Siydik hosil bo’lishining boshqarilishi.
Buyraklarning siydik hosil qilish funksiyasini asab tizimi boshqarib turadi. Buyraklar simpatik va adashgan nerv tolalari bilan ta’minlangan. Nerv tolalari buyrak qon tomirlari bilan birgalikda, kanalchalarning epiteliy hujayralariga ham borib yetadi. Binobarin, nerv tolalari tomirlar sig’imini, epiteliy hujayralari faoliyatini, ya’ni kanalchalardagi filtratsiya va reabsorbtsiya jarayonlarini o’zgartirish yo’li bilan siydik hosil bo’lishini boshqarib boradi. Buyrakka keladigan nerv tolalarining ta'sirlanishiga qarab siydik hosil bo’lishi tegishlicha o’zgaradi. Jumladan, adashgan nerv tolasi ta'sirlanganda suvning ajralishi tezlashadi, oqibatda siydik miqdori ko’payib tarkibidagi azotli moddalar kamayadi. Simpatik nerv tolasi ta'sirlanganda esa ajralayotgan siydik miqdori kamaygan holda tarkibidagi natriy xlor biroza oshadi. Uzunchoq miyadagi to’rtinchi miya qorinchasining tubi, oraliq miyadagi kulrang do’mboq ta'sirlanganda siydik ajralishi kuchayadi. Siydik hosil bo’lishi po’stloq nazorati ostida turishini ko’rsatadigan dalillar ko’p, chunonchi, siydik hosil bo’lishi shartli reflektor yo’l bilan ham boshqariladi. K.M.Bikov laboratoriyasida tajriba maqsadida itning to’g’ri ichagiga sovuq suv yuborilganda siydik hosil bo’lishi va chiqarilishining tezlashganligi aniqlandi. To’g’ri ichakka sovuq suv yuborish biror shartli ta'sirot bilan birga qo’shib, bir necha marta takrorlanganda shartli refleks hosil bo’lgan, ya’ni keyinchalik birgina shartli ta'sirotning o’zi, mustaqil ravishda xuddi sovuq suvdek siydik hosil bo’lishi va ajralishini tezlashtirgan. Og’riq siydik ajralishining keskin kamayishiga sabab bo’ladi (og’riq anuriyasi). Og’riq ta'sirotni biror shartli ta'sirot bilan bir necha marta birga qo’shish yo’li bilan siydik ajralishining tormozlanishiga shartli refleks hosil qilsa bo’ladi. Operatsiyada buyrakni o’z joyidan olib, tananing boshqa bir joyiga tikib, tegishli qon tomirlar bilan aloqasi tiklansa, u holda buyrak go’yo odatdagidek ishlayveradi. Nerv tizimi bilan aloqasi uzilgan bunday buyrakning ishlash faoliyatining boshqarilishida gumoral omillar ham benihoya katta rol o’ynashidan dalolat beradi. Jumladan, gipofizning antidiuretik gormoni, qalqonsimon bezning tiroksin, buyrak usti bezlarining adrenalin, aldosteron gormonlari, qon tarkibidagi mochevina, mineral moddalar, ayniqsa natriy xlorid siydik hosil bo’lishiga katta ta’sir ko’rsatadi. Organizmning boshqa tizimlari qatori buyrak faoliyati ham asab tizimi bilan gumoral tizim funksiyasiga mahkam bog’liqdir. Buni quyidagilardan ko’rish mumkin. Gipotalamus yadrosidan chiqqan impulslar gipofizning orqa bo’lagidan antidiuretik gormon ishlanib chiqishini kuchaytiradi. Antidiuertik gormon qonga o’tib siydik reabsorbsiyasini kuchaytiradi. Oqibatda ajralayotgan siydikning miqdori keskin kamayadi. Gipofiz orqa bo’lagining faoliyati pasaysa (gipofunksiya), antidiuretik gormon odatdagidan kam ishlanib chiqadi va ajralayotgan siydik miqdori, suvning ko’p chiqarilishi hisobiga ko’payib ketadi (qandsiz diabet). Tajribada buyrakning asab tizimi bilan aloqasi, shuningdek gipofizning miya po’stlog’i bilan aloqasi ham uzilsa, shartli reflektor ravishda siydik ajralishi kuzatilmaydi. Demak, miya po’stlog’i gipotalamo-gipofizar tizim orqali buyrak faoliyatiga o’z ta'sirini o’tkazadi. Buyrak usti bezlarining adrenalin gormoni siydik ajralishini kamaytiradi,lekin aldosteron gormoni kanalchalar epiteliysiga ta'sir etib, natriyning qayta so’rilishiga yordam beradi. Qalqonsimon bezning tiroksin gormoni suv va tuzlarning to'qimalar bilan bog’lanishini kamaytirib, ularning qonga o’tishini kuchaytiradi, siydik hosil bo’lishiga yordam beradi. Paratgormon esa kalsiy va fosforning suyaklardan qonga chiqarilishiga ta’sir qiladi va bularning siydik bilan chiqarilishini kuchaytiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |