6.4. Kompyuter tarmoqlari
Shaxsiy kompyuterning imkoniyatlari qay darajada rivojlanmasin, agar ular bir-biri bilan bog’lana olmasa, ularning boy imkoniyatlaridan to'liq foydalanib bo'lmaydi. Masalan, Toshkent Davlat Texnika Universitetida mingga yaqin shaxsiy kompyuterlar bo'lib, ularning deyarli barchasi o'quv jarayonida faol ishtirok etadi. Agar ular bir-biri bilan bog’lanmaganda edi, mingga yaqin odam qo'lidagi disketalar bilan binoma-bino chopib yurgan bo'lar edi. Agar gap talabalarning test natijalarini yig’ish to'g’risida bo'lsa, u holda garchi ancha noqulay bo'lsa-da, natijalarni disketalar orqali yig’ish mumkin. Lekin, agar tayyoraga chipta sotishni shu usulda bajarsak, u holda bir o'ringa bir nechta chipta sotib qo'yish hech gap emas. Shu sababli kompyuterlarni bir-biri bilan bog’lash zarur.
Kompyuterlarning bir-biri bilan bog’lanishi juda ko'p muammolarni hal qiladi. Bu bog’lanishlarning o'zi ishlash prinsipiga ko'ra ikki turda bo'ladi: bir xonada yonma-yon turgan kompyuterlarning o'zaro bog’lanishi turli shaharlarda joylashgan kompyuterlarning bog’lanishidan farq qiladi. Bir-biriga yaqin joylashgan kompyuterlar lokal (mahalliy) tarmoq orqali ulansa, bir-biridan olisda joylashgan kompyuterlar tashqi tarmoq orqali bog’lanadi.
Mahalliy tarmoqni yaratish uchun kompyuterlar orasida maxsus sim (kabel) tortib chiqiladi; tashqi tarmoqda esa ko'pincha, sim tortib chiqishning jismonan iloji bo'lmaydi va shuning uchun mavjud aloqa vositalari jumladan, shaharlararo telefon liniyalaridan foydalanishga to'g’ri keladi. Telefon liniyalarida tovush to'lqinlariga va ularni zichlashtirish natijasida hosil bo'lgan elektr signallari uzatiladi. Bu signallar esa analog ko'rinishidagi signallardir. Kompyuterda esa signallar raqamli, ya'ni diskret signallardir. Shu sababli, kompyuterlarni telefon liniyalari orqali bir-biri bilan ulash uchun signallar avval analog ko'rinishiga o'tkazilib, telefon tarmog’iga uzatiladi, so'ngra telefon tarmog’idan qabul qilib olingach, yana diskret ko'rinishiga keltiriladi.
Signallarni bir turdan ikkinchi turga o'tkazish modulyasiyalash deb ataladi. Modulyasiyalangan signalni yana avvalgi holiga qaytarish demodulyasiyalash deb ataladi. Bu amallarni bajaruvchi qurilmalar mos ravishda modulyator va demodulyator deb ataladi. Odatda, bu ikki amalni bitta qurilma bajaradi va bunday qurilmalar modulyator-demodulyator yoki qisqacha qilib modem deb ataladi. Kompyuter ichida diskret signallar, odatda, parallel ravishda, ya'ni bir vaqtning o'zida bir nechta diskret signallar (8ta, 16 ta, 32 ta, 64 ta, 128 ta va hokazo) qayta ishlanadi. Yonma-yon turgan ikkita kompyuter bir-biri bilan bog’langanda, ular orasida 8 ta, (16 ta, 32 ta va h.k.) simlar tortish noqulay bo'lgani uchun bir necha simda parallel kelayotgan signallar avval bitta simda ketma-ket keladigan signallarga aylantirib olinadi, so'ngra kompyuterlarni bog’lovchi tarmoq simiga uzatiladi. Bu signal ikkinchi kompyuterga uzatilgach, qabul qiluvchi kompyuter ketma-ket kelayotgan signallarni yana parallel signallarga aylantiradi. Bu amalni bajaruvchi qurilma mahalliy tarmoq platasi deb ataladi.
Shunday qilib, ishlash prinsipiga ko'ra kompyuter tarmoqlari ikki turda: diskret signallarni uzatuvchi va uzluksiz signallarni uzatuvchi tarmoqlarga bo'linadi.
Tarmoqlar tashkil etilishiga qarab asosan uch turga bo'linadi:
- chiziqli ko'rinishda;
- halqa ko'rinishida;
- yulduzcha ko'rinishida.
Chiziqli ko'rinishda ulangan kompyuterlarga kelayotgan signal barchasiga bir vaqtda uzatiladi, lekin bu signallarni faqat bitta yoki bir nechta bu signallar mo'ljallangan kompyuterlar qabul qilib oladi.
Halqa ko'rinishida tashkil qilingan tarmoqda kompyuterlar bir-biriga ketma-ket ulangan bo'ladi va bir kompyuterdan ikkinchisiga axborot uzatish uchun ular orasidagi har bir kompyuter navbatma-navbat axborotlarni qabul qilib oladi va keyingi kompyuterga uzatadi.
Yulduzcha ko'rinishidagi tarmoqda barcha kompyuterlar yulduzchaning uchi bo'lgan kompyuterga ulangan va bir kompyuterdan ikkinchi kompyuterga axborot uzatish uchun axborot avval yulduzcha uchidagi kompyuterga, undan ikkinchi kompyuterga uzatiladi.
Halqa ko'rinishidagi tarmoqda axborotlarni uzatish juda noqulay bo'lgani uchun hozirda undan deyarli foydalanilmaydi va zamonaviy tarmoqlar chiziqli, yulduzcha yoki ularning aralashmasi ko'rinishida bo'ladi.
Tarmoqlar hududiy joylashishiga qarab uch turga bo'linadi:
- lokal (mahalliy);
- regional (mintaqaviy);
- global (mintaqalararo).
Mahalliy tarmoq, odatda, bir tashkilotga tegishli tarmoq bo'lib, unda kompyuterlar bir-biriga ulangan bo'lishi mumkin. Ularning barchasi bitta binoda yoki bir-biriga yaqin bir necha binolarda joylashgan bo'ladi. Mintaqaviy tarmoq bir hududda joylashgan kompyuterlarni bir-biri bilan bog’lovchi tarmoq bo'lib, uning tarkibiga mahalliy tarmoqlar va mahalliy tarmoqqa ulanmagan yakka kompyuterlar kiradi. Mintaqaviy tarmoq, odatda, katta shahar, viloyat, kichikroq davlat miqyosida bo'ladi.
Mintaqalararo tarmoq bir-biri bilan bog’langan mintaqaviy tarmoqlar yig’indisi bo'lib, bir davlatning istalgan nuqtasidan boshqa davlatlardagi shu tarmoqqa ulangan ixtiyoriy kompyuter bilan bog’lanish imkonini beradi.
Mahalliy tarmoq orqali ulanish quyidagicha amalga oshiriladi:
1) Har bir kompyuterga mahalliy tarmoq qurilmasi (LAN Card - local area network Card) o'rnatiladi.
2) Mahalliy tarmoq simi har bir kompyuterning LAN qurilmasiga ulab chiqiladi.
3) Mahalliy tarmoqda ishlaydigan kompyuterlarga tarmoqni boshqarish dasturiy ta'minoti o'rnatiladi.
Bir nechta kompyuter mahalliy tarmoqqa ulanganda, ulardan biri tarmoqni boshqarishni o'z zimmasiga oladi. Tarmoqni boshqaruvchi kompyuter server deb, tarmoqqa kiruvchi boshqa kompyuterlar esa mijozlar deb ataladi. Server orqali har bir kompyuterning tarmoqda tutgan o'rni, ya'ni uning boshqa kompyuterlar bilan aloqa qila olishi, ularning shu jumladan, serverning resurslari: xotirasiga, qo'shimcha qurilmalari: printer, skaner, CD-ROM va boshqalarga butunlay yoki vaqtincha; yakka yoki birgalikda ega bo'lish huquqlarini belgilaydi. Server odatda, mijozlarning barcha resurslariga egalik qilishi mumkin, lekin bu imkoniyatlarni ham cheklab qo'yish mumkin.
Masalan, maktabdagi o'quv kompyuterlari sinfi mahalliy tarmoq orqali bir-biriga ulangan bo'lsa, u holda o'qituvchining ish joyi server, o'quvchilarning ish joylari mijoz sifatida tarmoqqa kiradi. O'kituvchining ish joyidan (serverdan) o'quvchilarning ish joylari (mijozlar) nazorat qilinib turilishi kerak. Shuning uchun serverga mijozlarning barcha resurslariga birgalikda egalik qilish huquqi beriladi. Mijozlar o'qituvchining ish joyidan boshqarilishi uchun serverning ma'lum resurslariga ega bo'lishi kerak. Mijoz kompyuterga test savollarini jo'natish uchun unga serverning xotirasining bir qismidan birgalikda foydalanish uchun ruxsat beriladi. Lekin test natijalarini o'quvchining ish joyidan o'zgartirishning oldini olish uchun server xotirasining bir qismidan mijozlarning foydalanishiga ruxsat berilmaydi.
Mahalliy tarmoq orqali ma'lumot almashish tezligi juda yuqori bo'lib, u sekundiga 10-100 Megabitni tashkil qiladi. Bunday tezlik mahalliy tarmoq orqali yuqori sifatli raqamli teleko'rsatuvlarni ham uzatish imkonini beradi. Mahalliy tarmoq orqali Windows yoki Office kabi hajmi katta bo'lgan dasturlarni ham birgalikda ishlatish mumkin. Mahalliy tarmoqlarda ishlash uchun barcha ommaviy dasturlarning variantlari ishlab chiqilgan. Masalan, Windows XP operasion sistemasi mahalliy tarmoqda bir vaqtda bir nechta mijoz ish o'rinlarida Windows muhitida ishlash imkonini beradi.
Mintaqaviy tarmoqlarda, odatda, modemlar qo'llaniladi. Bunda tayyor aloqa tizimlaridan foydalaniladi. Shu sababli, bu tarmoqlardagi axborot uzatish tezligi juda past bo'lib, sekundiga 1200 bitdan 56000 bitgacha bo'lishi mumkin. Bu tezliklar jiddiy ishlar uchun yetarli emas, lekin mavjud telefon tarmoqlarining axborotlarni o'tkazish imkoniyati cheklanganligi sababli bu tezlikni oshirib bo'lmaydi.
Bu muammoni hal qilish uchun kompyuter tarmoqlari uchun maxsus ajratilgan liniyalardan foydalaniladi. Ularga radio va kosmik aloqa liniyalari ham kiradi. Ular orasida optik shisha tolali kabellar o'z imkoniyatlari bilan ajralib turadi. Optik kabellarning axborot o'tkazish imkoniyati sekundiga bir necha Gigabitgacha yetishi mumkin. Bu esa bir vaqtda yuzlab raqamli telekanallarni uzatish imkonini beradi. Respublika hukumati tomonidan moliyalashtirilgan TransOsiyo optik tolali aloqa magistralining O'zbekiston sarhadiga tegishli qismi 1999 yilda qurib ishga tushirildi va natijada O'zbekiston mintaqaviy aloqa va kompyuter tarmoqlari Angliyadan tortib Singapurgacha bo'lgan davlatlarning mintaqaviy tarmoqlari bilan bevosita ulandi. Tez orada bunday optik tolali kabellar yordamida barcha kompyuterlar bir-biri bilan ulanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |