a) Hisobvaraq egalarining yuqori turuvchi tashkilotlari tomonidan
so‘ralganda;
b) Davlat nazorat idoralari, jumladan sud va soliq idoralari tomonidan
yozma ravishda talab qilib so‘ralganda.
Boshqa hollarda mijozlar hisobvaraqlarining ahvoli haqida yozma ravishda
ma’lumot berish taqiqlanadi.
Shunday holatlar ham bo‘ladiki, mijozlar biror sabab bilan bankdan olgan o‘z
shaxsiy hisobvaraqlarining ko‘chirmalarini yo‘qotib qo‘yishlari mumkin.
Agar mijoz shaxsiy hisobvaraqdan ko‘chirmani yo‘qotib qo‘ysa, mijozga
ko‘chirma dublikati berilishi mumkin. Buning uchun mijoz ko‘chirmani yo‘qotish
sabablarini ko‘rsatgan holda ariza yozib bank rahbariga taqdim etishi lozim.
Arizaga korxona rahbari va bosh buxgalter imzo qo‘yishlari kerak.
Yordamchi kitob, ya’ni analitik hisob materiallariga yana operatsion jurnal,
kassa operatsiyalari bo‘yicha yuritiladigan kirim kassa jurnallari va chiqim kassa
jurnalllari, bankning asosiy vositalari, nomoddiy aktivlari va materiallari bo‘yicha
yuritiladigan kartochkalarni ham kiritish mumkin.
Operatsion jurnallar har bir mas’ul ijrochi yuritadigan hisobvaraqlar bo‘yicha
alohida tuzilib, unda hisobvaraqlar bo‘yicha o‘tkazilgan operatsiyalar haqida
ma’lumot beriladi, uni shaxsiy hisobvaraqlarning umumiy ko‘rinishi deyish ham
mumkin. Operatsion jurnalda sana, hisobvaraq nomeri, debet va kredit aylanmalari
hisoblash texnikasi dasturida nazarda tutilgan bo‘lsa, hisobvaraq nomi ham
ko‘rsatiladi.
Bank kassasi bilan bog‘liq bo‘lgan yordamchi kitob materiallari ikkita bo‘lib,
ular:
-kassaning kirim jurnali;
-kassaning chiqim jurnali.
Har kuni bank kassasiga topshirilayotgan naqd pul summasi kassaning kirim
jurnalida nazoratchi tomonidan qayd etib boriladi. Unda sana, pul topshirayotgan
korxona hisobvarag‘i nomeri, kirim kassa hujjati sanasi, hujjat nomeri, hisobot
ramzi, summasi ko‘rsatiladi.
Kassaning chiqim jurnali ham kundalik chiqim kassa operatsiyalari
bajarilganda nazoratchi tomonidan rasmiylashtiriladi. Jurnalda sana, mijozning
talab qilib olinadigan depoziti bo‘yicha hisobvaraq nomeri, chiqim kassa hujjati
sanasi, hujjat nomeri, hisobot ramzi, summasi ko‘rsatiladi. Shu bilan birgalikda
nazoratchi va kassirning imzosi uchun ham alohida joy ajratilgan. Quyida kirim
kassa jurnalining shaklini keltiramiz.
Kirim kassa jurnalida bir necha mijozning kirim kassa operatsiyalari qayd
etiladi. Chiqim kassa jurnalining ham ko‘rinishi shunday bo‘lib, unda chiqim kassa
hujjati sanasi, nomeri va seriyasi ko‘rsatiladi.
Kassa jurnallari dasturiy yo‘l bilan alohida kassa kirimi va chiqimi bo‘yicha
ikki nusxada tuziladi. Balans hisobvarag‘i va butun jurnal bo‘yicha yakunlar
chiqariladi. Yakunlar kassa ma’lumotlari bilan taqqoslangandan so‘ng birinchi
nusxalar Yordamchi kitob ma’lumotlarini Bosh daftar ma’lumotlari bilan
taqqoslash, shuningdek, kirim va chiqim hujjatlarini taqqoslash uchun ishlatiladi.
Operatsion kun tugagandan so‘ng, ular yig‘majildga, ya’ni alohida papkaga tikilib,
har kuni hujjatlarni arxivga topshirishga tayyorlovchi xodimga taqdim etiladi.
Bank asosiy vositalari, nomoddiy aktivlari, materiallari sotib olinganda
ularning har biri bo‘yicha alohida kartochka ochib, qabul qilish sanasi, summasi,
hisoblanib borilayotgan eskirish summasi, ularning qoldiq summasi, ya’ni balans
qiymati kabilar ko‘rsatib boriladi. Ushbu kartochkadagi ma’lumotlar asosida
moddiy boyliklar haqida batafsil axborot olish mumkin bo‘ladi.
Shunday qilib, biz Yordamchi kitob orqali moddiy boyliklar, mablag‘larni
konkret ko‘rinishda hisobga olinishi, mablag‘ va moddiy boyliklar bo‘yicha hisobkitoblarni nomma-nom turi bo‘yicha alohida olib borilishi bilan tanishib chiqdik.
Do'stlaringiz bilan baham: |