4. Korxona tuzilmasi va uni belgilovchi omillar
Har bir ishlab chiqarish korxonasi ishlab chiqarish bo’linmalari, boshqaruv organlari va korxona xodimlariga xizmat ko’rsatuvchi tashkilotlardan iborat bo’ladi.
Tuzilma (struktura) tushunchasini korxonaning tarkibi, tuzilishi sifatida ko’rib chiqish mumkin. Korxona qanchalik yirik bo’lsa, uning ishlab chiqarish tuzilmasi shunchalik murakkab bo’ladi.
Sanoat korxonalarining umumiy va ishlab chiqarish tuzilmalari mavjud.
Ishlab chiqarish bo’g’inlari, korxona boshqaruvi hamda xodimlarga xizmat ko’rsatuvchi tashkilotlar, ularning miqdori, kattaligi va egallab turgan maydoni, xodimlarining soni va ishlab chiqarish imkoniyatlari korxonaning umumiy tuzilmasini ifodalaydi.
Ishlab chiqarish tuzilmasiga asosiy, yordamchi va xizmat ko’rsatish jarayonlari amalga oshiriluvchi tsex va uchastkalar kiritiladi.
Ishlab chiqarish tuzilmasi korxona umumiy tuzilmasining bir qismidir. U tsex, uchastka va xizmat ko’rsatuvchi xo’jaliklar shaklidagi ishlab chiqarish
bo’linmalaridan iborat bo’ladi hamda ularning mahsulot ishlab chiqarish jarayonidagi o’zaro munosabatlarini, mehnat bilan band bo’lgan xodimlari soni, asbob-uskunalari qiymati, egallab turgan maydoni va hududiy joylashuvini aks ettiradi.
Asosiy tsexlarda va ishlab chiqarish uchastkalarida ishlab chiqarish jarayonining asosiy – xom ashyo va yarim tayyor mahsulotlarni tayyor mahsulotga
aylantirish bosqichi yoki mahsulot, yo uning bir qismini tayyorlashning bir qator bosqichlari amalga oshiriladi (muzlatkichlar tsexi).
Yordamchi tsexlar asosiy ishlab chiqarishni asbob-uskunalar va energiya bilan ta’minlaydi hamda uskunalarni ta’mirlash (ta’mirlash, uskunalar, model tsexlari va boshqalar) vazifalarini bajaradi.
Xizmat ko’rsatuvchi tsex va xo’jaliklar tarkibiga korxonaning infratuzilmasini (ombor va transport bo’linmalari, uy-joy-kommunal xo’jaligi, oshxona, sanatoriy va hokazo)tashkil qiluvchi bo’linmalar kiradi.
Sanoat korxonalari ishlab chiqarish tuzilmasining uch xil turi majud:
texnologik, predmetli va aralash.
Texnologik tuzilmali korxonalarda tsexlar va ishlab chiqarish uchastkalari texnologik jihatdan bir xillik tamoyili asosida tashkil qilinadi (masalan, to’qimachilik kombinatlarida yigiruv va to’quv tsexlari).
Predmetli tuzilmaga asoslangan korxonalarda har bir tsex ma’lum bir mahsulot yoki uning bir qismini ishlab chiqaradi (masalan, avtomobil zavodida motor tsexi, shassi tsexi va hokazo).
Aralash (predmetli-texnologik) tuzilma tayyorlov tsexlarini texnologik tamoyilda (temirchilik, cho’yan quyish, po’lat quyish va hokazo), ishlov berish va mahsulot chiqarish tsexlarini esa predmetli tamoyil asosida tashkil etishni ko’zda tutadi.
Sanoat korxonasining tuzilmasi quyidagi omillar ta’siri ostida shakllanadi:
* texnika va texnologiyaning xususiyatlari;
* ishlab chiqarish hajmi;
* ishlab chiqarishni tashkil qilish shakllari (ixtisoslashtirish, kooperatsiya,
kombinatsiya, koordinatsiya);
* ishlab chiqarilayotgan mahsulot va ko’rsatilayotgan xizmatlarning
murakkabligi va nomenklaturasi;
* ishlab chiqarishni avtomatlashtirish, mexanizatsiyalashtirish va robotlashtirish
darajasi;
* mulk shakli;
* raqobat olib borish usullari hamda shakllari va hokazo.
Amaliyotda ishlab chiqarish tuzilmasini mukammallashtirishning asosiy yo’nalishlari ishlab chiqilgan. Ular qatoriga korxona va tsexlarni yiriklashtirish; alohida korxonalar integratsiyasi; korxona ichidagi barcha bo’linmalar orasida mutanosiblikni ta’minlash; tsexsiz struktura kabilarni kiritish mumkin.
Korxonaning raqobatbardoshligini oshirish, ya’ni boshqaruv sifatini ko’tarish va ishlab chiqarish faoliyatidagi yakuniy natijalarning yuqoriligiga erishish korxona tuzilmasini mukammallashtirish samaradorligini baholovchi mezon bo’lib xizmat qiladi.
Xulosa
O’zbekiston Respublikasi milliy iqtisodiyotining muhim sub’ekti korxona - iqtisodiyotning birlamchi bo’g’ini bo’lib, inson hayot faoliyati uchun zarur bo’lgan moddiy boyliklarni ishlab chiqarishda bevosita qatnashadi.
Har bir korxona ishlab chiqarish omillaridan foydalanish, ularni iste’mol uchun tayyor mahsulot (ish, xizmat) holiga keltirish yo’li bilan mamlakat iqtisodiyotiga o’z hissasini qo’shadi.
Korxonalarning har biri boshqasidan o’ziga xos xususiyatlariga ko’ra farqlanadi. Shu sababli ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etish, rejalashtirish, boshqarish hamda ishlab chiqarish tuzilmasini yaratish uchun korxonalar tasnifini bilish zarur.
Istalgan bir sanoat korxonasi ko’plab bo’g’inlardan iborat bo’lib, ularning tarkibi va tuzilishi hamda o’zaro munosabatlarini tuzilma sifatida ko’rib chiqish mumkin. Korxonalar tuzilmasini o’rganish ularning sanoat majmuasida tutgan o’rni, roli va ahamiyatini aniqlash imkonini beradi. O’z navbatida ishlab chiqarish tuzilmasini loyihalashtirishda uning shaklanishiga ta’sir ko’rsatuvchi omillarni inobatga olish muhimdir. Korxona tuzilmasini belgilab beruvchi omillar tahlili ularni mukammallashtirish bo’yicha muayyan chora-tadbirlar ishlab chiqish imkonini yaratadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |