MODALLIK KATEGORIYASI Fikrning voqelikka boʻlgan munosabatini koʻrsatuvchi ma’nolar va bu ma’nolarning ifodalanish tizimi. Modal ma’no, masalan, modal soʻz yoki modal shakllar orqali ifodalanadi.
MODDIY MA’NO Ma’lum bir narsa-hodisa, harakat, belgi kabilar haqidagi tushunchata mos keluvchi material ma’no; soʻzning material qismi (asosi) bildiradigan ma’no. Masalan, ishning soʻzidagi ish qismiga xos ma’no; ishchilarimiz, ishladik soʻzlarining ishchi va ishla qismlariga xos ma’no moddiy ma’nodir.
MODELLASHTIRISH Biron til (nutq) birligining sxemasi yoki modelini tuzish: ergashgan qoʻshma gapni modellashtirish.
MONOFTONG (yun. monos – bir + phtongoz – ovoz, tovush) Tarkibi bir tovushga teng unli, sodda unli; yakka unli. Qiyos. Diftong.
MONOLOG (yun. monoz – bir + logos – soʻz, nutq) Soʻzlovchining oʻziga qaratilgan, boshqa shaxsning tinglash va javob berishini e’tiborda tutmaydigan nutq.
MONOSEMIYA (yun. monos – bir + sema – belgi) – q. Bir ma’nolilik.
MORF – q. Morfa.
MORFA (yun. morphe – shakl) Morfemaning soʻzshakl tarkibida qatnashayotgan koʻrinishi. Turli soʻzshakllarda ishtirok etuvchi bunday morflar majmui morfemani tashkil etadi. Masalan, uyga, eshikka, yotoqqa soʻzshakllarida ishtirok etayotgan uch shakl (-ga, -ka, -qa) bir morfema hisoblanadi. Morf(a)lar oʻzaro allomorf(a) (q.) yoki morfemaning varianti (q.) holatida boʻladi.
MORFEM LUGʻAT Soʻzlarning morfema tarkibi qayd etiladigan lugʻat. Masalan, A. Gʻ. Gʻulomov, A. N. Tixonov, R. Qoʻngʻurovlarning “O‘zbek tili morfem lugʻati” (“O‘qituvchi” nashriyoti, 1977).
MORFEM TAHLIL Soʻzning morfema tarkibini, morfemalarning turlarini, har bir turning ma’no va vazifasiga koʻra turlarini belgilash.
MORFEMA (yun. morphema – shakl) Tilning ma’noli, boshqa ma’noli qismlarga boʻlinmaydigan eng kichik birligi. Asosiy xususiyatiga koʻra morfemalar ikki turga boʻlinadi: 1) leksik morfema (q.); 2) qo‘shimcha morfema (q.). Masalan, suvchi soʻzida ikki morfema bor: suv va chi. Suv – leksik morfema, chi – qo‘shimcha morfema.
MORFEMANING VARIANTI ayn. Allomorfa.
MORFEMIKA Morfemalarning mohiyati, tuzilishi, turlari va boshqa xususiyatlari haqidagi ta’limot.
MORFOLOGIK KATEGORIYA Bir-biriga qiyosan olinadigan ikki yoki undan ortiq grammatik ma’no va shu ma’nolarni ifodalovchi shakllar tizimi. Masalan, oʻzbek tilida otlardagi son kategoriyasi (kitob – birlik, ko‘plikka betaraflik, kitoblar – koʻplik), fe’lning zamon kategoriyasi (oʻqidi – oʻtgan zamon, oʻqiyapti – hozirgi zamon, oʻqiydi – kelasi zamon) va b.
Do'stlaringiz bilan baham: |