Alisher Navoiy gʻazallariga sharhlar
Erkin Vohidov, Najmiddin Komilov
43
library.ziyonet.uz/
oliyjanob ruhning betakror suvratlari, manzaralari...
Ma’no va tafakkur, xayol va tasavvurning avj pardalari, uchqur parvozlari, soʻngsiz
jilvalari, demakdir... Ularni baholash, talqin etish uchun biz, faqirlarga Navoiy yetukligi
darajasiga koʻtarilish yoʻl boʻlsin, lekin, harholda hazratning ma’naviy dunyosiga
yaqinlashish, uning kamoliga ergashish shart. Shu ma’noda Navoiy ijodi buyuk bir
koʻzgudirkim, har kimsa unga koʻz solib, unda koʻzi ilgʻagancha koʻrar, u bir
xazinadirkim, har kishi unga qoʻl choʻzib, undan qurbi yetganicha olar... Navoiyning har
bitta bayti zamirida bir, uch, besh yoki oʻnlab ma’no va mazmunlar yashirin, inchunin,
ularning izohi uchun bir, uch, besh yoki oʻnlab talqinlar tugʻilishi muqarrar. Ularning
qirralari, chizgʻilari, tovlanishlari, ramzu ishoralari behisob. Bir yoʻla qamrab olib
boʻlmaydi. Dunyoni bir qarashda qamrab yoki bitta talqinga sigdirib boʻlmagandek...
Lekin Navoiy dunyoqarashining bosh ustuni bor. U shoir dunyosini, uning osmondek
azamat gumbazini boshida tikka koʻtarib turadi. Bu - tasavvuf ta’limoti, naqshbandiylik
tariqati. Shoir falsafasi ana shu ta’limot, ana shu tariqatga suyanadi. Bu ta’limot va
tariqatning qisqacha mazmuni shunday: olamdan maqsad – odamdan maqsad – xudo,
xudodan maqsad – kamolot, kamolotning esa yoʻli cheksiz. Bu yoʻlga chiqqanlar
«haqiqat yoʻlchilari» atalib, ishq-muhabbat ularga rahiamo boʻladi... Alisher Navoiy
olam va odamni ana shu nuqtai nazardan kuzatadi va idrok etadi, boshqacha aytganda, u
olam markazida odamni, odam siymosida olamni koʻradi, olam va odam birligida esa
«husni mutlaq», «mehri mutlaq» quyoshning rang-barang shu’lalarini koʻrib, hayrat va
hayajonga tushadi. Uniig gʻazallari haq-haqiqatning ana shu cheksiz shu’lalari
qarshisidagi cheksiz hayrat va hayajonlarning soʻngsiz nidolari, sadolaridirlar. Oʻqiymiz,
ilk manzara — ilk hayrat:
Xil’atin to aylamish jonon qizil, sorigʻ yashil,
Shu’layi ohim chiqar har yon qizil, sorigʻ, yashil.
Ya’ni: jononim qizil, sorigʻ, yashil rangli toʻn kiymish, shundan beri yurakdan
chiqadigan ohim shu’lalari ham qizil, sorig, yashil tusdadir... Xoʻsh, shoir bunda faqat
odamni koʻzda tutmoqdami? Olamni ham koʻzda tutmayaptimi? Xudoni-chi? Biz bugun
shundoq deb ayru-ayru savol qoʻyamiz. Lekin bu tushunchalarni Navoiy bir-biridan
ayirmagan, uning falsafasi ularni bir butunga jamlagan, «vohid» deb baholagan.
Shoirning «jononi»da olam yashaydi, u olamda esa, qatrada quyosh aks etganidek,
kamolotning oliy timsoli boʻlmish oliy xilqat, yuksak haq-haqiqat, Alloh aks etadi... Yor
toʻni, olam libosi, haqiqat manzarasi rang-barang, bas, ularning qarshisida turgan Navoiy
hayratlari ham, shu’layi ohu figʻonlari ham rang-barangdir... Shoir endi ana shu rang-
baranglik ohangini rivojlantiradi, oʻzining yorga (olamga, xudoga) nisbatan kechinmalari
orqali ma’naviy suvratlar, lavhalar chizadi, koʻzimiz oʻngida ruh kitobining rang-barang
sahifalari ochiladi:
Gulshan ettim ishq sahrosin samumi ohdin,
Do'stlaringiz bilan baham: |