1. Badiiy asar tili deganda nimani tushunasiz?
Badiiy asar tili adabiy til me'yorlariga tayanadigan, umumxalq tiliga asoslangan, hamma uchun tushunarli ifodalarni qamrab olgan, ijodkorlar tomonidan jilolangan tildir. U mana shu xususiyatlariga ko`ra, g`oyaviy va hissiy (emotsional) ta'sir ko`rsatishning eng samarali vositasidir. Ayni chog`da, badiiy til kishilar o`rtasida barcha uchun tushunarli bo`lgan eng ommabop aloqa qurolidir.
2. Badiiy asar tilining ilmiy asar tilidan farqli xususiyatlarini ayting.
Badiiy asar tili ilmiy asarlar tilidan tasviriylik, emotsionallik, obrazlilik, aforizm kabi xususiyatlari bilan farq qiladi. Fizika, kimyo, matematika, texnika, iqtisodiyot kabi ilmiy sohalardagi asarlar tili umumlashgan, ixtisoslik yo`nalishidagi tushunchalarni ifoda etsa, badiiy asarlar tili tabiat manzaralari va inson qalbidagi kechinma, holatlarni mavjud qarama-qarshiliklari bilan aks ettiradi. Bu badiiy asar tilining tasviriylik xususiyatidir. Ilmiy asarlar tilidagi dalil, raqamlar ko`proq kishilarning aql-tafakkuriga ta'sir ko`rsatadi. She'r, roman, qissa tili esa ko`proq ularning hissiyotiga, tuyg`ulariga - qalbiga ta'sir qiladi. Badiiy asar tilining qahramonlar qalb holatini ifodalash orqali kitobxonlar tuyg`ulariga ta'sir ko`rsatish uning hissiyligi (emotsionalligi)ni belgilaydi.
3. Badiiy asarlarda qahramonlar nutqi qanday shahllarda namoyon bòladi?
Asar qahramonlari nutqi dialog va monolog shaklida ifoda etiladi. Dialog va monologlarda qahramonlarning ichki dunyosi, fe'l-atvori aks etadi. Ijodkorlar qahramonlar nutqida ular yashagan tarixiy davrga xos so`zlash tarzini hamda ularning kasb-kori, ma'naviy sajiyasi (intellektuallik darajasi)ni gavdalantirishga harakat qilishadi. Chunki mantiq shuni taqozo etadi.
Dialog, monolog asarni ta'sirchan qiladigan vositalar sirasiga kiradi. Dialog yunoncha ”dialogos” so`z bo`lib, "ikki kishi o`rtasidagi so`zlashuv" degan ma'noni anglatadi. Monolog ham yunoncha (monos - bir va logos – so`z, nutq) so`z bo`lib, u badiiy asarda ishtirok etuvchi personajlarning o`z-o`ziga yoki boshqalarga qaratilgan nutqi sanaladi.
4. Kòchim nima? Kòchimning yana bir nomi qanday yuritiladi?
Badiiy asarlarda antonim, sinonimlardan tashqari, ko`chimlardan ham foydalaniladi. Ko`chim so`z yoki so`z birikmasining o`z ma'nosidan boshqa ma'noda qo`llanishidir. Ko`chim trop deb ham yuritiladi. Ko`chimlar ham nutq ta'sirchanligini kuchaytirishga xizmat qiladi. Ko`chimlar bir necha turlarga bo`linadi: metafora (istiora), metonimiya, sinekdoxa, allegoriya (majoz) kabilar. asar matnida badiiy adabiyotda an'anaviy tarzda ishlatilib kеlayotgan ko`chimlar ham ko`p uchraydi. Masalan, "shakar lab", "gul yuz", "bulbul", "sarv qomat", "qoshi kamon", "nargis ko`z" va hokazo. Bu xil ko`chimlar ham yuqoridagilar singari tayyor holda (badiiy adabiyot namunalaridan) olinadi, biroq, ulardan farqli o`laroq, matnda estеtik funksiya bajaradi: tasviriylikni, ifodaviylikni kuchaytiradi;Ko`chimning yana bir turi allеgoriya bo`lib, bunda mavhum tushunchalar konkrеt narsa-hodisalar nomi orqali ifodalanadi. Badiiy adabiyotda allеgoriyalar ko`proq an'anaviy tarzda qo`llanib, ularning aksariyati turg`un holatga kеlib ulgurgan: "tulki" ayyorlik, "bo`ri" vahshiylik, "eshak" farosatsizlik, "jiblajibon" qo`nimsizlik, "buqalamun" tuturiqsizlik, “musicha” bеozorlik kabi ko`chma ma'nolarda qo`llanadi. Masalan, A.Oripovning “Ona tilimga” shе'rida “bulbul”ning talantli ijodkor, “to`ti”ning esa taqlidchi ma'nolarida kеlishi allеgoriyalarni qo`llashdagi an'anaviylikka misol bo`la oladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |