BADIIY OBRAZ HAQIDA
San'atning boshqa turlari kabi badiiy adabiyot ham hayotni undagi insonlarning ruhiy holati, o'y-fikrlarini aks ettiradi. Hayot hamisha insonlarning tirikchiligi, mehnat faoliyati, kurashi, his-tuyg'ulari, kechinmalaridan iborat. Adabiyotning tasvir mavzuyi, avvalambor, insondir. Inson tasviri yo'q, u ko'zda tutilmagan joyda badiiy adabiyot ham bo'lmaydi. Shunga ko'ra adabiyotshunoslik ilmida markaziy o'rinni egallovchi tushuncha ham obraz qahramon tushunchasidir. Obraz - timsol tushunchasining keng va tor ma'nolari mavjud. Keng ma'nodagi timsol tushunchasi ijodkorning fikr-tuyg'ulari singdirilgan hayot manzarasini anglatsa, tor ma'noda badiiy asarda aks ettirilgan inson siymosini ifodalaydi. Biz bu o'rinda timsol tushunchasining ko'p qo'llaniladigan tor ma'nosi haqida fikr yuritamiz. Keng ma'noda ishlatiladigan badiiy obraz tushunchasi haqida ushbu kitobning kirish qismidagi «Badiiy so'z qudrati» maqolasida atroflicha to'xtalingan. Yozuvchi hayotni badiiy timsollar orqali tasvirlaydi. Shuning uchun ham biror badiiy asar o'qiganimizda unda aks ettirilgan voqelik ongimizda shu asarda tasvirlangan kishilarning obrazlari qiyofasida muhrlanib qoladi. Mana, siz «Ravshan» dostonini o'qib chiqdingiz. Buning natijasi o'laroq, Ravshan, Zulxumor, Hasanxon, Aynoq, Jaynoq, Ersak, Tersaklarning mahorat bilan chizilgan timsollari, Shirvon bozori, Zulxumorga qarashli bog'ning ajoyib-g'aroyib manzaralari xotirangizda mahkam o'rnashib qoladi. Badiiy adabiyotda inson timsoli u yashayotgan jamiyat va undagi jarayonlar bilan, uni o'rab olgan tabiat, ijtimoiy muhit, narsa-hodisalar bilan birgalikda, ular bilan chambarchas aloqada tasvirlanadi. Chunki inson hamisha shular qurshovida bo'ladi. Biroq bularning hammasi inson timsolini yo o'ziga
xosligini ko'rsatishga, yoki uning ham boshqalarga o'xshash tomonlari borligini ta'kidlashga, yoxud inson obraziga hissiy ta'sirchanlik bag'ishlashga, yoinki uning biror jihatini to'ldirishga xizmat qiladi. Demak, ular yordamchi vositalardir. Badiiy tasvirning maqsadi sifatida ko'pincha insonning o'zi turadi. Narsa va hodisalar tasviri o'z-o'zicha mustaqil badiiy qiymatga ega bo'lmaydi, ular insonni yorqinroq ko'rsatish, uning tabiatini teranroq ochish uchun kerak. Lekin inson yolg'iz o'zi mavjud bo'la olmaydi. Odam odamday yashashi va o'z insonligini namoyon etishi uchun juda ko'p narsalar kerak. Badiiy adabiyotda inson bilan bir qatorda, narsa-hodisalar muhit tasviri ham zarurdir. Faqat ularning badiiy adabiyotdagi tasviri inson holati, kechinmalariga bo'ysundirilgan bo'ladi. Yozuvchi voqelikni aks ettirar ekan, uni o'zi anglaganicha talqin qiladi. Hayotdagi voqea-hodisalar, odamlar va ularning dunyoqarashi, xarakter xususiyati, madaniy-ilmiy saviyasi, niyati, orzu-istagi ishlovidan o'tgandan keyingina obraz timsollar qiyofasida namoyon bo'ladi, badiiy asar shaklini oladi. Qisqasi, yozuvchi ijod jarayonida asaridagi obrazlarni individuallashtiradi, umumlashtiradi. Inson tasvirlash, avvalo, uning ichki dunyosini, kechinmalarini tasvirlash demakdir. Odam odamlar orasida, ya'ni jamiyatda yashaydi. Insonning kechinmalari jamiyatga oid turli-tuman masalalar bilan chambarchas aloqador bo'ladi. Shunday ekan, badiiy adabiyot inson kechinmalarini barcha murakkabliklari bilan aks ettirishi kerak. Bu esa ijodkordan yuksak iste'dod va badiiy mahorat talab qiladi. U hayot va odamlarni yaxshi bilishi, insonning holatini, imkoni boricha, haqqoniy, o'z qalbi bilan tuyganday aks ettirishi kerak. Shundagina yaratgan asarlari odamlar qalbiga kuchli ta'sir etib, zavq-shavq uyg'otishi, kishilarni ezgulikka e'tiqod va go'zallikka muhabbat ruhida tarbiyalashi mumkin. Demak, badiiy adabiyotda insonning alohida shaxs qiyofasida yaratilgan, ayni paytda badiiy umumlashma xususiyatiga va hissiy ta'sir kuchiga ega bo'lgan surati badiiy obraz deyiladi. Obrazlar bosh va epizodik singari turlarga bo'linadi. Asarning boshidan oxirigacha qatnashib, tasvirda muhim o'rin tutuvchi ishtirokchi bosh qahramon deyilsa, asarning bir-ikki o'rnidagina qatnashib, keyin tushib qoladigan ishtirokchilar epizodik qahramonlar deyiladi. «Ravshan» dostonidagi Ravshan, Zulxumor, Hasanxonlar bosh timsollar bo'lsa, shirvonlik kampir ena, aka-uka kallar, Oqqiz, uning Maston onasi epizodik obrazlardir. Biroq epizodik obrazlar ham voqealar rivojida muhim o'rin tutishi mumkin («Ravshan» dostonidagi Oqqiz va onasi, kallar obrazlari singari). Badiiy adabiyot asosida go'zallik haqidagi tasavvur yotadi. Bunday tasavvur insonning odam, hayot va jamiyat haqidagi orzu-armonlaridan tug'ilgan. Badiiy asar ana shu orzu-armonlarni aks ettirsagina tarbiyaviy quvvatga ega bo'ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |