5. Gibrit yuritmali avtomobillar. Elektromobillar. Ilk elektromobillar tarixi ichki yonuv dvigateli asosida harakatlanuvchi avtomobillardan ham uzoqroqqa borib taqaladi. Vikipedia elektron qomusida keltirilishicha, tirkama ko’rinishidagi elektromotorli birinchi avtomobil 1841 yilda kashf qilingan. Ikki o’rindiqli, to’rt g’ildirakli dastlabki elektromobillarning old g’ildiraklari ortdagilariga qaraganda nisbatan kattaroq bo’lgan. Ular 36 bo’lmali Bari tizimiga asoslangan qo’rg’oshin akkumulyatorlar kuchi bilan harakatlangan. Bunday akkumulyatorlar har 64 kilometr masofada quvvatlashni talab qilgan. O’sha vaqtlarda elektromobillar 4 ot kuchiga ega bo’lib, soatiga 37,4 kilometrgacha tezlikda harakatlangan bo’lsa ham, o’z davrida olamshumul kashfiyot sifatida tan olingan.
1899 yilning 1 mayida La Jamais Contente elektromobili quruqlikda ilk bor tezlikni 100 kilometr-soatdan oshirib, rekord natija — 105,882 kilometr-soatga chiqargan. Amerikalik muhandis Uolter Beyker esa ushbu ko’rsatkichni 130 kilometr-soatgacha yetkaza oldi. «Borland Elektrik» firmasi tomonidan ishlab chiqarilgan elektromobil ilk bora CHikagodan Miluokiga bo’lgan 167 kilometrlik masofani bir martalik quvvat bilan bosib o’tdi. Uning o’rtacha tezligi soatiga 55 kilometrni tashkil etdi.
Dastlab benzin va elektr tokida harakatlanuvchi avtomobillarning o’rtacha tezligi bir xil bo’lgan. Biroq elektromobillarning eng katta kamchiligi quvvatlash jarayonining murakkabligida edi. O’sha vaqtlarda o’zgaruvchan tokni o’zgarmas tokka aylantirib beruvchi moslamalar bo’lmagani bois, quvvatlash jarayoni elektromotor yordamida amalga oshirilgan. O’zgaruvchan tok bilan ishlovchi motor elektromobil akkumulyatoriga ulangan valni harakatga keltirgan. 1906 yilda o’zgaruvchan tokni o’zgarmas tokka aylantirib beruvchi nisbatan sodda ko’rinishdagi moslama yaratilgan bo’lsa ham, quvvatlash muammosi yetarlicha hal etilmadi.
XX asrning birinchi choragida avtomobillar asosan elektr toki va bug’ asosida harakatlanardi. 1910 yilda birgina AQSHning Nьyu-York shahrida 70 ming dona elektromobil-taksilar harakatlanar edi. SHuningdek, elektr yuk mashinalar va elektr omnibus (elektr avtobuslar)lari soni ham ko’pchilikni tashkil etardi.
1960 yillarga kelib avtotransportlar bilan bog’liq ravishda vujudga kelgan ekologik muammolar hamda yonilg’i mahsulotlari narxining keskin oshib ketishi elektromobillarning takomillashgan ko’rinishlarini yaratish ustida olib borilayotgan ishlarni yanada jadallashtirib yubordi.
1990- yillarda AQSHning Kaliforniya shtati atmosferasi eng ko’p ifloslangan hudud sifatida tilga olingach, Kaliforniya Havo resurslari qo’mitasi tomonidan 1998 yildan boshlab jami avtomobillarning 2 foizi, 2003 yildan esa 10 foizi atmosferaga zararli gazlarni chiqarmaydigan elektromobillardan iborat bo’lishi lozimligi haqida qaror qabul qilindi. SHu maqsadda General Motors kompaniyasi 1996 yildan boshlab EV1 elektromobillarining keng ko’lamda ishlab chiqarishni boshlab yubordi. 1997 yilda Kaliforniyada 5500tadan ziyod ana shunday elektromobillar savdoga chiqarildi.
2002 yilda elektromobillar akkumulyatorlari bilan bog’liq muammo tufayli qariyb barcha shu kabi avtomobillar ishlab chiqaruvchilar tomonidan yig’ib olinib, yo’q qilingan bo’lsa, neftь narxining keskin ko’tarilgani 2007 yilga kelib elektromobillarga bo’lgan e’tiborni yana jonlantirdi.
Bugungi kunda elektromobillar nafaqat shaxsiy transport vositasi sifatida, balki vokzal, ishlab chiqarish tsexlari va yirik savdo tarmoqlarida yuklarni tashish, attraktsionlarda ko’ngilochar maqsadlarda ham keng foydalanilmoqda.