Axborot soati materialini www.mtm.buxdu.uz veb-saytidan olish mumkin
AXBOROT SOATI MATERIALLARI
17 Mart 2015 yil
DOLZARB MASALALAR KO‘RIB CHIQILDI
1-mart kuni deputatlar Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisining ilgari tasdiqlangan kun tartibidagi masalalar muhokamasini davom ettirdilar.
Parlament quyi palatasi a’zolari o‘z ishini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning 2015-yil 23-fevralda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisidagi, shuningdek, 2015-yil 16-yanvarda Vazirlar Mahkamasining 2014-yilda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2015-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim yo‘nalishlariga bag‘ishlangan majlisidagi ma’ruzalarida belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2015-yilga va keyingi yillarga mo‘ljallangan tashkiliy-huquqiy tadbirlari, qonun ijodkorligi va nazorat-tahlil ishlari Dasturi muhokamasidan boshladi.
Tayyorlangan Dastur loyihasi dastlabki tarzda siyosiy partiyalar fraksiyalari hamda O‘zbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhi, shuningdek, parlament quyi palatasi qo‘mitalarining majlislarida ekspertlar ishtirokida muhokama qilinib, kelib tushgan takliflar va fikr-mulohazalar inobatga olingan holda, takomiliga yetkazilgan edi.
Fraksiyalar Dasturni tayyorlash va tasdiqlash ishlarida ishtirok etishda unga siyosiy partiyalar saylovoldi dasturlari qoidalari nuqtai nazaridan ustuvor bo‘lgan qonun ijodkorligi va nazorat-tahlil faoliyati tadbirlarini kiritishga alohida e’tibor qaratdilar. Ular Qonunchilik palatasining yaqin va o‘rta muddatli faoliyati istiqbolini belgilaydigan dasturiy hujjatda o‘z elektorati manfaatlari, saylovoldi g‘oyalari to‘liqroq aks etishiga harakat qildilar.
– Makroiqtisodiy barqarorlikni qo‘llab-quvvatlash va iqtisodiy o‘sishning yuqori sur’atlarini ta’minlash maqsadida bozor islohotlarini yanada chuqurlashtirish tarafdori bo‘lgan partiyamiz fraksiyasi qonun ijodkorligi rejasiga takliflar kiritdi, – dedi Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi R.Hakimov. – Fraksiya tashabbusi bilan Dasturga xususiy mulk va xususiy tadbirkorlikning to‘laligicha erkin rivojlanishi va mustahkamlanishini ta’minlashning samarali huquqiy mexanizmlarini, xususiy tadbirkorlarning xomashyo resurslaridan foydalanishi mexanizmlarini yanada takomillashtirishni va boshqa tashkiliy-huquqiy mexanizmlarni nazarda tutuvchi masalalar ham kiritilgan bo‘lib, bular xususiy mulkni va mulkdorlar huquqlarini mustahkam himoya qilishning huquqiy kafolatlarini sezilarli ravishda kuchaytirishga xizmat qiladi.
– Ko‘rib chiqilayotgan Dasturning barqaror milliy taraqqiyotni ta’minlash, milliy manfaatlarni himoya qilish va ilgari surish, milliy, madaniy va ma’naviy boyliklarni, O‘zbekistonning boy tarixiy merosini saqlash va ko‘paytirish bilan bog‘liq bo‘limlari partiyamiz saylovoldi dasturi ustuvorliklari nuqtai nazaridan biz uchun muhim yo‘nalishlar hisoblanadi, – dedi O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi A.Rahmonov. – Fraksiyamiz a’zolarining fikricha, fuqarolik jamiyati institutlarini, mustaqil OAVni izchil rivojlantirishga, ularning inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish, demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirishdagi o‘rni va ahamiyatini oshirishga qaratilgan choralar ko‘rish zarur. Fraksiyamiz Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasida respublika Prezidenti tomonidan bayon qilingan, Dasturning ajralmas qismi hisoblangan qonunchilik tashabbuslarini amalga oshirish jarayoniga faol kirishib ketdi. Ular orasida «Ommaviy axborot vositalari faoliyatining iqtisodiy asoslari to‘g‘risida»gi, «Ommaviy axborot vositalarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash kafolatlari to‘g‘risida»gi, «Teleradioko‘rsatuvlar va eshittirishlar to‘g‘risida»gi va boshqa qonun loyihalari ham o‘rin olgan.
– Partiyamiz bandlik sohasidagi siyosatni yanada takomillashtirish, mehnatga haq to‘lashning munosib darajasiga ega ish o‘rinlari yaratilgan korxonalarga aholini ishga joylashtirishni ta’minlashni o‘z faoliyatining ustuvor yo‘nalishi deb hisoblashini inobatga olgan holda, biz chora-tadbirlar Dasturiga mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti uchun muhim hisoblangan yo‘nalishlar kiritilishining tarafdori bo‘ldik, – dedi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi R.Komilov. – Masalan, mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining 2015-yilda ish o‘rinlarini yaratish va aholi bandligini ta’minlash dasturi ko‘rsatkichlarining joriy yilning birinchi yarmida bajarilishi to‘g‘risidagi axborotini eshitish fraksiyamiz a’zolari tashabbusi bilan tashkil etiladi. Biz yangi ish o‘rinlarini yaratishga imkon beradigan qonun hujjatlarini, xususan, «Kasanachilik to‘g‘risida»gi qonun loyihasini hamda boshqa qonun loyihalarini ishlab chiqish va qabul qilishni ham rejalashtirganmiz.
– Iqtisodiy va ijtimoiy sohaning innovatsion rivojlanishi tarafdori bo‘lgan fraksiyamiz ham Dasturni ishlab chiqish va unga mamlakatimiz hayotining barcha sohalarini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan tadbirlarni kiritish jarayonlarida faol qatnashdi, – dedi O‘zbekiston «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi A.Shodmonov. – Xususan, biz «Qayta tiklanadigan energiya manbalari to‘g‘risida»gi qonun loyihasini ishlab chiqishda faol ishtirok etamiz. Qonun respublikamizda qayta tiklanadigan energiya manbalarining ta’sirchan infratuzilmasini yaratishning huquqiy asoslarini mustahkamlashga qaratilgan. Fraksiyamiz deputatlari qishloq va suv xo‘jaligi vazirining O‘zbekistonda suvni tejaydigan texnologiyalardan foydalanish holati va uning samaradorligini oshirish, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishiga zamonaviy texnika va texnologiyalarni joriy etish istiqbollari to‘g‘risidagi axborotini eshitishni tashkil etish tashabbusi bilan chiqdilar. Bu ham elektoratimiz manfaatlarini himoya qilish maqsadlariga xizmat qiladi.
– Qabul qilinadigan Dasturda atrof-muhitni muhofaza qilish manfaatlari keng aks ettirilgan, – dedi O‘zbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhi a’zosi A.Qurbonov. – Guruhimiz a’zolari tomonidan parlament quyi palatasi faoliyati dasturiga ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qator muhim qonun hujjatlarini kiritish taklif etildi. Xususan, shu yilning o‘zida «Aholining sanitariya-epidemiologik masalalarida osoyishtaligi to‘g‘risida»gi qonun loyihasini, yangi tahrirdagi «O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida»gi qonun loyihalarini va boshqa shu kabi qonun loyihalarini ishlab chiqish hamda qabul qilish nazarda tutilgan.
Umuman olganda, mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan keng miqyosdagi vazifalarni inobatga olgan holda ishlab chiqilgan Dastur milliy parlamentimiz faoliyatini tubdan yaxshilashga qaratilgan. Dasturda taklif etilayotgan chora-tadbirlar O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan izchil demokratik islohotlarning mantiqiy davomi bo‘lib, u demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish jarayonidagi yana bir muhim qadam bo‘ladi.
Deputatlar sifat jihatidan yangi ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlarda ishlashga to‘g‘ri kelishini alohida qayd etib o‘tdilar. Ular xorij huquqiy amaliyotini har tomonlama va chuqur qiyosiy tahlil qilish asosida qonun ijodkorligi faoliyatini tubdan yaxshilash, qonun loyihalari davlat boshqaruvi, fuqarolik jamiyati institutlarining turli darajalarida muhokama etilishini tashkil qilish lozimligini ta’kidladilar. Shu bilan birga, davlat boshqaruvi organlari faoliyati, qabul qilinayotgan qonunlar, ijtimoiy-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy rivojlanish borasidagi muhim davlat dasturlari ijrosi ustidan parlament nazoratini sifat jihatidan yaxshilash Qonunchilik palatasining kelgusidagi faoliyatining muhim yo‘nalishiga aylanishi lozimligi bildirildi. Muhokama chog‘ida mamlakatimizning yagona qonun chiqaruvchi organi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik samarasini oshirishga qaratilgan takliflar ham bayon etildi.
Har tomonlama muhokamadan so‘ng Oliy Majlis Qonunchilik palatasi mazkur Dasturni tasdiqladi.
Shundan so‘ng deputatlar jamiyatimiz hayotining turli sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarning huquqiy negizini yanada mustahkamlashga qaratilgan qator dolzarb qonun loyihalarini ko‘rib chiqdilar. Muhokama “Yod yetishmasligi kasalliklari profilaktikasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda muhokama etishdan boshlandi. Qonun loyihasi aholi sog‘lig‘ini saqlash maqsadida yodlangan osh tuzini ishlab chiqarish, realizatsiya qilish va iste’mol qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan. Hujjat faqat sifatli yodlangan osh tuzi bilan ta’minlash orqali aholi o‘rtasida yod yetishmasligi kasalliklarining oldini olish va ularni kamaytirishni nazarda tutadi.
Majlis kun tartibiga, shuningdek, bir qator qonun loyihalari birinchi o‘qishda kiritildi. Xususan, “Tadbirkorlik subyektlari faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasiga muvofiq ishlab chiqildi. Qonun loyihasi tadbirkorlik subyektlari faoliyatini nazorat qilish tartib-taomillarini takomillashtirishga, ularning barqaror ishlashini ta’minlashga, qonun hujjatlariga vijdonan rioya etayotgan tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga aralashuvlarni qisqartirishga qaratilgan.
”O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi kun tartibidagi keyingi masala bo‘ldi. Hujjat ishbilarmonlik muhitini yanada takomillashtirish, qulay investitsiya muhitini yaratish, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish chog‘idagi to‘siqlarni bartaraf etish, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining ochiqligini oshirish, shu asosda tadbirkorlik faoliyatini yuritish uchun shart-sharoitlarni tubdan yaxshilashni ko‘zda tutadi. Tuzatishlar tegishli davlat xizmatlari ko‘rsatilishi uchun arizachilar taqdim etadigan ro‘yxatdan tashkilotlarning ta’sis hujjatlari chiqarib tashlanishini nazarda tutadi. Tuzatishlar “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi, “Mikrokredit tashkilotlari to‘g‘risida”gi, “Muvofiqlikni baholash to‘g‘risida”gi qonunlarga kiritilmoqda.
Deputatlar nodavlat ta’lim muassasalari faoliyatini takomillashtirishni nazarda tutuvchi “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ham muhokama etdilar.
Qonun loyihalarini muhokama etish chog‘ida barcha siyosiy partiyalar fraksiyalarining va O‘zbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhining vakillari so‘zga chiqdilar.
Har tomonlama muhokamadan so‘ng deputatlar mazkur qonun loyihalarining asosiy qoidalarini ma’qulladilar hamda ularni birinchi o‘qishda qabul qildilar. Tushgan takliflarni hisobga olgan holda hujjatlarni keyingi o‘qishda ko‘rib chiqish uchun tayyorlash mas’ul qo‘mitalarga topshirildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |