Inkasso topshiriqnomalar bilan hisob – kitoblar . Bozor munosabatlarida xo’jalik sub’ektlari o’rtasidagi iqtisodiy munosabatlarning ko’pqirraligi va kutilmaganda vujudga kelgan ziddiyatlarni hal qilishda qo’llaniladigan shunday to’lov hujjatlari ham mavjudki, ushbu to’lov hujjati tegishli muassasalar tomonidan bankka taqdim etilganda mijozning hech qanday roziligini olmasdan turib, bank bo’limi uning hisobvarag’idan mablag’ni hujjatda ko’rsatilgan manzilga o’tkazib berishi lozim. Ushbu to’lov hujjati inkasso topshiriqnomasidir.
Inkasso topshiriqnomasi – bankka mijoz (to’lovchi)ning hisobvarag’idan so’zsiz tartibda mablag’larni hisobdan chiqarish to’g’risidagi talabini anglatadi.
Inkasso topshiriqnomalari bankka quyidagi tashkilotlar tomonidan taqdim qilinishi mumkin:
o’z vaqtida to’lanmagan soliqlar va Davlat byudjetiga o’tkaziladigan soliqdan tashqari to’lovlar (penya, jarimalar)ni undirib olishda soliq idoralari;
byudjetdan tashqari fondlar – o’z vaqtida to’lanmagan to’lovlarni undirib olishda, agarda bu qonuniy hujjatlarda ko’zda tutilgan bo’lsa;
bojxona organlari – o’z vaqtida to’lanmagan bojxona to’lovlarini undirishda;
sud organlari ularga berilgan ijro hujjatlari bo’yicha;
moliyalashtirishga ortiqcha o’tkazilgan mablag’larni qaytarishda, yuqori moliya organlari quyi byudjet tashkilotlarga, davlat kafolati ostida berilgan muddati o’tgan kreditlarni qaytarishda va boshqa holatlarda O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligidan inkasso topshiriqnomalari qabul qilinadi;
qonuniy hujjatlarga asosan boshqa organlar.
To’lovchining hisobvarag’ida mablag’ bo’lmaganda inkasso topshiriqnomasi 2 – kartotekada to’lovini kutayotgan hujjatlar qatoriga joylashtiriladi va qonunchilikda o’rnatilgan tartibda to’lanadi.
10-rasm. Inkassa topshiriqnomalari bilan hisob – kitoblarda hujjatlarning aylanish tartibi Tuman Davlat soliq inspektsiyasi belgilangan soliqlarni o’z vaqtida to’lamagan xo’jalik sub’ektlariga nisbatan inkasso topshiriqnomalarini banklarga taqdim etadi (1), tijorat banklari xo’jalik yurituvchi sub’ektning hisobvarag’ida mablag’lar mavjud bo’lsa, inkasso topshiriqnomasida ko’rsatilgan summani so’zsiz ravishda respublika yoki mahalliy davlat byudjetiga o’tkazadi (2), va to’lovchiga bu haqda xabar beradi (3). Agar mablag’ etarli bo’lmasa yoki umuman mavjud bo’lmasa to’lov hujjatlari ikkinchi kartotekaga kirim qilinadi, ushbu hujjatlar to’lovchining hisobvarag’ida mablag’lar paydo bo’lib, to’lovlar amalga oshirilgunga qadar hisobga olib boriladi.
Inkasso topshiriqnomalari bilan hisob – kitoblarni amalga oshirilmaganligi iqtisodiy jarayonlarning ijobiy tashkil etilganligi va xo’jalik sub’ektlarining soliqlar bo’yicha to’lovlarni o’z vaqtida amalga oshirayotganligidan dalolat beradi.