Bir narsani yodda tutishimiz kerakki, Avtotransport vositalarini davlat ro‘yxatiga olish tartibi to‘g‘risidagi nizomning 27-bandiga muvofiq har qanday raqam avtotransport egasining shaxsiy mulki hisoblanmaydi va raqam unga belgilangan maqsad yo‘lida qat’iy foydalanish uchun beriladi. Ya’ni raqamdan shaxsiy mulk sifatida hech kim foydalana olmaydi.
Biroq davlat raqamlarni saqlab qolishning bir qator kafolatlarini taqdim etadi.
Mashina sotilganida (sovg‘a qilinganida yoki almashtirilganida)
Agarda avtomobil sotilsa uning avvalgi egasi “chiroyli” yoki “o‘zing tuzib ol” raqamlari kimda qolishini hal qiladi. “Oddiy” raqamlar esa mashinaning yangi egasi o‘tadi yoki yo‘q qilinadi.
“Chiroyli” yoki “o‘zing tuzib ol” raqamlarining avvalgi egalari o‘zlari sotib olgan raqamni saqab qolish bo‘yicha Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmatiga (DYHXX) murojaat qilishga haqli. DYHXX ushbu raqamni uning avvalgi egasi boshqa avtomobilga qo‘ymagunicha bepul saqlaydi. Agarda raqamdan 12 oy ichida foydalanilmasa, uning avvalgi egasini huquqi yo‘qqa chiqadi.
Avtomobilning yangi egasi raqam uning avvalgi egasi tomonidan “saqlab” qo‘yilmagan bo‘lsagina uni qo‘lga kirita oladi. Buning uchun ariza topshirish lozim.
Muhim! Agarda avtomobil boshqa hududga sotilgan, uning avvalgi egasi raqamni saqlab qolish bo‘yicha ariza bermagan bo‘lsa, raqam yangi ro‘yxatga olish joyida yo‘q qilinadi. Ushbu raqam qaytadan tayyorlanib, yangi savdoga chiqariladi.
Avtomobil raqamining egasi uni boshqa odamga sotishni (sovg‘a qilishni) istab qolsa
“Chiroyli” yoki “o‘zing tuzib ol” raqamlarini avtomobildan alohida sotish mumkin emas, chunki u doim davlat mulki hisoblanadi. Biroq raqamni texnik jihatdan yaqin qarindoshlarga taqdim etish mumkin. Buning uchun esa:
Avtomobilni sotish (sovg‘a qilish, almashtirish) kerak;
DYHXXga raqamni avvalgi egasi tomonidan saqlab qolish to‘g‘risida ariza taqdim etish lozim;
DYHXXga raqamni boshqa bir yaqin qarindoshga (ota-ona, qondosh aka-uka, opa-singil, turmush o‘rtoq, farzandlar (arsab olingan farzandlar ham ular qatorida), bobo-buvi, nabiralar, shuningdek, turmush o‘rtog‘ining ota-onasi, qondosh aka-uka va opa-singillari) yoki mulkka birgalikda egalik qilish huquqiga ega shaxsga (odatda bu turmush o‘rtoq bo‘ladi) berish bo‘yicha ariza topshirishga kerak. Shu bilan birga ushbu raqam qaysi avtomobilga o‘rnatilishi ham ko‘rsatilmog‘i kerak.
Eslatma: yuridik shaxslarning “chiroyli” va “o‘zing tuzib ol” raqamlari faqatgina ro‘yxatdan o‘tgan boshqa transport vositasiga o‘tishi mumkin:
xuddi shu yuridik shaxs uchun — transport vositasining sobiq egasi uchun;
uning huquqiy vorisi uchun (yuridik shaxsni qayta nomlash, qo‘shib yuborish, qo‘shilish, bo‘lish, ajratish yoki o‘zgartirganda);
boshqa bir yuridik shaxs — avtotransportning avvalgi egasi ishtirokchisi (asoschisi, a’zosi);
boshqa bir yuridik shaxs, mashinaning avvalgi egasi hisoblangan ishtirokchi (asoschi, a’zo).
Do'stlaringiz bilan baham: |