Dishan qalʼa (tashqi qalʼa)— Xivaning rabod qismi. 1842-yilda Xorazm xoni Olloqulixon Xivani tashqi hujumdan saqlash uchun devor (uzunligi 6250 m, balandligi 7—8 m, devor qalinligi 5—6 m.) bilan oʻratgan. Qurilishga koʻp aholi jalb qilinib, qalʼa 6 haftada bitkazilgan. Dishan qal'ada 10 ta darvoza boʻlgan. Bular: Hazorasp (Qoʻy), Pishkanik, Bogʻi shamol, Shayxlar, Tozabogʻ, Shohimardon, Doshyoq, Qoʻsh, Gadoylar va Gandimiyon. Ammo bugungi kunga qadar Hazorasp va Qoʻsh darvozalaridan boshqalari saqlanmagan. Dishan qal'aning bosh koʻchalari (Hazorasp, Bogʻi shamol, Shohimardon, Qoʻsh darvoza) Nurullaboy saroyi, Sayidboy madrasasi va masjidi, Sayid Mohi rui jahon, Toʻrt Shabboz, Abdolbobo majmualari kabi koʻpgina obidalar saqlanib qolgan. Dishan qal’ada hozir maʼmuriy va maishiy binolar, xiyobonlar barpo etilgan. Nurullaboy saroyi Asfandiyorxonning sobiq rasmiy qabulxonasi (20-asr). Bu saroy-bogʻni Xiva xoni Muhammad Rahimxon II Feruz oʻgʻli Asfandiyorxon uchun qurdirgan (Nurullaboy degan shaxsning bogʻi oʻrniga qurilgani uchun Nurullaboy saroyi deb ataladi). Nurullaboy saroyi 9 ta katta-kichik xonalar, darvozaxona, saroy, qabulxona, arzxona, Madrasa, xizmatchilar uchun turar joy, bogʻ, gulzorli hovlilardan iborat. Majmuaga (185,6x143,0 m) janubdagi ariq ustiga qurilgan koʻprik orqali darvozadan kiriladi. Darvozaxonaning dalonida bir necha xonalar bor. Saroy toʻgʻri toʻrtburchak tarhli (87,1x65,0 m), 4 hovlili, qalʼaband devor (balandligi — 7,5 m) bilan oʻralib, burjlar ishlangan. 3 ta hovlida 2 qavatli, janubi-gʻarbiy hovlida 1 qavatli xonalar joylashgan. Bosh tarzi darvozasi Madrasa, turar joy va arzxona bilan oʻzaro bogʻlangan. Saroy shimoldagi 2 ta hovli ayvonlarning tomi ikkinchi qavat uchun oʻtish joyi vazifasini oʻtaydi. Katta hovli saroyning shimoli-gʻarbiy qismini egallagan. Hovlida quduq bor. Qabulxona (27,5x32,1 m) saroyning shimoli-sharqida, oʻziga xos yevropacha uslubda qurilgan. Bosh tarzi janubga qaratilgan. 1 qavatli, 7 ta xonasi bor. Old va orqa tomoni ayvonli. Arzxona (82,0x71,0 m) saroyning sharqida joylashgan. Tarhi "Г" shaklida, janub qismi uch burchakli, shimol va gʻarbga qaratilgan ayvonlari mavjud. Madrasa bosh tarzi sharqqa qaragan. Janubi-sharqiy burchagida 4 ustunli 2 qavatli masjid, shimoli-gʻarbida ayvon, hovli atrofida darsxona va hujralar joylashgan. Tashqi devorlari va 4 burchagidagi guldastalar pishiq gʻisht va koshin bilan bezatilgan. Bogʻ saroyga tushgan boʻlib, baland qalʼaband devor bilan oʻralgan, burjlar ishlangan. Bogʻning 3 ta tomonida eshik boʻlib, 2 ta eshik saroy bilan, sharqdagisi arzxona, qabulxona bilan bogʻlangan. Bogʻ oʻrtasida 8 qirrali hovuz bor. Nurullaboy saroyining ganchkor devorlari oltin va kumush bilan zarhallangan, zalning "oltin shifti" nihoyatda ko’rkam, undagi murakkab girix naqshlar oʻziga xos, ichki va tashqi darvozalari, eshiklari, ayvon ustunlaridagi naqshlar Xorazm yogʻoch oʻymakorligining yuksak namunasidir. Qabulxonadagi baland eshiklar, katta rangdor oynalar, parket pollar va koshinkor pechlar yevropa meʼmorligi bilan uygʻunlashgan. Tashqi tomoni silliq gʻishtlar va feruza rang koshinlar bilan shaxmat taxtasi shaklida bezatilgan. Uni qurishda ganchkor ustalar Xudoybergan hoji, usta Nurmat, Roʻzimat Masharipov, yogʻoch oʻymakorligi va uni boʻyash ustalari Bobojon Qalandarov, Ota Shayx, Ismoil Abduniyozov, gʻisht teruvchi Quryoz Bobojonov va boshqalar qatnashgan. Nurullaboy saroyi mujassamotida Xorazm milliy uy-joy qurilishining anʼanaviy xususiyati oʻz ifodasini topgan.
2.2 Olloqulixon madrasasi va saroyi
Do'stlaringiz bilan baham: |