“BAHOR QAYTMAYDI” ASARIDA BADIIY PSIXOLOGIZM
Achilova Emina Sa'dulloyevna,
Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika instituti òzbek tili va adabiyoti yo’nalishi 2-kurs magistranti
Annotatsiya: Ushbu maqolada badiiy asarlarda uchraydigan psixologizm haqida ilmiy ma’lumotlar beriladi. O’tkir Hoshimovning “Bahor qaytmaydi” asaridagi badiiy psixologizmlar ilmiy tadqiq etiladi. Fikrlar faktlarga asoslanib dalillanadi.
Kalit so’zlar: Asar, psixologizm, ijodkor, tafakkur, inson, jamiyat, hayot, voqea, hodisa, qonuniyat, davr, novator, shakl, muhit.
Badiiy asar – ijodkor tafakkuri mahsuli bo‘lib, unda inson va jamiyat hayoti, uning taqdir yo‘li va qismati o‘z tasvirini topadi. Har bir badiiy asarda hayotimizda sodir bo‘lib o‘tgan yoki bo‘lishi mumkin bo‘lgan voqea-hodisalar muallif tomonidan o‘quvchi-kitobxonga badiiylik qonuniyatlariga asoslanib yetkazilar ekan, mazkur badiiylik qonuniyatlari turli davrlarda sayqallanib, an'anaviylik va novatorlik orasida muntazam shakllanishda davom etadi. Badiiy asarlarda ko‘tarilayotgan muammolar, o‘quvchi e'tiboriga va hukmiga havola qilinayotgan masalalar – badiiy asar mavzusi va mazmuni bevosita asar yaratilgan davr ijtimoiy muhiti bilan chambarchas bog‘liqdir.
Ma'lum bir davr va uning vakillari haqida qiziqarli va muhim voqealarni to‘xtovsiz so‘zlash mumkin, ammo voqealarning shunchaki bayoni badiiy asar darajasiga ko‘tarilishi uchun ijodkor turli badiiy tasvir vositalaridan foydalangan holda voqealar bayonini san'at asari darajasiga olib chiqadi. Asardagi badiiy obraz xarakterini chuqur va to‘liq ochib berishda muallif badiiy tasvir vositalari bilan bir qatorda psixologik tasvir vositalaridan ham foydalandi. Asarda muallif tomonidan qahramon ichki dunyosiga chuqur kirib borish, obraz ruhiy olamining batafsil tavsifi, qalb kechinmalarining tasviri – “badiiy psixologizm” deb yuritiladi.
Psixologizm atamasi psixologik tahlil, psixologik tasvir, psixologik obraz, psixologik roman, psixologik hikoya va psixologiya kabi atamalar bilan bog‘liq. A. B. Yesin ta'biri bilan aytganda, badiiy psixologizm – bu asar personajining xayolot olami, fikrlari, mulohazalarining o‘ziga xos badiiy vositalardan foydalangan holda juda to‘liq, batafsil va chuqur ifodalab berish. Rus adabiyotshunoslik ilmida ruhiyat mavzusida birinchilardan bo‘lib tadqiqot olib borgan N.G. Chernishevskiy psixologik tahlil xilma-xil bo‘lishi mumkin deydi va bir muallif xarakter qirralarini ochib berishga urinsa, boshqasi – xarakter shakllanishiga jamiyat va turmush ta'sirini ko‘rsatib beradi; uchinchisi – xatti-harakatlarning his-tuyg‘ular bilan aloqadorligini; to‘rtinchisi – ehtiroslar tahlili tasvirlaydi. Rus adabiyotshunosligiga psixologizm tushunchasi qariyb ikki yuz yil avval kirib kelgan bo‘lsa, bu muammoni ilm dunyosiga olimlar A.A. Potebney, D.N. Ovsyaniko-Kulikovskiy olib kirgan, adabiyotshunoslikda M.M. Baxtin, JI.Ya. Ginzburg, A.B. Yesin, D.S. Lixachev, psixologiya fanida esa L.S. Vigotskiy, I.V. Straxoviy, G.G. Granik, O.V. Soboleva tomonidan chuqur tadqiq qilingan.
Adabiyotda psixologizmning rivojlanish tarixini tavsiflab, adabiyotshunos olim L.Ya.Ginzburg “mavjud adabiy janrlarda psixologik yangiliklar endigina nish urayotgan bir vaqtda, badiiy adabiyotning yondosh janrlari bo‘lmish – rasoil, kundaliklar, memuarlar va avtobiografik janrlarda psixologizm allaqachon o‘rnashib bo‘lgan edi” deb yozadi. O‘z o‘rnida psixologizm atamasi turlicha ta'riflarga ega. Rus adabiyotshunoslik terminlari qomusida “Psixologizm (adabiyotda) – qahramonlar ichki olami: ularning o‘y-xayollari, orzu-umidlari, iztiroblarining chuqur va batafsil tasviri”. L.Ya.Ginzburg esa “... ko‘ngil olami ziddiyatlarining chuqur tadqiqi” deya ta'riflasa, A.B. Yesin psixologizmni keng va tor ma'nolari mavjud ekanligiga to‘xtalib o‘tadi – keng ma'noda inson hayotini tarannum etuvchi va xarakterini tasvirlab beruvchi barcha san'at turlarining xususiyati tushunilsa, tor ma'noda esa inson ichki olamidagi hayot va jarayonlarning tasviri deyiladi.
O‘zbek adabiyotshunos olimlari tomonidan tuzilgan adabiyotshunoslik terminlari lug‘atida badiiy psixologizm atamasiga “badiiy asarda to‘laqonli inson obrazini yaratishning muhim vositalaridan biri; personaj ruhiyatining ochib berilishi, xatti-harakatlari va gap-so‘zlarining psixologik jihatdan asoslanishi, shu maqsadlarga xizmat qiluvchi usul va vositalarning jamlanmasi” deya ta'rif berilgan. O‘zbek adabiyotshunosligida badiiy psixologizm masalasi ilmiy maydonga o‘tgan asrning o‘rtalarida kirib kelib, Milliy adabiyotshunosligimizda bu atama sintez bo‘lgan holda o‘zining ruhiyat (psixologizm), ruhiyat tasviri (psixologik tasvir), ruhiyat talqini (psixologik talqin), ruhiyat tahlili (psixologik tahlili) kabi nomlariga ega bo‘ldi.
“Ruhiyat” atamasining “psixologizm” (yun. psyche – qalb; logos – o‘rganmoq) termini bilan sinonim sifatida qo‘llanilishini joiz deyish mumkin, sababi 5 jildli “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” da ruhga – “jon”, ruhiyatga esa – “jonning holati”, deya izoh berilgan. Bu izoh albatta adabiy termin uchun nomukammal bo‘lsada, ammo ma'no jihatdan ikkila termin ham bir mazmunni beradi. O‘zbek adabiyotshunos olimlari XX asrning ikkinchi yarmidan boshlab badiiy psixologizm va psixologik tahlil masalasiga bag‘ishlangan izlanishlar olib bordilar. Jumladan, A.Rasulovning “Xarakter molodeji v sovremennix uzbekskix sovetskix povestyax” , N.Shodievning “Abdulla Qahhorning asarlarida psixologik tahlil mahorati” , N.Yuldashevning “Problemi psixologicheskogo analiza v uzbekskoy proze (Vnutrenniy monolog v romanax A.Kadiri, Aybeka, A.Kaxxara, A.Yakubova) nomzodliy dissertasiyalari, X.Umurovning “O‘zbek romanlarida ruhiy tahlil muammosi” doktorlik dissertasiyasi , A.Xolmurodovning “Odil Yoqubov romanlarida psixologizm” , P.Kenjaevaning “Hozirgi o‘zbek hikoyalarida qahramon ruhiyatini tasvirlash tamoyillari” nomzodlik dissertasiyasi hamda monografiyasida , M.Boboxonovning “Hozirgi o‘zbek qissachiligida badiiy psixologizm” nomzodlik dissertasiyasida, M.Sheralievaning “Hozirgi o‘zbek nasrida kinoya (ijtimoiypsixologik omillari, poetik tizimdagi o‘rni)” , Yu.Eshmatovaning “Istiqlol davri o‘zbek qissachiligida ayol ruhiyatining badiiy talqini, Sh.Botirovaning “Hozirgi o‘zbek romanlarida badiiy psixologizm (Ulug‘bek Hamdamning “Muvozanat”, “Isyon va itoat”, “Sabo va Samandar” romanlari misolida) filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun yozilgan dissersiyalarida badiiy psixologizm va psixologik tahlil masalalarini turli aspektlarini tadqiq etgan bo‘lsalar, M.Kilichevaning “Ingliz va o‘zbek adabiyotida psixologik holatlar talqinida adabiy ta'sir muammosi (yolg‘izlik motivi misolida)”, N.Qobilovaning “Jek London va Abdulla Qahhor ijodida badiiy psixologizm” mavzusidagi filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun yozilgan dissersiyalarida badiiy psixologizm va ruhiyat mavzularida qiyosiy tadqiqot olib borganlar.
Garchi, o‘zbek adabiyotshunosligi ilmiy davralarida psixologizm hamda ruhiyat bilan bog‘liq tushunchalar XX asrning o‘rtalarida e'tirof etila boshlagan bo‘lsada, shaxs ruhiyati talqini va tahlili Sharq mumtoz adabiyoti vakillari ijodida ham yetakchi o‘rinni egallagan.
O’tkir Hoshimov – buyuk ijodkor. Uning asarlari dunyoning ko’plab tillariga tarjima qilingan, badiiylashtirilgan. O’zbek kitobxonlari O’tkir Hoshimov asarlarini maroq bilan o’qiydi. Uning “Bahor qaytmaydi” qissasi barchamizga ma’lum va mashhurdir. Bugungi maqolamiz “Bahor qaytmaydi” asarida badiiy psixologizmlarning mohiyati haqida.
«Bahor qaytmaydi» qissasida yozuvchi iste’dodli, biroq iste’dodi qadriga yetmagan, ulug’ maqsadlardan maxrum xudbin yigitning tanazzul tarixini, ruhiy-ma’naviy inqirozini san’atkorona tahlil etib berdi. Ana shu san’atkorona tahlil tasvirning tuyg’ularga boyligi va samimiyati bilan ko’pchilik qalbiga yo’l topdi, ko’plarni hayajonga soldi. Qissa matnida boshdan-oyoq muallifning o’ta nozik va nafis kuzatishlari, yozuvchi qalbi tebranishlari, rang-barang kechinmalari, zavq-shavqi, armon-o’kinchlari, qisqasi, xilma-xil tuyg’ular nafasi ufurib yotibdi. Mana qissa xotimasidan kichik bir parcha, asar bosh qahramoni Alimardon halokatidan keyingi tabiat manzarasi tasviri:
«Negadir shu oqshom oftob juda qiynalib botdi. Ufq etagida osilib turdi-da, sekin-asta yer ostiga cho’kib ketdi.
Yana bir necha kundan keyin yayrab-yashnab bahor keldi... Sahiy ko’klam ko’plar qatori Alimardonning ham qabrini burkadi. Maysalar orasida ochilgan bittagina qizg’aldoq tong shudringiga qadash tutdi. Erta-indin to’kilib ketishi, o’zidan na muattar bo’y, na meva qolishidan bexabar yal-yal yondi...»
Bu so’nggi satrlar adadsiz alam-o’kinchlar, ko’z yoshlar bilan qog’ozga tushgani shundoqqina sezilib turibdi. Qahramonning dafn kunida, o’sha motamsaro oqshom payti quyoshning qiynalib botishi, ufq etagida uzoq osilib turishi, so’ng umidsiz alfzoda sekin-sekin yor ostiga botib ketishda dillarni xun qiladigan, ko’zlarga yosh keltiradigan mungli ohang bor. Hamma yoqni nurga, rangga bezagan, qahramon qalbini maysalarga burkangan sahiy ko’klam, qahramon qabri ustida yal-yal yongan qizg’aldoq, uning omonat umri xususidagi nafosat to’la mungli tasvir, bir dam yashnab, erta xazon bo’lgan inson umri haqidagi xazin qo’shiqning so’ngi nidolari, tiroqlari kabi eshitiladi.
O’tkir Hoshimovda nafosat tuyg’usi behad kuchli. Hatto u aldangan odamning ma’anviy inqirozi, fojiyasi, halokati tasvirida ham shu tuyg’uni saqlab qoladi. Ayniqsa, u yaxshi, olijanob, ma’naviy barkamol shaxslar qalbi, tabiati tasvirida o’zini nihoyatda erkin his etadi. Yozuvchining ijobiy qahramonlari askari go’dakday beg’ubor, nafosat tuyg’usiga boy, hissiyotchan, o’ta ta’sirchan odamlar. Ehtimol, O’tkir Hoshimov asarlari qahramonlarining o’zbek kitobxonlari ko’pchiligi asir qilgan omillardan biri shundaydir. Hayotning shafqatsiz haqiqatini shafqatsiz, dag’’al bo’yog’larda ifoda etilgan asarlar ruhida tarbiyalangan kitobxonga O’tkir Hoshimov asarlaridagi o’ta nafis, hissiyotga boy ifodalar, soddadil, romantik, o’ta hissiyotchan, ta’sirchan qahramonlar bir oz jo’nroq, kitobiyroq tuyulushi mumkin, nachora yozuvchining tafakkur va ifoda tarzi barchaga birdek ma’qul bo’lishi shart emas. Biroq adbining uslub tarzini boshqa bir uslubiy yo’nalishga zid kelgani uchun kamsitish, rad etish, yerga urish o’rinsiz. Adabiyotda badiiy tafakkur, ifoda tarzi qanchalar rang-barang bo’lsa, shuncha yaxshi.
O’tkir Hoshimov asarlarida personaj talqinidagi nafosat tuyg’usi bilan yo’g’rilgan liro-romantik yo’nalish alohida jilo bilan namoyon bo’lgan ekan, bu hol milliy nasrimizning boyligidir. Xullas, yangi davr o’zbek adabiyotining atoqli namoyondasi O’tkir Hoshimov o’zining ko’p qirrali va sermazmun asarlari bilan xalq ardog’iga sazovor bo’lgan adibdir. Ijodkorning har bir asari o’zbek adabiyotida alohida voqea sifatida e’tirof etilgan. Ayniqsa, “Bahor qaytmaydi” asari har jihatdan kitobxonlar mehrini qozondi. Asar qayta-qayta nashr etildi, asar asosida kinofilm yaratildi.
Xullas, xalqimizning sevimli kitobiga aylandi. O’tkir Hoshimovning boshqa asarlariga bo’lgani kabi, bu qissasiga ham adabiyotshunoslik o’z fikrini aytdi. O’tkir Hoshimovning “Bahor qaytmaydi” asari aytilgan fikrlarga hamohangligi bilan e’tiborga loyiqdir. Shu jihatdan mazkur mavzuni hozirgi adabiyotshunosligimizning, adabiy-tanqidiy qarashlarimizning yangi yo’nalishlaridan deb aytishimiz mumkin. Asarni yangi adabiyotshunoslik qarashlari asosida istiqlol ruhida tahlil etish zamon va ilm talabidir.
Adabiyotlar:
Izzat Sulton. Adabiyot nazariyasi. – T., «O’qituvchi», 2005.
Boboyev T. Adabiyotshunoslik asoslari. – T., «O’zbekiston», 2002.
Boltayev X. Teranlik. – T., “O’zbekiston”, 2007.
Jo’rayev T. Ong oqimi. Modern. – Farg’ona «Farg’ona», 2009.
Ўткир Ҳошимов. Нотаниш орол: ўйлар, суҳбатлар, ҳангомалар, саёҳатнома, дафтар ҳошиясидаги битиклар. – T., “Ёш гвардия”, 1990.
Do'stlaringiz bilan baham: |