O’zbekiston Respublikasi Markaziy banki to’lov vositasi sifatida banknotlar va tangalar ko’rinishdagi naqd pul belgilarini muomalaga chiqarish va muomaladan qaytarib olish bo’yicha mutloq huquqga ega.
Shunga muvofiq, muomalaga naqd pul chiqarish, ularni saqlash, muomaladan qaytarib olish va muomala uchun yaroqsiz holatga kelgan pul belgilarini yangi pul belgilariga almashtirish vazifalarini bajaradi. Shuningdek, muomalaga chiqarilmagan pul belgilarini saqlash maqsadida Markaziy bank Rezerv fondlarini tashkil etadi va ular bo’yicha pul mablag’larining tarkibiy qismlarini, ya’ni banknot va tangalar ko’rinishidagi qoldiq limitlarini belgilaydi. Tijorat banklari aylanma kassalarining qoldiq limitlari ham Markaziy bank tomonidan o’rnatiladi.
Markaziy bank Respublika banklarida pul muomalasini va kassa ishlarini tashkil etish hamda ularning buxgalteriya hisobini yuritish bilan bog’liq barcha me’yoriy hujjatlarni ishlab chiqadi.
Markaziy bank o’zining asosiy maqsadini to’la qonli bajarish, ya’ni pul muomalasini barqaror saqlab turishga hamda milliy valyutaning barqarorligini ta’minlash uchun pul muomalasi holatini muttasil o’rganadi va tahlil qiladi hamda uni mustahkamlash uchun amaliy choralar ko’radi. Asosiy naqd pul oqimlari tijorat banklari kassalari orqali o’tganligi sababli, Respublikada faoliyat yuritayotgan tijorat banklarining naqd pul muomalasi bilan bog’liq faoliyatini tartibga soladi va nazorat qiladi.
Markaziy bank tomonidan naqd pul muomalasini tartibga solish maqsadida tijorat banklari va ularning mijozlari uchun majburiy bo’lgan quyidagi talablar o’rnatilgan:
kassa operatsiyalarini amalga oshirish tartibi;
chakana savdo korxonalariga naqd pulsiz hisob – kitob qilish tartibi.
Markaziy bank va uning hududiy Bosh boshqarmalari (HBB) zimmasiga Qoraqalpog’iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida pul muomalasini tashkil etish, tijorat banklari naqd pul bilan bog’liq faoliyatini muvofiqlashtiradi va monitoring yuritadi.
Bank muassasalariga kelib tushgan pul birliklari va tangalarning qayta sanalishi, to’lovga yaroqli, eskirgan hamda yaroqsiz, ya’ni to’lov qobiliyatini yo’qotgan pul birliklarini toifalarga ajratilgan holda saralash, taxlash, tegishli ravishda o’rab bog’lash va qayta muomalaga chiqarilishi kabi ishlarning sifatini yanada oshirish yuzasidan Markaziy bankning barcha muassasalari va tijorat bank bo’limlariga doimiy ravishda tegishli ko’rsatmalar berib boriladi. Pul birliklarining «yaroqli», «eskirgan» va «to’lovga yaroqsiz» toifalar bo’yicha mezonlarini ishlab chiqadi.