O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasi Axborot xizmati
DEPUTATLAR HISOB PALATASINING HISOBOTINI KO‘RIB CHIQDILAR
11-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Qonunchilik palatasi Kengashi tomonidan taklif etilgan kun tartibi tasdiqlanganidan keyin deputatlar Hisob palatasining 2014-yilgi hisobotini ko‘rib chiqdilar. Ushbu masala bo‘yicha Hisob palatasi raisining o‘rinbosari Q.Akmalov so‘zga chiqdi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga binoan parlamentga berilgan vakolatlari doirasida Qonunchilik palatasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi faoliyatining hisoboti har yili ko‘rib chiqiladi. Avval xabar qilinganidek, Hisob palatasining 2014-yilgi hisoboti mas’ul qo‘mita, parlament quyi palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari va O‘zbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhi majlislarida har tomonlama ko‘rib chiqildi. Muhokamalar chog‘ida deputatlar parlament nazoratini kuchaytirish va qonun ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish, shuningdek, nazorat tadbirlariga mamlakatimiz fuqarolik jamiyati institutlarining vakillarini jalb etish sohasida parlament va Hisob palatasi o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan qator takliflar ishlab chiqdilar.
Hisobotni eshitish davomida ta’kidlandiki, Hisob palatasi faoliyati hisobot davrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan Vazirlar Mahkamasining mamlakatimizni 2013-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2014-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan majlisida belgilab berilgan ustuvor vazifalardan kelib chiqqan holda tashkil etildi.
Hisob palatasining 2014-yilgi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotda qayd etib o‘tilganidek, uning ishida O‘zbekiston Respublikasining Byudjet kodeksiga muvofiq Davlat byudjeti samarali bajarilishiga, moliyaviy mablag‘lardan maqsadli foydalanilishiga, iqtisodiyot barcha sohalarining tobora rivojlanishini ta’minlash uchun mo‘ljallangan davlat dasturlari va mintaqaviy rivojlanish dasturlarining ijrosini o‘rganishga alohida e’tibor qaratildi. Shu bilan birga, 2015-yilgi soliq va byudjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari hamda mamlakatimiz Davlat byudjeti loyihasining ekspertizasi o‘tkazildi. “Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish to‘g‘risida”gi qonun ijrosini ta’minlash maqsadida siyosiy partiyalar daromadlarini shakllantirishning to‘liqligi va ulardan maqsadli foydalanilishi tekshirildi.
Byudjet hisobidan moliyalashtiriladigan muassasalar misolida respublika va mahalliy darajalarda Davlat byudjeti ijrosi, davlat mablag‘larining qonuniy, maqsadli va samarali sarflanishi tekshirildi. Davlat byudjeti daromad qismining hududlar va tarmoqlar bo‘yicha shakllanishi to‘g‘riligi, byudjetning moddama-modda va to‘la-to‘kis ijro etilishi tahlil qilindi, byudjet daromadlarining asosiy moddalari bo‘yicha prognoz ko‘rsatkichlari haqiqatga to‘g‘ri ekanligi baholandi.
Hisob palatasi, shuningdek, davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlari to‘liq shakllanishi, ulardan maqsadli, samarali va oqilona foydalanilishi ustidan doimiy nazoratni amalga oshirdi, mahalliy byudjetlarning daromad bazasini ko‘paytirish, xarajatlarni maqbullashtirish va dotatsiya darajasini pasaytirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar natijalarini hududlarga chiqib o‘rgandi.
Parlament quyi palatasi yalpi majlisida Hisob palatasining o‘tgan yilga doir hisoboti eshitilganidan keyin uning batafsil muhokamasi bo‘lib o‘tdi, unda barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari va O‘zbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhining vakillari so‘zga chiqdilar.
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi a’zolari ta’kidlab o‘tdilarki, Hisob palatasi tomonidan hisobot davrida 149 ta tashkilotda 33 ta yo‘nalish bo‘yicha nazorat-taftish ishlari amalga oshirildi. Ushbu ish jarayonida Davlat byudjeti daromadlari va xarajatlari, davlat dasturlari, investitsiya dasturlari ro‘yobga chiqarilishi, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish va yangilashning amalga oshirilishi batafsil o‘rganildi.
Moliyaviy qoidabuzarliklarning oldini olish maqsadida O‘zLiDeP fraksiyasi a’zolari parlamentning nazorat qilishga oid vakolatlarini kuchaytirish, ushbu sohadagi qonunchilik bazasini yanada takomillashtirish masalalarida parlament va Hisob palatasi o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish zarur deb hisoblaydilar.
O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasidan so‘zga chiqqanlar ta’kidladilarki, byudjetlararo munosabatlarni yanada takomillashtirish, hududlarning ishlab chiqarish va xomashyo salohiyatidan oqilona foydalanish hamda mintaqalar iqtisodiyotini mustahkamlash asosida mahalliy byudjetlarning daromadlarini oshirish zarur. Deputatlar qayd etib o‘tganlaridek, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni, byudjet intizomi buzilishlari holatlarini har tomonlama o‘rganish muhimdir. Shu munosabat bilan tegishli vazirliklar, idoralar va mahalliy hokimliklar rahbarlarining aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, ularning yuzaga kelishi sabablarini aniqlash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar xususidagi hisobotlarini muntazam ravishda eshitib borishni yo‘lga qo‘yish orqali parlament nazoratini kuchaytirish zarur.
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi vakillari Hisob palatasi hisobot davrida Davlat byudjeti xarajatlari ta’minlanganligi, ijtimoiy sohani rivojlantirish maqsadli kompleks dasturlari bo‘yicha xarajatlarni qoplash asosliligining tahlilini o‘tkazganiga e’tibor qaratdilar. Hisob palatasi tomonidan aholining kam ta’minlangan qatlamlarini manzilli ijtimoiy himoya qilish tizimining samaradorligi, shuningdek, kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam ko‘rsatish va ijtimoiy nafaqalar to‘lash tizimini takomillashtirish masalalariga alohida e’tibor berildi. Xususan, Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasining ijrosidagi kamchiliklar, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga nafaqalar tayinlashda noxolis yondashuv bilan bog‘liq muammolar aniqlandi.
Shu munosabat bilan fraksiya vakillari Hisob palatasiga nazorat tadbirlarini amalga oshirishda moliyaviy huquqbuzarliklar sodir etilmasidan oldin ularni bartaraf etish zarurligiga alohida e’tibor qaratishni taklif etdilar.
O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi a’zolarining fikricha, Hisob palatasi agrosanoat kompleksi xo‘jalik yurituvchi subyektlarining moliyaviy holati ustidan nazoratni kuchaytirishi va uning natijalari bo‘yicha qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritishi zarur. Ta’kidlandiki, ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni chuqur tahlil qilish va baholash orqali aholining xarid qilish qobiliyatini yanada oshirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish ham muhimdir. Bundan tashqari, Davlat byudjetini ijro etish sohasidagi qoidabuzarliklarni aniqlash, ularga chek qo‘yish va ularning oldini olish bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rish lozim.
O‘zbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhining vakillari Hisob palatasining atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi moliyaviy huquqbuzarliklar hollarini, ularning yuzaga kelish sabablarini aniqlash hamda ularni bartaraf etish yuzasidan chora-tadbirlar ko‘rish bo‘yicha faoliyatini tahlil qildilar. Huquqbuzarliklarning sabablarini aniqlash, nazorat tadbirlarini kuchaytirish, mazkur sohadagi qonun hujjatlarini takomillashtirish bo‘yicha ishlarni davom ettirish muhimligi alohida ta’kidlandi.
Muhokamada bildirilgan fikr-mulohazalarni inobatga olgan holda, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining 2014-yilgi hisobotini tasdiqladi va tegishli qaror qabul qildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |