Silfonli asboblar. Sezgir element sifatida silfon keng qo‘llanmoqda. Silfonlar jez, bronza, zanglamas po‘lat, plastmassa va boshqalardan tayyorlanadi. Ularning ba’zi turlari vintsimon prujinali qilib tayyorlanadi, buning natijasida gisterezis va nochiziqlik ta’siri kamayib, asbobning o‘lchash chegarasi kengayadi. Silfonlar bir qatlamli va ko‘p qatlamli bo‘ladi. Odatda, silfonlarning diametri 12...100 mm, uzunligi 13...100 mm, qatlamlari (gofralari) soni 4...24 atrofida bo‘ladi. Silfonlarning siljishi 2,8...21 mm. Ularning siljish kattaligi silfonlarni o‘ziyozar asboblarda qo‘llashga imkon beradi. Silfonga ta’sir etgan ichki yoki tashqi bosim natijasida silfon uzunligi o‘zgaradi.
K o‘rsatuvchi va o‘ziyozar asboblarda silfonli sezgir elementlardan quyidagi turlari ishlatiladi: MSP, MSS (manometrlar); MVSS (manovakuummetrlar); VSP, VSS (vakuummetrlar); DSP, DSS (difmonametrlar); NSP, NSS (naporometrlar); TmSP, TmSS (tyagometrlar); TNSP, TNSS (tyagonaporometrlar). Bu asboblarning ko‘pchiligi pnevmatik va unifikatsiyalangan elektr datchiklar tizimiga kiradi.
Silfonli naporometr va tyagometrlarda kichik bosimlarni 40000 Pa (4000 kgk/m2); vakuummni (0,1 m PA gacha); mutlaq bosimni (2,5 mPa gacha); ortiqcha bosimni (60 mPa gacha); bosimlar farqini (0,25 mPa gacha) o‘lchash uchun qo‘llanadi.
3.5-rasmda silfonli pnevmatik tyagonaporomer (TNS-P) ning prinsipial sxemasi ko‘rsatilgan. Bu asbob o‘lchashning pnevmatik tarmog‘iga kiradi. Uning vazifasi bosim yoki siyraklanishni masofaga uzatuvchi mutanosib pnevmatik signalga uzluksiz aylantirishdir.
Asbobning ishlash prinsipi pnevmatik kuch kompensatsiyasiga asoslangan. Kompensatsiya maxsus pnevmatik qurilma yordamida bajariladi. O‘lchanayotgan bosim yoki siyraklanish silfon – sezgir element 9 yordamida mutanosib kuchga aylanadi. Bu kuch avtomatik ravishda teskari bog‘lanish kuchi orqali muvozanatlashadi. Muvozanatlash richag 8, zaslonka (to‘siq) 4 va Г-simon richagdan tashkil topgan pishangli mexanizm orqali bajariladi. Teskari bog‘lanish kuchi kompensatsion element - teskari bog‘lanish silfoni 7 dagi siqilgan havo bosimi orqali hosil bo‘ladi. O‘lchanayotgan bosim o‘zgarishi bilan pishang 8 va to‘siq 4 soplo 5 ga nisbatan siljiydi. Natijada soplo 5 ning yo‘lida (kanalida) nomoslik signali paydo bo‘ladi. Bu signal kuchaytirgich 6 dan teskari bog‘lanish silfoniga kelayotgan bosimni o‘zgartiradi. O‘lchanayotgan parametrning o‘lchovi bo‘lgan bosim bir yo‘la masofaga uzatish liniyasiga (kanaliga) ham yuboriladi. Asbobni sozlash uchun rolik 2 xizmat qiladi, u richag 1 va 8 lar bo‘ylab harakat qiladi. Prujina 3 asbobni nol belgisiga sozlaydi.
Pnevmatik signalni 300 m masofaga uzatish mumkin. Bunday silfonli asboblar turli xilda va rusumda chiqariladi hamda turli chegarali o‘lchashlarga mo‘ljallangan. Ularning aniqlik sinfi 1 va 1,5.
Silfonlarning asosiy kamchiliklari gisterezis mavjudligi va xarakteristikaning birmuncha nochiziqligidir. Gisterezis ta’sirini kamaytirish va bikrlikni oshirish maqsadida, ko‘pincha, silfon ichiga prujina o‘rnatiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |