6.3. Multimedia: bugungi kuni va kelajagi
90-yillarga kelib, shaxsiy kompyuterlarning quvvati yetarlicha rivojlangach, kompyuterning ovoz va video bilan ishlash masalasi o'rtaga tashlandi. Bu muammolarni hal qilish uchun foydalanuvchilar orasida multimedia deb nom olgan texnik uskunalar yaratildi. Bu uskunalar tarkibiga ovoz kartasi, ovoz kuchaytirgich va karnay hamda kompakt disk nomini olgan doimiy tashqi xotira diskyuritgichi kiradi. Bu uch qurilma bilan ta'minlangan kompyuterlar multimedia kompyuterlari deb ataladi.
Ovoz bilan video kompyuter imkoniyatlarini qanchalik kengaytirganligini sezish uchun kompyuteringizning ovoz karnaylarini o'chirib qo'ying va ovozsiz ishlashga qancha vaqt sabringiz etishini tekshirib ko'ring. Aminmanki, bir soat ham o'tmay ovozni yana yoqib qo'yasiz. Multimedia so'zi nimani anglatadi? Media so'zi juda ko'p uchraydi va u ko'pincha muhit deb tarjima qilinsa-da, muloqat degan ma'noda ham ishlatiladi. Kompyuter multimediali bo'lishi uchun birinchidan, multimedianing texnik ta'minoti, ikkinchidan, uning dasturiy ta'minoti va uchinchidan, multimedia axborotlari mavjud bo'lishi kerak.
Dasturiy ta'minotlar Windows operasion sistema tarkibiga kirgan bo'lib, ularni chaqirish uchun Pusk tugmasini bosib, Programmi bo'limiga kiramiz; undan Standartnie bo'limiga o'tib, undagi Razvlecheniya bandiga kiramiz va undan kerakli dasturni tanlab, ishga tushiramiz. Hozirgi paytda multimedia bilan ishlash uchun mo'ljallangan ko'plab dasturlar mavjud. Ularga misol qilib, musiqani eshitish uchun mo'ljallangan Winamp (Windows amplifier - Windows ovoz kuchaytirgichi); video ko'rinishidagi axborotlarni tahrir qilish uchun mo'ljallangan Adobe Premier dasturlarini keltirish mumkin.
Multimedia mahsulotlari deb, oddiy axborot matn va grafikadan tashqari ovoz va video axborotlar ham tarkibiga kirgan va bundan tashqari, oddiy videodan farq qilib, tarkibiga axborotlar oqimini boshqarish farmoishlari ham kirgan dasturiy vositalarga aytiladi. Multimedia mahsulotlarining juda ommaviylashib ketishining asosiy sababi ham ularda ana shu boshqarish farmoishlarining mavjudligidir. Bu farmoishlar haqida to'liqroq ma'lumotga ega bo'lish uchun quyidagi misolga murojaat qilamiz.
Oddiy kitob masalan, informatika bo'yicha darslik varaqlar ketma-ketligidan iborat, bu kitobning elektron variantini butunlay boshqacha qilish mumkin. Masalan, kitob mundarijasiga kirib, kerakli bobni tanlab, kiritish tugmasini bossak, elektron kitob ana shu bobni ekranga chaqiradi va biz u bilan tanishishimiz mumkin. Bu bobdagi biron-bir tushuncha bizga notanish bo'lsa, uni ajratib yana kiritish tugmasini bossak, bu tushuncha batafsil tushuntirilgan varaq ekranga chiqadi va u bilan tanishib, qaytish tugmasini bossak, yana avvalgi bobga qaytib o'tamiz.
Elektron kitob matnidagi bu kabi bir joydan ikkinchi joyga o'tishlar giperbog’lanishlar deb ataladi. Giperbog’lanishlar bilan to'ldirilgan matn gipermatn deb ataladi. Multimedia mahsulotlari ana shu gipermatnlarning o'zidir, faqat uning tarkibiga matn va grafik axborotlar bilan birga ovoz va video axborotlar ham kiradi. Masalan, zoologiya darsligida bulbullar haqidagi mavzu bilan tanishib chiqayotib, uning ovozini eshitish yoki geografiya darsida o'lkaning ekologik ahvolini o'rganayotib, daryo qirg’oqlarining yemirilishi jarayoni aks etgan videolavhalar bilan tanishish bir tomondan darsning qiziqarligini oshirsa, ikkinchi tomondan uning samaradorligini ko'taradi.
Multimedia mahsulotlariga
- elektron kataloglar;
- elektron kitoblar;
- birgalikda malaka oshirish, o'qish, o'rganish;
- tijorat va marketing taqdimotlari;
- o'quv trenajyorlari;
- kompyuter o'yinlari va boshqalar misol bo'la oladi.
Multimedia internet tarmog’ida juda keng qo'llaniladi. Gipermatn va multimedia mahsulotlari tarkibiga kiruvchi giperbog’lanishlar HTML deb nom olgan til yordamida yaratiladi. Bu tilning ommaviylashib ketishining asosiy sabablaridan biri bu til yordamida nafaqat bitta faylda joylashgan matnlar orasida, balki turli fayllarda va hatto turli kompyuterlarda joylashgan matn, hujjat va ob'ektlar orasida bog’lanish yarata olish imkoniyatidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |