Bahouddin Naqshbandi
Markaziy Osiyoda XIV asrda paydo bo‘lgan yana bir yirik tasavvufiy tariqat - «Naqshbandiya» tariqatidir. Bu tariqat Xoja Muhammad Bahouddin Naqshband nomi bilan bog‘liqdir. Naqshband 1318 yilda Buxoro yonidagi qasri Hinduyon qishlog‘ida tavallud topgan (so‘ngra Hazrati Naqshband sharofati bilan bu qishloq «qasri Orifon» deb atala boshlangan).
1354 yilda vafot etgan mutasavvuf olim Xoja Muhammad Boboi Samosi Bahouddin Naqshbandning Buxoro yonidagi qasri Hinduyon qishlog‘ida paydo bo‘lishini oldindan bashorat qilgan ekan.
Mazkur mutasavvuf donishmand yosh Bahouddinni o‘ziga o‘g‘il qilib oladi va har tomonlama uni tarbiya qiladi. Vafotidan oldin uni o‘z shogirdi Sayyid Mir Kulolga topshiradi. Shu zaylda yosh Bahouddin o‘sha davrdagi atoqli mutasavvuf Sayyid Mir Kulol qaramog‘ida ta'lim olgan.
Tasavvufning mashhur bilimdoni, atoqli sharqshunos Ye.E.Bertelsning yozishicha, Naqshband ta'limotining asosida ixtiyoriy ravishdagi faqirlik yotadi... Shunga binoan, Bahouddin Naqshband umri bo‘yi dehqonchilik bilan kun kechirgan, o‘z qishlog‘ida unchalik katta bo‘lmagan yeriga bug‘doy va mosh ekar ekan.
U uyida hech qanday mol-dunyo va boylik saqlamagan. qishda qamishlar ustida, yozda esa bo‘yra ustida yotib kun kechirgan. Uning uyida hech qachon xizmatkor ham bo‘lmagan. Hazrati Naqshband butun umrini o‘z xohishi bilan faqirlik va yo‘qsilliqda o‘tkazgan. Zero, bu tariqatning asl aqidasi - «Dil ba yor-u, dast-ba kor» - ya'ni «doimo ko‘ngling Allohda bo‘lsin, qo‘ling esa ishda», degan g‘oyani ilgari suradi. U o‘z qo‘l kuchi bilan kun ko‘rishni yoqtirgan, topgan-tutganlarini - yetim-yesirlarga, beva-bechoralarga in'om etgan, hukmdorlardan doimo o‘zini yiroq tutgan, ular oldida hech qachon ta'magirlik qilib yashamagan.
XIV asrda Markaziy Osiyoda paydo bo‘lgan «Naqshbandiya» ta'limoti Afg‘oniston orqali Hindistonga va boshqa islom yurtlariga shiddat bilan tarqala boshlaydi. Naqshbandiya ta'limoti Temurning mo‘g‘ullar istilosiga qarshi kurash, mustaqil davlat barpo etib, unda madaniy-ma'naviy rivojlanishni ta'minlashga intilishida, temuriy davri madaniy yuksalishida katta ijobiy ahamiyat kasb etadi.
XV asrning ko‘p olim-fozillari, davlat arboblari, san'atkorlari Naqshbandiya ta]limotidan keng foydalandilar, unga o‘ta ijobiy munosabatda bo‘ldilar. Zahiriddin Muhammad Bobur (1483-1530) davrida, undan keyingi XVI-XVII asrlarda bu jarayon ancha tezlashadi.
Naqshbandiya tariqati XVI asrda Xoja Muhammad al-Boqiy Kobuliy (vafoti 1605) Hindistonga borgandan so‘ng Hind tuprog‘ida ham avj oladi. Bu mashhur mutasavvuf olim Afg‘on va Hind yurtlarida Xoja Boqibillo nomi bilan mashxurdir. Uning shogirdi Xoja Ahmad Foruq Sirhindiy (1563-1624) esa Naqshbandiya ta'limotining XVII asrda Hindistonda yoyilishida katta rol o‘ynagan.
Shunday qilib, bizning tabarruk yurtdoshimiz Hazrati Bahouddin Naqshband tomonidan asoslangan Naqshbandiya ta'limoti Markaziy Osiyo, O‘rta va YAqin Sharq xalqlarining ijtimoiy-siyosiy, ma'naviy-madaniy hayotida juda katta o‘rin egalladi. Bu ta'limot boshqalar mehnati bilan kun kechirishni, tekinxo‘rlikni, ijtimoiy zulm-istibdodni qat'iyan qoralaydi. Bu ta'limot tarafdorlari asketizmga (tarkidunyochilikka) qarshi, boy-zodagonlarning zulm va istibdodiga qarshi bo‘lganlar, faqat o‘z qo‘l kuchi, peshona teri bilan halol mehnat qilib kun kechirishga chaqirganlar. Naqshbandiylar savdo-sotiq, dehqonchilik, hunarmandchilik, badiiy adabiyot, musiqa, ilm-ma'rifat, hattotlik, naqqoshlik, miniatyurasozlik, quruvchilik kabi barcha foydali va xayrli yumushlar bilan shug‘ullanishga da'vat etganlar. Shuning uchun ham o‘z davridagi ilm-ma'rifatning, adabiyotning yirik namoyandalari bo‘lmish Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Xushholxon Xatak, Ahmad Shoh Durroniy, Mahdumquli Firog‘iy singari yuzlab ulkan taraqqiyparvar, insonparvar shoirlar va mutafakkirlar Naqshbandiya yo‘lini tanlaganlar, hayotni va insonni avji baland pardalarda kuylab, tinmay barakali ijod qilganlar.
Xoja Bahouddin Naqshbandni Markaziy Osiyo xalqlari juda yuksak qadrlaydilar. Xalqimiz ul Hazratga baland e'tiqod qo‘yib, «Bahouddin-balogardon!» deya behad e'zozlaydi. Hozirgi mustaqillik zamonida «Yassaviya», «Kubraviya», «Naqshbandiya» kabi o‘lkamizda (Turkistonda) vujudga kelgan tariqatlar endi bizda ham har tomonlama chuqur o‘rganila boshlandi.
Xoja Ahmad Yassaviy, Shayx Najmiddin Kubro va Xoja Bahouddin Naqshband singari mutasavvuf donishmandlarning poklik, to‘g‘rilik, mehr-shafqat, adlu insof, imondorlik, mehnatsevarlik, vatanparvarlik kabi ilg‘or umumbashariy fikrlari davrimizga hamohang bo‘lib, kelajak uchun xizmat qiladi. 1993 yilda O‘zbekistonda Bahouddin Naqshbandning 675 yilligi zo‘r tantanalar bilan o‘tkazildi, unga bag‘ishlab qator asarlar nashr etildi, Xalqaro ilmiy konferensiyalar bo‘lib o‘tdi. Buxorodagi Naqshband nomi bilan bog‘liq bo‘lgan yodgorliklar qaytadan tiklandi.
Do'stlaringiz bilan baham: |