Munisam, keldingmi boychechak taqib, ¶Qirlarda loladan gulxanlar yoqib. ¶Yuragim to‘lmoqda poyingga boqib, ¶Omon-omonmisan, bormisan o‘zing – suyuk Navro‘zim!
Bekzod Hidoyatov, O‘zA
ZAMONAVIY BANK XIZMATLARI NAMOYISHI
“O‘zko‘rgazmasavdo” markazida bank texnologiyalari, asbob-uskunalari va xizmatlari “BankEXPO – 2015” VIII milliy ko‘rgazmasi boshlandi.
Mazkur ko‘rgazma O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Byudjet va iqtisodiy islohotlar hamda Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitalari, Banklar assotsiatsiyasi hamda “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Mamlakatimiz moliya-bank tizimi barqaror va ishonchli faoliyat yuritib, yuqori ko‘rsatkichlarni namoyon etib kelmoqda. Bugungi kunda banklar kapitalining yetarlilik darajasi 25 foizdan oshdi. Bu qabul qilingan umumiy xalqaro standartlardan uch barobar ortiqni tashkil etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisining o‘rinbosari A.Haydarov, Banklar assotsiatsiyasi raisi S.Abdullayev va boshqalar mamlakatimiz bank tizimini isloh etish va erkinlashtirishga qaratilayotgan izchil chora-tadbirlar iqtisodiyotimizni barqaror rivojlantirishga xizmat qilayotganini ta’kidladi.
Tijorat banklari tomonidan 2014-yilda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga 9 trillion so‘mdan ortiq yoki 2013-yilga nisbatan 1,3 barobar ko‘p, shu jumladan, 2 trillion so‘mga yaqin mikrokreditlar ajratildi. So‘nggi besh yilda kichik biznesni kreditlash hajmi qariyb 5 barobar ko‘paydi. O‘tgan yili tijorat banklarining investitsiyaviy faoliyati ham kengayib, 1 milliard 700 million dollar yoki 2013-yilga nisbatan 20 foiz ko‘p investitsiyalar yo‘naltirildi.
Bugungi kunda mamlakatimizda yigirma oltita bank samarali faoliyat yuritmoqda. Mazkur an’anaviy ko‘rgazma mijozlarni kreditlash shartlari, mexanizmlari va boshqa moliyaviy xizmatlar ko‘rsatish tartiblari, zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish darajasi bilan yaqindan tanishtirishga xizmat qilayotir. Unda barcha tijorat banklari, lizing beruvchilar assotsiatsiyasi, yetakchi sug‘urta kompaniyalari, mahalliy va xorijiy axborot texnologiyalari kompaniyalari o‘z mahsulotlari va xizmatlari bilan qatnashmoqda. Zero, ko‘rgazma mijozlarning banklarga bo‘lgan munosabatini shakllantirish, ishonchini mustahkamlash, zamonaviy xizmat turlarini joriy etish va takomillashtirishning istiqbolli yo‘nalishlarini belgilab olishga xizmat qiladi.
Ko‘rgazmada “Trastbank” xususiy aksiyadorlik birja banki o‘z mahsulotlari va xizmatlarini aks ettiruvchi stendlari bilan ishtirok etmoqda. Xususan, bank-moliya muassasalari va mijozlar o‘rtasidagi munosabatlarni yuqori pog‘onaga olib chiquvchi “Trast-mobayl” axborot dasturi namoyish etilmoqda.
– Mazkur xizmat yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun mobil bankning yangi yo‘nalishidir, – deydi “Trastbank” xususiy aksiyadorlik birja banki informatsion texnologiyalar departamenti direktori Kozimjon Domashikov. – Mijozlar mobil qurilmalari ko‘magida “Trast-mobayl” xizmati orqali bankdagi o‘z hisobvaraqlariga oson kirib, ularni mustaqil boshqarib borishi mumkin. “Trast-mobayl” xizmatidan foydalanish uchun “Trastbank” orqali “Internet-bank” tizimiga ulanish, mazkur bank xizmatidan foydalanish haqida shartnoma imzolash hamda dasturiy ta’minotni mobil qurilmasiga ko‘chirish va joylashtirib olish zarur.
“Ipoteka-bank” aksiyadorlik tijorat banki ham hisob-kitob va hisobotlarning yangicha yondashuvlarini shakllantirish, zamonaviy texnologiyalar hamda uslublarni joriy qilish, ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish borasida izlanishlar olib bormoqda. “Ipoteka-bank” hamda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining G‘aznachilik boshqarmasi mutaxassislari hamkorligida yaratilgan elektron qaydnoma tizimi ko‘rgazmada alohida e’tirof etildi.
– Mazkur tizim orqali byudjet korxonalari va tashkilotlari ishchi-xodimlarining oylik ish haqi, unga tenglashtirilgan to‘lovlari UzASBO (O‘zbekiston byudjet tashkilotlarining avtomatlashtirilgan tizimi) dasturi orqali bankda ochilgan plastik kartalarga avtomat tarzda kirim qilinadi, – deydi “Ipoteka-bank”ning plastik kartalar boshqarmasi boshlig‘i Ulug‘bek Rahmetov. – Mazkur yangi tizimda ish haqi qaydnomalari elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan holda G‘aznachilik boshqarmasidan bankka maxsus himoyalangan kanal orqali jo‘natilib, mijozlarning plastik karta hisobvaraqlariga pul mablag‘lari avtomatik ravishda kirim qilinadi. Bu korxona va tashkilotlar ish haqi qaydnomalarini bankka qog‘oz va elektron ko‘rinishdagi shakllarini taqdim etish uchun sarflangan vaqtni tejash imkonini beradi. Ayni paytda ushbu yangilik 600 dan ziyod byudjet tashkilotlariga joriy etildi.
“BankExpo – 2015”da bu kabi yangiliklar, interaktiv xizmatlar, xususan, internet-banking, bank-moliya muassasalari va mijozlar o‘rtasidagi munosabatlarni yuqori pog‘onaga olib chiquvchi eng so‘nggi axborot dasturlari talaygina. Ko‘rgazmada tadbirkorlikni, xususan, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarining biznes-rejasini qo‘llab-quvvatlashda banklar bilan keng hamkorlik qilib kelayotgan O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, “Tadbirkor ayol”, “Hunarmand” uyushmalari, Ijtimoiy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi va boshqa bir qator tashkilotlar o‘z xizmatlarini namoyish qilmoqda.
– “Mikrokreditbank”ning kollej bitiruvchilariga ajratayotgan sarmoyalari bizga juda ma’qul keldi, – deydi Toshkent moliya va iqtisodiyot kolleji bitiruvchisi Bekzod Narzullayev. – Kollej bitiruvchilari yuridik shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tgach, bankdan eng kam ish haqining 100 barobari miqdorida, fermer bo‘lib ish boshlaganlar esa eng kam ish haqining 200 barobari miqdorida 18 oyga uch foizli kredit olishlari mumkin ekan. Biznes- loyiha tuzib, ana shunday imtiyozlardan foydalanishni o‘z oldimga maqsad qildim.
Ko‘rgazmada “Agrobank”ning plastik kartalar bilan ishlash boshqarmasi tomonidan tayyorlangan “Chakana to‘lovlar yangi qulaylik mobil savdo xizmati” haqidagi taqdimot ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otdi. Unda mamlakatimiz iqtisodiyoti uchun plastik kartochkalardan foydalangan holda chakana to‘lovlar tizimini yanada rivojlantirishga olib keladigan ijobiy holatlar, tizimning qulayliklari hamda amalga oshirish tartiblari to‘g‘risida ma’lumotlarga keng o‘rin ajratilgan.
Ko‘rgazma davomida tijorat banklari tomonidan chekka va aholi zich joylashgan tumanlarda faoliyat yuritayotgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari, ishlab chiqarish mikrofirmalari, dehqon-fermerlar, yosh tadbirkorlarning loyihalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha o‘tkazilgan tanlovlar g‘oliblari aniqlanadi. Ularga imtiyozli kredit ajratish huquqini beruvchi sertifikatlar topshiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |