«badiiy til», «adabiy til» va «milliy til» munosabati. Ma`lumki, umumxalq tili (milliy til) deganda o`zbek tilida so`zlashuvchilarning barchasi — yashash hududi, ijtimoiy tabaqaga mansubligi, mashg`ulot turi va h.k. qat`i nazar foydalanadigan til tushuniladi. Adabiy til deganda esa umumxalq tilining grammatik, imlo va orfoepik jihatlardan me`yorlashtirilgan shaklini tushunamiz. Badiiy til umumxalq tili bazasida shakllanadi va qisman adabiy til me`yorlariga yaqinlashadi. Shu bilan birga, badiiy til adabiy til me`yorlaridan o`rni bilan chekinadi (mas., shevaga xos unsurlarning ishlatilishi). Badiiy til o`zida milliy adabiyotimizda uzoq davrlardan beri shakllanib kelgan an`analarning davomchisi sanaladi va shu bois ham unda uning o`zigagina xos bo`lgan unsurlar (an`anaviy sifatlashlar, ramz va majozlar, o`xshatishlar va h.k.) majmui ham mavjuddir.
Badiiy asar tili bilan ilmiy asar tili ba`zi jihatlarga ko`ra farqlanadi. Mantiqiy va badiiy tafakkurning o`zaro mushtarak xususiyatlari bilan birga, jiddiy farqli jihatlari ham bor. Ikkovida ham inson, voqelik, ularga dahldor hodisa, holat, jarayon aks etadi va ular haqida ma`lumot beriladi. Shular xususidagi fikr, tushunchalar ifodalanadi. Mantiqiy tafakkurning o`ziga xos xususiyati shundaki, bunda har bir fikr, tushuncha bir-biri bilan o`zaro mustahkam bog`lanishda bo`ladi va keyingisi avvalgisining ehtiyojidan kelib chiqadi. Mulohaza va hukm qat`iy izchillik asosiga quriladi. Mantiqiy tafakkur ma`lumot beradi, dalillaydi. Badiiy tafakkur esa voqelikni, ijtimoiy turmushni, asosan, insonni uning ruhiyatini badiiy obrazlar vositasida aks ettiradi. U hayotni, insonni qanday bo`lsa shundayligicha aks ettiribgina qolmaydi, balki nafosat, muhabbat, xohish, orzulardan kelib chiqib ularni qayta yaratadi va hatto boyita oladi. Demak, mantiqiy tafakkurning asosiy xususiyati aniq tushunchalar, ma`lumotlar, dalillar, isbotlar, xulosalar orqali fikr yuritishda bo`lsa, badiiy tafakkurning asosiy xususiyati obrazlar, badiiy san`at, tahayyul vositasida fikr yuritishda namoyon bo`ladi. Mantiqiy tafakkur ko`proq ma`lumot, e`tirof, ilm, fan uchun xos bo`lsa, badiiy tafakkur badiiy adabiyot uchun xosdir. Demak, ilmiy asar mantiqiy tafakkurga, badiiy asar esa badiiy tafakkurga tayanishi bilan bir-biridan farqlanadi. Hayot fanda ilmiy abstrksiyalar, axborotlar tarzida aks etsa, adabiyotda u badiiy obraz qiyofasida gavdalanadi. V.G.Belinskiy ta`biri bilan aytganda “Fan nima bo`lganini tushuntirsa, adabiyot qanday bo`lganini tasvirlaydi”. San`atning obraz vositasida fikrlashi uning spitsifik xususiyatidir. Obrazli tafakkur bilan tushunchalar vositasidagi tafakkur bir-biridan farqlanadi. Bundagi farqni yorqinroq tasavvur etish uchun badiiy asar bilan ilmiy asarni qiyoslab ko`rish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |