Navro‘z taomlari
Sumalak: tarixi va shifobaxshligi
“Navro‘z”ning tansiq taomi bo‘lgan sumalakni xalqimiz qadim zamonlardan buyon tayyorlab kelishgan. Sumalak so‘zining ma’nosi haqida turli rivoyatlar to‘qilgan. Bir rivoyatda qayt etilishicha, qadim zamonlarda bir kambag‘al ayolning yosh bolalari bo‘lib, qishdan zo‘r-bazur chiqishadi. Och qolgan bolalari non so‘rab yig‘lashadi. Nima qilarini bilmagan ona bolalariga: “Sizlar o‘ynab turinglar, men sizlarga ovqat pishirib beraman", - deb qozonga suv solib tagiga o‘t qalabdi. So‘ngra dalaga chiqib, o‘tgan yilgi bug‘doyzordan bug‘doy tomirlarini, endigina nish ura boshlagan har xil o‘t-o‘lanlarni terib kelib, yaxshilab yuvibdi-da, qozonga solibdi. Un xaltasini qoqishtirib bir-ikki kappa unni qozonga tashlab, qaynata boshlabdi. Tun yarimdan oshgandan so‘ng charchab uxlab qolibdi. Shunda "si malak”, ya’ni o‘ttiz malak qozonni kavlab, qozonga tuz tashlab pishirib qo‘yishadi. Tongda uyg‘ongan bolalar: “Ona bu ovqatingizni nomi nima?” - deb so‘rashibdi. Ona esa "Bu maloyiklarning karomati bilan pishdi. Uning oti “Simalak”, - debdi. Bu so‘z keyinchalik "Sumalak" bo‘lib ketgan, degan naql bor. Buyuk tilshunos olim Mahmud Qoshg‘ariy o‘zininig "Devonu lug‘otit turk" ("Turkiy so‘zlar devoni") kitobida yozishicha:"Suma-ivitilgan bug‘doy nomi. U quritib tuyiladi. So‘ng undan ugra oshi va non qilinadi. Sharbat uchun qilingan, undirilgan arpa uchun ham bu so‘z qo‘llaniladi". Shunga ko‘ra"sumalak"-ivitilgan bug‘doy yoki arpa ma’nosini anglatuvchi qadimgi turkiy kalom "suma"dan kelib chiqqan deyish mumkin.
Sumalak shifobaxsh taom bo‘lib, unda inson a’zolarida tez qonga va limfa suyuqliklariga so‘riladigan monoxorid bor. Uning oqsili ham juda nozik bo‘lib, azoyi badanimizdagi milliardlarcha hujayralar uchun eng yaxshi ozuqadir. Sumalakda S va E darmondorilari ko‘p bo‘lib, E darmondorisi erkaklarni naslsizlik kasali va ayollarni bevaqt homila tashlash ofatidan asraydi. Sumalak gipertoniya kasalligiga ham yaxshi davo bo‘lib, u qon tarkibini yaxshilaydi. Tomirlar toraygan bo‘lsa, qonni suyultiradi. Yana sumalak oshqozon va ichak ichki yo‘lini tozalaydi, uning faoliyatini kuchaytiradi. Uyqusizlikdan forig‘ etadi, asablarni tinchlantiradi.
“Navro‘z” bayramida tayyorlanadigan sumalak faqat tansiq taom bo‘lib qolmay, unda insonning barcha yaxshi orzu-umidlari, niyatlari mujassamlashgandir. “Navro‘z”ning “shohona taomi” - sumalak tayyorlash, sumalakxo‘rlikka bag‘ishlangan "Sumalak sayli"ga marhabo!
Halim (Halisa)
Halim (Halisa) bug‘doy va mol go‘shtidan tayyorlanadigan qadimiy milliy taomlarimizdan biridir. Halim tayyorlash uchun qayroqi bug‘doy bir oz namlanib, yog‘ochda tuyilib, sovuq suvda yuviladi, so‘ng 5-6 soat davomida iliq suvda ivitiladi. O‘simlik yog‘i qizdirilgan qozonda lo‘nda-lo‘nda to‘g‘ralgan go‘sht qovuriladi, so‘ng tayyorlangan bug‘doy solinib, darhol suv quyiladi va 2-3 soat davomida past olovda qaynatiladi. Taomni to‘xtovsiz kovlab turish lozim. Bu taom ming dardga davo bo‘lgan milliy taomlarimizdan biridir.
Do'stlaringiz bilan baham: |