3. Xulosa 4. Ilova 5. Foydalanilgan adabiyotlar
“Xorazm noyob madaniyat, nafis san’at, yuksak ma’rifat, turmushning dono falsafasi va insonparvarlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan adabiyot va sheriyat maskani, dunyoviy ilm o‘choqlaridan biri...
Xorazm vohasining tarixiy-madaniy merosi bevosita Xiva shahri bilan bog‘liqdir”.
Islom Karimov
KIRISH
Xiva shahri Xorazm viloyatida joylashgan tarixiy shahardir. U O’zbekistonning shimoli-g’arbida, Xorazm viloyatining esa janubida, hamda Amudaryoning chap sohilida daryodan 40 km janubda va 95m balandlikda joylashgan. Shahar yonidan Polvonyop kanali (qadimda Xeykaniq) o’tgan. Maydoni 0,08 ming km2. Shaharning qadimgi qismidagi juda ko’p arxitektura yodgorliklariga boy bo’lgan Ichan qal’a sharqning ekzotik shahar timsolini o’zida saqlab qolgan afsonaviy shahardir. Xiva – Oʻzbekistonning qad. shaharlaridan biri. O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi tomonidan 1984-1993 yillarda o‘tkazilgan ilmiy tadqiqotlar davrida shaharning yoshi aniqlangan. Arxeologik maʼlumotlarga koʻra, shahar mil. av. 5-asrda barpo etilgan. Shaharning eng pastki qatlamida topilgan ashyolar (sopol buyumlar va qalin paxsa devorlar) shundan dalolat beradi. Shahar devorlari ostidan topilgan madaniy qatlam, sopol buyumlar va katta hajmdagi xom g‘ishtlar shaharni 2500 yoshda ekanini tasdiqlaydi. Uning nomi shaharning qadimiy qismida joylashgan Xivaq (Xeyvaq) qudug’i bilan bogʻliq. Baʼzi tadqiqotchilar shahar nomini xorazmiy tiliga yaqin boʻlgan qadimiy osetin tilidagi "Xiauv" – qalʼa soʻzidan, boshqalari bu atamani antik davrdan Xiva hududidan oqib oʻtgan Xeykaniq (hozirgi Polvonyop) kanalining oʻzgartirilgan (Xeykaniq–Xeyvaniq–Xeyvaq–Xeva–Xiva) nomidan kelib chiqqan deydilar. Xorazmlik tarixchi-solnomachi Xudoyberdi Qoʻshmuhammad oʻzining 1831- yilda yozgan "Dili Gʻaroyib" asarida Xorazmning qadimiy shaharlarini nomma-nom sanar ekan, "Bu mamlakatning yana bir qalʼasi – Qalʼai Ramldir. Bu qalʼaga Som ibn Nuh asos solgan boʻlib, u hozirgi Xivaq nomi ila mashhurdir" deydi. Xalq rivoyatlarida ham shaharning bunyod etilishi Nuh zamonlariga borib taqaladi. Bunda Nuhning oʻgʻli Som boʻlajak shahar yoniga kelib quduq qazdirgan va shu bilan Xivaga asos solgan. Haqiqatdan ham Xivaning Ichan qalʼasida qadimiy Xeyvaq (Xivak) qudugʻi saqlanib qolgan. Xiva toʻgʻrisidagi dastlabki ishonchli maʼlumotlar 10-asrdan boshlab arab-fors tilidagi tarixiy-geografik manbalarda uchraydi. Ishtaxriy (930) Xivani oʻsha davrdagi eng yirik 30 ta shahar roʻyxatiga kiritgan. U Xivani Hazoraspdan 8 farsax masofada Jurjoniya (Gurganj) yoʻlida joylashganligini qayd qiladi. Muqaddasiyning maʼlumotlariga koʻra esa Xiva bilan Hazorasp oʻrtasidagi masofa 8 dovon (10 farsax)dan iborat boʻlgan. Xiva Yoqut Xamaviy (13-asr), Nizomiddin Shomiy (14-asr) asarlarida ham karvon yoʻlida joylashgan shahar sifatida eslatib oʻtiladi. 17-asrda yashab oʻtgan Mahmud ibn Valiy bu shahar toʻgʻrisida shunday yozadi: "Xiva keng va bahavo shahar. U shayx Najmiddin Kubroning vatanidir". Abulgʻoziy Bahodirxonning "Shajarai turk" va "Shajarai tarokima" asarlaridagi Xiva xususidagi fikrlari ham ana shu davrga mansub. Xiva oʻzining tarixiy oʻtmishi, meʼmoriy tuzilishi, obidalarining yaxlit saqlanganligi jihatidan mazkur qadimiy shaharlar orasida alohida oʻrin tutadi. Yer kurrasida mashhur boʻlgan Afina, Rim, Qohira shaharlariga tengdosh boʻlgan bu shaharning Ichan qalʼa qismi (1990) Jahon merosi roʻyxatiga kiritilgan 100 -shahar boʻlib, dunyoga al-Xorazmiy, Najmiddin Kubro, Shihabiddin Xivaqiy, Pahlavon Mahmud, Muhammad Rahimxon (Feruz), Munis va Ogahiy kabi buyuk zotlarni yetkazib bergan azm zamin hisoblanadi. Mil. avv. 5-asr oxirigacha Xiva Xorazm tarkibida Axomaniylar davlati tasarrufida, soʻngra mustaqil Xorazm davlati tarkibida boʻlgan. Ilk oʻrta asrlarda Xiva orqali Sharqni Gʻarb bilan bogʻlovchi Buyuk ipak yoʻli oʻtgan. 4-asr boshlaridan Xiva – Xorazm bilan birga Sosoniylar davlati tarkibiga kirgan. Bu davrda u qalʼa devori bilan oʻrab olingan. 712- yil Xivani arablar istilo qilgan. Arab sayyoxlari Ishtaxriy va Muqaddasiy qoʻlyozmalarida keltirilishicha, Xiva 10-asrda Xorazm vohasida eng yirik shaharlardan biri boʻlgan. 1221- yildan moʻgʻullar imperiyasi, 1389- yildan temuriylar davlati tarkibida, 16-asr boshlaridan 1920- yil 2- fevralgacha Xiva xonligi poytaxti boʻlgan. Xonlik 1873- yil rus qoʻshinlari tomonidan zabt qilinib, Gandimyon shartnomasiga koʻra, Rossiya imperiyasi protektoratiga aylantirilgan. 1920–1924- yillarda Xiva Xorazm Xalq Sovet Respublikasi poytaxti boʻlib turgan. Xivani arxeologik jihatdan oʻrganish qisman S.P.Tolstov, Ya.Gʻ.Gʻulomov, A.I.Terenojkin va boshqalar tomonidan 20-asr oʻrtalarigacha olib borilgan. 1984–1993- yillarda arxeologik qazishma ishlari rejali ravishda keng miqyosda olib borildi. Qazishmalar Oʻzbekiston FA Qoraqalpogʻiston boʻlimi arxeologlari va xorazmlik arxeologlar hamkorligida amalga oshirildi. Shahar hududida 6 ta stratigrafik qazilma va 7 ta shurf belgilandi. Xivaning qadgi qismi – Ichan qalʼada 1200 m² boʻlgan maydon qazib oʻrganildi. Arxeologik ashyolarning 7 m gacha chuqurlikdan topilganligi, shaharning paydo boʻlish davri qadimiy ekanligidan dalolat beradi. Shahar tarixiy taraqqiyotining birinchi davrida Ichan qalʼa oʻrnida odamlar yashay boshlagan. Arxeologik materiallarning shahodaticha, bu davr mil. avv. 5-asrga toʻgʻri keladi. Kulolchilik charxida tayyorlangan sopol buyumlar majmuasi, shuningdek, paxsa devor qoldiqlari shu davrga mansubdir. Mil. av. 5-asr oxirida Xorazm Eronning siyosiy tazyiqidan xalos boʻlgach, Xivada shahar sistemasining asosiy elementlari shakllana boshladi. Mil. av. 4–3-asrlarda qalʼa atrofi 2 qavatli qalin devor bilan oʻrab olindi. Devor oldin paxsa, uning ustiga xom gʻisht terilib, bunyod etilgan. Gʻishtlarning aksariyatiga tamg’a bosilgan. Devor orasida (ichida) eni 2 m li yoʻlak boʻlgan. Devor boʻylab, har 22– 27 m masofada minoralar tiklangan. Devordagi minoralar toʻgʻri burchakli boʻlgan. Qalʼa devorining butun tizimi asosiy devordan 4,4–8,5 m masofadagi qoʻshimcha toʻsiq – devor bilan oʻrab chiqilgan. Devor ichi va yoʻlaklardan topilgan sopol buyumlar mil. av. 4–3-asrlarga taalluqli. Boʻyin qismi ingichka, nozik qilib ishlangan xum va xumchalarning sirtiga och pushti rangda gul naqshi solingan. Yana bir nodir topilma – koʻzachaning sher kallasi shaklidagi dastasidir. Qadimgi qalʼa devori va yoʻlaklar Xiva oʻsha davrda vohada yirik shaharlardan biri sifatida Xeykaniq (Polvonyop) kanali sohillari hamda sohilga yaqin hududlarni nazorat qilib turganligini tasdiqlovchi dalildir.
Xiva dastlab agrar-hunarmand shahar sifatida rivojlandi. Bu haqda Yaxyo G’ulomov Xorazmning sug’orilish tarixi asarida “Atrofi unimsiz saxrolar bilan qamrab olingan Xorazm “iqlimi va tuproq sharoiti… kanal va suv inshootlari yordami bilan sun’iy sug’orish sistemasini Sharq dehqochiligining asosi qilib qo’ygan”1 ulkan sharq territoriyasining bir qismidir.Xorazmda dehqonchilikning yuqori madaniyati juda qadim zamonlarda sun’iy sug’orish asosida vujudga kelgan va huddi Misr, Mesopotamiya hamda Sharqning boshqa mamlakatlaridek taraqqiy etgan” deb yozadi. Mil. av. 2-asrda Xivaning katta qismi qum ostida qolgach, aholi shaharni tark etdi. Ichan qalʼa devorlari vayron boʻldi. Milodning boshlarida shaharda hayot yana tiklana boshladi. Qalʼa devorining gʻarbiy qismida ark bunyod etildi. 1–3-asrlarda (Kushonlar davri) Xiva Ichan qalʼa devorlari tashqarisidan qalin gʻishtin devor bilan mustahkamlandi, natijada shahar devori qalinligi 7,5– 9 m ga yetdi. Arxeologik tadqiqotlarning koʻrsatishicha, mil. 4–5-asrlarda shaharni yana qum bosgan. 6–8-asrlarda Xiva qayta tiklana boshladi. Xiva xududida zamindorlarning dastlabki koʻshklari paydo boʻla boshladi. Ichan qalʼada shunday koʻshklardan 2 tasi topilgan.
Tabiati. Tuman hududi Amudaryo quyi oqimining chap sohilidagi tekislikda joylashgan, oʻrtacha balandlik 97 m. Iqlimi keskin kontinental, yozi issiq va quruq. Yillik oʻrtacha temperatura 12, Oʻrtacha temperatura yanvarda —4,5°, iyulda 27,4°, eng past temperatura —31°, eng yuqori temperatura 45°, 46°. Xiva tumani respublikaning yogʻin kam yogʻadigan tumanlaridan biri. Yillik yogʻin miqdori 100 mm. Vegetatsiya davri 200 kun. Tuproqlari allyuvial, oʻtloqi, shoʻrxok, taqir va qumli choʻl tuproqlaridan tashkil topgan. Yovvoyi oʻsimliklardan qizilmiya, shoʻra, olaboʻta, otquloq, qirqboʻgʻim, chirmovuq, isiriq, qamish, yulgʻun, semizoʻt, boʻritaroq, tol, jiyda, turangʻil, terak, yantoq, koʻkpechak, takasoqol, ajriq, zarpechak va boshqalar oʻsadi. Yovvoyi hayvonlardan quyon, tulki, chiyaboʻri; qushlardan sassiqpopishak, qoʻton, birqozon, moʻylovli chittak, zargʻaldoq, inuya, musicha, dehqonchumchuqlar uchraydi. Sudraluvchilardan toshbaqa, kaltakesaklar (kulrang va taroq barmoqli gekkon, yumaloq boshli kaltakesaklar) yashaydi; koʻllarda karp, olabugʻa, laqqabaliq, choʻrtanbaliq va boshqalar bor. Yer osti suvlari yuza (0,8–1 m) joylashgan. Tuman hududida Shoʻrkoʻl, Qorakoʻl, Ravotkoʻl, Gʻovukkoʻl va boshqa koʻllar bor. Qishloq xoʻjaligi ekinlarini sugʻorishda Polvonyop, Gʻozovot, Angariq, Sirchali, Pishkanik va boshqa kanal va ariqlar suvlaridan foydalaniladi. Qurilish materiallaridan qum, gil (loy) bor. Aholisi, asosan, oʻzbeklar, shuningdek, tatar, rus, qozoq, turkman va boshqa millat vakillari ham yashaydi.
“Dunyodagi ko’p mamlakatlarda bo’ldim, ammo Xivaday shahri azimni ilk bora ko’rib, tomosha qilib, hayratimni yashira olmay turibman. Qarang, bir shaharda ikki qal’a –Ichon qal’a, Deshon qal’a. Ulardagi asriy obidalar salobati, ko’rki, chiroyi hotiramizda bir umr muhrlanib qoladi”
Georg Bitsman2
2 Xiva shahrida joylashgan mavjud arxeologik yodgorliklar 2.1 Ichan qal’a devori ustida olib borilgan arxeologik tadqiqotlar
Xivaga ko’rk va salobat bag’ishlab turgan asosiy manzaralardan biri Ichan qal’a devorlari bo’lib, tarix davomida uning asosiy vazifasi shaharni tashqi dushmandan muhofaza qilish uchun barpo etilgan. Qal’a devorlari paxsa(loy)dan qurilgan bo’lib, o’ziga xos me’morchilik uslubida barpo qilingan.
Ichon qal’a devoir Xiva shahar markazida joylashgan bo’lib, ilk bor eramizdan avvalgi VI-V asrlarda barpo etilgan va davrlar o’tishi bilan bir necha bor ta’mirlangan. O’zFA arxeologiya institute Qoraqalpog’iston bo’limi hodimlari M.Mambetullayev, N.Yusupovlar hamda xivalik arxeolog Sh.Matrasulov tomonidan 1984-1995- yillar davomida o’tkazilgan tadqiqotlarda Ichan qal’a devorining hozirgi holatdagi ko’rinishi XIII-XIV asrlarda bunyoq qilingan mudofaa devoir asosida shakllangani va bir necha bor ta’mirlangani aniqlangan. Shahar to’rtburchak shaklda qurilgan. Ichon qal’a devorining uzunligi 2200 metr bo’lib, dunyoning to’rt tomoniga qarata qurilgan darvozalari bor. Qal’a ichkarisining umumiy maydoni 26 gektarni (650x400 m) tashkil etadi. Shaharning yoshini aniqlash maqsadida 1984-1990- yillarda keng qamrovli arxeologik qazish ilrai olib borilgan. Unda O’zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpog’iston bo’limi (M.Mambetullayev rehbarligida) va Xiva “Ichon qal’a) muzey qo’riqxonasi ilmiy hodimlari jamoasi (Sh.Matrasulov rahbarligida) qatnashdilar. Mazkur yillar davomidagi tadqiqotlar Ichon qal’a devorining turli davrlardagi mudofaa tizimini o’rganishga ham imkoniyat berdi.
1985- yilda Ichon qal’a devorining shimoli-g’arbiy burchagidan 110 metr janubdagi devor qismi (balandligi 6,5 metr, o’pirilgan devor kengligi bilan 20 metr) o’rganilgan paytda, uning ichki tarkibi va turli davrlardagi ta’mirlash izlari yaqqol kuzatiladi. Ayniqsa, eng so’nggi devorning shakllanishi bilan bog’liq ma’lumotlar ko’z oldimizda gavdalanadi.
XIII-XIV asrlarda qadimgi devorlar tekislanib uning o’rnida paxsadan yangi devor barpo etilgan. So’nggi o’rta asrlardagi ta’mirlash ishlarida paxsa bilan birgalikda hom g’ishtlardan (hajmi 22-27x35-41x5-6 sm) ham foydalanilgan. Hom g’ishtlar ham gorizantal, ham vertikal holatda terilgan. Bunday g’isht terish uslubini XVI-XVII asrlarda Xorazmning ko’plab yodgorliklaridagi mudofaa va arxitektura inshootlarida uchratish mumkin. Jumladan, Ko’hna Urganchning XVI-XVII asrlarga oid shahar kvartalidagi tadqiqotlarda buni kuzatish mumkin. Keying davrlarda bu devorning tashqi va ichki tarafidan yana paxsa devor (qalinligi 2 metrgacha) bilan qoplangan. Qal’a devorlarining tepa qismi kunguralar bilan o’ziga hos ravshda bezatilgan. Devorning ichkari tomonidan dushmanga o’t ochish uchun shinaklar qo’yilgam. Har 30-50 metrdan esa burjlar –yarim aylanali mudofaa minoralari qad rostlagan bo’lib ular asosiy devordan 6-8 metr oldinga turtib chiqqan. Ularning sahnidan himoya davrida to’plar o’rnatib dushmanga o’q otilgan. Devorning balandligi 7-8 metr, qalinligi pastida 8-10 metr, yuqori qismida 2-3 metrni tashkil qiladi. Dushmandan himoyalanish chog’ida qal’a devori ustida aravada yurish imkoni bo’lgan. O’tgan asrlarda Ichon qal’a devorining atrofida chuqur zovur bo’lib, bu zovur qal’a qurilishi uchun olingan tuproq o’rnida paydo bo’lgan. Hosil qilingan chuqurlik suv bilan to’ldirilib, qal’a devorigacha yana bir himoya vositasi paydo qilingan.
2.2 Hazorasp (Devsolg’an) qal’asi (Xivaning janubiy darvozasi)
Xorazm vohasi hayotida juda katta rol o’ynagan Hazorasp qal’asi bir vaqtlar katta iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy markaz bo’lgan. Qal’aning qachon barpo etilganligi haqida aniq yozma ma’lumotlar saqlanib qolmagan. Hattoki, qadimshunos olimlarimizning ko’p yillik arxeologik tadqiqotlari ham birorta aniq xulosa chiqarishga asos bo’la oladigan dalilni bermadi. Shunga qaramasdan, zardushtiylik dinining dastlabki muqaddas olovi –“Aturaspend” yoqilgan qal’aning qadimiy Yoshi -3000 yilga yaqin degan fikrlar ilgari surilmoqda. Hazorasp qal’asining qurilishi haqida bir qator afsona va rivoyatlar mavjud. Hususan, qal’aning dastlabki davrdagi tarixi yaxudiylarning to’rtinchi podshosi –Solomon (Sulaymon) nomi bilan bog’lanadi. Tarixiy manbaalarga qaraganda Solomom podsho David (Dovud)ning o’gli bo’lib, mil.avv. 1015-975- yillarda, ya’ni 40 yil taxtda o’tirgan. O’ta bilimdon va tadbirkor Solomon o’z davlatining sarhadlarini kengaytirgan. U Xorazmga kelgan vaqtida buloqlardan suv ichayotgan qanotli otlarni ko’rib hayratga tushgan. Shunda u Somon ismli deviga buloqlar suviga og’u solib, otlarni ushlab olish va qanotlarini kesib, xonakilashtirishni buyurgan. So’ngra podsho buloqlar (ular etnograf M.V.Sazonovaning ma’lumotlariga qaraganda 5 ta bo’lgan) atrofini baland devor bilan o’rab, qal’a barpo etishni buyurgan. Qal’aga esa Hazorasp, ya’ni “ming ot” deb nom berilibdi. Keyinchalik mahalliy xalqning tilida ushbu qal’a “Dev solg’an) nomi bilan yuritila boshlagan. Demak, o’tmishda to’qilgan afsona va rivoyatlarning biroz bo’lsa-da haqiqatga yaqin asosi bor deb qaralsa, Hazorasp qal’asining Yoshi salkam 3000 yil ekanligi yaqqol ko’zga tashlanadi. Etnograf va o’lkashunos tadqiqotchilar shaharning nomi afsonaviy otlar bilan emas, balki shu yerda qachonlardir yashagan “hazor” va “os” qabilalarining nomi bilan bog’liq degan haqiqatdan uzoq bo’lmagan fikrni ilgari surmoqdalar. Chunki shu kungacha saqlanib qolayotgan va qal’a yaqinidan o’tadigan ariqning nomi ham “Hosoyop” deb aytiladi va bu bir necha ming yil ilgari os qabilasi yerlarini suv bilan ta’minlagan. Hazorasp haqidagi dastlabki yozma ma’lumotlar Abu Rayhon Beruniyning “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” asarida keltirilgan. Mashhur tarixchi at-Tabariy 712-yilda arablar istilosiga uchragan Xorazmda uchta yirik shahar –Kat, Gurganch va Hazorasp bo’lganligini qayd etgan. Yana bir yirik arab tarixchisi Ishtaxriy qal’a yaqinidan bir nechta ariqlar oqib o’tadi va ulardan birining nomi Hazorasp ekanligini ta’kidlagan. 3
Hazorasp qal’asi janubiy darvoza bo’libgina qolmay harbiy-strategik istehkom ham hisoblangan. Vohaning janubidan kelayotgan har qanday yovga dastavval shu qal’a qarshilik ko’rsatgan va juda ko’p hollarda Xorazmni istilo qilishga kuchi yetmasligini bilgan dushman shu yerdan orqaga qaytishga majbur bo’lgan. Hazorasp bozorlarida o’lkaning ko’plab hududlaridan keltirilgan mollarni va savdogarlarni ko’rish mumkin edi. Shahar aholisining soni ortib bordi va nazoratning susayganligi oqibatida “Dev solg’on)ning ichkari qismida juda ko’plab imoratlar qurila boshlandi. Natijada ko’p ming yillik ko’hna tarix guvohi bo’lgan ashyoviy dalillar imoratlar ostida, aniqlab bo’lmaydigan darajada qolib ketdi.
Mazkur afsusli holatga qaramasdan Hazorasp qal’asini o’rganish masalasi barcha yirik olim va tadqiqotchilarning e’tiborini tortib keldi. Hazorasp qal’asida arxeologik tadqiqotni ilk bor 1936 va 1941- yillarda Yaxyo G’ulomov amalga oshirgan. Olim qal’aning qurilishi taxminan mil.avv. IV-III asrlarda ro’y berganini ta’kidlab, uni Qang’uylar davriga oid yodgorliklar qatoriga kiritgan. Qumlar bilan to’ldirilgan murakkab istehkomlar ustida joylashgan qal’aning maydoni 340x320 metrni tashkil qiladi va paxsa devorlari hajmi 40x40x10 sm bo’lgan hom g’ishtlar yordamida mustahkamlangan. Uch qator mudofaa (2 ta devor va suv to’ldirilgan handak) to’siqlari bo’lgan qal’a atrofida oralig’i 55 metrga teng 17 ta loy kungura (milchar)lar bilan mustahkamlangan. Qal’a atrofiga to’sinlar (kolonna) o’rnatilgan hashamatli saroy ham qurilgan.
Rus olimi V.I.Massalskiyning ma’lumotlariga qaraganda Hazorasp Amul (Chorjo’y) yaqinidan chiqarilgan ariq orqali Amudaryo suvi bilan ta’minlangan. Ammo ushbu ma’lumot biroz shubhalidir. Chunki qadimgi Amul bilan Hazorasp orasida tahminan 350 km masofa yotadi va bunday uzun suv inshootini qurish juda murakkab ish bo’lgan. Etnograf M.V.Sazonova shaharga mahsus qurilgan moslamalar yordamida suv yetkazib berilganligi sababli 5-6 m balandlikdagi qal’a quduqlarida suvning sathi ancha yuqori bo’lgan, degan xulosaga kelgan. Ayrim ma’lumotlarga qaraganda, qachonlardir qal’adan to Amudaryogacha bo’lgan yashirin yer osti yo’li ham bo’lgan ekan.
Keying yillarda qal’aning qadimgi davrdagi tarixini Xorazm arxeologiya-etnografiya ekspeditsiyasining a’zolari Militsa Georgevna Vorob’eva (1958); Mixail Samoylovich Lapirov-Skoblo, Yelena Yevdokimovna Nerazik (1960) boshliq olimlar guruhi Hazorasp qal’asi devorlari va shaharning ichkarisidagi ayrim imoratlarning qoldiqlarini tekshirdilar. Tadqiqot ishlarining kengaytirilishi va chuqurlashtirilishiga yer osti suvlari sathining yuqoriligi imkon bermagan.
1966-yilda qal’adagi Juma masjid tagida saqlanib qolgan madaniy qatlamni o’rganish ishiga qoraqalpoq olimlaridan Mirzamurod Mambetullayev va Narimon Yusupov, xorazmlik olimlardan Razzoqbergan Abdriov, Quronboy Sobirov, Shixnazar Matrasulov, Komiljon Abdrimov kirishdilar. Qo’l mehnati yordamida qazilgan 8 metrlik chuqurdan topilgan ashyolar juda ko’plab sirlarni ochishga va tarixiy ma’lumotlarni aniqlashtirishga yordam beradi. “Hazorasp tarixi” kitobi mualliflaridan biri taniqli o’lkashunos Komiljon Nurjonov ham “Dev solg’an” qal’asi o’tmishi va bugungi kundagi ahvolini o’rganishning muhumligini ta’kidlagan. Dev solg’on qal’asini tarixiy muzey-qo’riqxonaga aylantirish va uni tomosha qilish uchun sayyohlarni taklif etishga sharoit yaratish muhim ahamiyatga ega.4
2.3 Oqshayx bobo qasri va Xiva qudug’i
Oqshayx bobo qasri Ichon qal’aning Ko’hna Ark hududi ichida, uning g’arbiy devoriga tutashgan qismida joylashgan. Rivoyatlarga ko’ra, XIV asrda yashab o’tgan Shayx Muxtor Valining qadamjosi bo’lgan. 1984-1985- yillarda qoraqalpog’istonlik arxeologlar M.Mambetullayev, V,Yagodinlar boshchiligida Oqshayx bobo tepaligi yonida olib borilgan arxeologik qazishmalar natijasida olingan ma’lumotlarga ko’ra tepalik VI-VIII asrlarda barpo etilgan. Bu inshootni barpo etishda kvodrat shaklidagi (35-39x35-39x8-9 sm) hom g’ishtlardan foydalanilgan bo’lib, bunday hajmdagi g’ishtlar Xorazmdagi ilk o’rta asr inshootlarining qurilishida keng foydalanilgan. Mazkur inshootni o’rganish jarayonida madaniy qatlamlardan topilgan sopol buyumlar ham Xorazmning ilk o’rta asrlar yodgorliklarida keng tarqalganligi bilan xarakterlanadi. Tadqiqotchilar xulosasiga ko’ra bu tepalik qal’a ichida barpo etilgan ilk o’rta asrlarga xos bo’lgan mustahkamlangan feudal qo’rg’oni sifatida tariflanadi. Shunga o’xshash qo’rg’on kvodrat shaklda (11,5x11,5) Ichon qal’aning janubi-sharqiy burchagida ham aniqlangan. Qal’a ichida bunday mustahkamlangan qo’rgonlarning miqdori qancha bo’lganligi yoki ular ilk o’rta asrlar shaxrining ajralmas qismi bo’lganmi, hozircha noma’lum. Bu yodgorlik XVII asr boshlarida qaytadan ta’mirlangan. Tepalikda saqlanib qolgan ikki qavatli uyning harobalari so’nggi davrga oid qasrning kuzatuv minorasi bo’lib xizmat qilgan. Tepalikning ichki xonalarida XIX asrda to’p quyish ustaxonasi va porox saqlanadigan ombor joylashtirilgan. Bino 1991- yilda qayta ta’mirlangan, hozirda sayyohlar baland ayvon orqali shaharni tepadan tomosha qilish imkoniyatidan bahramand bo’lmoqdalar. 5
Xiva qudug’i
Ichon qal’aning shimoli-g’arbiy qismida, hozirgi A.Boltayev k. 41-uydagi manzilda joylashgan. Rivoyatlarga qaraganda, Xiva shahrining ko’hna qismi o’rnida (hozirgi Ichan qal’a hududi) sahro bo’lgan. Marvdan Jurjoniya (ko’hna Urganch) tomon o’tadigan “Ipak yo’li”ning shimoliy shahobchasi bo’ylab karvonlar yurgan. Ana shu karvon yo’lida suvi toza holatda saqlanadigan “Xivak qudug’i” bo’lgan. Bo’lg’usi shaharning nomi ham ana shundan kelib chiqqan.
1985-yilda Qoraqalpog’istonlik arxeologlar M.Mambetullayev, V.Yagodin, N.Yusupovlar quduq yonida amalga oshirilgan arxeologik burg’ulash asosida olingan ma’lumotlarga tayanib, quduq XVII-XVIII asrlarga taalluqli bo’lishi mumkinligi qayd etilgan. Tarixshunoslardan L.Yu.Mankovskaya, V.A.Bulatovalarning “Памятники зодчества Хорезма” nomli monografiyasida bu quduq X asrda barpo etilganligi ta’kidlanadi. Xalq orasida tarqalgan afsonalar va Xudoyberdi ibn Qo’shmuhammadning “Dili g’aroyib” asarida esa Xiva qudug’i Nuh payg’ambarning o’g’li Som tomonidan qurilganligi haqida aytiladi. Shunga asoslanib tarixchi va o’lkashunoslar orasida mazkur quduq shahar paydo bo’lgan davrdayoq mavjud bo’lgan degan fikrlar yuradi. Xalq orasida “Xey-voh” deb ataladigan quduq 3 qavat tosh terib yasalgan. Eng ostki qismi silindr shaklida, so’ngra to’rtburchak shaklida va yuqori qismi sakkizburchak shaklida terib chiqilgan. Ilgari usti gumbaz bilan qoplangan. Uning suv sathigacha bo’lgan chuqurligi - 6,65m, tepa qismining diametri – 0,65m. Quduq qurishda dastlab yer suv chiqquncha kovlanadi, so’ngra qazilgan joyni pastiga taglik –“soz” o’rnatilgan, keyin ustidan tosh yoki pishiq g’isht terib chiqqanlar. 6
3 Xiva shahrida joylashgan mavjud arxeologik yodgorliklar. 3.1 Ichan qal’a muzey qo’riqxonasi va Dishan qal’a (Nurullaboy saroyi)
Ichan-Qalʼa: Saidboy masjidi va madrasasi (18asr oxiri - 19asr boshlari)
Polvon Darvoza darvozasi atroflari
Allaqulixon madrasasi (1834/35)
Qutlugʻ Murod Inoq madrasasi (1804/12)
Tim va Allaqulixon Karvon saroyi (19asr)
Abdullaxon madrasasi (1865)
Anushaxon masjidi va saroyi (1657)
Toshhovli (Allaqulixon saroyi) (1830/36)
Oq masjid (1832/42)
Juma masjid minorasi (1788/89)
Said Alovuddin maqbarasi (14asr)
Muhammad Aminxon madrasasi (1851/52)
Kalta Minor minorasi (1855)
Koʻhna Ark (1868/88)
Toʻra Murod to'ra minorasi (1888)
Muhammad Aminxon madrasasi (1871)
Shergʻozixon madrasasi (1718/20)
Bogʻlandi masjidi (19asr)
Arabxon (Arab Muhammadxon) madrasasi (1838)
Islomxo’ja minorasi
Qozi Kalon madrasasi7
Dunyoning qadimiy shaharlaridan, xalqaro sayyohlik markazlardan biri sanalgan Xiva bejiz ochiq osmon ostidagi muzey sifatida e’tirof etilmagan. Shahar hududida miloddan avvalgi VI – V asrlardan XX asr boshlarigacha bo‘lgan davrlarga taalluqli 122 dan ortiq arxeologik yodgorliklar va me’moriy obidalar saqlanib qolgan va ular Davlat muhofazasiga olingan. Ayniqsa Xiva shahrining Ichan-Qal’a qismi Markaziy Osiyoda saqlanib qolgan birdan bir butun boshli shahar-yodgorlik bo‘lib, uning o‘tmishidagi taqdiri, me’moriy obidalari dunyoning eng qadimgi madaniy voha - Xorazmning tarixiy, madaniy taraqqiyoti bilan chambarchas bog‘likdir. Betakror Xiva shahri sharq xalqlarini qadimiy madaniyati beshigi bo‘lgan Xorazmning ko‘p asrlik me’moriy qurilish an’analarini meros qilib olgan Xorazm me’morlari san’ati va mehnatining ijodiy yakunidir. Xiva shahri 1990- yil 12- dekabrda YuNESKOning Kanadada bo‘lib o‘tgan 14- sessiyasining maxsus qarori bilan Markaziy Osiyoda birinchi bo‘lib “Butun jahon merosi” sifatida ro‘yxatga olingan.8 1997- yilda mamlakatimizning ikki azim va buyuk shahri Buxoro va Xivaning 2500 yillik yubileylari YuNESKO rahnamoligida dunyo miqyosida keng nishonlanishi bu shaharlarning butun dunyoda e’tirof etilganidan dalolat beradi. O‘zbekistonning eng ko‘hna muzeylaridan biri bo'lgan Xiva “Ichan-Qal’a” tarixiy me’moriy Davlat muzey-qo‘riqxonasi 26 ga maydonda joylashgan bo‘lib, “Ichan-Qal’a”ning ko‘hna devorlari bilan o‘ralgan. Muzey – qo‘riqxona hududida 54 ta mangulikka daxldor tarixiy me’moriy obidalar, 360 xonadonda 2600 nafar aholi istiqomat qiladi. Xiva Ichan-Qal’a tarixiy me’moriy Davlat muzey qo‘riqxona ekspozitsiyalari Ichan-Qal’a hududidagi tarixiy me’moriy obidalarda joylashgan. 1920- yil 27- aprelda Xiva Davlat muzeyi sifatida tashkil topgan. Bu dargoh 1924- yildan 1967- yilgacha Xorazm inqilobi tarixi muzeyi, 1967- yildan Markaziy Osiyoda birinchi bo‘lib Xiva haqiqiy tarixiy me’moriy muzey–qo‘riqxona sifatida faoliyat ko‘rsata boshlagan. Muzey–qo‘riqxonaning 69 ta zalida joylashgan 14 ta mustaqil ekspozitsiya Xorazm va Xiva tarixining ma’lum bir davrlarini aks ettirib, uning jahon madaniyatiga qo‘shgan hissasini ochib beradi. Ichan qalʼa - Xorazm xalq meʼmorchiligining ajoyib obidalari: madrasa, masjid, saroy va minoralar, asosan, Ichan qal’ada. Undagi meʼmoriy yodgorliklarning yaratilish tarixi, asosan, 4 davrga taalluqli: birinchisi Xorazmning qadimiy davridan to moʻgʻullar istilosi davriga qadar, bu davrdan Koʻhna arkning gʻarbiy devori, qalʼa devorining shimoli- sharqiy burchagidagi qadim davrga mansub burj va qalʼa devori qoldiqlari saqlanib qolgan. Ikkinchisi Xorazmning 1220- yildagi moʻgʻullar istilosidan keyingi tiklanish davri. Bu davrda Sayid Alovuddin maqbarasi va boshqa mahobatli binolar qurilgan. Uchinchi davri 16—17-asrlarga toʻgʻri keladi. Shu paytda (Abulgʻozixon va Asfandiyorxon hukmronlik davri) Ichan qalada Anushaxon hammomi (1657), peshayvonli Oq masjid (1675), Xoʻjamberdibek madrasasi (1688) kabilar bunyod etildi, Koʻhna ark istehkomlari mustaqkamlandi, koʻrinishxona (xonning qabulxonasi) qurildi (1686—1688). Buxoro bilan Eron oʻrtasida Xiva xonligi uchun boshlangan urush natijasida (18-asrning 1-yarmi) Ichan qal’a va, umuman, Xiva shahri qattiq shikastlandi (Xiva bir qancha vaqt Eronga tobe viloyat boʻlib turdi). Toʻrtinchi davri 18—20-asrlarni oʻz ichiga oladi. Bu davrda Oʻrta Osiyo mahalliy meʼmorligi anʼanalari asosida masjid, Madrasa, tim va toqilar qurildi. Ota darvozadan Polvon darvozagacha katta yoʻl oʻtkazildi. 18-asr oxirida Juma masjid qayta qurildi va uning yonida baland minora qad koʻtardi. Ichan qalaning haroba devorlari tiklandi, bir qancha imoratlar taʼmir qilindi. 1840- yildan boshlab ikki qavatli Qutlugʻ Murod Inoq madrasasiga qaratib tim va toqilar qurildi. Muhammad Rahimxon (1806—1925), Olloqulixon (1825—1942), Muhammad Aminxon (1845—1955) hukmronligi davrida Ichan qalada qurilish avj oldi. Muhtasham saroy, Madrasa, maqbaralar barpo etildi: Koʻhna arksat saroy qurilishi tugallandi. Yangi va katta Tosh hovli saroyi qurildi. Polvon darvozaga yaqin qoʻrgʻon devorining bir qismi buzilib, oʻrniga Olloqulixon karvon saroyi, madrasasi va timi qurildi, xalq ijodining ajoyib namunasi Pahlavon Mahmud maqbarasi qad koʻtardi. Arab Muhammadxon va Musa Tura madrasalari ham shu davrda yaratildi. Muhammad Aminxon Ichan qalaning gʻarbiy qismiga — Koʻhna ark yoniga Kalta minor nomi bilan mashhur boʻlgan minora qurdirdi. Bu minora garchi bitkazilmay qolgan boʻlsada, Ichan qal’a mujassamotida katta oʻrin tutadi. Ichan qala qurilishida Xiva meʼmorlari Oʻrta Osiyoda qadimdan qoʻllanib kelgan uslub — inshootlarni roʻparama - roʻpara qurish uslubi (“qoʻsh”)dan foydalanishgan. Masalan, Olloqulixon madrasasi bilan Qutlugʻ Murod Inoq madrasasi, Shergʻozixon madrasasi bilan Pahlavon Mahmud maqbarasi shu uslubda qurilgan. Ichan qala meʼmorligining yana bir oʻziga xos xususiyati binolarning alohida ansambl holida qurilganligi. Masalan, Juma masjid yonidagi ikkita kichik Madrasa, Muhammad Amin Inoq va Matpanoboy madrasasi hamda Matniyoz devonbegi madrasasi ancha yirik ansambldir. Polvon darvoza oldidagi bir necha masjid va madrasalar, hammom, toqi, karvonsaroy va xon saroyi oʻziga xos ansamblni tashkil etadi. Qutlugʻ Murod Inoq bilan Olloqulixon madrasasi, Tosh hovli bilan Oq masjid oʻrtasidagi maydoncha shu ansamblning mujassamot markazidir.
Ichan qal’a meʼmoriy yodgorliklari yogʻoch oʻymakorligi, sangtaroshlik, ganchkorlik, sirkor sopol va boshqa rang-barang naqqoshlik bezaklari bilan bezatilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |