1.3. Buxgalteriya balansi — moliyaviy tahlilning asosiy manbai
«Balans» so‘zi lis-ikki marta va lapx-torozi pallalari so‘zlaridan kelib chiqib, mazmunan barobarlikni, teng qiymatlikni ifodalaydi. Balans usuli xalq xo‘jaligining har xil tarmoq va sohalarida keng va har xil maqsadda foydalaniladi.
Buxgalteriya hisobida balans ikki maqsadda foydalaniladi:
1) korxona mablag‘larini va ularni qoplovchi manbalarni hamda buxgalteriya schyotlarining debet va kreditda ifodalangan ko‘rsatkichlari tengligini ko‘rsatish;
2) buxgalteriya hisoboti shaklida korxona mablag‘larini aniq bir vaqtda pul sifatida ko‘rsatish.
Balans buxgalteriya hisobotini eng asosiy shakli bo‘lib, qolgan buxgalteriya moliyaviy hisobotlar balans ko‘rsatkichlarini boyitadi va moliyaviy holatning alohida yo‘nalishlarini ifodalaydi.
Balans buxgalteriya ma’lumotlariga asoslanadi. Buxgalteriya ma’lumotlari debetlik, kreditlik aylanmalarda, aktiv va passiv schyotlarda o‘z ifodasini topadi.
Debet aylanma - buxgalteriya schyotlarining debetida boshlang‘ich qoldiqsiz yozilgan ma’lumotlar.
Kredit aylanma - buxgalteriya schyotlarining kreditiga boshlang‘ich qoldiqsiz yozilgan ma’lumotlar.
Aktiv schyotlar - bu schyotlarda korxona xo‘jalik moliyaviy faoliyatining har xil yo‘nalishlari ko‘rsatiladi. Bu schyotlarning qoldig‘i faqat debet bo‘lishi mumkin. Chunki korxona faqat mavjud mablag‘lardan foydalanishi mumkin.
Passiv schyotlar – schyotlarda korxona mablag‘larining kelib chiqish va qoplanish manbalari ko‘rsatiladi. Bu schyotlarning qoldig‘i faqat kredit bo‘lishi, ya’ni korxona faqat tegishli manbalar bilan qoplangan mablag‘lardan foydalanishi mumkin.
Amaliyotda aktiv-passiv schyotlar ham bo‘lishi mumkin. Bu schyotlarda korxonaning ham mablag‘lari, ham ularni qoplovchi manbalar ko‘rsatiladi. Masalan: bu korxonaning ham yuridik ham jismoniy shaxslar bilan hisob-kitob schyotlaridir. Bu shaxslar korxona bilan aloqada bo‘lganlarida ham debitorlik ham kreditorlik vazifalarini bajarishi mumkin.
Balans tuzishda foydalanilayotgan ma’lumotlar umumlashtirilgan va detallashtirilgan bo‘lishi ham mumkin. Bu ma’lumotlar buxgalteriyaning sintetik va analitik schyotlarida o‘z ifodasini topadi.
Sintetik schyotlarda korxona faoliyatining umumiy ko‘rsatkichlari hisobga olinadi. Masalan, «Materiallar» sintetik schyotida butun moddiy resurslardan foydalanish natijalari ko‘rsatiladi.
Analitik schyotlarda sintetik schyotlarning ma’lumotlari detallashtiriladi. Masalan, «Materiallar» sintetik schyotning ma’lumotlari alohida material turlari bo‘yicha tuzilgan analitik schyotlarda detallashtiriladi.
Sintetik va analitik schyotlardan tashqari yana subschyotlar bo‘lishi mumkin. Ulardan ham sintetik schyotlarning ma’lumotlarini detallashtirish uchun foydalaniladi. Lekin subschyotlar analitik schyotlardan farq qiladi.
Subschyotlar rasmiy ravishda schyotlar rejasida keltiriladi, analitik schyotlar esa schyotlar rejasida keltirilmasdan korxona tomonidan hisobga kiritilib, ularda buxgalteriyaning birlamchi ma’lumotlari hisobga olinadi.
Balans va buxgalteriya schyotlari to‘g‘risida gap borar ekan, shuni e’tiborga olish kerakki, balans moddalarining nomlari buxgalteriya schyotlarining nomlariga to‘g‘ri kelmaydi. Lekin buxgalteriya schyotlaridagi o‘zgarishlar balans moddalarining o‘zgarishida o‘z aksini topadi. Buxgalteriya schyotlaridagi o‘zgarishlar quyidagi shakllarda bo‘lishi mumkin:
Birinchi guruh o‘zgarishlar korxona mablag‘lari va ularning manbalarini ko‘paytiradi. Demak, balans valyutasi ko‘payadi.
Ikkinchi guruh o‘zgarishlar korxona mablag‘lari ularning manbalarini kamaytiradi, natijada balans valyutasi ham kamayadi.
Uchinchi guruh o‘zgarishlar balans valyutasini o‘zgartirmasdan, balans bir xil mablag‘ moddalarini kamaytirib, boshqa moddalarini ko‘paytirishi mumkin. Masalan, korxona omboridan tayyor mahsulot iste’molchilarga jo‘natildi va korxona hisob-kitob schyotidan naqd pul olinib kassaga topshirildi.
Pirovardida to‘rtinchi o‘zgarishlar ham balans valyutasini o‘zgartirmaydi, lekin korxona mablag‘larining bir xil manbalarini kamaytiradi, boshqa manbalarining qoldiqlarini ko‘paytiradi. Masalan, bankdan kredit olib, ta’minlovchilar bilan sotib olingan xomashyo bo‘yicha hisob-kitob qilinadi.
Ma’lumki, tuziladigan balanslarning shakllari juda ko‘p. Ular quyidagi nuqtai nazardan tuzilishi mumkin: tuzish vaqti; manbalar; ma’lumotlar hajmi; faoliyatni ifodalash; mulk shakllari; ob’yektni ifodalash; tozalanganlik.
Tuzish vaqti nuqtai nazardan balans: kirish, joriy, tugatish-tarqatish, bo‘lish, birlashtirish balanslari bo‘lishi mumkin.
Kirish balansi korxonaning paydo bo‘lib, faoliyat boshlashiga tuziladi hamda korxona o‘z faoliyatini qancha mablag‘lar bilan va qanday mablag‘lardan foydalanib boshlayotganini ko‘rsatadi.
Joriy balanslar — korxonalar butun faoliyati mobaynida tuziladi, ular yillik va choraklik bo‘lishi mumkin.
Tugatish balansi korxona tugatilishi munosabati bilan tuziladi, bo‘lish va birlashtirish balanslari esa korxonalar bo‘linayotganda, birlashtirilayotganda tuziladi.
Balans tuzish manbalari nuqtai nazaridan balanslar uch xil yo‘l bilan tuziladi:
- inventar balanslar — ilgari faoliyat kechirgan korxona asosida uning mol-mulkini invertizatsiya qilib, yangi korxona barpo etishda, korxonaning mulk va xo‘jalik yuritish shakllari o‘zgartirilganda tuziladi;
- kitob balanslar — buxgalteriya kitoblarida aks etilgan ma’lumotlar bo‘yicha tuziladi;
- bosh balanslar — korxonalarning mol-mulklarini inventarizatsiya qilish va buxgalteriya kitoblarida aks ettirilgan ma’lumotlarga asoslanib tuziladi.
Foydalanilgan ma’lumotlarga nisbatan balans yolg‘iz va yig‘ma bo‘lishi mumkin. Yolg‘iz balans alohida korxonalar uchun tuziladi, yig‘ma balanslar esa bir qancha korxonalar balanslarini umumlashtirish asosida hamma korxonalar uchun yagona balans sifatida tuziladi. Korxonalar faoliyati nazarda tutilsa, balanslar korxonaning asosiy faoliyati bo‘yicha va noasosiy, ya’ni korxonaning qo‘shimcha faoliyati bo‘yicha balanslar tuzilishi mumkin. Asosiy faoliyat bu korxonaning nizomida ko‘rsatilgan faoliyat shaklidir.
Bozor munosabatlari davrida mulki har xil shaklda bo‘lgan korxonalar barpo etiladi. Davlat korxonalari bilan birga xususiy, shirkat, aktsiyadorlar, qo‘shma korxonalar faoliyat olib boradi. Demak, mulk shakllari nuqtai nazaridan ham balanslar tuzilishi mumkin. Haqiqatni aks ettirish nuqtai nazaridan esa, balanslar mustaqil va bo‘lak balanslar bo‘lishi mumkin. Mustaqil balanslar yuridik shaxs sifatida faoliyat kechirayotgan korxonalar bo‘yicha tuziladi. Bo‘lak balanslar esa, bu korxonalar tarkibidagi alohida bo‘lak korxonalarning — ishlab chiqarishi bo‘yicha tuziladi.
Buxgalteriya balansida o‘z ifodasini topgan korxona mablag‘lari har xil bo‘lishi mumkin. O‘z navbatida bu mablag‘larning manbalari ham har xil bo‘lishi ehtimoldan holi emas.
Avvalambor, korxona mablag‘lari immobilizatsiya shaklida, ya’ni uzoq muddatli aktivlar shaklida va harakatchan aylanma aktivlar shaklida bo‘lishi hamda, ular o‘z navbatida har xil turlarga bo‘linishi mumkin. Bular quyidagi ko‘rinishga ega:
Do'stlaringiz bilan baham: |