8-mart, 1319 (1904).
Bugun Pirbelichega qaytmoq uchun batalyon qo'mondonligidan buyruq oldim. Kelgan pochta ma'lumotlaridan bildimki, Monastirga ketyapmiz. Alvido, ey hanuz Ismini bilmaganim, lekin ruhini anglaganim go'zal qiz! Bir oy bu qadar tez o'tdi. Hech bo'lmaganda uzoqdan, mayli, u xayoliy bir ishq bo'lsin, sezmaganlar naqadar badbaxtdirlar! Hayot achchiq bir dori... Ishq unga aralashtirilgan bir shakar! Bu dorini shakarsiz ichmoqchi bo'lganlarning holiga voy! Ikki oydirki, najotsiz to'lg'onaman. olis kelajak orzulari dimog'imni to'ldiradi, rohatimni oladi. O'n besh metrlik bir masofadan durbinim bilan eng nozik nuqtalarigacha kuzatganim bu jonli haykal ruhimda qiyomatlar yasadi. Kunlarning, soatlarning qanday o'tganini sezmagan edim. Endi bu yerga kecha kelgandekman. Bir oy davomida uch martagina tashqari chiqdim. Bu ham askarlarga oziq-ovqat olish uchun. Qaysi xonada bo'lmay, kasalimga bahona topardim. Yordamchimga oqshom tanbeh berib:
- Kechasi yotganda derazangizni yaxshilab berkiting. Shamollab qolasiz. Bir marta derazani ochgan edim, tumov-puchqoqdan bo'shamayman! Yolg'on gapirmoqda edim. Bir oy davomida kunduzlari derazani hech bir berkitmadim. Xona ichida shinelimni kiyib o'tirdim,
Ertaga tushlik oldidan yo'lga chiqamiz. Yordamchimga tayyorgarlik ko'rishni buyurdim. Bu oxirgi kecha... Mendan oldin kelib-ketganlarning devordagi yozuvlariga men ham bir narsalar ilova qilarman. Ammo nimani? Buni hali bilmayman.
«Nash, nash, Charigrat nash...»
Bu satrlarni qog'ozga tushirar ekanman, u go'zal ma’sum muhabbatimizning mushtarak nag'masini takror etardi. Ajabo, mening ertaga ketishimni, uni abadiyan ko'rmaydigan bo'lib
Ketishimni bilsa... Bir oydir, bu ishq faryodini, bu tog'larning
1 Pirbeliche - joy nomi. 2 Monastir - joy nomi.
pokiza shamollari singari kuchli va muazzam faryodini barobar tingladik. ... Erta ketish oldidan unga «bir yodgor» qoldirmoq istayman. Chemodanimda ochilmagan kichkina bir shisha atir bor. Shuni berib yuboraman. Lekin kim orqali? Uy egasi mayxonachi nihoyatda mutaassib! Balki xizmatkorini ko'ndirarman. Yo'lga chiqishdan o'n daqiqa oldin berib yuboraman. Qishloqdan chiqqanimda, yo bo'lmasa, chiqqanimdan so'ng hadyani oladi. Na qaytarib yubora oladi, na tashakkur... Devorga lotin harflari bilan bir oydan buyon birgalikda aytayotgan qo'shig'imizning naqarotini yozdim. Bir kuni men kabi bu yozuvlarni o'qiydiganlar ichida biror bulg'orcha biladigani bo'lsa, bu yerda ishq mojarosi yotganini anglar. Zotan, boshqa nima yozmay, ruhimning sarguzashtini ushbu to'rt so'zday ifoda etolmas:
«Nash, nash, Charigrat nash...».
Do'stlaringiz bilan baham: |