O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY VA O'RTA MAXSUS TA'LIM VAZIRLIGI TOSHKENT MOLIYA INSTITUTI
Buxgalteriya hisobi va audit fakulteti “Buxgalteriya hisobining axborot tizimlari” fanidan
MUSTAQIL ISH MAVZU:MEHNATGA HAQ TO’LASH VA ISH HAQI BO’YICHA HISOB-KITOBLAR HISOBINI AVTOMATLASHTIRISH
Bajardi:HBA-81 guruh talabasi Xatamova Mohinur
Toshkent-2022 Reja: 1.Mehnat haqi bo’yicha asosiy tushunchalar. 2.Xodimlar bo’yicha hisob siyosatini yuritish. 3.Jismoniy shaxslar haqida ma’lumotlarni kiritish va ishga qabul qilish.
Mehnat haqi bo’yicha asosiy tushunchalar Korxonaning ishlab chiqarish-xo’jalik faoliyati jonli mehnatni iste’mol qilish bilan birga yuz beradi. Uning miqdori ishlagan kishi-soatlar bilan o’lchanadi. Mehnat jarayonida har bir xodimning bajargan ishi, tayyorlagan mahsuloti, iste‘molchilarga ko’rsatgan xizmatlar uchun sarflangan mehnatiga haq to’lash miqdorini asoslash hamda aniqlashni talab qiladigan o’zaro munosabatlar vujudga keladi. Mehnatga haqi to’lash hisobini avtomatlashtirishdan avval mehnat haqiga ta’rif berishimiz lozim.Quyida mehnat haqining bir nechta ta’riflarini keltirib o’tamiz: Mehnat haqi – bu mehnatning bahosi yoki narxidir. Uning miqdori va dinamikasi bozor omillariga, birinchi navbatda esa unga bo’lgan talab va taklifga bog’liq. Mehnat haqi – bu tovarning puldagi ifodasi “ishchi kuchi” yoki “ishchi kuchining narxi”. Uning miqdori ishlab chiqarish sharoiti hamda bozor omillari – talab va taklif, ya‘ni bu omillar ta‘sirida bozorda ishchi kuchi narxi va ish haqi o’rtasida tafovut yuzaga keladi (ish haqi haqiqiy narxidan oshishi yoki kamayishi mumkin). Mehnat haqi – bu jamiyat ko’lamida milliy daromadning ishchilar va xizmatchilar o’rtasida ular mehnatining miqdori va sifatiga muvofiq taqsimlanadigan hamda shaxsiy iste‘moli maqsadlari uchun foydalaniladigan qismidir. Mehnat haqining miqdorini belgilash ish beruvchi bilan xodim o’rtasidagi kelishuvga binoan belgilanadi. Mehnat haqi qonun hujjatlari bilan belgilangan eng kam miqdordan oz bo’lishi mumkin emas va uning eng ko’p miqdori biron-bir tarzda cheklanmaydi.(O’zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksi, 153-modda) O’zbekiston Respublikasida mehnatga oid munosabatlar mehnat to’g’risidagi qonun hujjatlari, jamoa kelishuvlari, shuningdek jamoa shartnomalari va boshqa lokal normativ hujjatlar bilan tartibga solinadi. Mehnat to’g’risidagi qonun hujjatlari Mehnat Kodeksi, O’zbekiston Respublikasi qonunlari va Oliy Majlis qarorlari, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, Qoraqalpog’iston Respublikasi qonunlari va Jo’qorg’i Kengesi Qarorlari, O’zbekiston Respublikasi Hukumatining hamda Qoraqalpog’iston Respublikasi Hukumatining qarorlari, davlat hokimiyatining boshqa vakillik va ijroiya organlari o’z vakolatlari doirasida qabul qiladigan qarorlardan iboratdir. Mulkchilikning barcha shaklidagi korxonalar, muassasalar, tashkilotlarda, shuningdek ayrim fuqarolar ixtiyorida mehnat shartnomasi (kontrakt) bo’yicha ishlayotgan jismoniy shaxslarning mehnatga oid munosabatlari mehnat to’g’risidagi qonunlar va boshqa normativ hujjatlar bilan tartibga solinadi.