Badiiy adabiyotning turlari
Adabiyot (arabcha — adab soʻzining koʻpligi) — 1. Fan va amaliyotning biror sohasidagi yutuqlarni umumlashtiruvchi asarlar majmui (texnikaviy adabiyot, qishloq xoʻjaligi adabiyoti, siyosiy adabiyot va boshqalar). 2. Sanʼatning bir turi (badiiy adabiyot deb ham ataladi); voqelikni soʻz yordamida obrazlar orqali aks ettiradi. Adabiyot avval ogʻzaki boʻlgan, yozuv paydo boʻlgandan soʻng yozma shaklga oʻtgan. Adabiyot soʻz orqali insonning his-tuygʻularini keng va chuqur aks ettirish imkoniyatiga ega, shuning uchun ham u sanʼatning eng ommaviy turi hisoblanadi. Badiiy adabiyotning yetakchi 3 turi — epos, lirika, drama mavjud. Epos voqelikning oʻzini inʼikos etadi, lirikada esa insonning voqelikdan olgan taassurotlari qoʻshib tasvirlanadi. Sharq qadimdan she’riyat tuygʻulari oʻlkasi boʻlgan. Shu boisdan Sharq badiiy adabiyotida ayniqsa lirika keng rivojlangan. Drama hayotni harakatda ifodalab, muallif nutqisiz aks ettiradi. Adabiyotda qorishiq turlar ham mavjud. Mas, lirika va epos xususiyatlari birlashib liro-epik turni tashkil etadi. Liro-epik turga poema, ballada, doston, masal kabilar kiradi. Epos, odatda, 3 ga boʻlinadi: kichik epik shakl (latifa, ocherk, ertak, hikoya), oʻrta epik shakl (qissa) va katta epik shakl (roman). Lirika mazmun va shaklga koʻra, gʻazal, muhammas, marsiya, ruboiy, qasida, sonet, qoʻshiq va boshqalarga boʻlinadi. Dramatik adabiyotning ham mazmu-nan 3 xili bor: drama, komediya va tragediya (fojia). Adabiyot sanʼatning boshqa turlari kabi mafkuraviy hodisadir. Adabiyotda voqelikni aks ettirish tamoyiliga koʻra, adibning ijodiy usuli paydo boʻladi. Voqelikdagi tipik hodisalar umumlashtirilgan holda haqqoniy aks ettirilsa, realistik adabiyot deyiladi. Yozuvchi ayni voqelikni emas, balki u haqidagi oʻz orzu-umidlarini ham ifoda etsa, romantik adabiyot boʻladi. Adabiyotning badiiylik mezoni uning gʻoyaviy-badiiy jihatdan mukammal boʻlishini taqozo qiladi. Bu hol asar mavzuining dolzarbligi, ifoda etadigan gʻoyasining toʻgʻriligi, tasvir haqiqatining chuqurligi, badiiy shakl tarkibiy qismlarining mukammalligidan yuzaga keladi. Har bir adabiyot milliydir, shunga koʻra har bir xalqning tarixiy hayotidagi va ruhiyatidagi xususiyatlar adabiyotning milliyligi mazmunini tashkil etadi va oʻziga xos milliy shaklni yuzaga keltiradi. Milliy shaklning yuzaga kelishida adabiyot tomonidan uzoq davr mobaynida yigʻilgan tajriba va anʼananing ham ahamiyati kattadabiyot Xalq hayotidagi yangi davr esa adabiyotni yangi, yuqoriroq bosqichga koʻtaradi, uning mazmuni va shaklini ham yangilaydi, ham boyitadi. Yangilangan adabiyot oʻz navbatida yangi jamiyatning mustahkamlanishida qudratli qurol vazifasini oʻtaydi. Hozirgi zamon oʻzbek adabiyotda adabiyotning tasvir ob’ekti umuman ijtimoiy voqelik boʻlsa, bosh tasvir ob’ekti esa insondir. Adabiyotda insonning ijtimoiy mohiyati umumlashtirilgan holda ifoda etiladi. Shuning uchun ham adabiyotning maqsadi maʼlum bir ijtimoiysiyosiy kuchning mohiyatini toʻla ifodalash va ayni vaqtda keskin individuallashgan badiiy obraz yaratmoqdir. Yaratilgan bunday obrazlarning eng mukammali „tip“ deb ataladi. Navoiy asarlaridagi Farhod, Shirin, Majnun, Layli, Iskandar obrazlari; Shekspir asarlaridagi Otello va Hamlet; Abdulla Qodiriy asarlaridagi Otabek va Kumush tip darajasiga koʻtarilgan obrazlardir. Adabiyot voqelikni aks ettirar ekan, unga goʻzallik qoidalari nuqtai nazaridan yondashadi. Binobarin, asar predmetini tanlash ham gʻoyat muhim ijodiy nuqtadir. Chunonchi, asarning taʼsirli chiqishi, boshqa koʻp mezonlar qatori, shunga asos qilib olingan fikrning emotsionalligi, koʻtarinkiligiga ham bogʻliq boʻladi. Milliy mustaqillikka erishgan oʻzbek xalqi hayotning barcha jabhalarida oʻzligini namoyon etmoqdadabiyot Jumladan, istiqlol davri adabiyoti tub sifat oʻzgarishlariga erishmoqdadabiyot Bu davrda ijodkor olam va odam haqida avvalgidan farqli fikrlash mumkinligini chuqur anglab, faoliyat koʻrsatmoqdadabiyot Natijada olamni, odamni, ularning tuygʻularini turlicha ifodalaydigan badiiy asarlar yaratish boshlandi. Bu davr adabiyotida tasvirlanayotgan inson oʻzining bashariyat, Vatan, el-yurt oldidagi mas’uliyatini chuqur his etgan holda namoyon boʻlmoqdadabiyot Istiqlol adabiyoti mavzu nuqtai nazaridan ham, badiiy tasvir tamoyillari jihatidan ham ilgarigi qoliplarga sigʻmaydigan, tabiiy ravishda rivojlanayotgan yangi estetik hodisadir. U odamlarga yoʻl koʻrsatishni zimmasiga olmaydi, oʻquvchiga aql oʻrgatmaydi, hayotiy muallimlikni daʼvo qilmaydi, balki tasvirning nozikligi, ifodalarning favquloddaligi, obrazlarning kutilmaganligi bilan oʻquvchida munosabat uygʻotadi.
Epos (yun. yeroz — soʻz, hikoya) — 1) badiiy adabiyot turi (lirika va drama bilan bir kdtorda); 2) xalqning qahramonona oʻtmishini aks ettiruvchi asar. E. adabiyotning uch turidan biri sifatida tafsilot tasviriga tayangan badiiy asarlar jamini anglatadi. Unda muayyan makon va zamonda kechadigan voqeahodisalar tafsiloti, albatta, mavjud boʻladi. E.da soʻz yordamida oʻquvchi koʻz oʻngida real hayot manzaralariga muvofiq keladigan badiiy voqelik yaratiladi.
E.ning eng asosiy belgisi voqea tasviri, bayoni boʻlgani uchun ham koʻpincha bu turdagi asarlar nasr yoʻlida yoziladi. Lekin bu hol sheʼriy shaklda bitiladigan epik asarlar borligi va boʻlishi mumkinligini inkor etmaydi. Qandaydir voqeani aks ettirish asosiga qurilgan sheʼriy va nasriy asarlar E.ga mansubdir.
E.da muayyan makon va zamonda muayyan shaxs yoki odamlar guruhi bilan boʻlib oʻtgan biror voqea, odatda, muallif yoki hikoyachipersonaj tilidan bayon etiladi. Bu hol unda bayon, tavsif va dialogning birgalikda qorishiq holda kelishini taqozo etadi. Ayni paytda, E.da bayon, rivoyat yetakchilik qiladi. Muayyan asardagi peyzaj, portret, narsabuyum va boshqalar tafsilotlar tasviri rivoyatni kuchaytirish, uning taʼsir darajasini oshirish, personajlar tabiatini boʻrttirib koʻrsatishga xizmat qiladi. E.ning hozirgi bosqichida borgan sari bayonning salmogʻi kamayib borayotganligi kuzatilmoqda. Ertak, afsona, rivoyat, doston singari xalq ogʻzaki ijodi namunalari hamda ilk yozma E.larda voqea-hodisalarni bayon etish, aytib berish katta oʻrinni tutgani holda dialoglar va tafsilotlarga kam oʻrin ajratilardi. Keyingi vaqtlarda esa, E.ga mansub asarlarda dialog va tafsilotlarning salmogʻi ortib bormoqda. Bu holni, birinchidan, E.da ifoda imkoniyatlari oshgani, ikkinchidan, inson ichki olamining noziklashib, ruhiyati murakkablashib borayotgani bilan izohlash mumkin.
E. asardagi voqea-hodisalar bilan oʻquvchi (tinglovchi) oʻrtasida oʻziga xos vositachi hisoblanadigan roviy yoki hikoyachi tomonidan bayon etilganda, ayni voqealarning nima uchun aytib berilayotgani, odatda, izohlab oʻtirilmaydi. Bayon koʻpincha muallif, baʼzan esa biror personaj tilidan amalga oshiriladi. Alisher Navoiyning "Farhod va Shirin", "Layli va Majnun" dostonlari, Qodiriyning "Mehrobdan chayon", Choʻlponning "Kecha va kunduz", Oybekning "Qutlugʻ qon" romanlarida voqealar muallif tilidan bayon etiladi. Gʻafur Gʻulomning "Shum bola", Erkin Aʼzamning "Otoyining tugʻilgan yili", Oybekning "Gulnor opa" singari asarlarida rivoyat personaj tilidan olib boriladi. Shu bilan birga, hikoya muallif tilidan bayon qilinayotgan asarlarda personajlarning hikoyachi sifatida bayonga aralashish holatlari ham uchrab turadi. Navoiyning "Sabʼai sayyor", Qodiriyning "Oʻtgan kunlar", Oybekning "Navoiy" asarlarida rivoyat ham muallif, ham personajlar tomonidan amalga oshirilgan.
E.da tasvirlanayotgan obrazlar tizimi katta ahamiyat kasb etadi. Obrazlar tizimi deyilganda faqat odamlargina emas, E.da tasvirlangan jonivorlar, narsabuyumlar va tabiat hodisalari ham koʻzda tutiladi. E.da qatnashadigan obrazlarni shartli ravishda: bosh qahramonlar, personajlar yoki qahramonlar hamda yordamchi obrazlar sifatida 3 turga boʻlish mumkin.
E. badiiy tasvir qamroviga koʻra, katta, oʻrta va kichik kabi uchta janr guruhiga ajratiladi. Katta epik janrlarga roman, epopeya, epik doston; oʻrta epik janrlarga qissa; kichik epik janrlarga afsona, badia, latifa, masal, novella, ocherk, rivoyat, ertak, esse, etyud, hikoya, hikoyat kabilar kiradi. E.ni janrlarga ajratishda voqea-hodisalarning qamrovi yoki davomiyligi darajasi emas, balki tasvirning koʻlami hisobga olinadi. Shuning uchun ham odamning bir soatlik holati aks ettirilgan romanlar boʻlganidek, necha yillik voqealar tasvirlangan hikoyalar ham boʻlaveradi. Shuningdek, E.ni janrlarga ajratishda asarlarning hajmi ham asosiy oʻlchov boʻlolmaydi. E.ni janrlarga tasniflashda muallifning estetik niyati ham hal qiluvchi oʻrin tutadi. Shuning uchun ham baʼzan romandan katta hikoyalar, hikoyadan kichik qissalar yaratilishiga tabiiy hol, deb qarash kerak boʻladi. Asarlarning janr talablariga muvofiq boʻlishini qatʼiy talab etish yozuvchini qolipga solishga urinish boʻlib, badiiy ijodga katta zarar keltirishi mumkin. E.ga mansub asarning qaysi janrga tegishli ekanini muallifning oʻzi belgilashi maqsadga muvofiqdir.
E. tor maʼnoda, xalqning qahramonona oʻtmishini aks ettiruvchi asarlardir. Dastlab E. qahramonlarning atrofolamdagi yovuz kuchlar va buzuq niyatli odamlarga qarshi kurashi bayon etilgan asarlarni anglatgan. qadimiy E.larda voqea-hodisalarning talqin va tasvir etilish yoʻsini oʻsha davr kishilarining dunyoqarashi, eʼtiqodi, ishonchlaridan kelib chiqqan. E.ning eng qadimiy namunasi sifatida ilmda oldinlari akkadlarniki deb sanalib kelingan, ammo keyinchalik barcha turkiy xalklarga tegishli ekani aniqlangan "Gilgamish" dostoni hisoblanadi. Shuningdek, hindlarning "Ramayana" va "Mahabharata", Gomerning "Iliada" va "Odisseya", oʻzbeklarning "Alpomish", "Goʻroʻgʻli", qirgʻizlarning "Manas", qozoqlarning "Qoʻblandi botir", ozarbayjonlarning "Koʻroʻgʻli", nemislarning "Nibelunglar haqida qoʻshiq", ispanlarning "Sid haqida qoʻshiq", fransuzlarning "Roland haqida qoʻshiq", anglosaksonlarning "Beovulf", karel va finlarning "Kalevala", armanlarning "Sosunli Dovud", gurjilarning "Amiraniani" kabi asarlari ham xalq qahramonlik E.iga mansubdir. Turonga bostirib kirgan eronlik bosqinchilarga qarshi qahramonlarcha kurashgan xalq bahodirlari haqidagi "Toʻmaris" va "Shiroq" afsonalari, "Zarina va Striangiya", "Zariadr va Odatida" qissalari ham xalq qahramonlik E.i namunalari sanalgan. Koʻtarinki ruhda bitilib, qahramonona voqealar aks ettirilgan ayrim yozma asarlar ham E. hisoblangan. Gegel oʻzining "Estetikaga oid maʼruzalar" asarida Dantening "Ilohiy komediya" hamda Firdavsiyning "Shohnoma" asarlarini E.ga mansub, deb hisoblaydi. Shuningdek, Sharq E.i sirasiga yana Shota Rustavelining "Yoʻlbars terisini yopingan pahlavon" va Abdurahmon Jomiyning "Haft avrang"i, Nizomiy Ganjaviy, Xusrav Dehlaviy, Alisher Navoiy qalamiga mansub boʻlgan "Xamsa"larni ham kiritish mumkin.
Qahramonlik E.i jamiyat taraqqiyotining dastlabki bosqichlarida, sinfiy munosabatlar oʻzgarganligi tufayli emas, balki muayyan etnosning milliy ruhi uygʻonib, oʻzini shunchaki odamlar toʻdasi emas, balki buzilishi mumkin boʻlmagan axloqiymaʼnaviy qoidalarga amal qilib yashaydigan etnik birlik sifatida tasavvur eta boshlagan kezlarda paydo boʻladi. Ayni xususiyatlarni yuqorida tilga olingan barcha E.lar misolida koʻrish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |