E
ELLIPSIS (yun. – tushirib qoldirish, yetishmaslik) Nutq yoki matndagi sintaktik qurilma tarkibidan biror unsurning tushirib qoldirilishi, sintaktik qurilmaning tarkibiy “yetishmovchiligi”, “notoʻliqligi”. Ellipsis iqtisod (tejamlilik) talabi asosida vujudga kelib, tilning asosiy vazifasiga – zaruriy axborotni yetkazishga xalal bermaydi. Bu holat nutqiy vaziyat bilan bogʻliq boʻlib, tushirib qoldirilgan til birligi sintaktik qurilmaning qolgan qismidan anglashilib turadi (masalan, oʻquvchilarni baholashda “Salimga – 3, Nodirga – 5” iboralarining qoʻllanishi ellipsisdir). Ellipsisdan, odatda, uslubiy figura sifatida foydalaniladi. Badiiy adabiyotda ellipsis koʻpincha dialogik nutqda uchraydi, shuningdek, xalq maqollari, hikmatli soʻzlar va frazeologizmlarda keng qoʻllanadi. Mas, Birniki – mingga, mingniki – tumanga maqolining toʻliq matn mazmunidan (“Bir kishining kasofati ming kishiga tegar, ming kishining kasofati yuz ming kishiga tegar”) qaysi soʻzlar tushib qolganligi, yaʼni ellipsisga uchraganligini bilib olish qiyin emas. Yaxshilar koʻpaysin, yomon qolmasin. Koʻrganni eshitgan yengibdi kabi iboralar ham ellipsisning natijasi (“odam” soʻzi tushib qolgan)dir.
EMOTSIONALLIK His-tuyg‘uga yo‘g‘rilganlik, hayajonbaxshlik, estetik ta’sirchanlik. V.G.Belinskiy bolalar adabiyotining asosiy xususiyati-uning emotsionalligi, deb ko’rsatib, bolalar kitobi “samimiy hislarga to’lib-toshmog’i” lozimligini qayta-qayta ta’kidlagan. N.G.Chernishevskiy bolalarga mo’ljallangan badiiy asarda «O, qanday dahshat?!», yoki «Bay-bay, muncha yaxshi!», «Ey, muncha kulgili!?» kayfiyatlarini qo’zg’ovchilik alomatlari bo’lmasa, yosh kitobxonlarni to’lqinlantira olmaydi, deb hisoblar edi.
EPIFORA (yun. epiphora – qo‘shimcha) misralar oxirida ayni bir elementning takrorlanishidan iborat stilistik figuradir. U badiiy nutqni yanada ohangli, ifodali bayon etish uchun qo‘llanadi. Bu ko‘pincha badiiy asarlarda uchrab, o‘zaro qofiyadosh, ohangdosh so‘zlarning yoki bir xildagi tovush va qo‘shimchalarning takrori asosida vujudga keladi. Epifora misralarda kelish o‘rniga ko‘ra anaforaga zid tushuncha hisoblanadi. M.;
Ko‘z ilg‘mas umonning bor adog‘i,
Bog‘u dala, o‘rmonning bor adog‘i,
Hatto moviy osmonning bor adog‘i
Ammo oliy tafakkurda sarhad yo‘q. (A.Obidjon)
EPIGRAF (yun. epigraphe – bitik, sarlavha) Asarning boshlanishida sarlavhadan keyinoq yoki uning bo‘lim (bob, fasl)lari boshida keltiriluvchi qisqa, odatda e’tiborli manbalardan (xalq ijodi, mashhur kishilarning purhikmat so‘zlari va shu kabilar) olingan ko‘chirma, sitataning bir ko‘rinishi. Ko‘p holda epigraf o‘zining aforistik mazmuni bilan asar mohiyatini ochib beradi. Masalan, A. Qahhor “O‘g‘ri” hikoyasiga epigraf qilib olgan “Otning o‘limi – itning bayrami” maqoli hikoya mohiyatini, undagi voqeaga g‘oyaviy-emotsional munosabatni ifoda etadi.
EPILOG (yun. epilogos – so‘ngsoz) Asarda tasvirlangan asosiy voqealardan alohida ajralib turuvchi yakun, xotima.
EPISTOLYAR ADABIYOT (yun. epistole – maktub, noma) Birovga maktub shaklida yozilgan adabiy yoki publitsistik asarlar. Epistolyar adabiyotning o‘zbek mumtoz adabiyotidagi namunasi sifatida A. Navoiyning “Munshaot” asarini keltirish mumkin. Bolalar adabiyotida E.Malikning “Onaizor” qissasi epistolyar xarakterga ega.
EPITET (yun. epitheton – ilova etilgan, izohlovchi) Badiiy sifatlash; narsa-hosisaning belgisini obrazli ifodalaydigan badiiy aniqlovchi. Aksariyat hollarda sifat, shuningdek, ravish, ot, son, feʼl vositasida ifodalanadi (mas-n., zar doʻppi, qutlugʻ kun, hovliqib gapirdi kabi). Epitet gapni, iborani shunchaki bezash vositasi emas, balki u mazmun bilan aloqador boʻlib, nutqning mantiqiy, psixologik, lingvistik, adabiy va boshqa jihatlarida namoyon boʻladi. Predmetni uning boshqa turlaridan ajratib koʻrsatuvchi (chuchuk suv) oddiy mantiqiy taʼrifdan farq qilib epitet predmetning yo biron-bir xususiyatini ajratib koʻrsatadi (yobondagi yolg‘iz daraxt) yoki istiorali epitet sifatida unga boshqa bir predmetga xos xususiyatni koʻchiradi (“kumush qish”, “zumrad bahor”, “uchqur ot” kabi). Xalq ogʻzaki poetik ijodida sodda va doimiy epitetlar koʻp qoʻllaniladi (alpkelbat pahlavon, sunbul soch, qunduz qosh, oy yuz, la’l lab, sarv qomat kabi).
EPIZOD (yun. epeisodien – kiritma) Epik, liro-epik va dramatik asarlarda tasvirlanayotgan voqeaning makon va zamonda kechishi jihatdan ajraluvchi, makoniy va zamoniy jihatdan aniq chegaralanganlik asosida nisbiy mustaqillik kasb etuvchi bo‘lagi. Mas. H.Olimjonning “Simurg‘ yoki Parizod va Bunyod” ertak-dostonida d Simurg‘ Bunyodga birgina epizodda – devni yengishini ta’minlashidagina ko‘maklashsa-da, aslida bu voqealar dramatizmni avj nuqtaga chiqarib, tugunni yechishga ochqich vazifasini bajargan hal qiluvchi epizoddir.
Do'stlaringiz bilan baham: |