Muhammad Aminxon madrasasi
Xiva shahrida 64 ta madrasa mavjud bo’lib, shular ichida eng yirigi va chiroylisi Xiva xoni Muhammad Aminxon tomonidan qurilgan madrasa hisoblanadi.
Madrasa Ichan qal’aning g’arbiy qismida joylashgan bo’lib, shaharning bosh darvozasi Ota darvozadan kirib kelganda, o’ng tomonda joylashgan. Bu me’morchilik obidasi o’z davriga xos uslubda eng katta va hashamatli qilib qurilgan. Madrasa pishiq g’ishtdan qurilib, uning devorlarini qalinligi 1,5 metrga etadi. Madrasa 2 qavatli, 130 hujradan iborat bo’lib, tarixiy ma’lumotlarga asosan unda bir vaqtning o’zida 260 nafar talaba tahsil olgan.
Madrasa va minora qurilishi tarixini tarixchi olimlar quyidagicha yoritadilar. “Madaminxon xonligining to’rtinchi yilida Arkning qibla tomonida bir madrasa va minora qurilishini boshlatdi. Uning qurilishini Bekniyoz devonga buyurdi. Bekniyoz devonbegi qurilishni boshlab, uning ustida Muhammad Karim devonni qo’ydi. Muhammad Karim Xorazmning mashhur ustalarini topib, ishga mashg’ul bo’ldi. Xonning amri bilan Angarikda qum etagida bir hovli va bog’ qurilishi ham boshlab yuborildi va unga Abdulla Qushbegi tomonidan Ismoil devon ibn Odina devon bosh qilib qo’yildi. 1851 yilda Muhammad Aminxon madrasasini qurish uchun tanlov e’lon qilindi va ustaboshi Abdulla “jin” chizgan loyiha xonga manzur bo’ldi. Madrasa uch yildan keyin bitdi. Xon xushhol bo’lib Bekniyoz devonbegiga katta to’y va shohona ziyofat anjomini tayyorlatdi. To’yga kelgan xonning og’a-ini va yaqinlariga zarbof to’nlar kiygizildi, bedov otlar hadya qilindi. To’yda ishtirok qilgan hamma in’om olmasdan qolmadilar. Madrasaning binosiga zamon shoirlari tarixlar aytib, xondan in’omlar oldilar. Madrasa peshtog’ida bir minora qurilishi boshlangan ediki, hali bitmagan minorani shoirlar “Falak ayvoniga qo’yilgan ustundek” deb ta’rifladilar. Madrasaning peshtoqiga chiroyli koshin taxtalar o’rnatildi va ularga nasta’liq xatida quyidagi so’zlar yozib qo’yildi:
“Kad vasallohu taolo ba ixtitom binoi qazo al madrasai muqaddasa ul tohi xayrul madoris fil olam biamri sultonuzzamon Abul G’oziy Muhammad Amin Bahodirxon ibn Olloqulixon Navvarollohi marqadihi 1270”.
Tarjimasi: “Olloh taoloning inoyati bilan zamon sultoni Abulg’oziy Muhammad Aminxon ibn Olloqulixon (uning qabri nurli bo’lsin)ning amriga binoan ushbu muqaddas madrasa yaxshiliklar maskani bo’lsin deya bino etildi”. Hijriy sana 1270 (milodiy 1854 yil).13
Madrasa me’moriy jihatdan boshqa shu kabi binolarga o’xshash, bino simmetrik tarzda, ikki qavatli qilib qurilgan, tarhi to’g’ri burchakli, hovlili. Peshtoqning ikki yoniga an’anaviy guldasta-minoralar ishlangan. Bosh tarzini besh gumbazli miyonsaroy, masjid, darsxona va qo’shimcha xonalar egallagan. Hovlining ikki yonida kichik peshtoqlar bor. Birinchi qavatdagi hujralar yotoqxona va yordamchi xonalar sifatida xizmat qiladi, ikkinchi qavatdagi ravoqli peshayvon binoga fayz bag’ishlagan. Ichkari hovlida to’rtta kichik peshtoqlar ham mavjud bo’lib, ularda “suls” xatlari bitilgan koshinlar, bezaklar ham mavjud. Derazalarda ganchdan ishlangan panjaralar qurilgan. Pastida devor va tsokol orasiga nam o’tkazmaydigan qatlam (gidroizalatsiya)-tosh belbog’ (poyas)ni balandligi 68 sm qilib qo’yilgan. Madrasani o’lchamlari quyidagicha:
Umumiy o’lchami-71,7 x 60,0 metr
Ichkari hovli-38,0 x 38,0 metr
Peshtoq o’lchami-25 metr balandlikda qurilgan.
“Madaminxon madrasasi - deb yozadi 1863 yilda Xivaga kelgan sayyoh A.Vamberi - karvonsaroy tipida qurilgan bo’lib, yonidagi minorasi xonning halokati tufayli bitmay qolgan”.14
Madrasa uchun ma’lum miqdorda vaqf eri ajratilgan. Bu er 32525 tanob bo’lib, unda o’stirilgan va yig’ilgan hosil bilan o’quvchilar (talabalar) shug’ullanishgan. Bu berilgan vaqf eridan yiliga 12000 Xiva botmoni miqdorida (botmon-20 kg) bug’doy va 5000 tillo pul daromad qilingan.
Hujralarda 2-3 talaba yashagan, barcha hujra eshiklari hovliga qarab solingan va har bir hujrada o’choq o’rnatilgan. Madrasada diniy va dunyoviy ilm berilgan, ayni paytda ko’ngilochar o’yinlar, shuningdek ashula aytish man qilingan. Madrasada o’qish muddati chegaralanmagan bo’lib, ayrim talabalar bir kursda 3-4 yil, hatto 8-10 yillab o’qishgan. Madrasada ta’lim 3-bosqichda olib borilgan, 1. Boshlang’ich “adno” 2. O’rta “avsat” 3. Yuqori “a’lo” guruhlarida. Boshlang’ich bosqichda arab grammatikasi, mantiq, shariat qonunlari, diniy urf-odatlar, arab va fors tilidagi adabiyotlar o’rgatilgan. Qolgan ikki bosqich davomida talabalar “tahsib” (mantiq), ilohiyot, huquqshunoslik va boshqa fanlarni qunt bilan o’rganishgan. Madrasaga o’n besh yoshga to’lgan har bir musulmon farzandi, savodi va iqtidori inobatga olingan holda qabul qilinardi. Ularni mulla yoki tolibul ilm deb ataganlar. Madrasani bitkazgan talabalar orasidan shoirlar, muarrixlar, hattotlar, olim va fuzalo kishilar etishib chiqqan. Madrasada katta kutubxona va musulmon Oliy Sud boshqaruvi joylashgan.
2.7 Sherg’ozixon va Arabxon madrasalari
Do'stlaringiz bilan baham: |