41
darsliklari, o’quv qurollarini saranjom saqlash, o’z vaqtida o’rnidan turish, maktabga
belgilangan vaqtda borish, uyga berilgan vazifalarni bajarishga oid ko’nikmalarni
o’zlashtiradi. O’quvchi tobora masuliyatli bo’lib boradi. Bilimlar bolaning saviyasini
o’stiradi, aqliy rivojlanishini ta’minlaydi, sezgilari va irodasining o’sishiga ta’sir
ko’rsatadi. Biroq, bu davrda ham bolaning diqqati hali beqaror bo’ladi.
Boshlang’ich sinfda o’quvchi xotirasida o’zgarishlar ro’y beradi. O’quvchi
birinchi sinfdan boshlab ta’lim jarayonida o’quv materialining ko’p qismini ixtiyoriy
ravishda eslab qoladi. Shu bilan birga o’z-o’zini doimo nazorat qilib borishi lozim.
Buning natijasida o’quvchining xotirasi takomillashadi, tafakkuri o’sadi. 7-8 yoshli
bolalarda ham tafakkur hali konkret xarakterda bo’ladi. Ular o’zlari idrok etgan yoki
tasavvur qilgan narsalar haqidagina fikr yuritadi. Mantiqiy tafakkurning dastlabki
ko’rinishlari shakllana boshlaydi. Uchinchi va to’rtinchi sinflarda o’quvchilar ilmiy
bilimlarga oid ayrim tushunchalarni ham o’zlashtirib oladi. Bu davrda
o’quvchilarning ruhiyatida hissiy kechinmalar yuz beradi. Boshlang’ich sinf
o’quvchilarida biror fanga, darsga nisbatan qiziqish yuzaga keladi. Ular ta’lim olishni
burch ekanligini anglab yetadi. Dars vaqtida o’quvchi faoliyatiga qo’yilgan yuqori
baho o’quvchilarda ruhiy tetiklik, shodlik, iftixor kabi hissiy kechinmalarni
tug’diradi.
Yomon baho olganda esa o’zidan norozi bo’lish, pushaymon qilish kabi salbiy
kechinmalar sodir bo’ladi. O’quvchilar yaxshi o’qishni istaydi, ammo ayrimlar
yomon baho tufayli o’zlariga ishonmay qoladi, umidsizlik va tushkunlikka tushadi.
Bu esa o’qituvchidan xushyorlikni talab qiladi.
Boshlang’ich sinf o’quvchilari jismoniy jihatdan nisbatan tekis o’sadi, o’g’il va
qiz bolalar tashqi ko’rinishidan bir-birlaridan kam farqlanadi. Jismoniy o’sishga xos
bu xususiyatlar tarbiyachidan ehtiyotkorlikni talab etadi. Bu yoshda bola bilim olish
va o’rganishga qiziquvchan bo’ladi. Boshlang’ich sinf o’quvchilarining bo’ylari
o’rtacha 120 sm, og’irliklari 22 kg atrofida bo’ladi. Suyaklarida tog’aylik ustun,
naysimon ilik suyaklari, asosan, eniga o’sadi, bo’g’inlar, ko’krak qafasi, umurtqa
pog’anasi va tos suyaklar yaxshi qotmagani tufayli tez shikastlanadi. Bu davrda
o’quvchilarning muskul paylari, bo’g’inlar tez o’sishi tufayli ular serharakat bo’ladi.
Bosh miyasi tez rivojlanadi, 12 yoshda miyaning og’irligi kattalarniki bilan
tenglashsa-da, tuzilishi jihatidan farq qiladi. Yurak, qon aylanish tizimi va nafas
organlari o’sishda davom etadi. O’pka yaxshi rivojlangan bo’lsa-da, biroq, nafas yo’li
va diafragma bo’sh rivojlangan bu yoshda o’quvchilar uzoq vaqt harakatsiz tursalar
nafas olishlari qiyinlashib, organizmning kislorod bilan ta’minlanishi yomonlashadi.
Boshlang’ich sinf o’quvchilarining yuragi o’zidan kattalarnikiga nisbatan ikki marta
ko’p qon chiqarib, yurak urushi bir daqiqada 90-92 martani tashkil etadi. Qon
tarkibida oq qon tanachalari ko’p, bu esa ularni asabiylashishdan saqlash, ko’proq
harakat qilish, ochiq havoda bo’lish, yetarlicha uxlash va dam olish, stul (parta)da
to’g’ri o’tirish, o’rinda tekis yotishga odatlantirish zarur.
Do'stlaringiz bilan baham: