RAUF PARFI (1943- 2005)
O’zbek she'riyati yangi davrida o'ziga xos yo'nalish yaratgan shoir Rauf Parfi, taxallusi - O'zturk, 1943-yilning 27 -sentabrida Toshkent viloyatining Yangiyo'l tumaniga qarashli Sho'ralisoy qishlog'ida tug'ildi. Otasi - Parfi Muhammadamin savodli, qalb ko'zi ochiq kishi bo'lib, Farg'onaning Vodil qishlog'idan sho'rolar quvg'ini tufayli, Sho'ralisoyga kelib qolgan. Onasi – Sakinaxonim Isabek qizi ham zavqi baland, kitob ko'rgan, mumtoz adabiyotni biladigan ayol bo'lib, u kishi ham asli Farg'onadan edi. Rauf Parfi yetti yoshida Sho'ralisoydagi to'liqsiz o'rta maktabga o'qishga boradi va u yerda 1956-yilgacha o'qiydi. So'ng qo'shni qishloqdagi o'rta maktabga o'tib, bu yerda tahsilni 1958-yilgacha davom ettirdi. Sakkizinchi sinfni tugatgach, o'qishni Yangiyo'l shahridagi kechki maktabga o'tqazib, mehnat faoliyatini boshladi. U Yangiyo'l tuman gazetasida musahhih bo'lib ishladi. O'rta ma'lumot olgach, 1960-yilda Toshkent davlat universiteti (hozirgi O'zbekiston Milliy universiteti)ning jurnalistika fakultetiga o'qishga kirdi. Dorulfununni 1965-yilda bitirdi. Lekin «Markscha-lenincha falsafa» deb atalmish fandan qayta imtihon topshirishni istamay, diplom ololmadi. 1966-1967-yillarda Rauf Parfi Yangiyo'lda chiqadigan «Kolxoz haqiqati» gazetasi muxbiri bo’lib ishladi. 1967-yilda Tohkentga ishga kelib, Kinematografiya davlat qo’mitasida, 1971-1977-yillarda G'afur G'ulom nomidagi Adabiyot va san'at nashriyotida muharrir lavozimida faoliyat ko'rsatdi. So’ng «Oydin» gazetasida, 1987-yilgacha yana G'afur G'ulom nomidagi nashriyotda mehnat qildi. 1987-1989-yillarda O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasida adabiy maslahatchi, 1989-yildan 1997-yilgacha O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Targ'ibot markazida katta muharrir, 1997-1999-yillarda «Jahon adabiyoti» jurnali bo'lim mudiri vazifalarida ishladi. Olamga o'ziga xos ko'z bilan qaraydigan, uning boshqalarga yashirin go'zalliklari va qabohatlarini payqay biladigan Rauf Parfi bolaligidan kitobga o'ch edi. Xayolparast va tortinchoq bu bola qo'liga tushgan har qanday kitobni o'qib tashlardi. Hatto deyarli tushunmasa-da, rus tilidagi kitoblarni ham o'qiyverardi. Rauf Parfi badiiy didi va dunyoga qarashi shakllanishida otasining jo'rasi, mumtoz adabiyotning bilimdoni, taniqli g'azalnavis shoir Abdurahmon Vodiliyning ta'siri
katta bo'ldi. Vodiliy hassos qalbli ta'sirchan o'smirga chinakam she'riyat qanday bo'lishi haqida, she'rning badiiy joziba qudrati to'g'risida gapirib berar, sanoqsiz misralarni misol
tariqasida yoddan keltirib, Raufni hayratga solardi. Rauf Parfining birinchi she'ri o'n yoshida Stalin vafotiga bag'ishlab yozilgan marsiya edi. U maktabning devoriy gazetasida bosilgan. Ko'p o'tmay, talantli o'smirning she'rlari tuman gazetasida chop etila boshladi. Birinchi bosqich talabasi ekanida uning qalamiga mansub «Laylo» she'ri o'zbek yoshlarining eng sevimli qo'shig'i sifatida kuylanardi. Shoirning dastlabki she'rlar kitobi - «Karvon yo'li» 1969-yilda bosildi. Shundan keyin turli yillarda uning «Aks sado» (1970), «Tasvir» (1973), «Xotirot» (1974), «Ko'zlar» (1976), «Qaytish» (1981), «Sabr daraxti» (1986), «Sukunat» (1989), «Tavba» (2000) kabi bir qator she'riy kitoblari chop etildi. Milliy adabiyotimiz taraqqiyotidagi ulkan xizmatlari uchun 1999-yilda Rauf Parfiga «O'zbekiston xalq shoiri» unvoni berildi. Ajoyib san'atkor shoir 2005-yil 28-martda dunyodan o'tdi. Rauf Parfi o'zbek o'quvchilarini jahon she'riyatining eng sara namunalaridan bahramand etish yo'lida bir qator tarjimalar ham qilgan. Chunonchi, Bayronning «Manfred», Nozim Hikmatning «Inson manzaralari», Mahmud Hodiyning «Ozodlik lavhalari», Karlo Kaladzening «Dengiz xayoli» kabi asarlari Rauf Parfi qalami tufayli o'zbek kitobxonlariga yetib borgan. Rauf Parfining umr yo'li g’oyat qiziqarli va o’ziga xos. Jumladan, bu haqda shoir shunday yozadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |