi mustaqil to‘lov vositasi sifatida qo‘llanishiga qodirligidir. Barchaga ma‘lum bo‘lgan P – T (pul – tovar), T – P (tovar – pul) metamorfozalarda qimmatli qog‘ozlar ham tovar sifatida, ham pul sifatida qatnashishi mumkin. Qimmatli qog‘ozlar ma‘lum ma‘noda tovar hisoblanadi, u o‘z qiymatiga va iste‘mol qiymatiga ega. Ushbu alohida turdagi tovarning qiymati bir qancha omillarga bog‘liq, masalan, ular tomonidan keltiriladigan daromadning hajmi, ssuda foizining me‘yori, nisbatan yuqori kurs bo‘yicha sotilishi mumkinligi, korxonani boshqarishda ishtirok etish imkoniyati va hokazolar. Qimmatli qog‘ozlarning iste‘mol qiymati shundan iboratki, ular orqali qimmatli qog‘oz egasi o‘z kapitalini oshirish, saqlash, korxonani boshqarishda ishtirok etishdagi aniq talablarini qondiradi. Shu bilan birga, ba‘zi holatlarda qimmatli qog‘ozlarning alohida turlari (davlat obligatsiyalari, veksellar) ma‘lum bir qulay vaziyatlarda pul vazifasini – muomila va to‘lov vositasini ham bajarishi mumkin. Ma‘lumki, ayrim
mamlakatlarda ko‘chmas mulk, avtomobil va boshqalar bilan hisob – kitob qilish chog‘ida yuqori likvidli davlat obligatsiyalaridan to‘lov vositasi sifatida foydalaniladi.
Likvidlilik – bu qimmatli qog‘ozning uning egasi uchun deyarli zarar keltirmagan holda tez sotilish, pul mablag‘lariga aylayaish qudratidir. Likvidlilikka ta‘sir ko‘rsatadigan omillar uchta guruhga: a) umumiqtisodiy omillar; b) mazkur mamlakatda qimmatli qog‘ozlar bozorini tashkil qilish darajasi bilan bog‘liq omillar; emitentning o‘ziga xos xususiyatlari bilan bog‘liq omillar. Umumiqtisodiy omillarga pul muomalasi, iqtisodiyotni davrning u yoki bu bosqichida bo‘lishi,
sarmoyadorlar tomonidan to‘lovga qodir talabning mavjudligi, bank hisob – kitoblarini amalga oshirish tezligining darajasi kabilar kiradi. Fond bozorini tashkil etish bilan bog‘liq omillarga imkoniyatli sarmoyadorlarning axborotga ega bo‘lish darajasi, market–meykerlar muassasasining mavjudligi, bir tranzAksiya qiymatining miqdorini kiritish mumkin. Alohida emitent darajasida qimmatli qog‘ozlarning likvidliligi, avvalo, uning moliyaviy ahvoliga, amal qilishi muddatiga, zararsiz faoliyat ko‘rsatishiga, to‘lanadigan daromadlarning miqdoriga, rivojlanish taxminlari hamda istiqbollariga va hokazolarga bog‘liq. So‘zsiz, bu ma‘noda fond birjalarida baholanadigan qimmatli qog‘ozlar eng yuqori likvidli qimmatli qog‘ozlar bo‘lishi tabiiy.
Xatar – qimmatli qog‘ozlar (shu jumladan, investitsiyalar bilan) operatsiyalari bilan bog‘liq yo‘qotishlar va muqarrar ravishda ularga xos ehtimollardir. Qimmatli qog‘ozlar operatsiyalariga doir xatarlar qandaydir bir operatsiyani bajarishda ko‘pgina tasodifiy omillarning unga ta‘siri tufayli istalgan natijaga ega bo‘lmaslik extimoli bilan bog‘liq. Ushbu bozordagi deyarli har qanday operatsiya uning ishtirokchilari (emitentlar, sarmoyadorlar yoki vositachilar) u yoki bu xatar darajasini o‘z bo‘yniga olishini anglatadi. Endigina o‘zining fond bozorlarini tashkil etayotgan mamlakatlarda bozorlar ishtirokchilari uchun xatarlar bozor munosabatlarining ko‘p yillik tarixiga ega bo‘lgan mamlakatlardagiga qaraganda bir necha marta yuqori. Fond bozoridagi faoliyat xatarning turli xillari bilan bog‘liq. Shuning uchun qimmatli qog‘ozlar bozorining professional ishtirokchilariga o‘z faoliyatida xatarlarning turli xillarini inobatga olishiga to‘g‘ri keladi, bular: inflyatsiya jarayonlari, tarmoqlar va mintaqalarning o‘ziga xos xususiyatlari bilan bog‘liq makroiqtisodiy xatarlar; emitentning to‘lovga qodirligi va kredit qobiliyati bilan bog‘liq korxonaning xatarlari; portfelni boshqarish xatarlari va texnikaviy xatarlar, ularga yilinchalik, operatsion, selektiv xatarlar, hisob–kitoblarni tartibga solish bilan bog‘liq xatarlar va hokazolar kiradi.
Rivojlangan mamlakatlar amaliyoti xatarning har bir turiga qarshi turuvchi sug‘urtalash shakllari va usullarini ishlab chiqdi. Sobiq Ittifoq hududi mamlakatlarida qimmatli qog‘ozlar operatsiyalari bilan bog‘liq xatarlarni sug‘urtalash hozircha etarli darajada rivojlanmagan. Bunday xatarlarni sug‘urtalash qimmatli qog‘ozlar bozori va sug‘urta ishining birlashishidagi eng muhim faoliyat sohalaridan biri hisoblanadi, uni mamlakat amaliyotida juda yaqin yillar ichida o‘zlashtirish vazifasi turibdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |