Qobiqli dizartriyada bosh miya qobig’ining o’choqli jarohatlanishi bilan bog’liq patogenezga ega nutqning motor kamchiliklar guruhi namoyon bo’ladi.
Qobiqli dizartriyaning birinchi shakli bosh miyaning oldingi markaziy egatchasining pastki bo’limining bir tomonlama yoki ko’p hollarda ikki tomonlama jarohatlanishi bilan bog’liq. Bunday xolatlarda artikulyatsiya mushaklarining markaziy parezi yuzaga keladi. Tilning ayrim mushaklarini qobiqli parezi juda nozik alohida harakatlari hajmining cheklanishiga olib keladi. Qobiqli dizartriyaning bu shaklida til oldi tovushlari talaffuzida kamchiliklar kuzatiladi. Qobiqli dizartriyani tashxisi uchun har bir aniq holatda til oldi tovushlarining zararlanishi va bu kamchiliklarning mexanizmlarini aniqlashga yordam beruvchi nozik neyrolingvistik tahlilni amalga oshirish zarur.
Qobiqli dizartriyaning birinchi shaklida til oldi tovushlaridan birinchi navbatda kakuminal undoshlar, ya’ni til uchini yuqori tishlar tomon ko’tarib va biroz egilgan holda talaffuz qilinadigan undoshlar (sh, j, r) talaffuzida kamchiliklar kuzatiladi. Dizartriyaning og’ir ko’rinishlarida bu tovushlar mutlaqo yo’q bo’lsa, yengil ko’rinishida talaffuz jarayonida tilni o’rta qismi yumshoq tanglay tomon ko’tariladigan tovushlar (s, z, t, d, n) bilan almashtiriladi.
Qobiqli dizartriyada apikal undoshlar, ya’ni talaffuz jarayonida til uchini yuqori tishlar va alveolalarga yaqinlashishi va tegib turishi bilan izohlanadigan tovushlar (l) talaffuzida ham qiyinchiliklar kuzatiladi.
Shuningdek, qobiqli dizartriyada undosh tovushlarning hosil bo’lishining kamchiliklari kuzatilishi mumkin.
Qobiqli dizartriyada mushak tonusining ortishi xarakterli, ayniqsa, til uchi mushaklari tonusining ortishi kuzatiladi. Bu esa nozik differensial harakatlarni cheklaydi.
Qobiqli dizartriyaning ikkinchi shakli kinestetik praksisni yetarli emasligi bilan boғliq. Bu esa bosh miyaning dominant yarim shari (odatda, chap yarimsharlar) qobig’ining pastki markaziy bo’limlarini bir tomonlama jaro-hatlanishida kuzatiladi.
Bunday hollarda shovqinli va affrikat undosh tovushlar talaffuzida kamchiliklar kuzatiladi. Artikulyatsiya kamchiliklari turli xil va turғun emasligi bilan xarakterlanadi. Nutq jarayonida zarur artikulyatsiya holatini izlash nutq tempini sekinlashtiradi va uyg’unligida kamchiliklar keltirib chiqaradi.
Ayrim artikulyatsiya holatlarini his etish va talaffuz etishda qiyinchiliklar kuzatiladi. Yuz gnozisini yetarli emasligi kuzatiladi.
Qobiqli dizartriyaning uchinchi shakli dinamik kinestetik praksisning yetarli emasligi bilan bog’liq. Bu bosh miyaning dominant yarimsharlari qobig’ining motor sohasining pastki bo’limlari jarohatlanishida kuzatiladi. Kinestetik praksis kamchiliklarida murakkab affrikat tovushlarining talaffuzi qiyinlashadi.
Topshiriq bo’yicha harakatlarni ketma-ketlikda bajarishda qiyinchiliklar namoyon bo’ladi.
Qobiqli dizartriyaning ikkinchi va uchinchi shakllarida tovushlarni mustahkamlashda qiyinchiliklar kuzatiladi.